You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Tojikiston hukumatida yirik kadrlar almashishi nimani anglatadi?
Tojikistonni 30 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Imomali Rahmon hukumatida katta o‘zgarishlar qildi. Boshqa yopiq jamiyatlarda bo‘lgani singari jamoatchilik ushbu kadr o‘zgarishlari asl sabablarini bilmaydi, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari faqat taxminlarnigina ilgari surmoqdalar.
Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo 12 yildan keyin lavozimidan chetlatildi.
Prezident Rahmon parlamentdan 10 yildan buyon Bosh Prokuror bo‘lib kelgan Yusuf Rahmonni bo‘shatishni so‘ragani xabar qilinmoqda.
Tojikiston hukumati Aloqa xizmati deb nomlanadigan muassasani 14 yil boshqargan Beg Sabur o‘rniga yosh aloqachi mutaxassis Isfandiyor Sa’dullo tayinlangani ma’lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ishidan ketkazilgan Tojikiston amaldorlari haqida "o‘z sohasining bilimdoni", tajribali mutaxassis", "Millat Peshvosiga sodiq vatanparvarlar" degan ta’riflarni o‘qish mumkin.
Ammo tanqidchilarga ko‘ra, bir shaxs bor qudratni o‘z qo‘lida jamlagan mamlakatda yangi rahbarlardan ko‘p narsa kutib bo‘lmaydi.
"Rasmiylar uzoq yillar davomida o‘zgartirilmagan muhitda oddiy odamlar bunday o‘zgarishlar o‘zlarining ahvoli va turmush darajalarini yaxshilaydi deb umid qiladilar. Sherali Mirzo Mudofaa vazirligini boshqargan 12 yil davomida zo‘ravonlik, tahqirlashlar va askarlarning o‘limlari haqida juda ko‘p xabarlar tarqaldi. Yusuf Rahmon boshqaruvi yillarida o‘nlab jamoat faollari, huquq himoyachilari va jurnalistlar hibsga olindilar va uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilindilar", deb yozdi Ozodi.org nashri.
Tojikistonda Internet qimmat, Internet tezligi aniqrog‘i sekinligi bo‘yicha dunyoning 143 mamlakati orasida 139-o‘rinni egallaydi.
Shuningdek, mobil aloqa sifati ham tanqid qilinadi.
Xalqaro tashkilotlar Tojikiston hukumatini Internetni "bo‘g‘ish" bilan so‘z erkinligini cheklashda ayblaydilar.
Aloqa xizmati rahbari o‘zgargani ortidan ayrim tojikistonliklar Internet tezligi oshirilishiga umid bildirganlar.
"Biz kadrlar o‘zgarishi yuz bergan mamlakatlarda o‘zgarishlari bo‘lgani va vaziyat yaxshilanishini ko‘ramiz. Tojikistonda hamma qadriyatlar bir oila atrofida markazlashgan, shuning uchun biror o‘zgarishni kutib bo‘lmaydi, deb aytdi muhojirotdagi Tojikiston Islohot va taraqqiyoti muxolifat harakati rahbari Sharofiddin Gadoev.
"Yangi odamlar tizim ichidan kelgan odamlardir. Tojikistonda shaxs o‘zgarishining ahamiyati yo‘q, ahvol bundan ham badtar bo‘lib boraveradi. Oldingi tajribadan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, kelgan har bir yangi rahbar oldingisidan ham yomonroq bo‘ladi", deya munosabat bildirdi muhojirotdagi Tojikiston Milliy Alyansi muxolifat koalitsiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy.
Siyosiy tahlilchilar Tojikistondagi ushbu kadrlar o‘zgarishining Afg‘oniston boshqaruvi Tolibon nazoratiga o‘tgan, o‘shandan buyon Tojikiston va Tolibon rahbariyati munosabatlari taranglashgan vaqtda ro‘y berayotganiga ham e’tibor qaratadilar.