You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Rossiya yadroviy qurol ishlatish shartlarini qanday o‘zgartirdi?
- Author, Pavel Aksenov
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati harbiy sharhlovchisi
- O'qilish vaqti: 3 daq
Putin Rossiyaning yadroviy doktrinasini o‘zgartirdi. Endi Rossiya unga oddiy qurol bilan hujum qilganlarga nisbatan ham yadroviy zarba bilan javob berish huquqini ma’lum qildi. Mutaxassislar bu Amerikaning Ukrainaga ishlatish uchun ruxsat bergan ATAKMS raketalari uchun bevosita javob, demoqda. Putin imzo chekkan hujjat Rossiyaning raqibiga nisbatan atom bombasidan foydalanish imkoniyatlarini keskin kengaytiradi.
“Yadroviy tiyib turish sohasida Rossiya Federatsiyaning asosiy davlat siyosati” deb nomlanadigan hujjatning oldingi tahriri 2020 yilda tasdiqlangandi.
O‘zgartirilgan yangi doktrinada faqat so‘nggi band shunday qolgan, boshqa hammasi o‘zgargan.
Eng asosiy o‘zgarishlardan biri – davlatning suvereniteti yoki hududiy yaxlitlikka jiddiy tahdid bo‘lgan taqdirda Rossiya yadroviy qurol ishlatish huquqini o‘zida saqlab qoladi, degan jumla bo‘ldi. Oldin bunday shart “davlatning mavjudligiga tahdid” bilan bog‘liq edi.
Umumiy qoidalar
Yangi doktrinaning birinchi farqi "Rossiya Federatsiyasi yadroviy qurolni faqat tiyib turuvchi vosita sifatida ko‘radi, undan foydalanish so‘nggi va majburiy choradir" degan qoidaga tegishli bo‘ldi.
Endi undan “faqat” so‘zi olib tashlandi. Bu yadroviy qurol tiyib turishdan boshqa yana yangi xususiyatga ega bo‘lishini anglatishi mumkin. Ushbu o‘zgartirishga hujjatda batafsil ta’rif berilmagan.
Ushbu bobdagi ikkinchi o‘zgartirish doktrinaga asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ro‘yxatdan chiqarib tashlash, xalqaro shartnomalar mohiyatini cheklashdir.
Agar ilgari doktrina, xususan, Rossiya Federatsiyasining mudofaa va qurol nazorati sohasidagi xalqaro shartnomalariga asoslangan bo‘lsa, endi - faqat xalqaro shartnomalar qoldirilgan.
Koalitsiya va ittifoqlarga qarshi amallar
"Tiyib turishning mohiyati" nomli ikkinchi bob eng katta o‘zgarishlarga uchradi. Bunda doktrina mualliflari turli koalitsiya va ittifoqlar ishtirokchilarini umumiy jamoaviy mas’uliyat bilan umumiylashtirishga harakat qilishgan.
Rossiyaga koalitsiyadan biror davlat hujum qilsa, koalitsiyaning boshqa a’zolari ham javobgar bo‘ladi. Shuningdek, ulardan biri boshqa bir davlatga Rossiyaga hujum qilish uchun hududi, dengizi yoki osmonidan foydalanishga ruxsat bersa yadroviy tiyib turish ob’ektiga aylanadi.
Yana bir yangi qoidaga ko‘ra, “Rossiyaga nisbatan har qanday yadroviy quroli yo‘q, ammo yadroviy davlat ishtirokida yoki qo‘llab-quvvatlashi bilan biror davlat tajovuz qilsa” unga nisbatan yadroviy tiyib turish doktrinasi ishga tushadi.
Bu Amerika raketalarining Rossiya hududlariga otilishiga berilgan ruxsat bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Doktrinaning o‘zgarishi haqida ilk bor, Vladimir Putin sentyabrda gapirgandi. O‘shanda AQSh hukumatida ATACMS raketalarini Rossiyaga nisbatan qo‘llash uchun Ukrainaga ruxsat berish borasida bahslar bo‘layotgandi.
Ukraina ruxsatni olgandan so‘ng esa Putin yangi doktrinani imzoladi.
Xavflar
Doktrinada xavflar ro‘yxatini yanada kengaytirilgan.
Ularning birida “Harbiy strukturasini Rossiya chegerasiga yaqin olib keluvchi yangi harbiy ittifoqlar tuzish yoki ularni kengaytirish” tilga olingan.
Putin muntazam NATOning sharqqa, Rossiya chegaralari tomon kengayyotganiga e’tiroz bildirib kelgan.
Yana birida “Potentsial raqibning Rossiya Federatsiyasi hududlarini izolyatsiya qilish, shu jumladan, muhim transport aloqalarini to‘sishga harakat”i ham xavf sifatida ko‘riladi.
Rossiyada davlat hududidan uzilib qolgan yagona mintaqa bor. Bu Kaliningrad viloyati.
Bundan tashqari Rossiya o‘zining hududi deb hisoblovchi, qo‘shib olingan Qrim ham Rossiyaning asosiy yerlari bilan ko‘prik orqali bog‘langan.
Shuningdek, doktrinada Rossiya chegarasi yaqinida yirik miqyosda harbiy mashg‘ulot o‘tkazish ham xavf sifatida keltirilgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating
Qo‘llash shartlari
Doktrinaning eng muhim nuqtalaridan biri Rossiya yadroviy qurolni qo‘llashi mumkin bo‘lgan shart. Bu qoidalar ushbu shartlar sodir bo‘lganda u avtomatik qo‘llanishini anglatmaydi. Ularni chop qilish orqali Rossiya qachon yadroviy zarba berishi mumkinligi borasidagi huquqni o‘zida saqlayotganini ma’lum qilmoqda.
Muhimi, ushbu bo‘limning umumiy qoidasi o‘tgan safargi tahrirda Rossiya va uning ittifoqchilariga yadroviy zarba bo‘lganda yoki davlat mavjudligini tahdid ostiga oluvchi har qanday hujumga nisbatan yadroviy qurol qo‘llash haqida edi.
Yangi doktrinada “davlatning mavjudligiga tahdid” jumlasi boshqa – “suverenitetga va (yoki) hududiy yaxlitlikka jiddiy tahdid” degan uncha aniq bo‘lmagan jumla bilan almashtirildi.
Ayrim mutaxassislar, Putin sentyabr oyidayoq gapirgan yangi qoidalar faqat yadro qurolidan foydalanish shartlarini aniqlab berishini aytadi. Ulardan foydalanish sabablari esa o‘zgarmaydi.