Xitoy dunyo bozorlarini qanday egallamoqda?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Suranjana Tevari
- Role, Osiyo Biznes muxbiri
- Reporting from, Singapore
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Singapurdagi deyarli istalgan savdo markaziga kirsangiz, jozibador nomlar, yorqin rangli brendlar ostidagi do‘konlar oldida turnaqator navbatlarni ko‘rasiz.
Chagee, Molly Tea va Mixue kabi Xitoy brendlari nafaqat Osiyoda, balki Sidneydan tortib London va Los-Anjelesgacha bo‘lgan shaharlarda ham olomonni tobora ko‘proq o‘ziga jalb qilmoqda.
Moda yorliqlari, o‘yinchoq do‘konlari va sport kiyimlari gigantlari qatorida bu choy tarmoqlari ham yangi to‘lqinni boshladi – Xitoy shirkatlari arzon mahsulotlar ishlab chiqarishdan global miqyosda tanilgan iste’mol brendlariga aylanish sari odimlamoqda.
Dunyodagi ikkinchi yirik iste’mol bozorida shakllangan bu kompaniyalar allaqachon katta operatsion salohiyatga ega.
Ammo mamlakat ichidagi raqobat kuchaygani sababli xorijga chiqish zaruratga aylangan.
Ayni paytda ular "Xitoyda ishlab chiqarilgan" tamg‘asi hali ham arzon, sifatsizlik belgisi deb gumon qilinadigan bozorlarga kirib bormoqda.
"Xitoy ko‘chirmakash iqtisodiyotidan o‘sib chiqdi, – deya ta’kidlaydi "Storytellers China" konsalting kompaniyasi vakili Tim Parkinson. – Endilikda uning mahsulotlari talabchan global iste’molchilarning yangi avlodi kutgan umidlarni oqlamoqda".
Dunyo ustaxonasi
Xitoy uzoq vaqtdan beri G‘arb kompaniyalari uchun mahsulot ishlab chiqaradigan dunyo ustaxonasi bo‘lib kelgan. Bu jarayonda yetkazib beruvchilar nafaqat mahsulot ishlab chiqarishni, balki uni brendlash, tarqatish va keng miqyosda sotishni ham o‘rgandi.
Miniso kabi kompaniyalar ana shunday nou-xaudan foyda ko‘rdi. Disney, Marvel va Warner Bros. o‘yinchoqlari hamda filmlariga oid mahsulotlarni sotadigan bu chakana savdo tarmog‘i hozirda dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida o‘z do‘konlariga ega.
"Iste’molchilarni brendning qayerdan kelib chiqqani unchalik tashvishlantirmaydi, – deydi Miniso'ning xorijiy bozorlar bo‘yicha bosh menejeri Vinsent Xuang. – Ular ko‘proq xarid qilish tuyg‘usiga – dizayn, narxiga yarasha qiymat va xarid zavqiga e’tibor qaratishadi".
Litsenziya shartnomalari va mahsulotni zavoddan do‘kon peshtaxtasiga yetkazishdagi nisbatan yuqori tezlik uning biznes modeli asosini tashkil etadi.

Surat manbasi, Getty Images
Iste’mol tovarlaridan tashqari, BYD dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi sifatida Tesla'dan o‘zib ketdi. Kompaniya elektromobillar poygasining boshidayoq to‘g‘ri texnologiyaga sarmoya kiritganidan yutdi, Xitoyning ulkan ichki bozori esa unga miqyosni kengaytirish va tannarx samaradorligini oshirishga yordam berdi.
Endilikda u avtomobillar doirasidan chiqib, o‘z avtomobillari atrofida ekotizim yaratish doirasida bir necha daqiqada yuzlab kilometr masofani bosib o‘tish imkonini beruvchi o‘ta tezkor quvvatlash tizimlarini ishlab chiqmoqda.

Hukumat subsidiyalar va imtiyozlar orqali Xitoyning elektromobillar sohasini rivojlantirishga ko‘maklashdi. Biroq bu Yevropa va AQSh tanqidiga sabab bo‘ldi: rasmiylar bunday qo‘llab-quvvatlash Xitoy shirkatlariga adolatsiz ustunlik berishini aytmoqda. Pekin esa buni rad etib, bu o‘sish Xitoyning innovatsion va sanoat qudratini aks ettirishini ta’kidlamoqda.
Anta yana bir misol – hozirda u butun dunyo bo‘ylab qariyb 13 000 ta do‘konni boshqaradi va Nike hamda Adidas'dan keyin dunyodagi uchinchi yirik sport kiyimlari brendiga aylandi.
U dastlab Xitoyning ulkan ichki bozorini zabt etdi, ayni paytda Salomon va Wilson kabi taniqli xalqaro brendlarni, yaqinda esa Puma'ning 29 foizlik ulushini sotib olish orqali global maydondagi o‘rnini kengaytirdi.
Janubi-Sharqiy Osiyo – tramplin sifatida
G‘arb bozorlariga kirishdan oldin ko‘plab Xitoy kompaniyalari Janubi-Sharqiy Osiyodan sinov maydonchasi sifatida foydalangan.
Yosh va tobora farovonligi ortib borayotgan 650 milliondan ortiq iste’molchiga ega bu mintaqa keng miqyos va xilma-xillik taklif etadi, shu bilan birga, taniqli G‘arb brendlari bilan raqobat standartlarning yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.
Haidilao restoran kompaniyasi 2012 yilda Singapurda o‘zining birinchi xorijdagi shoxobchasini ochdi. Hozirda u 14 mamlakatda 1300 ta restoranga ega dunyodagi eng yirik xotpot (issiq ovqat) tarmog‘idir.
"Haidilao hikoyasi shunchaki bir restoran muvaffaqiyati emas, – deydi "Haidilao International" raisi o‘rinbosari Chjou Chjaochen. – Bu Xitoyning 30 yillik iqtisodiy o‘zgarishlari va xalqarolashuvini aks ettiradi".
Chjouning aytishicha, tarmoqning global qamrovi kuchli brend, mustahkam ekotizim va sodiq mijozlar bazasiga tayanadi. U har bir xorijiy bozor turli madaniyatlar, huquqiy tizimlar va iste’molchi odatlari bilan shakllangan murakkab tuzilma ekanligini, shuning uchun taomlar, menyu va xizmat ko‘rsatishni mahalliylashtirish muhimligini ta’kidlaydi.
Ayni paytda tarmoq Indoneziya va Malayziyada halol sertifikatini olish harakatida va bu Yaqin Sharqdagi aksariyat aholisi musulmon mamlakatlar bozorlarini ochishi mumkin.

Boshqa brendlar ham jadal rivojlanmoqda. Muzqaymoq va "bablti" sotadigan Mixue shoxobchalari soni bo‘yicha dunyoda McDonald's yoki Starbucks'dan ham ko‘proq, Molly Tea esa tashkil etilganidan bir necha yil o‘tib, xalqaro miqyosda kengaydi.
"Euromonitor International" bozor tadqiqotlari firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyoda faoliyat yuritayotgan Xitoy firmalarining 70 foizdan ortig‘i kelgusida yanada kengayishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, bu mintaqa dunyodagi eng tez o‘sayotgan smartfon bozorlaridan biri va ijtimoiy tarmoqlar bu mahsulotlar mashhurligini keskin oshirmoqda. Masalan, Pop Mart'ning Labubu haykalchalari deyarli an’anaviy reklamasiz global hodisaga aylandi.
AQShda "Pop Mart" savdo hajmi 2024 yildan beri 900 foizga o‘sdi. So‘nggi oylarda kompaniyaning yana qanchalik o‘sishi borasida xavotirlar tufayli uning aktsiyalari narxi keskin tushib ketgan bo‘lsa-da, u hamon AQShning o‘yinchoq gigantlari "Hasbro" va "Mattel" hamda "Hello Kitty" brendi ortida turgan Yaponiya shirkati "Sanrio"ning umumiy qiymatidan yuqoriroq baholanadi.
Narxlar urushi
Xitoyda "chuhai" (taxminan "dengizga chiqish" degani) deb nomlangan bu tashqi bozorlarga intilish tobora kuchayib borayotgan ichki bosimlar natijasida yuzaga kelmoqda. Iqtisodiyot sustlashuvi, kuchli raqobat va tug‘ilish darajasi pasayishi odamlarning xarajat odatlarini o‘zgartirib, o‘sish sur’atlarini pasaytirdi va kompaniyalarni xorij bozorlariga chiqishga majbur qildi.
Hatto xorijiy brendlar ham bu o‘zgarishni his qilmoqda. "Starbucks"ning Xitoy bozoridagi ulushi 2019 yildan beri ikki baravardan ko‘proqqa kamaydi. Mahalliy "Luckin Coffee" tarmog‘ining mamlakatdagi do‘konlari soni hozirda amerikalik raqobatchisinikidan deyarli to‘rt baravar ko‘p. "Luckin"ning mobil ilovaga asoslangan modeli xarajatlarni past ushlab turish va tez xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
O‘tgan yil noyabr oyida "Starbucks" Xitoydagi faoliyatining nazorat paketini Honkongdagi "Boyu Capital" kompaniyasiga sotish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi.
2020 yilda "Nasdaq" birjasidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan yirik moliyaviy janjalga qaramay, "Luckin" Xitoyda va xorijda, jumladan, Singapur, Malayziya va Nyu-Yorkda o‘z faoliyatini kengaytirishda davom etdi va AQSh fond bozoriga qaytishni rejalashtirayotgani xabar qilinmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Xitoyning "yumshoq kuchi" oldidagi sinov
Tahlilchilar aytishicha, Xitoy shirkatlari haqidagi tasavvurlar ham o‘zgarayotgan ko‘rinadi.
Bir paytlar "Xitoyda ishlab chiqarilgan" tamg‘asi arzon mahsulotlarni anglatardi, endilikda ular innovatsion va o‘ziga xos dizaynga ega mahsulotlar sifatida ko‘rilmoqda.
"BYD kabi brendlar yuqori sifatni ta’sirchan hikoyalar va mahalliy sharoitga moslashish bilan uyg‘unlashtiradi", deydi marketing bo‘yicha mutaxassis Fu Syu-Tin.
Shunday bo‘lsa-da, muammolar saqlanib qolmoqda. Huawei va TikTok misollarida ko‘rilganidek, tariflar, siyosiy nazorat va ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar kompaniyalarning kengayishini murakkablashtirmoqda.
Shein va Temu kabi tez o‘sayotgan brendlarning G‘arb bozorlarida o‘z sur’atini saqlab qola olishi ham so‘roq ostida.
Shunga qaramay, harakat yo‘nalishi aniq: Xitoy kompaniyalari endi faqat past narxlar bilan ajralib turmaydi, ular innovatsiyalar joriy qilib, iste’molchilarning yangi talablariga tez moslashmoqda.
Ular o‘z brendlarini yaratmoqda, mahalliy bozorlarga moslashmoqda va jahondagi mashhur o‘yinchilar bilan bevosita raqobatlashib, ba’zan ulardan o‘zib ham ketmoqda.
Maqolani tayyorlashda Jaltson Akkanat Chummar yordam bergan






























