You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Karimovga yaxshi-yomon bo‘lgan Amerika yoki Mirziyoev, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun kim prezident bo‘lgani yaxshi?
- Author, Feruza Rahmon
- Role, bbc.com/uzbek
- O'qilish vaqti: 10 daq
Respublikachi Donald Tramp Shavkat Mirziyoev bilan “strategik sheriklikning yangi davri”ni boshlagan. Vitse-prezidenti Tramp bilan bellashayotgan Demokratchi Jo Bayden esa, O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorliklarini “yangi cho‘qqilarga ko‘targan”. AQSh Rossiya va Xitoy bilan birga dunyoning Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobatda bo‘lgan uchta global yadroviy qudratidan bittasi bo‘ladi. Shunday ekan, buyog‘i nima bo‘ladi?
Amerika Qo‘shma Shtatlari, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo
AQSh Rossiya va Xitoy bilan birga dunyoning Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobatda bo‘lgan uchta global yadroviy qudratidan bittasi bo‘ladi.
5 noyabrь kuniga rejalangan AQSh prezidentligiga saylov Rossiya Ukrainaga ochgan urush sabab, mintaqada geosiyosiy tanglik "misli ko‘rilmagan" bir darajaga etgan bir fazoda bo‘lib o‘tadi.
O‘zaro geosiyosiy raqobatda bo‘lgan har uch global qudrat Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqalarini yanada kuchaytirish va mustahkamlash ilinji, rejasi va harakatida bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri keladi.
Dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi prezidentlik saylovi, boshqa tomondan, global ahamiyatga molik voqe’lik sifatida ko‘riladi va baholanadi.
O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birga mintaqaning eng yirik ikkita davlatidan bittasi.
Mintaqaning aholisi (37 milliondan ortiq - tahr.) eng katta davlati, Markaziy Osiyoning geostrategik joylashuvi nuqtai nazaridan har uch global qudrat uchun ham muhim ahamiyat kasb etuvchi Afg‘onistonga chegaradosh uchta mamlakatidan biri.
Xalqaro reytinglarda Qurolli kuchlari ham Markaziy Osiyoda eng jangovari sifatida e’tirof etiladi.
G‘arb nazdida nisbatan kambag‘al, ishsizlik anchayin chuqur ildiz otgan, islomiy ekstremizm va diniy radikalizm xavfi nisbatan kuchli bo‘lgan mintaqa barqarorligida muhim o‘rin tutadi, xuddi shu rakursda prezidentining yangicha mintaqaviy diplomatiyasi xalqaro miqyosda e’tibor va e’tirof topgan davlat.
Tabiiy uranga boy, agar, o‘tgan yilgi ma’lumotlarga tayanilsa, O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda, uran zaxiralarining hajmi bo‘yicha esa, 10-o‘rinda turadi.
Eng yirik harbiy, harbiy-texnik hamkori Rossiya bo‘lsa, eng yirik savdo sherigi dunyo davlatlari orasidan bugun Xitoyga to‘g‘ri keladi.
Ammo O‘zbekiston Markaziy Osiyoning Qirg‘iziston bilan birga 2001 yilda rasmiy Vashingtonning O‘zbek jangari guruhlari ham boshpana topgan va faol bo‘lgan Afg‘onistondagi Tolibon tuzumining qulatilishi bilan boshlangan" terrorga qarshi urushi"ga faol bosh qo‘shgan, AQSh harbiy bazasiga o‘z hududidan joy bergan ikkita davlatidan bittasi ham bo‘ladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari misolida ham hozirda marhum prezidenti Islom Karimovning uzoq yillik boshqaruvi ostida mustaqil O‘zbekistonning global qudratlarga nisbatan tashqi siyosati barqaror bo‘lmagan, tahlilchilar tili bilan aytganda, siyosati "dixotomik" xarakterda ekani bilan ajralib turgan.
Deylik, Vashingtonga yaqinlashsa, o‘z-o‘zidan Moskvadan uzoqlashgan yoki Rossiyaga qayta yaqinlashgan paytda Amerika Qo‘shma Shtatlaridan o‘zini chetga tortgan.
Bu 2005 yilgi Andijon voqealari yuzasidan G‘arbning mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazish da’vatlari misolida ham o‘zining isbotini topgan, Karimov Amerikaning O‘zbekistondagi harbiy hozirligiga zudlik bilan barham berib, yana Moskvaga yuzlangan.
2016 yili qudratga kelgan Shavkat Mirziyoev esa, boshqaruvining ilk yillaridayoq o‘zining ko‘pqutbli tashqi siyosatga moyilligini ko‘rsatgan, rasmiy va amaliy tashrif bilan Vashington va Nyu-Yorkda bo‘lish, O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlarining ham Respublikachi va ham Demokratchi prezidenti bilan yuzma-yuz muloqot qilgan birinchi rahbariga aylanishga ulgurgan.
Aynan Respublikachi prezidenti Tramp davrida Amerika yangi O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarida strategik sheriklikning yangi davrini boshlagan.
Tomonlar o‘rtasidagi ayni mazmundagi bayonot prezidentligining ikkinchi yilida Shavkat Mirziyoevning Oq uyga ilk va bir "tarixiy" tashrifining o‘zidayoq yangragan.
Vashingtonga 2018 yilgi rasmiy tashrif, boshqa tomondan, shaxsan Donald Trampning taklifi bilan amalga oshgan.
AQSh prezidentligiga qayta nomzod ekani chog‘ida yaqinda Trampga qarshi uyushtirilgan suiqasdni ham rasmiy Toshkent bee’tibor qoldirmagan, uni qattiq qoralab, rasman bayonot bergan.
2020 yilgi saylovda Trampni engib, Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi davlat rahbari sifatida lavozimi ijrosiga kirishgan paytda Demokratchi Jo Baydenni ham mintaqa davlatlari prezidentlari orasidan birinchi bo‘lib Shavkat Mirziyoev qutlagan.
Amerika va saylov: Prezident o‘zgarsa, Ukraina, Yaqin Sharq va Xitoy nima bo‘ladi - video
O‘zbekiston va Bayden davri Amerikasi
O‘zbekiston Bayden ham o‘zining prezidentligi davrida o‘zaro hamkorliklarini "yangi cho‘qqilarga ko‘targan" Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.
Bayden O‘zbekiston prezidenti bilan Rossiya Ukrainaga ochgan urush fonida o‘tgan yilning oktyabr oyida birinchi marta Nyu-Yorkda yuzma-yuz uchrashgan.
Uning, hatto, Nyu-Yorkdagi ilk "Markaziy Osiyo+" sammiti oldidan Shavkat Mirziyoevga shaxsan maktub yo‘llagani ham ma’lum bo‘lgan.
Demokratchi prezidentining mazkur maktubi o‘shanda etakchi G‘arb nashrlari tomonidan AQShning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga "kuchayib borayotgan e’tibori" ifodasi o‘laroq talqin qilingan.
O‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama etishlari uchun tomonlar o‘rtasida amal qilib kelayotgan Tashqi ishlar darajasidagi yana bir diplomatik platforma - C5+1 formatining tamal toshi esa, Samarqandda qo‘yilgan.
Agar, ayrim etakchi Markaziy osiyolik siyosiy ekspertlar fikrlariga tayanilsa, Amerika kabi davlatlar juda ko‘p narsa O‘zbekistonga bog‘liq, degan mantiqda yo‘l tutishadi, shu bois ham, unga mintaqadagi "eng muhim" mamlakat, deb qarashadi.
Ammo Rossiyaning Markaziy Osiyoni G‘arb tahdidi bilan qanchalik tez-tez ogohlantirishga o‘tgani so‘nggi oylarda e’tiborga tushgan voqe’likka aylangan.
Rasmiy Kremlning mintaqaga qaratilgan bayonotlari Ukraina urushi fonida kuchayib borayotgani bilan ham xos ahamiyat kasb etgan.
Rossiya tomoni yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirish niyatida, deyishgacha borgan.
Mintaqaga ayni ohangdagi ogohlantirishlarining so‘nggisida esa, Rossiya Tashqi ishlar vaziri G‘arb davlatlari Markaziy Osiyoda o‘z insonparvarlik va harbiy ishtiroklarini o‘rnatishga harakat qilishayotganini bayon qilgan.
Sergey Lavrov o‘tgan yil buni mintaqaga kirish uchun "maqsadli va qat’iy" urinish, deya tilga olgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri harbiy sohadagisini ham nazarda tutarkan, Markaziy Osiyo davlatlarini "g‘arbliklar tomonidan tiqishtirilayotgan hamkorlik sxemalariga tanqidiy nazar bilan qarash"ga chaqirgan.
Rossiya tomonining Markaziy Osiyo davlatlariga ogohlantiruvchi mazmundagi ustma-ust bayonotlariga G‘arbning qanday bir jiddiy munosabat bilan chiqqani esa, noayon qolgandi.
Shavkat Mirziyoev esa, Demokratchi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning o‘tgan yil boshida Markaziy Osiyoga amalga oshirilgan ilk tarixiy tashrifidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekistonning "kim tomon" ekaniga oid savolga shaxsan o‘zi javob bergan.
Shavkat Mirziyoev o‘shanda O‘zbekistonni o‘z tomonlariga o‘tishga "qattiq, qattiq da’vat qilayotgan" mamlakatlar nomiga to‘xtalmagan, ammo bu savolga javob faqat "bitta" ekanini ta’kidlagan.
"Bir tomonman - millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob berishi"ni bayon qilgandi.
Shu paytgacha biror bir Markaziy Osiyo davlati Rossiya Ukrainada ochgan urushni na-da oshkora yoqlagan va na-da qoralagan, neytral mavqe’da, Ukraina hududlarining Rossiya tomonidan anneksiyasini ham rasman tan olmagan.
Ostonada ekan, Entoni Blinken Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiya tahdididan ogohlantirgan, chetdan tahdid xavfi yuzaga kelganiga mamlakati mintaqaga qanday ko‘mak bera olishlari masalasiga ham oydinlik kiritgan.
AQSh Davlat kotibi mamlakati mintaqa davlatlariga o‘z xavfsizligi, iqtisodiy farovonligi va jamiyatlari barqarorligini kuchaytirishda ko‘mak qilayotgani, "xuddi shu narsa o‘z hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish qobiliyati ancha kuchli bo‘lgan mintaqani yaratishi"ni bayon qilgandi.
G‘arb Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlarining Rossiyaga qarshi qaratilgan sakntsiyalarini chetlab o‘tishida Rossiyaga yordam berishidan ham xavotirda.
Rossiya Ukrainaga ochgan urush bilan kechayotgan so‘nggi uch yilcha vaqt ichida mintaqa davlatlarini bunday qilmaslik, aks-holda o‘zlari ham ikkilamchi sanktsiyalarga yuz tutishlari mumkinligi bilan qayta-qayta ogohlantirib keladi va ayrim fuqarolari, shirkat va tashkilotlari misolida ulardan ba’zilarini jazolashga ham ulgurgan.
Prezident saylovi va kutilmagan o‘zgarishlar
Ammo bu galgi AQSh prezidentlik saylovlariga sanoqli oylar qolgan bir paytda yakuniy Demokratchi nomzod o‘zgargan.
Saylovoldi targ‘ibot kampaniyasi fonida qayta prezidentlikka qanchalik "qobil"ligi jiddiy savol ostida qolgan Jo Bayden alal-oqibat poygadan chiqishga majbur bo‘lgan, o‘rniga o‘zining vitse-prezidenti Kamala Harris nomzodini ilgari surgan.
Demokratik partiya avgust oyida Kamala Harrisni AQSh prezidentligiga o‘zlaridan yangi nomzod sifatida rasman tasdiqlagan.
Kamala Harris, boshqa tomondan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bunga loyiq, deb topilgan birinchi qora tanli va ilk osiyolik ayol sifatida ham mamlakat tarixiga kirgan.
Buning ortidan Kamala Harris ham Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodlik taklifini qabul qilgan.
Xuddi shu manzarada shu paytgacha qilgan eng yirik nutqida "barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lish"ni va’da qilgan.
AQSh prezidentlik saylovlarida uchinchi - mustaqil nomzod Robert Kennedi esa, voqealarning ayni rivoji fonida saylov poygasidan chiqishini e’lon qilgan va Respublikachi Trampga ovoz berishga chaqirgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari, boshqa tomondan, dunyoning har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan, ayniqsa, prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan so‘nggi to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ham soni jiddiy ortib borayotgan davlati bo‘ladi.
Shunday ekan, ayniqsa, Ukraina urushi kuchayib borayotgan, mintaqada geosiyosiy tanglik tobora keskinlashayotgan va ayniqsa, O‘zbekiston uchun tashqi mehnat migratsiyasi tobora dolzarblik kasb etayotgan bir manzarada bu galgi AQSh prezidentligi saylovi O‘zbekiston uchun qanchalik va nimasi bilan muhim? Respublikachi nomzodning qudratga kelishi O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun nimani anglatadi va aksincha, yangi demokratchisining saylanishi ular uchun nima degani?
Bi-bi-si O‘zbek xizmati xuddi shunday savollar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridan asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayzga bog‘landi:
Amerika jamoatchiligi oxirgi oylar ichida juda muhim tarixiy voqealarga sahna bo‘lmoqda.
Sobiq prezident va noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Respublikachi nomzod Donald Trampga bo‘lgan suiqasd hodisasi, amaldagi Demokratchi prezident Jo Baydenning kuchsiz "performansi" Amerika siyosatida keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
Ya’ni, Baydenning yoshi, sog‘ligi bilan bog‘liq holatlar, jismonan zaifligi kabi misollar demokratlar orasida noroziliklarga sabab bo‘layotgan edi.
Ayniqsa, Bayden Tramp bilan bo‘lgan debatda va jamoatchilik oldidagi chiqishlarida juda qoniqarsiz "performans" ko‘rsatdi.
Natijada bu shu yil noyabr oyidagi saylovda Baydenning raqibi Trampga qarshi yutib chiqish umidini, uning qayta saylanish ehtimolini tushirib yubordi.
Tabiiyki, bu holat demokrat saylovchilar orasida umidsizlikka sabab bo‘ldi.
Trampga uyushtirilgan suiqasd esa, tarafdorlari nazarida uni "super qahramon", "ilohiy lider" darajasiga ko‘tardi, bu hodisa, bir tarafdan, respublikachi tarafdorlar motivatsiyasini oshirar ekan, boshqa tomondan, demokrat saylovchilar uchun g‘alaba umidlarini kamaytirdi.
Natijada, Demokrat partiyaning ko‘zga ko‘ringan nomlari Baydenni nomzodlikdan voz kechish va saylovlarga boshqa, g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgan nomzod bilan kirishga chaqirishdi.
Bu chaqiruv va noroziliklar o‘z natijasini berdi.
Alal-oqibat, kech bo‘lsa-da, Bayden o‘z partiyasining bosimiga dosh bera olmadi, o‘z nomzodini qaytarib oldi va o‘rniga nomzod sifatida o‘zining yordamchisi, vitse-prezident Kamala Harrisni ko‘rsatdi.
Amerika siyosatida esa, bu bir tarixiy voqea sifatida ko‘riladi.
Kamala Harrisning nomzodlik uchun ham ijobiy va ham salbiy taraflari bor, albatta.
U, aslida, jamoatchilik nazarida juda mashhur vitse-prezident hisoblanmaydi, hatto AQSh tarixidagi eng mashhur bo‘lmaganlari qatoriga kiradi.
Albatta, ayol ekani, kelib chiqishi Osiyo-Afrikalik ekani, yoshi va g‘ayrati demokrat saylovchilar orasida hayajon uyg‘otishi kutiladi.
Ayniqsa, uning ayollar, yoshlar, muhojirlar va qora tanlilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohatlar, iqlim o‘zgarishi, ijtimoiy adolat va ayollar huquqlari kabi Demokratlar uchun muhim bo‘lgan asosiy masalalar bo‘yicha u ideal demokrat profilini tamsil etadi.
Lekin Kamala Harrisning bu xislatlari respublikachilar nazarida kamchilik, deb ko‘rilishi va hisoblanishi mumkin.
Qolaversa, Amerika jamiyati o‘zining birinchi ayol prezidentini, ayniqsa, oq tanli amerikalik bo‘lmagan ayol nomzodni saylashga qanchalik tayyor ekanligi ham savol ostiga olinishi kerak.
Bilamizki, Amerika siyosiy sahnasida hali ham oq tanli erkak hokimiyatini ko‘rish qiyin emas.
Shu bois, Kamala Harris uchun Baydenning nomzodlikdan juda kech voz kechishi sababli qolgan nihoyatda qisqa vaqt ichida barcha kamchiliklarni o‘z foydasiga aylantirib, saylovda g‘alaba qozonishi oson emas.
Ayniqsa, suiqasd hodisasi tufayli o‘z mavqeini mustahkamlab olgan va konservativ respublikachilarning to‘liq dastagini olgan Tramp qarshisida Kamala Harrisning ishi ancha qiyin kechadi.
Biroq saylovlarga kam bo‘lsa ham biroz vaqt bor va bu vaqt ichida siyosiy jarayon ikki nomzoddan birining foydasiga tezlik bilan o‘zgarishi mumkin.
Endi, biz o‘zbekistonliklarni hamisha qiziqtirib kelgan, agar AQSh saylovlarida prezident almashsa, ya’ni hokimiyatga Respublikachi yoki boshqa Demokrat prezidentning kelishi O‘zbekistonga, umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida to‘xtalsak.
Agar Kamala Harris saylovda yutib chiqsa, Bayden "merosxo‘ri", ya’ni davomchisi sifatida tashqi va ichki siyosatda deyarli o‘zgarish sezilmaydi.
Ya’ni, Harrisning hech bo‘lmaganda, prezidentlik davrining ilk yillarida AQSh tashqi siyosatida burilish bo‘lmaydi.
Albatta, saylovlarda Tramp g‘alaba qozonsa, qolaversa, AQSh Senati va Kongressida Respublikachi vakillarning soni ortgudek bo‘lsa, bu tashqi hamda ichki Amerika siyosiy sahnasida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Shuni aytib ketish joizki, kim saylanishidan qat’inazar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh-O‘zbekiston munosabatlarida sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar, odatda, prezident darajasida emas, balki AQSh Davlat departamenti(Tashqi ishlar vazirligi) byurokratlari miqyosida yuritiladi.
Trampning qayta saylanishi tashqi siyosatda, birinchi navbatda, Amerikaning Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan Bayden ma’muriyati davrida o‘rnatilgan joriy munosabatlariga ta’sir qiladi.
Bilamizki, Tramp klassik konservativ respublikachilardan farqli o‘laroq, tashqi siyosatda izolyatsionizm, izolyatsiya tarafdori. U buni doim takrorlab keladi.
Ya’ni, Donald Tramp boshqa mamlakatlardagi siyosiy vaziyatlarga, global muammolarga, davlatlar o‘rtasidagi urushlarga befarq bo‘lgan siyosatni himoya qiladi. Harbiy ittifoqlar va o‘zaro mudofaa paktlariga qo‘shilishga qarshi chiqadi.
Buni Tramp BMT va NATO kabi xalqaro tashkilotlarni bir necha bor tanqid qilishidan va hatto, bu kabi tashkilotlarga moliyaviy ko‘mak berishni to‘xtatib qo‘yish haqidagi tahdidlaridan ham bilamiz.
Trampning bu pozitsiyasi Rossiyaning Ukraina ishg‘oli fonida yana ham ko‘zga tashlanadi.
Uning Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish kabi bayonotlari ham Bayden davridagidan farqli ravishda Evropa davlatlariga ko‘proq ma’suliyat yuklash va AQShning mavzuga kamroq e’tibor qaratishiga ishora qiladi.
Tramp dunyo davlatlari o‘rtasidagi xalqaro majburiyatlarga, savdo bitimlari va shartnomalarga ham tamalda qarshi chiqadi.
Ya’ni, birinchi o‘rinda AQSh manfaatlarini ko‘zda tutgandak ko‘ringan bu pozitsiya, aslini olganda, bugunning shartlarida global hamjihatlik, xavfsizlik uchun bir tahdid hisoblanadi.
Bunday populistik chiqishlar, balki, Amerika ichida, uning o‘z tarafdorlari orasida olqishlansa ham, lekin jahon jamoatchiligi nazarida AQShning global qudratini, demokratik qadriyatlar tamsilchisi sifatida doim o‘ynab kelgan rolini savol ostiga oladi.
Dunyodagi avtoritar tuzumlarga bo‘lgan munosabati va do‘stlari orasida diktator liderlarning ko‘pligi ham Tramp tutgan yo‘lning demokratik tamoyillarni bosh tamsilchisi ekani e’tirof qilinadigan Amerika davlatining tamal qarashlariga zid ekanligi aytiladi.
Amerika ichki siyosatida ham biz o‘zbekistonliklarning e’tiborini o‘ziga jalb qilishi kutilayotgan o‘zgarishlar muhojirlar masalasi.
Bilamizki, oxirgi yillarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlaridan Meksika orqali minglab hamyurtlarimiz noqonuniy yo‘llar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlariga kirib kelishayapti.
Bayden prezidentligi davrida noqonuniy yo‘llar bilan Amerikaga kelayotgan muhojirlarning umumiy soni millionlarda o‘zining ifodasini topadi.
Muhojirlar sonining bu ko‘lamda kattaligi ham Trampning saylovoldi dasturida asosiy o‘ringa ega.
Tramp Amerika shaharlarida katta guruhlar holida yig‘ilib qolayotgan muhojirlar iqtisodiy, ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi, xavfsizlikning zaiflashishiga sabab bo‘layotganligiga doim urg‘u berib keladi.
Tramp va’da qilayotgani kabi muhojirlarni chiqarib yuborish va janubiy chegaralar orqali kelayotganlar oqimini to‘xtatish chaqiriqlari ham vatandoshlarimiz nigohidan chetda qolmayotir.
Shunday ekan, Amerikadagi bo‘lg‘usi saylovlar dunyo jamoatchiligi, oddiy amerikaliklarning o‘zlari va hamyurtlarimiz - o‘zbekistonliklar diqqat-e’tiborida bo‘lishda davom etadi.
End of Telegram kanalimiz: