To‘ylarda ham aytiladigan madhiya? Qirg‘iziston deputatlarining boshi qotgan

Qirg‘iziston parlamentining tegishli qo‘mitasi tanlab olingan uchta madhiya variantini tinglagan, ammo ularning birortasi ham ma’qul ko‘rilmagan.

Surat manbasi, Jokorku Kenesh

Surat tagso‘zi, Qirg‘iziston parlamentining tegishli qo‘mitasi tanlab olingan uchta madhiya variantini tinglagan, ammo ularning birortasi ham ma’qul ko‘rilmagan.
    • Author, Davronbek Nasibxonov
    • Role, BBC muxbiri, O'sh
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Qirg‘iziston davlat madhiyasini o‘zgartirmoqchi. Ammo bu jarayon oson kechmayapti. O‘tgan yilning fevral oyidan beri ikki marta tanlov e’lon qilindi. Birinchi safar 700 dan ortiq, ikkinchi safar esa 130 dan ziyod matn ko‘rib chiqildi. Lekin mutaxassislarning ko‘ngli to‘lmagan.

27 yanvarda ham Qirg‘iziston parlamentining tegishli qo‘mitasi tanlab olingan uchta madhiya variantini tinglagan, ammo ularning birortasi ham ma’qul ko‘rilmagan.

Yig‘ilishda qatnashgan davlat madhiyasini o‘zgartirish uchun tuzilgan idoralar aro komissiya a’zolaridan biri, musiqashunos Chinara Umo‘talieva madhiyaning matnini ham, musiqasini ham tanlash oson bo‘lmaganini, avval taklif qilingan variantlarning bari yaramaganini ta’kidlab, hozirgi madhiyani o‘zgartirmay qoldirishni taklif qildi:

"Bir yil o‘tirdik. Bizga kelgan birorta ham loyiha yaramadi. Tanlangan uch matnning musiqalari salmoqli bo‘lishiga qaramay, matni unga loyiq emas. Shu sababdan, hozirgi gimnimiz bularga nisbatan ancha zalvorli, uni katta-katta shoirlar va iqtidorli bastakorlar yaratgan".

Ammo madhiyani o‘zgartirish uchun tuzilgan komissiyaning yetakchisi Sirtbay Musaev gimn boshqa qo‘shiqlardan farqli bo‘lishini ta’kidlab, hozirgi gimn o‘z vazifasini bajarib bo‘ldi, degan fikrda.

Lekin, yangi madhiya uchun taqdim etilayotgan asarlarda Sirtbay Musaevga ko‘ra, «milliy ruh» yetishmayapti:

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

«Madhiyani eshitganda odamning eti jimirlab ketishi kerak. Eski madhiya o‘z vazifasini bajarib bo‘ldi, bugun davlatimiz boshqa darajada. Lekin bizda yaxshi madhiya yoza oladigan shoir va bastakor qolmadimi, deb hayron bo‘lyapman».

«Sovetcha uslubdan voz kechish vaqti keldi»

Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Kenesh spikeri Nurlan Turg‘unbek o‘g‘lining fikricha, hozirgi madhiya o‘ta murakkab va harbiy marsh uslubida yozilgan. Spikerning ta’kidlashicha, davlat ramzi faqat rasmiy tadbirlarda emas, balki xalqning kundalik hayotida ham yashashi kerak.

«Bizning maqsadimiz — 7 yoshli boladan 80 yoshli otaxongacha hamma bemalol ayta oladigan madhiya yaratish. U faqat siyosiy tadbirlarda emas, balki turli marosim va to‘ylarda ham vatanparvarlik qo‘shig‘idek kuylanishi lozim. Biz sovetcha uslubdan ketishimiz va musiqani erkinroq qilishimiz kerak», — dedi spiker parlament yig‘ilishida.

Prezident Sadir Japarov ham davlat madhiyasini zamonga moslashtirish talabdori.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Prezident Sadir Japarov ham davlat madhiyasini zamonga moslashtirish talabdori.

Madhiyani o‘zgartirish g‘oyasi Qirg‘iziston jamiyatida bir xil kutib olingani yo‘q. Ayniqsa, ijodkorlar orasida «agar yaxshiroq asar yaratilmasa, bor madhiyani o‘zgartirishdan nima foyda», degan qarashlar kuchli.

Yosh shoir Uluqbek Omokeevning fikricha, madhiya bu buyurtma bilan yoziladigan oddiy matn emas:

«Madhiya ichki tuyg‘ularingni junbushga keltirib, kerak bo‘lsa, ko‘zingga yosh oldirishi lozim. Madhiya shoir va bastakorning yuragidan sizib chiqib, boshqa yuraklarga yetib borsagina haqiqiy madhiya bo‘ladi. Falon million somga yozilgan narsa madhiya emas. Turkiyaning «Istiqlol marshi»ni yozgan shoir Mehmet Akif Ersoy qalam haqi olmagan, pulni xayriyaga o‘tkazib yuborgan. Madhiya — davr almashsa, el taqdiri taroziga qo‘yilsa yoki tarixiy burilish yuz bersa, o‘z-o‘zidan yangilanadi, o‘zi yaraladi. Ungacha esa hozirgi madhiyamizni kuylab turishimiz kerak deb hisoblayman».

Davlat madhiyasini o‘zgartirish tashabbusi parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lidan chiqqan. U 2024 yili Qora-Qirg‘iz avtonom viloyati tuzilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda davlat madhiyasi hamma oson kuylay oladigan darajada bo‘lishi kerakligini aytgan.

Keyinchalik bu tashabbusni prezident Sadir Japarov ham qo‘llab, davlat ramzini o‘zgartirish zamon talabi ekanini aytgan.

Hozirda Qirg‘iziston madhiyasini o‘zgartirish bo‘yicha tanlov davom etmoqda.

Ammo xalq orasida davlat ramzlarini o‘zgartirishga qarshi chiqqanlar ham ko‘p.

Qirg‘iziston davlat madhiyasi 1992 yil 18 dekabrda tasdiqlangan. Amaldagi madhiya matnining mualliflari — Jalil Sadikov va Shabdanbek Quluev, musiqasini esa Nasir Davlesov hamda Kaliy Moldobasanov yozgan.

Amaldagi hukumat 2023 yilda davlat bayrog‘ining ayrim elementlariga ham o‘zgartirish kiritgan edi. O‘shanda ham ushbu qarorni tanqid qilganlar bo‘lgan.