Parij: Masjidlarga cho‘chqa boshlarini kim tashladi - Frantsiya Rossiya kuchlaridan gumon qilmoqda

Surat manbasi, Getty Images
Frantsiya politsiyasi dushanba kuni kechqurun Parijdagi masjidlar oldiga cho‘chqa boshlarini tashlab ketgan shaxslar xorijiy maxsus xizmatlar, ehtimol, Rossiya buyrug‘i bilan harakat qilgan, deb gumon qilmoqda.
Seshanba kuni ertalab Parij markazi va yaqin atrofdagi to‘qqizta masjid oldida boshlar topilgani jamoatchilikning g‘azabi va keskin noroziligini uyg‘otdi.
Tergovchilarga ko‘ra, bunga aloqador ikki kishi Serbiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobildan foydalangan. Xorvatiyaga tegishli raqamdagi mobil telefon ishlatgan va oradan bir necha soat o‘tib, Belgiya chegarasini kesib o‘tgan.
Bu hodisa so‘nggi paytlarda sodir etilgan bir qator ig‘volar bilan juda o‘xshash. Xususan, 2023 yil oktyabrida Parijdagi bir nechta binolarga Dovud yulduzlari chizilgan, 2024 yil may oyida esa Xolokost yodgorligida qonli qo‘l izlari aks etgan rasmlar paydo bo‘lgan edi.
Birinchi holatda politsiya Moldova fuqarolarining aloqadorligini aniqlagan, ikkinchi voqeada esa to‘rt nafar Bolgariya fuqarosi shu yil oktyabrida mahkamaga tortilgandi.

Surat manbasi, Getty Images
Xolokost yodgorligi ishini olib borayotgan prokuror buni "Rossiya razvedkasi tomonidan uyushtirilgan Frantsiyani beqarorlashtirishga urinish" deb atagan.
Frantsuz razvedkasi Rossiya va Eronni "iflos ishlar" orqali Frantsiyada nizo qo‘zg‘atishga qodir davlatlar, deb hisoblaydi.
So‘nggi voqeani tergov qilayotgan politsiyaning matbuotga ma’lum qilishicha, ularga normandiyalik fermer murojaat qilib, "o‘ntacha" cho‘chqa boshini davlat raqami Cerbiyaga tegishli mashinada kelgan ikki kishiga sotganini aytgan.
Rossiya razvedkasi yolg‘on ma’lumot tarqatish va fransuz jamiyatini bo‘lib tashlash yoki ichki ziddiyatlarni kuchaytirishga qaratilgan strategiyaga ega.
Xuddi shu avtomobil dushanba kuni kechqurun Parij sharqidagi Oberkampf tumanida kuzatuv kamerasiga tushgan, keyin esa bir nechta masjid yaqinida yana qayd etilgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Xorvatiya mobil telefoni orqali ushbu mashina seshanba kuni ertalab Belgiya chegarasidan o‘tgani aniqlangan.
BFMTV telekanali qo‘lga kiritgan videoda oq futbolka, beysbolka va tibbiy niqobdagi bir kishi Malakoff shaharchasidagi masjid oldiga cho‘chqa boshini tashlaydi. Masjiddan ketishdan oldin u rasmga olgan, yelkasida ryukzak bo‘lgan.
Xuddi shu vaqtda boshqa bir shaxs Monrey shahridagi masjid oldida shu harakatni takrorlagan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Dovud yulduzlari ishida ham gumonlanuvchilar qilmishlarini suratga olayotgani qayd etilgan — tergovchilarning aytishicha, ularga bu ish haqini olishda isbotlash va keyingi targ‘ibot uchun zarur bo‘lgan.
Tergovchilar o‘tgan yili sodir etilgan yana ikki voqeaga qiziqish bildirmoqda.
2024 yil iyunida Parij devorlarida tobut tasvirlari, ayrimlarida "O‘limlarni hozir to‘xtating" va "Ukraina uchun 'Mirajlar' (samolyot)" degan iboralar bilan paydo bo‘lgan.
Taxminan shu vaqt oralig‘ida Eyfel minorasi oldida Frantsiya bayrog‘i bilan o‘ralgan va "Ukrainada halok bo‘lgan frantsuzlar" degan yozuv tushirilgan beshta tobut qoldirilgan.
Har ikki holatda Frantsiya politsiyasi moldovalik gumondorlarni aniqlagan.
Xolokost yodgorligi ishiga ilova qilingan maxsus xizmatlar hisobotida Rossiya razvedkasi "yolg‘on ma’lumot tarqatish va frantsuz jamiyatini bo‘lib tashlash yoki ichki ziddiyatlarni kuchaytirish"ga qaratilgan strategiyaga ega ekani qayd etilgan.
Rossiya bu ishlarni "bevosita Rossiya maxsus xizmatlarida ishlamaydigan, lekin ular uchun maxsus vazifalarni bajaradigan va asosan Rossiyaga qo‘shni davlatlarda joylashgan vositachilar orqali amalga oshiradi", deyiladi hisobotda.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadigan frantsuz razvedka agentligi Viginum Rossiya bilan bog‘liq akkauntlar X ijtimoiy tarmog‘ida minglab soxta profillar orqali Xolokost yodgorligi ishiga oid xabarlarni tarqatayotganiga oid dalillar mavjudligini ma’lum qilgan.












