Yillarki zo‘rlangan qizchani dark-veb agentlari qanday topdi?

- Author, Sam Piranty
- Role, BBC Eye Investigations a'zosi
- O'qilish vaqti: 5 daq
Diqqat: Maqolada jinsiy tahqirlashga doir tafsilotlar bor
Onlayn jinoyatlar bo‘yicha tergovchi Greg Skvayr zo‘ravonlikka uchrayotgan qizni topishda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Uning jamoasi qizni Lyusi deb ataydi.
Qizning odamni xavotirga soluvchi tasvirlari dark-vebda tarqalayotgandi. Dark-veb internetning shifrlangan qismi bo‘lib, unga faqat maxsus dastur yordamida kirish mumkin.
Biroq, Skvayrning aytishicha, har qancha ustalik bilan izlamasin, jinoyatchi "o‘z izini yashirish" uchun barcha belgilarni o‘chirib yoki o‘zgartirishga harakat qilardi. Lyusining kimligini yoki qaerdaligini aniqlash deyarli imkonsiz edi.
Ko‘p o‘tmay, Skvayr 12 yoshli o‘sha qizning qaerda ekanligiga ishora qiluvchi belgini topdi.
Skvayr AQSh Ichki ishlar vazirligi Tergov boshqarmasining jinsiy zo‘ravonlik materiallarida ko‘ringan bolalarni topishga ixtisoslashgan maxsus bo‘linmasida ishlaydi.
Bi-bi-si Jahon xizmati jamoasi Skvayr va Portugaliya, Braziliya hamda Rossiyadagi boshqa tergov bo‘linmalari bilan besh yil davomida suratga olish ishlari olib bordi. Ular Rossiyada o‘g‘irlab ketilgan va o‘lgan deb taxmin qilingan yetti yoshli bolaning ishi hamda dark-vebdagi bolalarga nisbatan eng yirik beshta jinoiy forumni boshqargan braziliyalik erkakni hibsga olish jarayoni tafsilotlarini ko‘rsatishdi.
Suratga olish jarayonida shu ma’lum bo‘ldiki, bunday ishlar ko‘pincha eng zamonaviy texnologiyalar yordamida emas, balki tasvirlar yoki chat forumlaridagi bir qarashda mayda, ammo muhim tafsilotlarni aniqlash orqali ochilar ekan.
Skvayrning aytishicha, u o‘z professional faoliyati boshida Lyusi ishini muvaffaqiyatli hal qila olgani uning kelgusidagi ishlari uchun ilhom manbai bo‘lgan.
Lyusi uning o‘z qizi bilan tengdosh bo‘lgani ham ta’sir qilgandi, qizning aftidan o‘z yotoqxonasida zo‘rlanganini aks ettiruvchi yangi fotosuratlar muntazam paydo bo‘layotgandi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Skvayr va uning jamoasi fotosuratlarda ko‘ringan chiroq va elektr rozetkalaridan Lyusining Shimoliy Amerikada ekanligini aniqlashdi. Ammo bu ma’lumot yetarli emasdi.
Ular o‘sha paytda ijtimoiy tarmoqlarda yetakchi bo‘lgan Facebook bilan bog‘lanib, yuklangan oilaviy fotosuratlarni tekshirishda yordam so‘rashdi, Lyusi ularning birortasida bor-yo‘qligini aniqlash zarur edi. Ammo Facebook'da yuzni tanish texnologiyasi bo‘lishiga qaramay, yordam berish uchun "vositalari yo‘qligini" aytdi.

Shunday qilib, Skvayr va uning hamkasblari Lyusining xonasida ko‘ringan hamma narsani sinchiklab o‘rgandi: ko‘rpa-to‘shak, kiyimlari, yumshoq o‘yinchoqlari. Ular qizni topishda asqatishi mumkin bo‘lgan har qanday elementni izlashdi.
Nihoyat kichik yutuqqa erishdilar. Jamoa ba’zi rasmlarda ko‘ringan divan faqat mintaqaviy miqyosda sotilgani, mijozlar soni ham cheklanganini aniqladi.
Ammo bu taxminan 40 000 kishi degani edi.
"Tergovning o‘sha bosqichida biz [hali ham] AQShning 29 ta shtatini tekshirayotgan edik. Tasavvur qilyapsizmi, bu o‘n minglab manzillar degani, juda murakkab vazifa edi", deydi Skvayr.
Jamoa ko‘proq izlar qidirdi. Shunda ular Lyusining yotoqxonasidagi suvalmagan g‘isht devor ularga yo‘l ko‘rsatishi mumkinligini payqab qolishdi.
"Shunday qilib, men shunchaki g‘ishtlarni internetda qidira boshladim va ko‘p o‘tmay G‘isht sanoati uyushmasini topdim", deydi Skvayr.
"Telefonda gaplashgan ayol ajoyib ekan. U «G‘isht sanoati qanday yordam bera oladi?» deb so‘radi."
Ayol suratni butun mamlakat bo‘ylab g‘isht mutaxassislariga ko‘rsatishni taklif qildi. Javob deyarli darhol keldi, deydi Skvayr.
Murojaat qilganlardan biri 1981 yildan buyon g‘isht savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan Jon Harp edi.
"Men suratdagi g‘ishtning pushti rangda ekanligi va ustida biroz ko‘mir rangli qatlam borligiga e’tibor berdim. Bu sakkiz dyuymli modulli g‘isht bo‘lib, to‘rtburchak qirrali edi, – deydi u. – Buni ko‘rganimda, g‘ishtning aniq qaysi turi ekanligini bilardim", deya qo‘shimcha qiladi u.

Skvayrga aytishicha, bu "Alangali alamo" nomli g‘isht ekan.
"[Bizning kompaniya] bu g‘ishtni 60-yillarning oxiridan 80-yillar o‘rtalarigacha ishlab chiqargan va men bu zavoddan millionlab g‘isht sotganman."
Dastlab Skvayr raqamlashtirilgan mijozlar ro‘yxatiga kirishga umid qilib xursand bo‘ldi. Ammo Harp savdo qaydlari shunchaki o‘nlab yillar oldingi qog‘oz "qaydlar uyumi" ekanligini aytdi.
Biroq u g‘isht haqidagi muhim ma’lumotni ochib berdi, deydi Skvayr.
"G‘isht xiyla og‘ir, dedi u. Keyin esa, shunday og‘irki ularni uzoqqa tashishmaydi, deb qo‘shib qo‘ydi."
Bu ma’lumot ayni muddao bo‘ldi. Jamoa divan mijozlari ro‘yxatiga qaytdi – AQSh janubi-g‘arbidagi g‘isht zavodidan 100 mil radiusda yashovchi mijozlarni o‘rgana boshladi.
O‘sha 40-50 kishilik ro‘yxatdagilarning ijtimoiy tarmoqlarini topish va tekshirish oson bo‘ldi. Shunda ular Facebook'da Lyusining katta yoshli bir ayol bilan tushgan suratini topishdi. Ayol qizga yaqindek ko‘rinardi, ehtimol, qarindoshi edi.
Ular ayolning manzilini aniqlab, keyin shu ayol bilan bog‘liq barcha manzillarni va u bilan birga yashagan odamlarni topishdi.
Bu Lyusining ehtimoliy manzilini yanada toraytirdi, ammo ular uyma-uy yurib, so‘rab-surishtirishni xohlashmadi. Agar noto‘g‘ri manzilga borib qolishsa, gumonlanuvchiga sezdirib qo‘yishlari mumkin edi-da.
Shunday qilib, Skvayr va uning hamkasblari bu uylarning fotosuratlarini g‘isht bo‘yicha mutaxassis Jon Harpga yubora boshladilar.
Uyimizda 150 dan ortiq turli bolalar bo‘lgan. Uchtasini farzandlikka oldik. Ko'plari ilgari zo‘ravonlikka uchragan.
"Alangali alamo" birorta ham uyning fasad qismida ko‘rinmasdi, hammasi boshqa materiallar bilan qoplangan edi. Ammo jamoa Harpdan uylarning uslubi va tashqi ko‘rinishiga qarab, bu uylar "Alangali alamo" sotuvda bo‘lgan davrda qurilgan bo‘lishi mumkinligini aniqlashga yordam so‘radi.
"Biz o‘sha uy yoki turar joyning rasmini olib, uni Jonga yuborar, "bu uyda shunday g‘ishtlar bo‘lishi mumkinmi?" deb so‘rardik", deydi Skvayr.
Nihoyat, urinishlar behuda ketmadi. Ular Harp "Alangali alamo" g‘ishti urilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblagan manzilni topdilar va ayni shu uy divan xaridorlari ro‘yxatida ham bor edi.
"Shunday qilib, e’tiborimizni ana shu manzilga qaratdik... va u yerda kim yashayotganini davlat ro‘yxatlari, haydovchilik guvohnomasi... maktablar haqidagi ma’lumotlar orqali aniqlashga harakat qildik", deydi Skvayr.
Jamoa Lyusi bilan bir xonadonda onasining ma’shuqi – sudlangan jinsiy jinoyatchi yashayotganini aniqladi.
Bir necha soat ichida mahalliy Ichki ishlar xodimlari olti yil davomida Lyusini zo‘rlagan jinoyatchini qo‘lga oldi. Keyinchalik u 70 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
G‘isht mutaxassisi Harp Lyusining ozod etilganini eshitib, juda xursand bo‘ldi.
"Uyimizda 150 dan ortiq turli bolalar bo‘lgan. Uchtasini farzandlikka oldik. Shunday qilib, o‘sha yillar davomida uyimizda [ilgari] zo‘ravonlikka uchragan ko‘plab bolalar bo‘lgan", dedi u.
"Skvayr jamoasi har kuni qiladigan va ko‘radigan narsalar men ko‘rgan yoki duch kelganlardan yuzlab marta dahshatliroq."
Bir necha yil oldin Skvayrga tushgan bu bosim uning ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir eta boshladi. U ishlamagan kunlarida "alkogol hayotimning keragidan ortiq qismini egallagan edi", deb tan oladi.
"O‘sha paytda bolalarim biroz kattaroq edi... bilasizmi, bu sizga yanada kuchliroq harakat qilish imkonini beradi. Masalan... bugun ertalab soat uchda tursam, [jinoyatchini] internetda g‘aflatda qoldirishim mumkin.

Lekin shaxsan o‘zim... «Greg kim? Uning nima bilan shug‘ullanishini ham bilmayman.» Do‘stlaringning hammasi... kunduzi, bilasizmi, jinoyatchilar... Ular kun bo‘yi eng dahshatli narsalar haqida gaplashishadi."
Oradan ko‘p o‘tmay, uning oilaviy hayoti buzildi, u o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylay boshlaganini aytadi.
Uning qiynalayotganini ko‘rgan hamkasbi Pit Menning uni yordam so‘rashga undagan.
"Senga shuncha kuch va g‘ayrat berayotgan narsa ayni paytda seni asta-sekin yo‘q qilayotgan bo‘lsa, bu juda og‘ir", deydi Menning.
Skvayrning aytishicha, o‘zining zaif tomonlarini tan ola bilgani sog‘ayish va o‘zi faxrlanadigan ishni davom ettirish uchun birinchi qadam bo‘lgan.
"Men shunchaki TVda ko‘rish yoki bu haqda eshitish o‘rniga o‘zgarish qila oladigan jamoaning bir qismi bo‘lganimdan faxrlanaman... Undan ko‘ra, men jangda ishtirok etib, uni to‘xtatishga harakat qilaman."
O‘tgan yozda Greg 20 yoshli Lyusi bilan birinchi marta ko‘rishdi.
U boshidan kechirganlarini muhokama qila olishi atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlovi tufayli ekanligini aytdi.
"Ahvolim barqarorroq. Odamlar bilan [zo‘ravonlik haqida] gaplashishga kuchim yetadi, bir necha yil oldin ham buni qila olmagan bo‘lardim."
Uning aytishicha, Ichki ishlar xizmati zo‘ravonlikni to‘xtatgan paytda, u "barchasi tugashi uchun ibodat qilayotgan" edi.
"Bu haqiqatan ham ijobat bo‘lgan duo edi."
Skvayr unga o‘sha vaqtda yordam yetib borayotgani haqida xabar berishni istaganini aytdi.
"Qaniydi telepatiya bo‘lsa-yu, qo‘lingni uzatib: «Quloq sol, biz boryapmiz», deyish mumkin bo‘lsa."
Bi-bi-si Facebook'dan nima uchun yuzni tanish texnologiyasidan Lyusini qidirishda foydalanmaganini so‘radi. Kompaniya shunday javob berdi: "Foydalanuvchilarning shaxsiy hayotini himoya qilish uchun tegishli qonunlarga rioya qilishimiz muhim, ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlarga imkon qadar yordam berishga harakat qilamiz."
































