Ikki qo‘shni, ikki xil mezon: Nima uchun O‘zbekistonda kambag‘allar «kam»?

    • Author, Davron Hotam
    • Role, BBC Yangiliklar bo‘limi, Qirg‘iziston
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Qirg‘izistonda har to‘rtinchi fuqaro kambag‘al. Statistika Qirg‘izistonda aholining 25 foizi kambag‘al ekanini rasman ma’lum qildi. O‘zbekistonda esa rasmiy kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushgani aytilmoqda.

Ammo bu statistika O‘zbekistonda kambag‘allar Qirg‘izistonga nisbatan kam ekanini ko‘rsatmaydi. U holda bu raqamlar qayerdan kelib chiqdi?

Kambag‘al kim?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, Qirg‘izistonda kambag‘allik darajasining yuqori chiqishiga sabab, kambag‘allik darajasini belgilash uchun asos bo‘luvchi yashash minimumining yuqori belgilanganida.

Yashash minimumi — insonning kundalik hayoti uchun yetarli bo‘lgan oziq-ovqat va xizmatlarning eng past qiymatini o‘z ichiga olgan ko‘rsatkichdir.

Bu hisob-kitobga ko‘ra, agar siz O‘zbekistonda bir oyda jon boshiga 669 ming so‘mdan ko‘p daromad qilsangiz, demak, kambag‘al emassiz.

Chunki, o‘zbekistonlik bir kishi uchun oyiga 669 ming so‘m "kambag‘al emaslik" belgisi hisoblanadi. Boshqacha aytganda, kuniga 21 ming so‘mdan bir oz ko‘proq pul topsangiz, siz davlat nazarida kambag‘al emassiz.

Chegaraning narigi tomonida — Qirg‘izistonda esa bu pul bilan bir inson, bir oy yashay olmasligi rasman tan olindi.

669 ming so‘m nimalarga yetadi?

Farg‘onalik jurnalist va jamoat faoli Sharifa Madrahimova BBC bilan suhbatda, hozirgi vaqtda yashash minimumi sifatida olingan 669 ming so‘m o‘zbekistonliklar uchun ancha kam ekanini, aslida eng kam xarajatlar ham bundan ortiqroq bo‘lishini aytadi.

"Boshqa tomondan, agar bu pul o‘lmasliging uchun yetarli deyilayotgan bo‘lsa, ehtimol to‘g‘ridir. Lekin ortiqcha orzu havaslarni chetga surib qo‘ysangiz ham, uni yetkazish qiyin bo‘lsa kerak".

Sharifa Madrahimova turmush o‘rtog‘i va uch farzandi bilan birga yashaydi. Demak, besh kishi uchun oilaga kamida 3 yarim million so‘mga yaqin mablag‘ kerak.

"Kasal bo‘lmay, turli to‘y-tadbirlarga bormay va bolalarimning ta’limiga sarflanadigan pullarni hisoblamagan holda, men sizga tahminiy oylik xarajatlarimizni aytib beraman. Bolalarim go‘shtni uncha yemaydi, bir oyga 5 kg go‘sht yetadi. Bir kilogram go‘sht 140 ming so‘m. Oyiga 700 ming so‘m. Besh litr paxta yog‘i 85 ming bilan 100 ming oralig‘ida. 25 kg unimiz 125 ming so‘m. Sabzavotlar uchun haftasiga 65-80 ming so‘m ishlatamiz, oyiga o‘rtacha 280 ming so‘m, deylik. Tuxum ham bor. Bir oyda 60 dona tuxum ishlatsak, 1200 so‘mdan 72 ming so‘m bo‘ladi. Uch kilogram shakar olsak, 48 ming so‘m bo‘ladi. Asosiy meva olma, olmaga 40 ming so‘m yetsa kerak. Tansiqroq mevalar faqat bayramda olinadi. Hozir hisobimiz bir yarim millionga yaqinlashib qoldi, shekilli. Lekin kutilmaganda dori-darmon olish bor, yo‘lkira, kommunal to‘lovlar, turli tozalik vositalari zarur. Elektr energiyasining o‘ziga hozir qish bo‘lgani uchun bir millionga yaqin pul ketadi. Gaz balon to‘ldirishimiz kerak. Umuman olganda hisobga ko‘ra o‘rtacha yeb-ichishga yetkazish mumkindek ko‘rinyapti. Lekin hozir hayolimga kelmagan yana shuncha xarajatlar bor. Pul topish ham oson emas ", - deydi Sharifa Madrahimova.

Qirg‘izistonda kambag‘allik darajasi 25% atrofida

O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham minimal iste’mol xarajatlari kambag‘allik darajasini aniqlashda asosiy mezon sifatida olinadi.

Shaxsning bir oylik daromadi yoki sarfi davlat tomonidan belgilangan yashash minimumi miqdoridan past bo‘lsa, u rasman kambag‘al hisoblanadi. Kambag‘allik darajasidagi chegara oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal to‘lovlar va boshqa zarur ehtiyojlarning eng past qiymati asosida hisoblab chiqiladi.

Shuningdek, bu ko‘rsatkich har yili inflyatsiya darajasiga qarab yangilab boriladi.

Shu o‘lchovdan kelib chiqib, O‘zbekistonda rasmiy kambag‘allik darajasi 5,8%ga tushirilgani aytilsa, Qirg‘izistonda kambag‘allik darajasi 25% atrofida ekani ma’lum qilingan.

Qirg‘izistonda kambag‘allik darajasi O‘zbekistonga nisbatan yuqori chiqayotganiga e’tibor qaratgan iqtisodchi bloger Otabek Bakirov, buning sababi qo‘shni davlatda kambag‘allik darajasini belgilash uchun asos bo‘ladigan yashash minimumi yuqori belgilanganida ekanini yozadi.

"Qirg‘izistonda yashash minimumi 9,2%ga oshib, 8 697,32 somga yetgan. O‘zbek so‘mida bu 1,2 million so‘m degani. Bizning minimal iste’mol xarajatlarimizdan farqli o‘laroq, qo‘shnilarda yashash minimumi hududlar, aholi guruhlari qirqimida aniqlanadi", - deb yozadi Otabek Bakirov o‘z telegram kanalida.

Ya’ni, Qirg‘izistonda bolaning ehtiyoji katta yoshli odamnikidan farq qilishi rasman tan olingan, O‘zbekistonda esa chaqaloq ham, og‘ir mehnat qiluvchi ishchi ham bir xil miqdorda iste’mol qiladi deb hisoblanadi

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Kimga qancha kerak?

Rasmiy hujjatga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha Qirg‘izistonda yashash minimumi quyidagicha taqsimlangan:

Mehnatga layoqatli erkaklar uchun eng yuqori mablag‘ —9 983 som (1,3 mln so‘m) belgilangan. Ayollar uchun esa bu ko‘rsatkich bir oz kamroq — 9 694 som (1,28 mln so‘m).

Pensionerlar uchun esa 7 699 som (1 mln so‘m) kifoya deb topilgan.

Qirg‘izistonda alohida e’tibor bolalarga qaratilgan. Ular uchun yashash minimumi yoshiga qarab keskin farq qiladi. Agar 7 yoshgacha bo‘lgan bola uchun 6 556 som (960 ming so‘m) zarur deb hisoblansa, 14–17 yoshli o‘g‘il bolalarning ehtiyoji kattalarnikiga yaqinlashib, 8 416 somga (1,1 mln so‘m) yetadi.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, O‘zbekistondagi jon boshiga yashash minimumi bilan, Qirg‘izistondagi 7 yoshga to‘lmagan bolaning yashash minimumi uchun hisoblangan mablag‘ deyarli teng.

Iste’mol savati ichida nimalar bor?

Qirg‘izistonlik ekspertlar hisoblagan 8 697 somlik "savat"ning qariyb 65 foizini (5 653 som) faqat oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etadi. Bu ro‘yxatda nafaqat non va kartoshka, balki go‘sht (1 861 som), sut mahsulotlari (1 107 som), meva-sabzavotlar va hatto baliq ham aniq qiymatlarda ko‘rsatib o‘tilgan.

Qolgan qismi esa nooziq-ovqat tovarlari (1 390 som) va kommunal xizmatlar (1 478 som) uchun ajratilgan.

Taqqoslash uchun, O‘zbekistondagi 669 ming so‘mlik mezon ichiga bunchalik keng qamrovli mahsulotlar va xizmatlar to‘plamini sig‘dirish iqtisodiy jihatdan ancha mushkul vazifa bo‘lib ko‘rinadi.

O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari - 669 ming so‘m butun respublika uchun yagona hisoblanadi. Ya’ni, Toshkent markazidagi narxlar bilan chekka qishloqdagi narxlar orasidagi farq rasmiy statistikada aks etmaydi.

Qirg‘iziston tajribasida esa, masalan, Batken viloyatidagi mehnatga layoqatli erkak kishi uchun yashash minimumi 9 382 som etib belgilangan bo‘lsa, xuddi shu toifa uchun Bishkekda 10 349 som talab etiladi. Bu qariyb 1 000 somlik (135 ming so‘m) farq davlatga ijtimoiy to‘lovlarni hududning real bozor sharoitiga qarab belgilash imkonini beradi.

Qirg‘iziston mintaqadagi eng arzon davlat

Numbeo platformasining 2026 yilgi reytingiga ko‘ra, Markaziy Osiyoning yashash uchun eng arzon davlatlari reytingida Qirg‘iziston mintaqadagi eng arzon davlat deb topilgan.

Ikkinchi o‘rinda Tojikiston, O‘zbekiston esa uchinchi o‘rindan joy olgan. Markaziy Osiyodagi eng qimmat davlat sifatida esa Qozog‘iston tilga olingan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar tadqiqotga kiritilmagan.

Agar bu reyting xulosasidan kelib chiqsak, Qirg‘izistonda narxlar arzonroq bo‘lishiga qaramay, yashash minimumi yuqori belgilangan. O‘zbekistonda esa aksincha, narxlar qimmatroq, yashash minimumi pastroq.

Sizningcha, Qirg‘iziston tajribasi - hududlar va yosh guruhlari bo‘yicha hisoblash O‘zbekiston uchun foydali namuna bo‘lishi mumkin-mi?

O‘zbekistonda yashash minimumini Qirg‘iziston kabi kamida 1,2 million so‘m qilib belgilash iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi? Bu byudjetga og‘irlik qilmaydimi?