AQSh: Suriya IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shiladi (video)

- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 4 daq
AQSh e’lon qilishicha, Suriya Islomiy Davlat jangarilarini mag‘lub etish maqsadidagi global koalitsiyaga qo‘shiladi va Vashington bilan diplomatik aloqalarini qayta yo‘lga qo‘yadi.
Ushbu xabar Prezident Tramp Suriya Prezidenti Ahmad Ash-Sharaa bilan uchrashgani ortidan e’lon qilindi.
Ahmad Ash-Sharaa Oq Uyga tashrif buyurgan ilk Suriya rahbari bo‘ldi.
Bir yilcha oldin Sharaa yetakchiligidagi islomiy kuchlar poytaxt Damashqni qo‘lga olib, Bashar al-Assad rejimini qulatgan edi.
Foks Nyusga bergan intevryusida Ahmad Ash-Sharaa o‘zining tashrifi AQSh bilan hamkorlikning "yangi davri" tarkibiy qismi, deb aytdi.
"Biz kelajak, bugun va o‘tmish haqida gaplashdik. Shuningdek, sanksiyalarni olib tashlash haqida ham. BMT Xavfsizlik Kengashi men va boshqa insonlarga qarshi kiritilgan sanksiyalarni olib tashlash haqida qaror chiqardi." – dedi u.
Prezident Tramp Ahmad Ash-Sharaaga yuqori baho berib, jumladan shunday dedi:
"U kuchli rahbar. U og‘ir sharoitda shu darajaga yetgan va u abjir odam. U menga yoqadi. Suriyaning yangi prezidenti bilan til topishganmiz. Biz Suriyani muvaffaqiyatli mamlakatga aylantirish uchun hamma narsani qilamiz. Chunki u Yaqin Sharqning bir qismi. Mana tarixda ilk bor Yaqin Sharqda hozir tinchlik".
Suriyaning yangi prezidenti bilan til topishganmiz. Biz Suriyani muvaffaqiyatli mamlakatga aylantirish uchun hamma narsani qilamiz. Chunki u Yaqin Sharqning bir qismi.
Yaqin-yaqingacha Ahmad Ash-Sharaa AQSh hukumatining terrorchi ro‘yxatida edi. VVS tahlilchisi Tom Beytmen Suriya yangi rahbari safari mujdasi haqida shunday deydi:
"Bu yerdagi vaziyat shuki, amerikaliklar G‘arb va Amerikaning Arab ittifoqchilarini bu yutuqni yanada rivojlantirishlariga rag‘batlantirmoqchi: "Mana qarang, 14 yillik fuqrolar urushidan keyin, uzoq yillik Assad sulolasi hukmronligidan keyin nihoyat Suriyaga xavfsizlik, barqarorlik keldi, mana bu eng maqbul rahbar", degan ma’noda. Albatta, mushkulliklar arigani yo‘q – yana mazhablararo qirg‘inlar yoki mamlakat yana yakkahumkronlikka og‘ib ketish ehtimoli ham yo‘q emas."
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
9 noyabr: Suriya prezidenti Sharaa sanksiyalar bekor qilingach, AQShga keldi

Surat manbasi, Reuters
Suriya prezidenti Ahmad Sharaa Vashingtonga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Bu AQSh uni " Maxsus belgilangan global terrorchi" maqomidan rasman chiqarganidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Islomchi jangari bo‘lgan Sharaa dushanba kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Bu uchrashuv Sharaa boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilar ittifoqi Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘darganidan 11 oy o‘tgach amalga oshmoqda.
Sharaa AQSh poytaxtiga yetib kelishi arafasida Suriya xavfsizlik xizmatlari "Islomiy davlat" deb nomlangan guruhning o‘nlab gumon qilingan a’zolarini qo‘lga olgani ma’lum qilindi.
Suriyada ushbu guruhning qoldiqlariga qarshi kurashda hamkorlik masalasi Sharaa va Tramp o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy mavzu bo‘lishi kutilmoqda.
Suriya rasmiylari ma’lum qilishicha, 71 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan, ulardan qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar musodara qilingan.
Hokimiyatga kelganidan beri Sharaa Suriyani Asad rejimi davridagi uzoq yillik yakkalangandan so‘ng, yana xalqaro sahnadagi o‘rnini tiklashga intilmoqda. Asad rejimi davrida mamlakat 13 yillik fuqarolik urushiga botgan edi.
Sharaa sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlash uchun AQShga safar qilgan va u yerda Suriya "dunyo xalqlari orasida o‘zining haqli o‘rnini tiklamoqda", deb bayonot bergan, hamda xalqaro hamjamiyatni sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan.
Shu hafta boshida BMT Xavfsizlik Kengashi AQShning Suriyaga nisbatan choralarni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu Vashingtonning Suriya va uning yangi rahbarlariga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich yengillashtirish jarayoni bilan mos keldi.
Juma kuni Sharaa va uning ichki ishlar vaziri Anas Hasan Xattab AQShning ekstremistik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda gumon qilingan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. AQSh Moliya vazirligi bu qarorni "Suriya rahbariyati tomonidan namoyon etilgan ijobiy o‘zgarishlar" deb izohladi.
Sharaa avval "Muhammad al-Jo‘loniy" taxallusi bilan tanilgan, u "Hay’at Tahrir ash-Shom" (HTS) guruhi rahbari bo‘lgan. Bu guruh 2016 yilgacha al-Qoida bilan bog‘langan edi, keyin Sharaa aloqalarni uzgan.
HTS guruhini boshqarishdan oldin Sharaa Iroqda al-Qoida safida jang qilgan va bir muddat AQSh kuchlari tomonidan qamoqqa olingan. Unga nisbatan AQSh tomonidan 10 million dollarlik mukofot e’lon qilingan edi.
AQSh bu yil boshida HTS guruhiga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi.
Tramp avvalroq, may oyidagi Riyaddagi uchrashuvda Sharaani "qat’iy inson, kuchli o‘tmishga ega" deb ta’riflagan.
Sharaa o‘zining islomiy jangari o‘tmishidan qat’i nazar, Asad rejimiga qarshi bo‘lgan davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. U Suriyaning turli etnik guruhlari va fraktsiyalarining qo‘llab-quvvatlashini qozona oladigan o‘rtacha siyosat yuritishga va’da bergan.
Bu yil boshida u xavfsizlik kuchlari safidagi ayrim shaxslarning Suriyaning alaviy ozchiligi vakillarini qatl qilgani haqidagi ayblovlarini tekshirish va ularni jazolashga va’da bergan.
So‘nggi oylarda Suriyada sunniy beduin qabila jangchilari bilan druz militsiyalari o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu esa HTS boshchiligidagi hukumat mamlakatdagi ko‘p yillik urushdan keyin barqarorlikni tiklay oladimi, degan savollarni o‘rtaga tashlamoqda.












