You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Sunami xavfi: Yaponiyada 2 million odam evakuatsiya qilindi, Havayida 1 metrdan baland to‘lqinlar qayd etildi
Kamchatka sohili yaqinida sodir bo‘lgan kuchli zilziladan so‘ng bir necha davlatda sunami xavfi e’lon qilindi. Yaponiyada taxminan 2 million odamga evakuatsiya tavsiya qilindi.
Havayi orollarida ham aholiga uylarini tark etish buyurildi, ammo bir necha soatdan so‘ng uylariga qaytishga ruxsat berildi. Hozircha vayronalar haqida xabarlar yo‘q, ammo sunami 1 kundan ortiq davom etishi mumkin.
Yaponiya
Kamchatka yaqinida zilzila sodir bo‘lganidan so‘ng Yaponiya darhol sunami xavfini e’lon qildi. Hukumat Tinch okeani bo‘ylab joylashgan 220 dan ortiq munitsipalitetda deyarli 2 million aholiga evakuatsiya qilishni buyurdi.
Fukusima atom elektr stantsiyasi xodimlari evakuatsiya qilindi. Stantsiya operatoriga ko‘ra, u yerda hech qanday texnik nosozlik qayd etilmagan. Ma’lumki, 2011 yili aynan zilzila va undan keyingi sunami tufayli ushbu AESda avariya sodir bo‘lgan edi.
Xokkaydo orolidagi Nemuro port shahriga birinchi to‘lqinlar — taxminan 30 santimetr balandlikda — yetib keldi.
Tokio yaqinidagi Harumi sohilida esa 20 santimetrlik to‘lqinlar qayd etildi.
Meteorologlar to‘lqinlar balandligi 3–4 metrga yetishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Hozircha qayd etilgan eng baland to‘lqin 1,3 metrni tashkil etmoqda.
"Sunami to‘lqinlari kamida bir kun davomida yuqori bo‘lib qoladi", — dedi Yaponiya meteorologiya agentligi vakili.
Hukumat evakuatsiya qilingan aholi kechgacha uylariga qayta olmasligi mumkinligini bildirdi.
Sohil mintaqalarida poezd harakati to‘xtatilgan, Miyagi prefekturasidagi Senday aeroporti yopilgan.
Nissan kompaniyasi Kanagava va Ibaraki prefekturalaridagi zavodlar ishini to‘xtatdi. Seven-Eleven kabi savdo tarmoqlari ham sohildagi do‘konlarini vaqtincha yopdi, deb xabar qiladi Mainichi.
Xokkaydoda bir ayol evakuatsiya vaqtida shoshilib yiqilib, yengil jarohat olgan. Uni shifoxonaga olib ketishgan. Boshqa jarohatlanishlar yoki vayronalar haqida ma’lumot yo‘q.
Asahi TV xabar berishicha, Mie prefekturasida 58 yoshli ayol evakuatsiya vaqtida mashinani boshqarib ketar ekan, jardan qulab halok bo‘lgan. Ammo hukumat hozircha rasman qurbonlar haqida ma’lumot bergani yo‘q.
1952 yilda Kamchatka yaqinida 8,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan va Tinch okeani sohilida 3 metrlik sunami to‘lqinlari qayd etilgan. O‘shanda taxminan 1200 ta uy suv ostida qolgan edi.
Havayi va AQSh materik qismi
Gavayi orollarida ham sunami xavfi e’lon qilindi. Sohilga yaqin yashovchilarga imkon boricha binolarning to‘rtinchi qavatiga chiqish yoki tepaliklarga chiqish tavsiya etildi.
Arxipelagdagi ikkinchi yirik orol — Mauida savdo portlari yopildi va aviaqatnovlar bekor qilindi.
Yaponiya va Gavayi o‘rtasida joylashgan Miduey orollarida to‘lqinlar 1,8 metrga yetdi.
"Agar biror qurilma qimirlab, odamga urilsa, uni olib ketishi mumkin. Bu darajadagi to‘lqinda odam osonlikcha cho‘kib ketishi mumkin", — dedi Havayi shtati gubernatori Josh Grin.
Havayining eng yirik oroli — Katta orolda evakuatsiya e’lon qilinganidan so‘ng yo‘llarda tirbandlik yuzaga keldi, Gonoluludagi yoqilg‘i quyish shaxobchalarida navbatlar paydo bo‘ldi.
Mauida to‘lqinlar 1,7 metrga yetdi.
"Suv ko‘tarilyapti. Bu juda xavfli", — dedi Bi-bi-siga Maui orolida yashovchi Felisha Jonson. U turmush o‘rtog‘i va ikki iti bilan tog‘ tomonga qarab yo‘l olgan.
Felisha Jonson 2 yil avval Laxayna shahridagi o‘rmon yong‘inlarini esladi.
"Biz o‘sha paytda ogohlantirilmagan holda og‘ir falokatni boshdan kechirdik. Bu safar biz oldindan ogohlantirildik. Agar chiqib ketmasak, bu faqat o‘z xatomiz bo‘ladi", — dedi u.
Bir necha soatdan so‘ng hukumat xavf darajasini pasaytirdi va evakuatsiya qilingan odamlarga uylariga qaytishga ruxsat berdi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
AQShning materik qismida ham sunami to‘g‘risida ogohlantirish berildi. Masalan, Kaliforniyaning shimolida joylashgan Kreshent-Siti (aholi soni 6 ming atrofida)da odamlarga plyajlar va suv yo‘llaridan uzoqda bo‘lish tavsiya qilindi.
To‘lqinlar Kaliforniya sohiliga yetib keldi.
Boshqa davlatlar
Kolumbiyaning Tinch okeani qirg‘og‘ida ham sohil va qirg‘oq oldi tumanlar evakuatsiya qilindi.
Fidji, Samoa, Tonga, Mikroneziya, Solomon orollari kabi orol davlatlari aholini sohildan uzoqda bo‘lishga va evakuatsiya yo‘nalishlari bilan tanishib chiqishga chaqirdi. Ammo hozircha uylarni tark etish buyrug‘i berilmadi.
AQShning Papua orolidagi Okean va Atmosfera tadqiqotlari Milliy agentligi Yangi Gvineya, Solomon orollari va Vanuatuda ham sunami xavfi borligini ma’lum qildi.
Kanadadagi Britaniya Kolumbiyasi aholisiga suvdan uzoqda bo‘lish tavsiya qilindi.
Indoneziya Papua orolida evakuatsiya e’lon qildi.
Shanxayni o‘z ichiga olgan Xitoy hududlarida sunami xavfi e’lon qilindi, keyinchalik u bekor qilindi.
AQShning Sunami ogohlantirish markazi ma’lum qilishicha, 3 metr va undan baland to‘lqinlar Ekvador, Gavayi arxipelagi shimoliy orollari va Rossiyaga yetib kelishi mumkin.
1–3 metrlik to‘lqinlar Chili, Kosta-Rika, Gavayi, Yaponiya va Tinch okean orollarida kutilmoqda.
Qolgan Tinch okeaniga chiqish imkoni bo‘lgan mamlakatlarda esa to‘lqinlar 1 metrgacha yetishi mumkin. Ular qatorida Avstraliya, Meksika, Kolumbiya, Yangi Zelandiya, Tonga va Tayvan ham bor.