Iflos havo tanangizning qaysi qismlariga kirib boradi va qanday ta’sir qiladi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, dunyo aholisining 99 foizi zaharlangan havodan nafas oladi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, dunyo aholisining 99 foizi zaharlangan havodan nafas oladi
    • Author, James Gallagher
    • Role, Inside Health dasturi boshlovchisi, Radio 4
  • O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zimni zararlangandek his qilyapman.

Laboratoriyada mikroskop ostidagi qonimga tikilib turibman. Sof qizil qon tanachalari o‘rniga, ularning ba’zilari qora dog‘lar bilan ifloslangan. Dunyoda birinchilardan bo‘lib o‘z tanasida havo ifloslanishi oqibatini ko‘rayotgan odamlardan biriman.

Qariyb bir soat oldin London markazidagi to‘rt qatorli serqatnov yo‘l chetida turgandim. Bu yerda havoda hid bor bor, keyin og‘zingizda achimsiq bir maza qoladi.

Havo ifloslanishi tanamizga qanday ta’sir qilishini, sog‘lig‘imizga qanday zarar yetkazishini tushunish uchun tajribaning bir qismi sifatida 10 daqiqa davomida iflos havodan nafas olishga rozi bo‘ldim.

Buyuk Britaniyada havo sifati yomonligi yiliga 30 000 kishining o‘limiga sabab bo‘ladi, ayollarda homilaga zarar yetkazadi va astmadan tortib dementsiyagacha bo‘lgan kasalliklarni kuchaytiradi.

Men nafas olayotgan iflos havo asosan transport vositalaridan chiqar, ularning bir qismi shinalar va tormozlar ishqalanishidan hosil bo‘lardi.

London Qirolicha Meri universiteti professori Jonatan Grigg aytishicha, ko‘pchilik odamlar iflos havo burun yoki og‘izda to‘liq filtrlanadi yoki o‘pkada ushlanib qolib, keyin chiqib ketadi deb xato o‘ylaydi.

"Biz eng mayda zarrachalar nafaqat o‘pkada qolishini, balki qon oqimiga o‘tib, butun tanani aylanib chiqishini tekshiryapmiz", deydi Grigg.

Prof Grigg
Tom Bonnett
Biz eng mayda zarrachalar nafaqat o‘pkada qolishini, balki qon oqimiga o‘tib, butun tanani aylanib chiqishini tekshiryapmiz.
Professor Jonatan Grigg
Queen Mary University of London (bbc.com/uzbek)

London havosidan nafas olgach, yana laboratoriyaga qaytamiz, u yerda barmog‘imdan tekshiruv uchun qon namunasi olinadi.

Mikroskop ostida tanada kislorod tashiydigan qizil disk shaklidagi hujayralarni oson ko‘rish mumkin.

Ko‘zim o‘rganguncha bir necha daqiqa o‘tadi, keyin undagi havo ifloslanishi asorati ko‘rina boshlaydi. U qizil qon tanachalariga yopishgan mayda qora nuqtalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.

Bular uglerod va boshqa kimyoviy moddalar zarrachalari bo‘lib, yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘lgan kichik ko‘mir bo‘lagiga o‘xshaydi. Ular PM2.5 deb ataladi, chunki zarrachalarning o‘lchami 2,5 mikrometrdan kichik.

Havo ifloslanishini ko‘rib hayron bo‘lmayman, axir biz shuning uchun tajriba o‘tkazyapmiz, lekin baribir o‘zimni ifloslangan, bulg‘alangan his etaveraman.

Doktor Liu Jonatan Gallaxerning qon tahlilini tayyorlayapti

Surat manbasi, Tom Bonnett

Surat tagso‘zi, Doktor Liyu Jonatan Gallaxerning qon tahlilini tayyorlayapti

Tadqiqotchi doktor Norris Liyu tadqiqot doirasida o‘ndan ortiq ko‘ngillilarning qon namunalarini ko‘rib chiqdi.

O‘rta hisobda, har ikki-uch ming qizil qon tanachasidan bittasi ifloslantiruvchi moddani o‘ziga ilashtirib olgan.

Bu unchalik ko‘p emas deb o‘ylashingiz mumkin, lekin katta yoshli odamning besh litr qonini hisoblasak, tadqiqotchilar taxminicha, tanamizda ifloslanishni tashiydigan 80 million qizil qon hujayrasi bo‘lishi mumkin.

"Buni ko‘rish biroz tashvishli, shunday emasmi? – deydi Liyu. – Endi har gal gavjum yo‘ldan o‘tganimda, bu zarrachalarning qanchasi tanamga joylashgani haqida o‘ylayman... shunchaki ko‘chada ko‘p yurishni xohlamay qolaman."

Yo‘l chetida atigi 10 daqiqa turdim. U gavjum edi, lekin favqulodda gavjum emas. Sizning qoningizda ham ahvol shunday bo‘lishi mumkin.

Londonning Qirolicha Meri universiteti jamoasi qondagi havo ifloslanishi darajasi toza havodan taxminan ikki soat nafas olgandan keyin yana pasayishini aniqladi.

Grigg havoning ifloslanishi qonda shunchalik aniq ko‘rinib turganidan "juda hayratda edi", lekin uning aytishicha, muhim masala bu zarrachalar qayerga ketayotgani.

Toshkent muntazam ravishda havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida bo‘lib keladi

Surat manbasi, Kun.uz

Surat tagso‘zi, Toshkent muntazam ravishda havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida bo‘lib keladi

Uning aytishicha, bu nafas bilan chiqarilmaydi, ba’zilari buyraklar orqali filtrlanib, siydik bilan tanadan chiqib ketishi mumkin. Ammo eng ehtimoli kattarog‘i ular "qon tomirlari devorlaridan o‘tib, turli organlarga joylashib oladi".

Ushbu tadqiqot havo ifloslanishi nima uchun o‘pkadan tashqarida, shu jumladan, miyada va hali tug‘ilmagan chaqaloqlarda ko‘plab sog‘liq muammolari bilan bog‘liqligini tushuntiradi.

Tug‘ruqdan keyin tahlil qilingan yo‘ldoshlarda ham qora uglerod cho‘kindilari topilgan.

"U organ tanlamaydi, – deydi Liyu, – shuning uchun ular hamma joyda bo‘lishi mumkin."

Havo ifloslanishining boshqa shakllari ham bor, masalan, azot oksidlari. Ular gaz bo‘lgani uchun mikroskopda ko‘rinmaydi, ammo zararli ekanligi ma’lum.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta’kidlashicha, dunyo aholisining 99 foizi ifloslangan havodan nafas oladi, bu esa yiliga yetti million o‘limga sabab bo‘ladi. Qirollik shifokorlar kolleji hisobotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada bu ko‘rsatkich yiliga 30 ming o‘limni tashkil etadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Ushbu hisobotga rahbarlik qilgan ser Stiven Holgeyt havo ifloslanishi sog‘lig‘imizga zarar yetkazayotganiga shubha yo‘qligini aytdi – "bu tasdiqlangan, bahsga o‘rin yo‘q" va eng ishonchli dalillar havo ifloslanishini kamaytirayotgan va buning foydasini sezayotgan hududlardan kelayotganini ta’kidladi.

Ammo hozir havo ifloslanishi "asosan ko‘zga ko‘rinmas" bo‘lib qolgani uchun, o‘tmishdagi tutunli shaharlardan farqli o‘laroq, ko‘pchiligimiz undan nafas olayotganimizni sezmaymiz va "bizga zarar yetkazayotganini to‘liq anglamaymiz", deydi u.

Havo ifloslanishi umrimiz davomida turli tana a’zolarining zararlanishi bilan bog‘liq.

Zararlanishning ko‘plab shakllari mavjud, ular orasida yallig‘lanishni keltirib chiqarishi asosiy sabab hisoblanadi. Yallig‘lanish – tananing jarohat va infektsiyaga tabiiy reaktsiyasidir, ammo u qon tomirlariga ta’sir qilib, yurak xurujlari va insult xavfini oshirishi mumkin.

O‘pkadagi yallig‘lanish uxloq saraton hujayralarini faollashtirishi va ularni xavfli o‘smalarga aylantirishi aniqlangan. Buyuk Britaniyada o‘pka saratonining har o‘ntadan biri havo ifloslanishi tufayli kelib chiqadi deb taxmin qilinadi.

Hatto homiladorlik davrida ham havo ifloslanishi rivojlanayotgan chaqaloqning DNKsiga ta’sir qilishi taxmin qilinadi.

"Havo ifloslanishi muammoga aylanadigan juda sezgir davr bor. Bunda kichik o‘pkalar, kichik yurak va miya rivojlanishi", deydi ser Stiven.

Hayotning keyingi bosqichlarida esa, uning aytishicha, havo ifloslanishi miyada zaharli oqsil qatlamlarini hosil qilish orqali dementsiya jarayonini "tezlashtirmoqda".

Bunga qarshi nima qila olasiz?

Havo ifloslanishi zararini kamaytirish bo‘yicha turli tavsiyalar bor. Masalan, tinchroq ko‘chalarda yoki transport vositalaridan uzoqroq bo‘lish uchun yo‘ldan uzoqroq yurish. Bu, ayniqsa, avtomobil tutun quvurlari balandligiga yaqin bo‘lgan aravachadagi chaqaloqlar uchun juda muhim.

Griggning tadqiqoti ko‘rsatishicha, yaxshi o‘rnashgan FFP2 niqobi qondagi havo ifloslanishini kamaytiradi, ammo "biz hamma niqob taqishi kerak deyayotganimiz yo‘q", deydi Grigg va "yurak xuruji yoki surunkali nafas yo‘llari kasalligidan sog‘aygan" ba’zi klinik zaif odamlar ifloslanish yuqori hududlarda niqob taqqani ma’qulligini qo‘shib qo‘yadi.

Ammo havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammo shundaki, siz ko‘pincha boshqa odamlar keltirib chiqargan ifloslanishdan nafas olasiz. Agar uyingiz serqatnov yo‘lda joylashgan bo‘lsa, shunchaki boshqa joyda yashash oson emas.

Avtomobillardagi o‘zgarishlar – nafaqat elektr avtomobillar savdosi, balki yangi dizel va benzin dvigatellaridagi emissiya standartlari ham havo sifatini yaxshilamoqda.

Ammo Grigg shunday deydi: "Menimcha, bu ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan mexanizmlarni qanchalik yaxshi tushunsak, siyosatchilar oldiga zararni kamaytirish talabini shunchalik ko‘proq qo‘ya olamiz – oxir-oqibat yechim shu."