Rossiya josuslari Qozog‘iston elchixonasi oldida soxta namoyish rejalaganlar

Londondagi markaziy jinoyat sudi - Old Beylida Rossiya foydasiga josuslik ayblovi ilgari surilgan besh Bolgariya fuqarosi ustidan sud davom etayapti, ayblanuvchilardan ikki nafari Rossiya maxsus xizmatlari topshirig‘iga ko‘ra Rossiya foydasiga josuslik qilganliklarini tan olganlar.
Qoralov tomoni ayblanuvchilar nimalarda ayblanayotganlarini e’lon qilib kelayaptilar, ayblovlar orasida Londondagi Qozog‘iston elchiligi binosi oldida soxta norozilik namoyishini tashkil qilish, so‘ng namoyish ishtirokchilari haqidagi ma’lumotni Qozog‘iston maxsus xizmatlariga topshirish va shu yo‘l bilan Qozog‘iston rahbariyatini G‘arbga emas, Rossiyaga og‘ishiga erishish maqsadi ko‘zlangani ham yangradi.
Bolgariyaliklar 2024 yil fevralida hibsga olinganlar, sentyabr oyi oxirida ular ustidan sud boshlandi.
Dastlabki tinglovlar noyabr oxirida boshlandi.

Surat manbasi, .
Sudda prokuratura tomoni bildirishicha, Rossiyaning Britaniyada joylashgan bolgariyalik josuslari oltita "operatsiya" o‘tkazishni maqsad qilganlar.
Bu operatsiyalardan birinchisi taniqli bolgariyalik jurnalist Xristo Grozevni nishonga olgan.
Xristo Grozev "Bellingcat" deb nomlangan surishtiruv jurnalistlari guruhidagi faoliyati bilan tanilgan, u Ukraina osmonida Niderlandiya yo‘lovchi samolyotini "Buk" raketasi bilan urib tushirilishi, Angliyada sobiq Rossiya josusi Sergey Skripal va qizini "Novichok" zahari bilan zaharlash kabi hodisalarni tekshirgan va tadqiqotlari natijalarini e’lon qilgan.

Surat manbasi, Reuters
Sudda aytilishicha, ayblanuvchilar 2020 yildan 2023 yilgacha Rossiya foydasiga josuslik bilan shug‘ullanganlar, nafaqat Britaniya, balki butun Yevropa bo‘ylab insonlar va ob’ektlarning joylashishi haqida ma’lumot yig‘ganlar.
Sudda Yan Marsalek degan shaxs nomi tilga olinmoqda.
U to‘lov bilan shug‘ullanadigan shirkatni boshqargan va tovlamachilik ayblovi ilgari surilgan.
Jinoiy jazodan qochish maqsadida Yan Marsalek Minskka uchib borgani va hozir Rossiya hududida yashirinayapti deb ko‘rilayotgani xabar qilindi.
Yan Marsalek bilan hamkorlik qilgan Orlin Rusev 2021 yili ikkovi Xristo Grozev uchib borayotgan samolyotda yoniga kompyuteri va mobil telefonidagi ma’lumotlarni yashirincha olish maqsadida josus o‘tirg‘izish masalasini muhokama qilganlar.
Shuningdek, Grozevning noutbuki va telefonini o‘g‘irlab Rossiya elchiligiga yetkazish, unga tegishli mulkni yo‘q qilish, Grozevning o‘zini o‘g‘irlash va o‘ldirish yo‘llarini ham gaplashganlar.
2022 yil noyabrida Rossiyadagi taniqli veb-nashr "The Insider" asoschisi Roman Dobroxotovni nishonga olish rejalangan.
Yana bir operatsiya nishoni qozog‘istonlik siyosatchi Bergey Riskaliev bo‘lgan.
Bergey Riskaliev Britaniyaga qochib kelgan va siyosiy boshpana olgan.
Sudda aytilishicha, Riskalievga qarshi amaliyot bilan Rossiyaning Qozog‘iston bilan aloqalarini yaxshilish maqsadi ko‘zlangan.
Prokuratura tomoniga ko‘ra, qozog‘istonlik siyosiy muxolifatchini Qozog‘iston foydasi uchun ta’qib etish Rossiyaning Qozog‘istonga ko‘rsatayotgan yordami deb ko‘rilishi kerak bo‘lgan.
Londondagi sudda bolgariyalik josuslar rejalagan to‘rtinchi amaliyot Qozog‘iston elchiligini nishonga olish bo‘lgani aytildi.
Bunda soxta protest tashkil qilish, so‘ng namoyishchilar haqidagi ma’lumotlarni Qozog‘iston josuslik xizmatlariga yetkazish, shu yo‘l bilan Qozog‘iston "ko‘nglini olish" maqsad qilingan.
Sudda aytilishicha, ayblanuvchilar Germaniyaning Shtutgartidagi AQSh harbiy bazasini 2022 yil oxirida kuzatishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganlar.
Bu paytda ukrainalik harbiylar Amerikaning Patriot raketa tizimini qanday ishlatishni o‘rganayotgan bo‘lganlar, ukrainalik harbiylarning mobil telefonlari haqidagi ma’lumotni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlar. Shu yil bilan Patriotning Ukrainada joylashgan joyini aniqlash maqsadi ko‘zlangan.
Keyingi operatsiya rossiyalik Kiril Kachurni nishonga olgan.
Sudda aytilishicha, Kirill Kachur Rossiya Tergov qo‘mitasida ishlagan, 2021 yili Rossiyani tark etgan.
Biroq vaqt Montenegroda bo‘lgan.
2023 yili Rossiya Kirill Kachurni "xorijiy agent" deb e’lon qilgan.
Hibs paytida turli mamlakatlarning 75 ta pasporti va 55 odam nomidagi turli shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, 221 ta mobil telefon, 258 ta qattiq disk, 495 sim karta, 33 ta audio yozib olish uskunasi, 55 video tasvirga oluvchi jihoz, 11 dron, 16 ta radio va uchta mobil telefon ma’lumotlarini "sug‘urib olish" imkonini beradigan jihoz topilgan.
Ayblanuvchilardan uch nafari o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblarni rad qilayaptilar.
Sud davom etayapti.












