You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston davlat byudjetining "kuni o‘quv darsligiga qolganmi?"
O‘zbekiston davlat byudjeti loyihasi muhokamasi boshlandi, ko‘plab faollar e’tiborini tortgan masala maktab o‘quvchilari uchun darslik ijarasi puli bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi byudjet loyihasini muhokama uchun e’lon qildi, hisob-kitob nafaqat 2025 yil, balki kelgusi uch yil uchun ham qilingani ma’lum bo‘ldi.
Vazirlikka ko‘ra, bunda "O‘zbekiston - 2030" strategiyasidan kelib chiqib ish ko‘rilayapti, o‘shangacha O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsulotini 160 milliard AQSh dollariga, aholi jon boshiga daromadini 4000 dollarga etkazish maqsadi ko‘zlanayapti.
Loyihada qaysi vazirlik davlat byudjetidan qancha mablag‘ olishi, davlat byudjeti yana nimalarga sarflanishi, inflyatsiya va byudjet taqchilligi prognozlari berilgan.
Hukumat 2025 yilda ham byudjet tashkilotlari xodimlari ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorlarini yillik inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorlarda oshirib borishni rejalashtirmoqda.
Xususan, ushbu to‘lovlar hamda ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 6 trln 634 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, kelgusi yil inflyatsiya 7 foizdan oshmaydi, deb xomcho‘t qilmoqda, shundan kelib chiqib davlat idoralari xodimlari ish haqlari, pensiya, stipendiya va nafaqalar oshiriladi, demoqda.
Buning uchun byudjetdan 6 trln 634 mlrd so‘m ajratishmoqchi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi "Byudjetnoma" deb nom bergan hujjat loyihasi e’lon qilinganidan keyin faollar davlat byudjetni qanday to‘ldirmoqchi va byudjet mablag‘larini nimaga sarflamoqchi bo‘layotganini muhokama etishni boshladilar.
2022 yili O‘zbekistonda bekor qilingan maktab darsliklari ijarasi uchun yana to‘lovni qayta yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surilgani qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘layapti.
Bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabati ham o‘rganildi.
Vazirlik bu hali taklif ekani, ijobiy va salbiy taraflari ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, hukumat har yili darsliklar uchun 1,3 trillion so‘m atrofida davlat byudjetidan mablag‘ ajratishiga to‘g‘ri kelayapti.
Darsliklar ijarasi uchun to‘lovni qayta joriy etish bilan 376 milliard so‘mcha mablag‘ni tejab qolish yo‘li izlanayapti.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston hukumati maktab va bog‘chalar uchun 15,8 trillion so‘m, ya’ni 2024 yilga nisbatan 15 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirmoqchi bo‘layapti.
Maktab o‘quvchilarining soni 6 million 800 ming atrofida ekani, kelgusi yil 207 mingga ko‘payishi kutilayotganini ma’lum qildi ekonomika vazirligi.
O‘zbekistonlik faollar, byudjet xarajatini bolalar hisobidan tejash O‘zbekistonning yangi konstitutsiyasiga qanchalar mos, degan savolni qo‘ymoqdalar.
Qonunchilik Palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbaev maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov Konstitutsiyaning 50-moddasiga zid, chunki davlat bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limini kafolatlashi kerak, deb yozdi.
"Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, hay, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma’qul", deb yozdi blgger Muhrim.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Telegramdagi sahifasida 2025 yilgi byudjet xarajatida "suyunchi puli"ni tejab qolish rejalashtirilayotganiga e’tibor qaratdi.
Telegram kanalimiz