Rossiya matbuoti Alisher Qodirovning maktabdagi Rossiya propagandasi milliy tahdid deganidan g‘azabda. Video

O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekistonlik siyosatchi Alisher Qodirovning Rossiya propagandasi "milliy tahdid" degani Rossiyada yana siyosatchilarni g‘azablantirdi, matbuot va Telegram kanallarida ushbu bayonotga qarshi chiqishlar kuzatilayapti.

Ushbu mavzu qator Rossiya ommaviy axborot vositalarida batafsil yoritilayotgan mavzulardan biriga aylandi.

"Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov maktaablarda Sovet zamonidagi propaganda O‘zbekistonga xavf tug‘dirishini aytdi va Tashqi ishlar vazirligini Rossiyaning xorijdagi aloqalar bilan shug‘ullanadigan "Rossotrudnichestvo" tashkilotining O‘zbekistondagi faoliyatini tekshirishga chaqirdi.

U o‘zining Telegram kanalida shunday deb yozdi:

"Bog‘cha va maktablarda bolalarning ongostiga o‘zligimiz xo‘rlangan sovet davriga sog‘inch, ajdodlarimizni qirg‘in qilgan imperialistik ramzlarga muhabbatni singdirilishi milliy tahdid sifatida baholanishi zarur.

O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablar farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida, o‘zligimizga mehr va sadoqat bilan tarbiyalash uchun kerak, tashqi propaganda targ‘iboti uchun emas. MMT vazirligidan bu masalada izoh so‘raladi.

Tashqi ishlar vazirligiga Rossotrudnichestvo faoliyatini tahlil qilish haqida so‘rov yubormoqchimiz.

Non berib qo‘lidan ayrilgan xalqmiz, yaxshi niyatimiz suiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak".

"Katyusha" qo‘shig‘i mojarosi

Alisher Qodirovning ushbu bayonoti Toshkent shahridagi maktab o‘qituvchisi o‘quvchilarga rus tilidagi Sovet zamonidagi qo‘shiqni o‘rgatgani uchun maktabdan "haydalgani" haqidagi xabarlar ortidan e’lon qilindi.

Rossiya matbuoti bolalarga urush haqidagi sovet qo‘shig‘iga muhabbatni singdirmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi maktabdan haydalgani tafsilotiga batafsil to‘xtaldilar.

"Toshkentdagi №188-maktabda janjal kelib chiqdi: maktabda 37 yil ishlagan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Venera Basalyamova bolalarga urush haqidagi sovet qo‘shig‘iga muhabbat singdirishga harakat qilgani uchun ishdan ketishga majbur bo‘ldi", deb yozdi "Sosedi. Sentralnaya Aziya" Telegram kanali.

"Ishdan ketishiga o‘qituvchining o‘quvchilaar bilan birga "Katyusha" va "Smuglyanka" qo‘shiqlarini o‘rganayotgani, 101 O‘zbek qahramoni haqidagi sahna ko‘rinishini rejalashtirayotgani va bolalar uchun harbiy kiyimlarni ijaraga olgani sabab bo‘ldi.

O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, maktab zauvchi Shavkat Oqilovich unga rus tilidagi harbiy qo‘shiqlarni ijro etishni ma’n etgan", deb yozdi "Sosedi. Sentralnaya Aziya"

Kreml ovozi deb ko‘rildigan Russia Today Venera Basalyamovaning shu maktabda 37 yil o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritganini urg‘uladi.

Rossiyaparast podrobno.uz sayti Toshkent shahar maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga bog‘langan, boshqarmada 9 may munosabati bilan o‘quvchilarga qo‘shiq o‘rgatish g‘oyasi o‘qituvchining o‘zining tashabbusi bo‘lgani va bu narsa ta’lim jarayonini tashkillashtirish talablariga zid ekanini eslatganlar.

Maktabdagi rus tili bilan bog‘liq ikkinchi janjal

"Katyusha" bilan bog‘liq hodisa O‘zbekiston maktablarida 2024-2025 yilgi o‘quv yilida rus tili bilan bog‘liq ro‘y bergan ikkinchi hisoblanadi.

2024 yil 25 sentyabrida O‘zbekistondagi maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchi bolani urib, u bilan tortishgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

O‘zbekistondagi ba’zi rossiyaparast veb-saytlar bola o‘qituvchidan "rus tilidagi dars"da ruscha gapirishni so‘ragani uchun urilganini iddao qildilar.

Ushbu voqeaga Rossiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Mariya Zaxarova munosabat bildirdi, "Rossiya tomoni O‘zbekistondan rasmiy izoh va huquqiy baho berishni, agar tasdiqlansa, bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxsga chora ko‘rishni talab qiladi", dedi.

Ko‘plab O‘zbek tahlilchilari, blogerlar va faollar, shuningdek, bir necha deputatlar Rossiyani O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblab, qattiq norozilik bildirdilar.

2024 yil 26 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ikki davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyili muhimligini ta’kidladi.

Joriy yil boshlarida ham qator o‘zbekistonlik tahlilchilar 9 may bayrami arafasida maktablarda Rossiya propagandasining tarqalishi haqida xavotir bildirishgan edi.

Aprel oyi oxirida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqanddagi haykal oldida rus tilida yozuv yo‘qligidan hayratlanganini ko‘plab o‘zbekistonliklar "endi bunisi haddidan oshish" deb baholadilar.

O‘tgan yili jurnalist va davlat rasmiysi Sherzodxon Qudratxo‘janing "o‘zbek tilini yo bosqinchi yoki telba bilmaydi" degan gapi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiylarini g‘azablantirgandi.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi vazirlikka chaqirtirilgan, Sherzodxon Qudratxo‘jani o‘zbek tilini bilmaydigan o‘zbekistonliklar haqida "g‘oyat haqoratomuz va mutlaqo nomaqbul shakl"da fikr bildirishda ayblangan, bu so‘zlarga nisbatan O‘zbekiston tomonidan "printsipial baho" berilishi kutilayotgani bildirilgan edi.