O‘zbekiston: Qishda ham ko‘chada ishlaydigan insonlar - ularning hayoti qanday o‘tyapti?

    • Author, Asadbek Komilov
    • Role, Jurnalist, Toshkent
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Shahar ko‘chalarida har kuni yonimizdan o‘tib ketadigan, ammo to‘xtab bir zum kuzatishga ulgurmaydigan odamlar bor. Qishda ham, yozning jaziramasida ham ko‘chada rizqini terayotganlar talaygina. Kimdir kunora ishga chiqsa, boshqa birov bu hunari bilan yillar davomida shug‘ullanib kelyapti.

Bu fotomaqola ko‘cha mehnatkashlarining kundalik hayoti haqida hikoya qiladi. Suratlar orqali ularning odatiy ko‘ringan, ammo katta mehnat va sabr talab qiladigan ishiga nazar tashlaymiz.

Akrom ota

Chorsuda 24 yildan beri arava tortib, tirikchilik qilayotgan 76 yoshli Akrom ota men suhbatga tortgan ana shunday kishilardan biri. Shu yoshga kirib ham mehnat qilishdan charchamasligini aytar ekan, u aravakashlik ortidan ikki marta Umra ziyoratiga borganidan mamnun.

"Toza, halol ishlashni ma’qul ko‘raman, topayotgan pulimga non, shirinliklar olib, farzandlarimdan yetim qolgan 5 nafar nevaralarimga olib boraman. Kuniga ellik ming, gohida yetmish ming so‘m topaman. Uyda o‘tirolmayman, bekorchilik yoqmaydi, ishlagim kelaveradi", deydi qavargan qo‘llari bilan aravasini ushlab.

U bozor rahbariyatiga arava uchun kunlik to‘lov qilib, shundan ortganiga uyiga oziq-ovqat oladi, arava tortishga har kuni ertalab avtobusda yo‘l bosib keladi. Yog‘ingarchilik bo‘lsa, ishga chiqmasligini, sababi qor yoki yomg‘ir yog‘gan payti oyog‘i og‘rishi yoki yer muzlasa, yiqilib tushishidan qo‘rqishini aytadi u.

"Hamisha sog‘ bo‘lay deyman. Sababi oilamni o‘zim boqaman. Pensiyam 660 ming so‘m, aravadan tushgan pullar bilan bir amallaymanda bolam!" deydi u.

Arava tortayotganlar ko‘p. Ammo xaridorlar unchalik ko‘p bo‘lmagani bois, yukini aravaga ortadiganlar ancha kam. Toshkentga Qoraqalpog‘istondan kelib, yolg‘iz o‘zi ijarada turib, arava tortayotgan navbatdagi suhbatdoshimiz 66 yoshli Jumaboy ota esa kuniga zo‘rg‘a yetmish ming so‘m topishini, ammo uning yarmini arava ijarasiga berishini aytadi.

Qizlarini turmushga bergach, o‘g‘il farzandi yo‘qligi bois, kommunal to‘lovlarga yordam bo‘lishi uchun ikki yildan buyon arava tortayotganini aytadi u. Yillar davomida mehnat bilan chiniqqani tufayli, bunday ishlar unga qiyinchilik tug‘dirmasligini ta’kidlaydi.

"Kunlik topgan pulimning yarmini aravadan foydalanganim uchun to‘layman", deydi aravasiga o‘tirgancha.

Kitob sotuvchi Gulnora opa

Chorsudagi bozorda eski kitoblar sotadigan 75 yoshli onaxonning ishi ham kun davomida tashqarida o‘tadi. Ertalab keladi va kun botguncha shu yerda o‘tirib kitob o‘qiydi.

Sotuvga qo‘yilgan kitoblar orasida eng mashhur asarlar ham o‘rin olgan. Oddiy, atroflari kitob bilan o‘ralgan yoyma kutubxonadan Tohir Malikning "Shaytanat" qissasi, Odil Yoqubovning "Diyonat" romanidan tortib, rus adabiyoti vakillari Pushkin, Ivan Turgenevning asarlarini ham topa olasiz. Hattoki, chop etilganiga o‘ttiz yildan oshgan asarlar ham bor. Shuningdek, u yerda har xil soha va fanlarga oid kitoblarni ham uchratish mumkin.

U kitoblarga qimmat narx qo‘ymagan bo‘lsa ham, bozori chaqqon emas. Eng nodir asar ham o‘n ming so‘m. Kuniga topgani ellik mingdan so‘mdan oshmas ekan. Kelganlar ham kitoblarni o‘qib, ularni yana qaytarib berib ketadi. Garchi shunday ekan, u bundan mamnun.

"Odamlar kitob o‘qisa, shuni o‘zi foyda", deydi u.

Undan bu yoshda ham sovuqda o‘tirib kitob sotish qiyinmasmi, deya so‘ralganda, oyog‘iga zax o‘tmasligi uchun qo‘ygan taxtani ko‘rsatib, biror binoni ijaraga olishga qurbi yetmasligi, ijara narxlari qimmat ekanini aytdi. Buning ustiga bozorda o‘tirgan joyi uchun ham ijara to‘laydi.

"Farzandlarim yo‘q. Moddiy sharoitim issiq va shinam joyni ijaraga olishga yetmaydi", deydi sotuvchi.

Uning aytishicha, kitob savdosidan umuman foyda qolmaydi, ammo faqat yaxshilik qoladi.

Kitoblar rastalarning chekkasida joylashgan. Yog‘ingarchilik bo‘lganda, yomg‘ir yoki qor ularni ivitib yuborishi mumkin.

Anvar novvoy

Ko‘pchilik issiqqina joyida uxlab yotgan paytda, yarim tunda ish boshlaydiganlardan biri bu novvoylardir. Non olish uchun borganimda Anvar ismli novvoyning tandirga o‘t yoqayotganini ko‘rdim.

"Tungi soat ikkilarda uyg‘onib, sherigim bilan ishni boshlaymiz. Xamir qoramiz, so‘ng tandirni yoqib, uni yetarli darajada qizdiramiz. Haroratni yaxshi ushlash kerak. Bo‘lmasa nonimiz kuyib ketishi mumkin, yoki yetarlicha qizimasa yaxshi pishmay qoladi", deydi Anvar aka.

U tandirning "tili"ni topish juda muhimligini aytadi.

Novvoyxona harorati nihoyatda issiq edi. Qishning sovug‘ida bunday issiqlik bilinmasligi mumkin. Ammo kun davomida tandirning hovurida ishlash odam sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilishi ham mumkin.

"Hozir yoshmiz, unchalik bilinmaydi, agar vaqt o‘tib og‘rib qolmasam, hammasi yaxshi. Lekin onda-sonda buyragim bezovta qiladi", deydi u.

Kuniga salkam ming donaga yaqin non yoparkan. Donasini 3500 so‘mdan pullasharkan. Bir kunda uch qop un ketadi, deydi u.

O‘zim ham har kuni shu joydan non xarid qilaman.

Issiq ichimlik sotuvchi Xudoyberdi

Sovuq kunlar boshlanishi bilan shaharning ayrim ko‘chalarida issiq choy, qahva va qaynatilgan jo‘xori sotuvchilarini ko‘rish mumkin. Sovuq havoda tashqarida yurgan odamlar uchun bunday ichimlik va yeguliklarga talab oshadi. Toshkent ko‘chalaridan birida choy, kofe va jo‘xori sotayotgan Xudoyberdining aytishicha, yilning aynan qish oylarida ishi nisbatan yurishadi.

"Qishda issiq choy yoki kofe ichish uchun to‘xtab o‘tadiganlar ko‘p bo‘ladi. Issiq kunlar kelishi bilan ishimiz tugaydi", deydi u.

Turgan joyiga ijara pulini to‘lash va foyda qolishi uchun har kuni ertalabdan yarim kechgacha ko‘chada ishlarkan. Asosan ishga shoshilayotganlar, jamoat transportini kutayotganlar yoki kechki payt uyiga qaytayotganlar uning doimiy mijozlari hisoblanadi.

"Qalin kiyinib olmasak, kun bo‘yi sovuqda turib betob bo‘lib qolishimiz mumkin. Kasallansam, bir-ikki kunlik ishim chippakka chiqadi" deydi mijozlarga limonli choy tayyorlaryotib.

Temiryo‘lchilarning ishi qanday?

Temiryo‘l ustiga qurilgan ko‘prikdan o‘tar ekanman, uzoqdan temiryo‘l relsini ta’mirlayotganlarga ko‘zim tushdi. Relslar oralab yurib, ular yoniga bordim.

Temiryo‘lchilar Ilhom va Yashnar akaning aytishicha, qishda havo harorati past bo‘lishiga qaramay, texnik xizmat to‘xtamaydi. Relslar, strelkalar va mexanizmlar doimiy nazoratda bo‘lishi shart. Aks holda, mayda nosozlik ham katta xavfga aylanishi mumkin.

Sovuqda bir necha soatlik ishdan keyin qo‘llar uvishib, barmoqlarni bukish qiyinlashishi hech gap emas.

"Eng qiyini – sovuqda temir bilan ishlash. Ro‘zg‘or tebratish oson emas. Bola-chaqam deb yuribmiz", deydi temiryo‘lchilardan biri.

Ularning aytishicha, metall sovuqda yanada "qattiq" bo‘ladi: asboblar bilan ishlash og‘irlashadi, ehtiyot choralariga ikki baravar e’tibor kerak.

Shunga qaramay, ish reja asosida bajarilishi shart. Qor yog‘sa ham, muz tushsa ham, relslar ochiq va soz holatda turishi kerak.

Ular uchun eng muhim narsa – mas’uliyat.

Chunki ularning qilgan ishi yuzlab, minglab odamlarning xavfsizligiga bevosita ta’sir qiladi.

Birgina bo‘shashgan murvat yoki vaqtida tozalanmagan strelka jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kosib Mirzaakbar

Odamlar gavjum bo‘ladigan Chilonzor metro bekati atrofida aka-uka kosiblar aholi xizmatida. Etikdo‘z Mirzaakbar aka yigirma yildan ortiq shu ish bilan shug‘ullanadi. Qo‘shimcha daromad bo‘lsin deb kalit ham yasaydi.

Yog‘ingarchilik mavsumida suv o‘tmasligi va sovuq urmasligi uchun sellofan bilan qo‘lbola usulda o‘rab olingan ustaxona juda kichkina, bu yerda poyabzallar tikiladi va ta’mirlanadi.

Yelimdan ko‘p foydalanilgani uchun ish boshlanganidan bir necha soat o‘tib ustaxonani yelim hidi tutib ketadi. Shu bois kosib joyidan tashqariga toza havo uchun chiqadi.

Uning aytishicha, kosiblarning ham ishi asosan qishda, sovuq kunlarda, yog‘ingarchilik boshlanganda qiziydi.

Uning ustaxonasidan sal nariroqda akasi ham ishlaydi. U ham ota kasbni tanlagan.

Ovqat yetkazish xizmatida

Oxirgi paytlarda kurerlik qilayotganlarga ko‘p ko‘zimiz tushadi. Ulardan aksari talaba yoshlar. BBC bilan suhbatda bo‘lgan Jo‘shqin ismli yigit ham ana shunday talabalardan biri.

"1-bosqichda kontraktda o‘qiyman. Ota-onamdan ortiqcha pul so‘rashni xohlamayman", deydi u.

U ijarada yashaydi. Kuniga 150 ming so‘mgacha ishlab topadi.

Topgan pulini asosan oziq-ovqat, kundalik xarajatlar va kiyim-kechak uchun sarflaydi.

Aytishicha, ba’zan ishning qiyinchiligi seziladi, biroq boshqa tanlov yo‘q.

U dars va ishni birga olib borishga harakat qiladi.

"Charchoq bo‘ladi, lekin o‘qishni tashlab qo‘ymaslik uchun harakat qilyapman", deydi telefoniga kelib tushgan navbatdagi buyurtmani qabul qilib Jo‘shqin.