Trampni kim yo nima to‘xtata oladi? Prezidentlik vakolatlari uchun sinov

O'qilish vaqti: 4 daq

Ikkinchi muddatining dastlabki haftalarida prezident Donald Tramp o‘z siyosiy kuchini ko‘rsatishga ulgurdi.

Yanvarda lavozimga kirishgach, u barcha yangi boshpana so‘rovlarini to‘xtatishni buyurdi, qochqinlarni joylashtirish dasturini bekor qildi, davlatning ishga olish va ularga xarajatlarni muzlatdi, Kongress tashkil etgan agentliklarni tugatdi, o‘smirlar uchun jinsiy o‘zgartirish muolajalarini taqiqlashga kirishdi va yuz minglab federal xodimlarga ishdan ketish evaziga pul taklif qildi.

Uning saylovoldi va’dalari bo‘yicha bir tomonlama harakatlari prezidentlik vakolatlari doirasidan chiqdi, demokratlar, kasaba uyushmalari va yuridik guruhlarning sud da’volariga sabab bo‘ldi.

Hozirgacha federal sudlar Trampga jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi, chunki sudьyalar uning eng bahsli qarorlaridan ba’zilarini, jumladan, AQSh Konstitutsiyasining 14-tuzatishi bilan o‘rnatilgan huquq – AQSh hududida tug‘ilgan har qanday shaxsning avtomatik ravishda fuqarolik olishini bekor qilish harakatini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.

Ammo Tramp o‘z yo‘lidan qaytmayapti, sud hokimiyati bilan oxir-oqibat mamlakatning oliy sudiga borib taqalishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik zo‘raymoqda. Shu hafta Rod-Aylenddagi sudьya Tramp ma’muriyati uning milliardlab federal mablag‘larni muzdan eritish to‘g‘risidagi sud qaroriga ochiq bo‘ysunmayotganini aytdi. Oq uy bunga javoban prezidentning "har bir harakati" "to‘liq qonuniy" ekanini bildirdi.

Agar Trampning farmonlari AQSh Oliy sudiga yetib borsa, u yerdagi to‘qqiz sudьyadan oltitasi – shu jumladan Tramp tomonidan birinchi muddatda tayinlangan uchtasi – konservatordir. O‘tgan muddatning o‘zidayoq sud Tramp va barcha kelajak prezidentlarni lavozimda bo‘lgan vaqtida qilgan rasmiy xatti-harakatlari uchun javobgarlikdan himoya qiladigan qaror chiqardi.

O‘sha paytda bu prezident vakolatlarining sezilarli kengayishi edi. Biroq ba’zi kuzatuvchilar Trampning so‘nggi harakatlari o‘z vakolatlarini yanada kengaytirish strategiyasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Trampning yuzlab milliard dollarlik federal grantlarni muzlatish va AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligini (USAID) tugatish harakati AQSh hukumatining nazorat va muvozanat tizimiga putur yetkazishi mumkin.

Oq uy emas, balki Kongress federal xarajatlar va soliqlarni nazorat qilish vakolatiga ega – bu "hamyon kuchi" deb ataladi. Qonun chiqaruvchilar Trampning USAIDni tugatishga va Kongress ajratgan mablag‘larni sarflashdan bosh tortishga qonuniy huquqi yo‘qligini da’vo qilib, sudga murojaat qilishgan.

Biroq, agar yuqori sudlar Trampning ba’zi keng qamrovli harakatlarini ma’qullasa, bu Kongressning roziligisiz hukumatni o‘zgartirish va siyosiy o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatini kuchaytirishi mumkin.

Manxetten institutining konstitutsiyaviy eksperti Ilya Shapiro fikricha, hatto sudlar prezidentga qarshi qaror chiqargan taqdirda ham, bu qonuniy mag‘lubiyatlar siyosiy jihatdan unga foydali bo‘lishi mumkin.

"Sudda e’tiroz bildirish va keyin sudda yutqazishning siyosiy foydalari bo‘lishi mumkin, chunki keyin sudьyalarga qarshi kurashish va bundan siyosiy manfaat ko‘rish mumkin."

Biroq, boshqa stsenariy ham mavjud. Tramp shunchaki sudga bo‘ysunmasligi mumkin.

Seshanba kuni izohlarida prezident bu ehtimolga ishora qildi.

"Biz korruptsiyani yo‘q qilmoqchimiz, – dedi Tramp. – Sudьyaning bizga bunday qilishni man etishini tasavvur qilish qiyin."

"Balki sudьyalarni ko‘rib chiqish kerakdir, – deya davom etdi u. – Menimcha, bu juda jiddiy qonunbuzarlik."

Yakshanba kuni vitse-prezidenti JD Vens yanada qat’iyroq gapirdi.

"Sudьyalarga ijro etuvchi hokimiyatning qonuniy vakolatlarini nazorat qilishga ruxsat berilmagan," deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. Bu fikr Vensning 2021 yildagi podkastda bildirgan fikriga o‘xshash edi. U Tramp hokimiyatga qaytgan taqdirda federal xodimlarni ishdan bo‘shatishga to‘sqinlik qiladigan har qanday sud qaroriga bo‘ysunmaslik kerakligini aytgan edi.

Biroq, sud qaroriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi chiqish AQShning ko‘p asrlik an’analariga zid va prezidentni mamlakat qonunlarini baholab, talqin qiladigan hokimiyat tarmog‘iga qarshi qo‘yadigan konstitutsiyaviy inqirozga olib kelishi mumkin.

"Fikrimcha, prezident Tramp nima qila olishi mumkinligi chegaralarini sinab ko‘rmoqda, qonunga ochiqdan-ochiq zid bo‘lgan ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda va ehtimol, chegaraga yaqinroq ba’zi ishlarni qilmoqda," dedi Emori universiteti huquq maktabi professori Fred Smit.

"Ular ko‘plab me’yorlarni buzmoqda," deya qo‘shimcha qildi janob Smit yangi shakllanayotgan Tramp ma’muriyati haqida. "Nima uchun bunday qilayotganini faqat uning o‘zi yaxshi biladi. Lekin u buni qilyapti."

Shu paytgacha Tramp va uning ittifoqchilari noqulay sud qarorlari haqida jamoatchilik oldida qattiq gaplar aytgan, ammo sudga bo‘ysunmaganligi uchun hali jazolanmagan. Tramp so‘nggi to‘rt yil davomida bir necha bor jinoiy ta’qib ostiga olinganida, u ko‘pincha raislik qiluvchi sudьyalarning ishi qonuniyligini shubha ostiga qo‘ygan bo‘lsa-da, sud zalidagi advokatlari qonun va huquqiy tartib-qoidalarga rioya qilgan.

Rod-Aylend federal sudьyasi, Trampning ba’zi federal xarajatlarni muzlatish to‘g‘risidagi boshqa buyrug‘ini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan edi. U dushanba kuni ma’muriyat uning vaqtinchalik taqiq buyrug‘ini buzayotgani haqida ogohlantirdi, ammo ularni hurmatsizlikda ayblamadi.

Konservator huquqshunos Ed Uilan X ijtimoiy tarmog‘ida, Tramp ma’muriyatining federal sud qaroriga bo‘ysunmasligi "juda jiddiy" bo‘lishini yozdi.

"Haqiqatan ham favqulodda vaziyatlarda bo‘ysunmaslikni oqlash mumkin," deb yozgan janob Uilan. "Ammo bizning konstitutsiyaviy tizimimizda ijro hokimiyati federal sud qarorlariga bo‘ysunishi kerakligi haqida kuchli tushuncha bo‘lishi kerak."

Ba’zi huquqshunoslar ta’kidlashicha, agar Tramp sudlarga bo‘ysunmasa, bu prezidentning o‘z qonuniy kun tartibini amalga oshirish vaqti kelganda o‘ziga qarshi ishlashi mumkin. Misol uchun, Kaliforniya kabi demokratik shtatlar Oq uyning ko‘rsatmalari va o‘zlariga yoqmaydigan federal qonunlarni e’tiborsiz qoldirishi mumkin va Tramp ularni bo‘ysundirishda sudlardan foydalanishga qiynaladi.

"Agar ijro hokimiyati ba’zi sud qarorlariga bo‘ysunib, boshqalariga bo‘ysunmasa, u o‘zi bo‘ysunishni istagan boshqa sud qarorini ololmasligini tushunib yetadi," dedi Kolumbiya universiteti huquq maktabidan Filipp Bobbitt. "Menimcha, ular kalta o‘ylashgan."

Donald Tramp yanvarь oyida Oval kabinetni o‘z didiga moslab qayta jihozlaganida, u birinchi muddatida devorga osilgan prezident Endryu Jeksonning portretini qayta o‘rnatdi.

AQShning yettinchi prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlari Oliy sudiga qarshi chiqqani bilan yodda qolgan. 1832 yilda sudьyalar Jorjiya shtati va Sheroki hindulari o‘rtasidagi nizoni hal qilganida, Jekson ularning qarorini pisand qilmagan.

Jekson bosh sudьyaning qarori haqida shunday degan deyishadi: "Jon Marshall o‘z qarorini qabul qildi; endi o‘zi amalga oshirsin!"

Deyarli 200 yil o‘tib, Trampning o‘zi ham Amerika sud tizimi bilan o‘ziga xos to‘qnashuv yo‘liga tushib qoldi.