You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbek so‘mi kuchaydimi? Tramp yadroviy poygani boshlamoqchimi? Va Luvrdagi o‘g‘rilik: haqiqiy o‘g‘rilar ushlandimi?
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 3 daq
O‘zbek so‘mi kuchaydimi?
O‘zbekiston milliy valyutasi - so‘mning qadri oshishi natijasida mamlakat tashqi qarzini uzishda taxminan 5 trillion so‘m tejamkorlikka erishildi. Bu haqda rasmiy idoralar ma’lum qildi.
So‘mning mustahkamlanishi davlat va xususiy sektor qarzlarini to‘lashni arzonlashtirgan. Ya’ni, dollar kursi pasayishi natijasida qarzlarni qaytarish uchun kamroq so‘m talab etilmoqda.
Moliya sohasi ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyutaga bo‘lgan ishonch ortib, so‘mdagi omonatlar va hisob-kitoblar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasi pasaygan, iqtisodiyotda dollar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar ulushi kamaygan.
Ayni paytda mamlakatning tashqi qarzi 72 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, so‘mning barqarorligi tashqi moliyaviy bosimni yumshatish va iqtisodiy barqarorlikni saqlab turishga yordam bermoqda.
Trampning yadroviy sinovlar haqidagi so‘zlarini qanday tushunish kerak?
BBC Rus xizmati harbiy sharhlovchisi Pavel Aksyonov tahlili:
AQSh prezidenti Donald Tramp yadroviy sinovlarni qayta boshlashini ma’lum qildi.
U bu haqda Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashuvidan oldin Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.
Biroq uning bayonotida gap yadroviy zaryadlarni portlatish haqida boryaptimi yoki ular bilan jihozlangan raketalarni sinash haqidami, bu aniq emas.
Amerikaliklar yadroviy qurolni tashiy oladigan raketalarni har yili uchirishadi. Bu odatdagi harbiy sinovlar, va bunday paytda prezident maxsus bayonot bermaydi. Shuning uchun ko‘pchilik Trampning bu gapini oddiy raketa sinovi deb emas, balki haqiqiy yadroviy sinovlarga tayyorgarlik sifatida qabul qildi.
Tramp o‘z qarorini shunga asosladi: go‘yoki boshqa davlatlar, masalan, Rossiya va Xitoy ham shunday sinovlar o‘tkazmoqda.
Ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 1996 yildan beri dunyoda Yadroviy sinovlarni yalpi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma amal qilinadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
AQSh va Rossiya bu shartnomaga rasman qo‘shilmagan bo‘lsa ham, so‘nggi yigirma besh yil ichida faqat Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) yadroviy sinovlar o‘tkazgan.
Dunyo yadroviy urush ehtimolidan xavotirda. Shuning uchun bunday sinovlarni qayta boshlash har qanday davlatning xalqaro obro‘yiga putur yetkazishi mumkin.
Bundan tashqari, bu qadam boshqa yadroviy qurolga ega davlatlarni ham o‘xshash sinovlar o‘tkazishga undab, "zanjirli reaktsiya" keltirib chiqarishi mumkin.
Trampning bayonotidan bir kun avval Vladimir Putin yadroviy suv osti kemasi sinovi haqida ma’lum qildi.
Bir necha kun oldin esa u yadroviy qanotli raketa sinovi haqida xabar bergan edi.
Bu ikki qurol ham Amerika uchun katta xavf tug‘diradi.
Ko‘plab tahlilchilar fikricha, Trampning yadroviy sinovlarni qayta boshlash haqidagi gaplari Moskva tomonidan keskinlikni kuchaytirishga javob sifatida aytilgan bo‘lishi mumkin.
Biroq bunday qadam juda xavfli bo‘lishi mumkin, chunki dunyo uchun asosiy tahdid yadroviy qurolning o‘zi emas, balki u ishga solinishi ehtimolidir.
Luvrdagi o‘g‘irlik: yana besh kishi ushlandi
Parij prokuraturasi ma’lumoticha, Luvr muzeyidagi o‘g‘irlik ishi bo‘yicha yana besh nafar shaxs qo‘lga olindi.
Prokuror Lor Bekyuo ma’lum qilishicha, ular chorshanba kechasi Parij va uning atrofidagi hududlarda o‘tkazilgan reydlar vaqtida qo‘lga tushgan.
Gumonlanuvchilardan biri o‘g‘irlikni amalga oshirgan to‘rt kishilik guruh a’zosi bo‘lishi mumkin, ular muzeydagi kuzatuv kameralariga tushib qolishgan.
Ilgari ushbu guruhdan ikki nafar shaxs qo‘lga olingan va ular o‘z ishtirokini qisman tan olgan. To‘rtinchi gumonlanuvchi hali ham qidiruvda.
Yangi qo‘lga olingan shaxslarning o‘g‘irlikdagi rolini hozircha aniqlash mumkin emas, ammo prokuror Bekyuo frantsuz radiosiga bergan intervyusida ular "hodisa qanday sodir bo‘lganini aniqlashga yordam berishi mumkin", deb aytgan.
Reydlar Parijning bir necha hududlarida, jumladan Sen-Sen-Deni shaharchasida ham o‘tkazilgan. Tekshiruv paytida topilgan telefonlar va boshqa buyumlar orqali tergovchilar shifrlangan xabarlarni o‘rgana boshlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar to‘rt kungacha ushlab turilishi, shundan keyin ularga ayb qo‘yilishi yoki ozod etilgan bo‘lishi mumkin.