Hech ozolmaydigan odamlar – eng katta muammo nimada?

- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 7 daq
"Semiz odam o‘zini ko‘proq nazorat qilishi kerak." "Bu shaxsiy mas’uliyat masalasi." "Hammasi oddiy, kamroq yeyish kerak."
Bular o‘tgan yili ozish uchun qo‘llanadigan in’ektsiyalar haqida yozgan maqolam ostida o‘quvchilar qoldirgan 1946 ta izohlardan.
Ko‘pchilik, hatto ba’zi tibbiyot mutaxassislari ham, semizlik faqat iroda masalasi deb hisoblaydi.
Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va AQShda odamlar o‘rtasida o‘tkazilgan va The Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, har 10 kishidan 8 tasi turmush tarzini o‘zgartirish orqali semirish oldini olish mumkin, deb hisoblaydi.
Biroq 20 yil davomida semiz va ortiqcha vaznli bemorlar bilan ishlagan dietolog Bini Suresh bu fikrni yoqlamaydi.
Uningcha, bu muammoning faqat bir qismi, xolos.
"Men serg‘ayrat, bilimdon, harakatdan to‘xtamaydigan, lekin hamon ozolmayotgan bemorlarni ko‘p uchrataman."
"Iroda va o‘zini nazorat qilish kabi tushunchalar to‘g‘ri emas, – deydi WeightWatchers shirkati tibbiy direktori doktor Kim Boyd. – O‘n yillar davomida odamlarga kamroq ovqatlanib, ko‘proq harakat qilsangiz ozasiz, deb maslahat berib kelishgan... Ammo semizlik ancha murakkab muammo."
Men suhbatlashgan boshqa mutaxassislar ham semirishning ko‘plab sabablari borligini ta’kidlaydi. Ularning ba’zilari hali to‘liq o‘rganilmagan, lekin anig‘i shuki, bu teng sharoitlardagi kurash emas.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Hukumat bu muammoni hal qilish uchun qonuniy cheklovlar joriy etishga qaror qildi.
Shunday cheklovlardan biri kuchga kirdi. Unga ko‘ra, soat 21:00 dan oldin TVda zararli oziq-ovqat reklamasi va internet tarmog‘ida bunday reklama turlari butunlay taqiqlanadi.
Biroq ko‘pchilik bu ham Buyuk Britaniyada keng tarqalgan semizlik muammosini hal qilishda samara bermaydi deb o‘ylaydi. Katta yoshdagi har to‘rt kishidan biri semizlikdan aziyat chekadi.
Biologiyaga qarshi kurash
"Odam semirishiga uning genlari sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va bu genlar hamma uchun ahamiyatli," deb tushuntiradi o‘ta semizlik va u bilan bog‘liq endokrin kasalliklarni davolaydigan hamda Kembrij universitetidagi Semizlik genetikasi tadqiqotini boshqaradigan maslahatchi endokrinolog professor Sadaf Faruqiy.

Uning aytishicha, ba’zi genlar oshqozondan miyaga yuboriladigan signallarga javoban ochlik va to‘qlikni boshqaradigan miya markazlariga ta’sir qiladi.
"Bu genlardagi o‘zgarishlar semiz odamlarda uchraydi, ya’ni ular ochlikni ko‘proq his qiladi va ovqatlanganidan keyin to‘yganlik hissini yaxshi sezmaydi."
Ehtimol, bu genlarning eng muhimi – hozirga qadar ma’lum bo‘lganlari orasida eng ahamiyatlisi – MC4R genidir. Ortiqcha ovqatlanishni rag‘batlantiradigan va to‘yganlik hissini kamaytiradigan ushbu gen mutatsiyasi dunyo aholisining taxminan beshdan bir qismida uchraydi.
"Boshqa genlar metabolizmga – energiyani qanchalik tez sarflashimizga ta’sir qiladi", deya qo‘shimcha qiladi professor Faruqiy.
"Ya’ni ba’zilar boshqalarga qaraganda bir xil miqdorda ovqat iste’mol qilib, ko‘proq vazn orttiradi va yog‘ to‘playdi yoki jismoniy mashqda kamroq kaloriya sarflaydi."
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, vaznga ta’sir qiluvchi minglab genlar bo‘lishi mumkin va biz ulardan faqat 30-40 tasini batafsil bilamiz.
"Shuning uchun bozorga kirib kelayotgan ozish dori-darmonlari juda samarali va muhim – ular bu muammoga qarshi kurashishga yordam beradi."
Davriy parhez ortidagi ilm
Biroq bu ham manzaraning bir qismi, xolos.
Bariatrik jarroh va "Nima uchun ko‘p ovqatlanamiz" kitobi muallifi Endryu Jenkinsonning tushuntirishicha, har bir kishining miyasi tushunadigan yoki o‘zi uchun to‘g‘ri deb hisoblaydigan vazn me’yori bor – bu sog‘lom vazn bo‘ladimi yoki yo‘q, bundan qat’i nazar.
Bu «belgilangan vazn me’yori» nazariyasi deyiladi.
"Bu [belgilangan vazn me’yorini] genetika, shuningdek, ovqatlanish muhiti, stress holati va uyqu tartibi kabi boshqa omillar belgilaydi."

Surat manbasi, Getty Images
Bu shuni anglatadiki, tana vazni termostatga o‘xshaydi: tanangiz o‘zingizga ma’qul bo‘lgan oraliqni saqlab turishga intiladi. Agar vazn ushbu "belgilangan me’yor"dan pastga tushsa, ochlik oshadi va metabolizm sekinlashadi, xuddi termostat harorat belgilangandan pastga tushganda issiqlikni oshirgani kabi.
Doktor Jenkinsonning ta’kidlashicha, me’yor belgilangandan so‘ng, uni iroda kuchi bilan o‘zgartirish juda qiyin.
Davriy parhezni shu bilan tushuntirish mumkin. "Masalan, agar sizning vazningiz 127 kilogramm bo‘lsa va miyangiz shu vaznni to‘g‘ri deb hisoblasa-yu, siz past kaloriyali parhezga rioya qilib, 12 kilogramm ozsangiz, tanangizning bunga reaktsiyasi ochlik hissi bo‘ladi," deydi u.
"Ishtaha oshadi, ovqat qidira boshlaysiz, metabolizm pasayadi, – deya qo‘shimcha qiladi u. – Bu ishtaha signallari juda kuchli. Ular chanqoqlik signali kabi kuchli, ular bizning omon qolishimizga yordam beradi...
Kuchli ishtahani jilovlash haqiqatan juda qiyin."
Doktor Jenkinson bu jarayonda yog‘ hujayralari ishlab chiqaradigan leptin gormonining roliga e’tibor qaratadi. "U gipotalamusga signal sifatida ta’sir qiladi. Gipotalamus miyaning vaznni nazorat qiladigan qismi bo‘lib, u tanangizda qancha energiya zaxirasi borligini anglaydi."
"Gipotalamus leptin darajasini nazorat qiladi, ortiqcha energiya yoki yog‘ to‘playotgandek ko‘rinsa, u avtomatik ravishda xatti-harakatlarimizni o‘zgartiradi: ishtahamizni pasaytiradi va metabolizmni tezlashtiradi."
Leptin aslida shunday ishlashi kerak. Biroq, ko‘pincha, ayniqsa G‘arb oziq-ovqatlari bilan u o‘z vazifasini bajara olmaydi, deb tushuntiradi doktor Jenkinson.
Buning sababi, leptin insulin bilan bir xil liniya orqali signal uzatadi. "Agar insulin darajasi juda yuqori bo‘lsa, u leptin signalini susaytiradi va natijada miya qancha yog‘ to‘planganini sezmay qoladi."
Xushxabar shundaki, bu belgilangan me’yor doimiy emas – u turmush tarzidagi o‘zgarishlar, yaxshilangan uyqu, stress darajasining kamayishi va uzoq muddatli sog‘lom odatlar orqali asta-sekin o‘zgarishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Bu xuddi termostatni qayta sozlashga o‘xshaydi – vaqt o‘tishi bilan sekin, izchil sozlashlar tanaga yangi, sog‘lomroq me’yorni qabul qilishga yordam beradi.
Buyuk Britaniyadagi semizlik: bo‘ron
Bularning hech biri semizlikning ortishi sabablarini to‘liq tushuntira olmaydi – axir bizning genlarimiz va tanamizning biologik tuzilishi o‘zgargani yo‘q.
So‘nggi o‘n yilda ortiqcha vazn yoki o‘ta semizlik toifasiga kirgan kattalar ulushi doimiy o‘sib bormoqda. Salomatlik jamg‘armasining 2025 yilga doir tahlili shuni ko‘rsatadiki, Buyuk Britaniyadagi kattalarning 60 foizdan ortig‘i hozirda ushbu toifaga kiradi (shu jumladan, taxminan 28 foizi o‘ta semiz hisoblanadi).
Bu qisman sifatsiz, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlarning, xususan, ultra qayta ishlangan mahsulotlarning ko‘pligi va arzonligi bilan bog‘liq. Bunga fastfud va shakarli ichimliklarning agressiv marketingi va reklamasi, portsiyalarning kattalashib, jismoniy faollik esa kamayib borishi (ko‘pincha shaharni rejalashtirish yoki vaqt yetishmasligi tufayli) qo‘shilsa, mukammal bo‘ron hosil bo‘ladi.
"Natijada, aholi sifatida ko‘proq semirib ketdik va, albatta, semirishga genetik moyilligi ko‘proq bo‘lganlar yanada ko‘proq vazn oldi", deydi professor Faruqiy.
Jamoat salomatligi mutaxassislari buni «obesogen» muhit deb atashadi. Bu atama birinchi marta 1990-yillarda qo‘llangan, chunki tadqiqotchilar semirish darajasi oshishini oziq-ovqat bemalolligi, marketing va shahar dizayni kabi tashqi omillar bilan bog‘lay boshlagan edi.

Ko‘plab mutaxassislar ta’kidlashicha, bu omillar ortiqcha ovqatlanish va kamharakatlikka undovchi doimiy ta’sir va bosimlarni keltirib chiqaradi. Natijada hatto serg‘ayrat odamlar ham sog‘lom vaznni saqlab qolishga qiynaladi.
Bularning barchasi nima uchun "iroda kuchi" atamasi bahsli mavzuga aylanganini ham ko‘rsatadi.
Shaxsiy mas’uliyat
Nyukasl shahar kengashidagi ofisida o‘tirgan jamoat salomatligi bo‘yicha direktor Elis Uaysman hamma joyda oziq-ovqat bemalolchiligini ko‘radi. "Qahvaxonalar, novvoyxonalar va fastfudlar. Biror oshxona yonidan o‘tmasdan maktabga ham, ishga ham borolmaysiz.
"Ko‘rinishlilik muhim – agar ishga ketayotganda ko‘plab fastfudlarni uchratsangiz, u yerdan biror yegulik olishingiz ehtimoli ortadi. Tanangiz ko‘rinib turgan ovqatga deyarli avtomatik ravishda javob qaytaradi."
U jamoat salomatligi direktori bo‘lib ishlayotgan Geytshedda 2015 yildan beri yangi issiq ovqat olib ketish yoki yetkazib berishga ruxsat berilmagan.
Ammo butun mamlakat bo‘ylab fastfud va yetkazib berish sanoati o‘sishda davom etmoqda – bu soha yiliga 23 milliard funt sterlingdan ortiq daromad keltiradi.
Buyuk Britaniyada oziq-ovqat mahsulotlari reklamasida qandolat mahsulotlari, shakarli ichimliklar, tez tayyorlanadigan taomlar va gazaklar kabi tarkibida yog‘, tuz va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar ustunlik qiladi. Bu Ofcom'ning so‘nggi hisoboti – Communications Market Report'da ta’kidlangan.
Biroq Jamoat salomatligi direktorlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lgan Uaysman xonimning fikricha, ko‘rilayotgan yangi choralar – televizor va internetda "nosog‘lomroq" oziq-ovqat reklamasini cheklash choralari muammoni to‘liq hal etolmaydi.
O‘tgan yili Oziq-ovqat jamg‘armasi e’lon qilgan hisobotda ham sog‘lom oziq-ovqatlar kaloriyasi bo‘yicha sog‘lom bo‘lmagan oziq-ovqatlarga qaraganda ikki baravar qimmatroq ekanligi aytilgan.
"Pul tanqis bo‘lgan oilalarda sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash qiyin," deydi Uaysman xonim.
"Men shaxsiy mas’uliyat ahamiyatga ega emas, demoqchi emasman. Ammo bu haqda o‘ylaganingizda, aslida nima o‘zgarganini aniqlashingiz kerak. Bizda iroda kuchi birdan kamayib qolgani yo‘q-ku."
Suresh xonim ham shu fikrni ma’qullaydi. "Biz haddan tashqari ko‘p iste’molni rag‘batlantiradigan muhitda yashayapmiz."
"Semizlik xarakter yoki fe’l-atvor zaifligi emas. Bu murakkab, surunkali holat bo‘lib, u biologiyamiz va yuqori darajadagi «obesogen» muhit ta’sirida shakllanadi. Faqat iroda kuchining o‘zi yetarli emas va ozishni faqat intizom masalasi deb hisoblash zararli."
Biroq boshqalar "iroda" so‘ziga boshqacha yondashadi.
"Kaloriya kaloriyadir" kitobi muallifi, professor Kit Freyn ta’kidlashicha, 40 yil oldin ko‘plab ortiqcha vaznli odamlar bunday bo‘lmagan bo‘lishi mumkin edi. "Ularning irodasi yoki boshqa jihatlari emas, balki muhit o‘zgardi", deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Ammo u yana qo‘shib qo‘ydi: "Men "iroda kuchi"ni butunlay rad etish oqibatida odamlar sog‘liq uchun maqbul bo‘lmagan yoki o‘zlari xohlamagan vaznda yashayverishga ko‘nib qolishlaridan xavotirdaman."
U vazn yo‘qotishni eplagan va bu natijani saqlab qolgan odamlarning katta ma’lumotlar bazalari haqida gapirdi. Masalan, AQShdagi 10 000 dan ortiq ishtirokchiga ega Milliy vazn nazorati reestri.
"Bu odamlar ozish qiyinligi, erishilgan natijani saqlab qolish esa undan ham qiyinroqligini aytishadi...
Agar siz bu odamlarga iroda kuchining bunga aloqasi yo‘qligini aytsangiz, ular juda xafa bo‘lishardi."
"Odamlarni qonun bilan shaklga solib bo‘lmaydi"
Keng miqyosdagi bahs davlat bu borada mas’uliyatni qanchalik o‘z zimmasiga olishi kerakligi haqida.
Uaysman xonim rasman tartibga solishni semizlikka qarshi kurashishning muhim vositasi deb hisoblaydi, "bitta olsang, bittasi bepul" kabi aktsiyalar impulsiv xaridni rag‘batlantirishini ta’kidlaydi. Ammo o‘ng qanotga moyil Policy Exchange tahlil markazining sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam bo‘limi boshlig‘i Garet Lyon qonunchilik yechim emasligini aytmoqda.
"Odamlarni qonun bilan shaklga solib bo‘lmaydi", deydi u.
"Odamlar sevib iste’mol qiladigan oziq-ovqatlarga qo‘yiladigan taqiqlar va soliqlar Buyuk Britaniyada yashash xarajatlari oshib borayotgan bir paytda odamlar hayotini yanada qiyinlashtiradi, qimmatlashtiradi."
Iqtisodiy masalalar institutining turmush tarzi iqtisodiyoti bo‘limi boshlig‘i Kristofer Snoudon ham semizlik jamoat salomatligi emas, balki "shaxsiy muammo" ekaniga ishonadi.












