You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Bu odam 2028 yilda Amerika prezidenti bo‘lishiga shama qilinmoqda — Zelenskiy bilan janjal qilgan vitse-prezident Vensdan nimani kutish mumkin?
Bir necha yil oldin amaldagi vitse-prezident Jey Di Vens Donald Trampni "ahmoq" va "razil ablah" deb atagan edi. Hozir esa uni AQShning 47-prezidentiga ehtimoliy voris deb hisoblashmoqda.
Oq uyda Volodimir Zelenskiy bilan janjallashib, Yevropani tanqid qilgan Jey Di Vensning umumiy reytingi yaxshi bo‘lmasada, Respublikachilar partiyasida obro‘ qozonmoqda.
Vens Trampning barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi, shu bois matbuotda uni ko‘pincha "hujumkor ko‘ppak" deb atashadi, ammo bu ikki shaxsning printsipial farqlari ham bor.
Hujumkor ko‘ppak
Shanba kuni, Oq uydagi tarixiy janjalning ertasiga, Jey Di Vens oilasi bilan Vermont shtatidagi kurortlardan biriga chang‘i uchgani borishni rejalashtirgan edi. Vitse-prezidentni yo‘l chetida saf tortgan yuzlab namoyishchilar kutib oldi.
Namoyish oldindan rejalashtirilgan bo‘lsada, 28 fevral kuni Oval kabinetda sodir bo‘lgan voqea namoyishchilarni yanada rag‘batlantirdi.
Ba’zilar hatto Vensning oilasi foydalanishi mumkin bo‘lgan ko‘targich yonida lagerь qurdi. "Rossiyada chang‘i uch. Jey Di Vensning Vermontda do‘stlari yo‘q, lekin Rossiyada ko‘p.
Ta’tilini o‘sha yerda o‘tkazsin," deydi bir mahalliy aholi vakili. Bunday qabuldan so‘ng Vens dam olish rejalarini o‘zgartirib, ketishga majbur bo‘ldi.
Volodimir Zelenskiy bilan bahsdan so‘ng Jey Di Vens respublikachilarga xayrixoh Fox News telekanaliga bergan intervyusida ehtiroslarni pasaytirishga va suhbatni yopiq eshiklar ortiga o‘tkazishga harakat qilganini aytdi, vaholanki, bahsni aynan o‘zi boshlagan edi.
Xalqaro diplomatiyada shakllangan an’analarga zid ravishda, vitse-prezident Ukraina prezidentini AQShga nisbatan "hurmatsizlik"da aybladi va shu tariqa o‘zining "hujumkor ko‘ppak" sifatidagi sha’nini oqladi, faqat bu safar jurnalistlarni emas, Zelenskiyni muxolif sifatida tanladi.
Biroq, Vermontdagi norozilik namoyishiga kelgan amerikaliklar fikricha, Vensning o‘zi harbiy tajovuzdan himoyalanayotgan davlat vakiliga hurmatsizlik qilgan.
"Zelenskiy Yevropaga boradi, u yerda ko‘plab yevropalik do‘stlarimiz uni "Siz ozodlik uchun kurashchisiz. Siz abadiy kurashishingiz kerak», deb gij-gijlaydi. Yaxshi, lekin nima bilan jang qiladi?
Kimning puliga? Kimning o‘q-dorisi bilan? Kimning hayoti evaziga?» dedi Vens intervyuda. U yana qo‘shimcha qilishicha, yevropaliklar "ukrainaliklarga ayiq xizmatini ko‘rsatmoqda", chunki Yevropa aholisi ham bu urushga homiylik qilishga tayyor emas.
Bu fikr faqat qisman to‘g‘ri. Urush boshlanganidan uch yil o‘tgach ham, frantsuzlarning 66 foizi Yevropa Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishi kerak, deb hisoblaydi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Shunga o‘xshash holat, masalan, Ispaniyada ham kuzatilmoqda. Germaniyada esa fuqarolarning deyarli yarmi Kievga yordam berishni to‘xtatish tarafdori.
Yevropaliklarning turlicha fikrlariga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Zelenskiy atrofida birlashdi. Yevropa pozitsiyasini Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen aniq ifodaladi: yechim shoshilinch tinchlik shartnomasini tuzish emas, balki Ukrainaga ushbu tinchlik jarayonida kuchli pozitsiyani kafolatlashdir.
Biroq Vashington bunday yondashuvni ma’qullamaydi: Vens hamon vaziyatni tezroq hal qilishga urg‘u bermoqda. Oq uydagi mojarodan so‘ng Jey Di Vensning reytingi u lavozimga kirishganidan beri eng past darajaga tushdi.
Hurmat yuzasidan kafolat
Umuman olganda Kiev va Vashingtonning urushni qanday tugatish kerakligi haqidagi qarashlari bir-biriga mos kelmaydi: Donald Tramp darhol o‘t ochishni to‘xtatmoqchi, Rossiya kelishuvni buzmasligiga kafolat sifatida esa Rossiya shaxsan uning o‘ziga "hurmat" ko‘rsatishini aytmoqda.
Jey Di Vens, Tramp jamoasi a’zosi sifatida, prezidentni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo uzoq muddatli istiqbolda uning o‘ziga jiddiyroq kafolatlar kerak bo‘lishi mumkin.
AQShda hech kim ikki martadan ortiq prezident bo‘la olmaydi, demak, bu Donald Trampning so‘nggi muddati. Tez orada respublikachilarning yangi yetakchisi masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Bu yil Konservativ siyosiy harakatlar konferentsiyasida (Conservative Political Action Conference, CPAC) – konservator siyosatchilar va ularning tarafdorlari uchun eng yirik tadbirlardan birida – ishtirokchilardan 2028 yilda partiyani kim boshqarishi kerakligi so‘raldi.
Yig‘ilganlarning 61 foizi Vensni qo‘llab-quvvatladi. Jey Di Vensning o‘zi prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyati haqida e’lon qilmagan – buning uchun hali erta, ammo uning nomi respublikachilarning bo‘lajak yetakchisi haqidagi munozaralarda tilga olinmoqda va hozirda u, bukmekerlik idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentlikka ehtimoliy nomzodlar orasida peshqadamlik qilmoqda.
"2028 yilda nima bo‘lishini ko‘ramiz. O‘ylashimcha, Amerika uchun eng yaxshi variant men uchun ham eng yaxshi variant bo‘ladi. Bu esa kelgusi uch yarim yil ichida biz jiddiy mehnat qilishimiz kerakligini anglatadi," dedi Vens undan kelajak haqida so‘rashganda.
AQSh tarixida vitse-prezidentlarning yarmidan ko‘pi mamlakatning bosh lavozimini egallashga uringan, o‘n beshtasi esa bunga erishgan – to‘g‘ri, sakkiz kishi o‘zidan oldingi prezidentning vafoti natijasida bu lavozimga kelgan.
Agar Vensda prezidentlik haqida rejalar bo‘lsa, Ukrainadagi urushni to‘xtatishning o‘zi kifoya qilmaydi – bu tinchlikni kamida 2033 yilgacha, agar ketma-ket ikki muddatga da’vo qilsa, 2037 yilgacha saqlab qolish kerak bo‘ladi. O‘n yildan so‘ng, Rossiya uchun Donald Trampga bo‘lgan "hurmat" biror ahamiyatga ega bo‘larmikin?
Vens va Tramp – ular orasida farq bormi?
Vensning tarjimai holidagi eng mashhur fakt – u Donald Trampni yoqtirmas edi.
"Xudoyim, qanday ahmoq odama," derdi Vens Tramp haqida.
"U menga yaramas odam bo‘lib ko‘rinadi."
"Men ba’zida Trampni vijdonsiz odam deb o‘ylayman, ba’zida esa amerikalik Gitler deb."
Bu atigi 2016 yil edi. 2022 yilga kelib, Vens bu ta’riflar endi uning e’tiqodiga mos kelmasligini aytdi. Bu paytga kelib u Trampdan avvalgi so‘zlari uchun uzr so‘ragan va uning eng ko‘zga ko‘ringan tarafdorlaridan biriga aylangandi.
Jey Di Vensni millatchilik va tizimga qarshi ritorikani birlashtirgan populist deb atash mumkin. Agar Donald Tramp shaxsiy brendga e’tibor qaratgan bo‘lsa, Vens hozircha o‘z mafkurasini targ‘ib qiluvchi tizimli siyosatchi rolini o‘ynamoqda.
Donald Tramp dabdabali nutqlar va improvizatsiyani yaxshi ko‘radi, ko‘pincha maslahatchilari fikriga qaramay, instinktiv harakat qiladi. Vens o‘zini tahliliy fikrlaydigan ziyoli sifatida ko‘rsatishga urinadi.
Tramp savdo urushlari, immigratsiya va o‘zining "Amerika hammadan ustun" siyosatiga e’tibor qaratmoqda. Vens esa ishchi sinfi va an’anaviy oilaviy qadriyatlarga urg‘u beradi.
Vensning siyosiy qiyofasi uning tarjimai holidagi uchta asosga qurilgan: birinchisi – uning Kaliforniyadagi venchur kapitalist sifatidagi o‘tmishi, ikkinchisi – uni mashhurga aylantirgan "Qishloq elegiyasi" xotiralari va, albatta, uchinchisi – trampizm.
Donald Tramp 2015 yilda saylov kampaniyasini boshlaganidan beri Respublikachilar partiyasi yo‘nalishini belgilab kelgan. Uning prezidentlik muddati tugagach, partiya qaysi yo‘ldan borishni hal qilishi kerak bo‘ladi.
Shu ma’noda, Vensda partiya ichidagi o‘zlik inqirozini yengish va silliq o‘tishni ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bir tomondan, u Tramp g‘oyalarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda, boshqa tomondan – nafaqat Donald Tramp tarafdorlari, balki mo‘’tadil respublikachilarni ham o‘ziga jalb qilmoqda.
"U [Vens] MAGA ("Amerikani yana buyuk qilish") g‘oyalarini Donald Trampning o‘zidan ko‘ra ancha aniq va puxta bayon qila oldi," deb yozadi Business Insider nashri.
An’anaga ko‘ra, AQShda vitse-prezident lavozimini egallagan siyosatchi noqulay vaziyatda bo‘ladi: bir tomondan – doim prezident soyasida qoladi, boshqa tomondan – ma’muriyatning xatolari uchun mas’uliyatni bo‘lishishga majbur. Bunday sharoitda saylovchilar orasida obro‘ qozonish qiyin (Kamala Harris misoli buning isbotidir).
Vens buni o‘zgartirmoqchi ko‘rinadi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat kameralar oldida Volodimir Zelenskiy bilan bahslashdi, balki Myunxen xavfsizlik konferentsiyasidagi chiqishi ham Yevropa yetakchilari uchun kutilmagan bo‘ldi.
Vensdan Ukraina haqida gapirish kutilgan edi, ammo u o‘z nutqida Yevropa davlatlarini so‘z erkinligi va demokratiya tamoyillaridan voz kechishda ayblay boshladi.
Uning aytishicha, Yevropa demokratiyasiga asosiy tahdidlar Rossiya yoki Xitoydan emas, balki ichkaridan kelmoqda. U Yevropa Ittifoqini ommaviy migratsiya muammosiga sababchi bo‘lgani, Sharqiy Yevropadagi urush haqida esa G‘arbning Rossiya bilan qarama-qarshiligini "demokratiyani himoya qilish" deb hisoblamaslik kerakligini ta’kidladi.
"Juda yaxshi [nutq], ajoyib," deb maqtadi Donald Tramp. Yevropa siyosatchilari bunday bahoga qo‘shila olmas edi.
Ukrainaga qarshi, ammo Isroil uchun
Vens Myunxenda aytgan gaplaridan qat’i nazar, u Xitoyni asosiy raqobatchi va eng katta tahdid deb hisoblaydi. Vens senator sifatida o‘tkazgan qisqa vaqt ichida u Xitoyning AQSh moliya bozorlariga kirishini cheklovchi qonun loyihalarini kiritdi va tariflarni joriy etishni qo‘llab-quvvatladi.
"AQSh arzon Xitoy tovarlari, arzon chet el ishchi kuchi va yaqin o‘n yil ichida o‘limga olib keladigan Xitoy fentaniliga to‘lib ketdi," dedi Vens. Uning fikricha, Amerika tashqi siyosatda o‘z milliy xavfsizligiga e’tibor qaratishi kerak.
Jey di Vens keyingi 40 yil ichida AQSh tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi Sharqiy Osiyo bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. "Amerika birinchi" harakatining har qanday tarafdori singari, Vensga ham Xitoydan kelayotgan tahdid Rossiya va Ukraina muammosi yoki Yaqin Sharqdagi har qanday mojarolardan ko‘ra ancha jiddiy tuyuladi.
Vens Oq uyning avvalgi ma’muriyatini Ukrainadagi urushdagi roli uchun tanqid qildi, chunki bu urush AQSh e’tibori va mablag‘larini yanada dolzarb muammo – Xitoydan chalg‘itdi, deb hisoblaydi. Myunxenda u Yevropani xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagani uchun tanqid qildi, chunki shunday qilinganda bu AQShga Sharqiy Osiyoga e’tibor qaratish imkonini berardi.
Vens tashqi siyosatining muhim ustuni Iroqdagi dengiz piyodalari xizmatida orttirgan tajribasi asosida shakllangan. Bu urush unga mamlakatni yangi bema’ni to‘qnashuvlardan saqlash va eskilarini to‘xtatish uchun bor kuchini sarflash kerakligini o‘rgatdi.
Shuning uchun Zelenskiy bilan tortishuvidan oldin ham Vens Ukrainadagi urushni moliyalashtirishni davom ettirishga oid deyarli har qanday takliflarga qarshi chiqdi va muzokaralar zarurligini ta’kidladi.
Shuni hisobga olsak, Vensning isroilparast pozitsiyani egallashi, Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashi va agar tinchlik uning xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lsa, Isroilga tinchlik o‘rnatish uchun bosim o‘tkazish mumkin emas, deb hisoblashi mantiqsiz tuyuladi.
Biroq, bu qarama-qarshilik emas, balki tanlab aralashuvning bir ko‘rinishidir: Vens faqat AQSh uchun keraksiz deb hisoblagan urushlardan voz kechishni xohlaydi (Iroq bilan bo‘lgani kabi va hozir Ukraina bilan ham shunday), lekin uning nazarida AQSh manfaatlariga xizmat qiladigan joylarda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqchi.
Isroilga kelsak, Vens uchun bu masaladagi muhim omil Eron va u qo‘llab-quvvatlayotgan HAMAS va "Hizbulloh"dir: agar AQSh Isroilni qo‘llab-quvvatlamasa, bu Eronni kuchaytiradi va bu yerda vitse-prezident aniq Amerika manfaatlarini ko‘radi, Rossiya-Ukraina urushi haqida esa bunday deb bo‘lmaydi.
Hayot tarafdori va giyohvand moddalarga qarshi kurashchi
Vensning ichki siyosat haqidagi qarashlarini uning xotiralarini o‘qish yoki hech bo‘lmaganda qisqacha tarjimayi holi bilan tanishish orqali oson taxmin qilish mumkin.
Vensning otasi u chaqaloqligida oilani tark etgan, onasi esa giyohvandlikdan aziyat chekkan. Uni buvisi va bobosi tarbiyalagan. U Amerikaning eng qashshoq hududlaridan birida o‘sganligi va hayotini batafsil tasvirlaydi hamda mahalliy aholini, shu jumladan, ba’zi yaqinlarini tanqid qiladi, ularni davlat nafaqasiga tayanib, o‘z muammolarini mustaqil hal qila olmaydigan isrofgarlar deb ataydi.
Xotiralarida u an’anaviy oilaviy tuzilmalar yemirilishi, shaxsiy mas’uliyat hissining pasayishi haqida yozadi. Vens keyinchalik oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va tug‘ilishni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni taklif qildi.
Shunday qilib, Vens "hayot tarafdori," ya’ni abortga qarshi chiqdi va homiladorlikning 15 haftasidan keyin abort qilishni taqiqlovchi federal qonunni yoqladi. Shu bilan birga, Vens bolalar uchun soliq imtiyozi miqdorini ikki ming dollardan besh ming dollarga oshirish tarafdori edi.
Ammo demokratlar shunga o‘xshash qonun loyihasi bilan chiqqanida, bu masala bo‘yicha Senatda ovoz bermadi. U buni demokratlar "oilaga qarshi" partiya emasliklarini saylovchilarga ko‘rsatish uchun loyiha ishlab chiqqani bilan izohladi.
O‘tgan yil yozida u demokratlardan bo‘lgan yuqori lavozimli ayol siyosatchilar haqida "befarzand va baxtsiz hayot kechiruvchi bir to‘da mushukbozlar" degan so‘zlari uchun kechirim so‘rashiga to‘g‘ri keldi.
Vens Yel universiteti huquq maktabidagi sobiq kursdoshi, hindistonlik amerikalik Usha Vensga uylangan va ularning uchta farzandi bor.
Vens kurashmoqchi bo‘lgan yana bir kurash sohasi onasi mubtalo bo‘lgan opioidlardir. 2016 yilda u hatto Ohayo shtatidagi giyohvandlik muammosini hal qilishga yordam berishi kerak bo‘lgan notijorat tashkilotini tuzdi. Ammo tashkilot samarasizligi uchun tanqid qilindi va jamg‘arma 2021 yilda yopildi.
Kutilganidek, Vens bir jinsli nikohlarni qo‘llab-quvvatlamaydi, biroq allaqachon tuzilgan bir jinsli ittifoqlarni bekor qilishga chaqirmasligini, ammo ularni davlat darajasida keyingi tan olinishiga qarshi ekanligini ta’kidlaydi. LGBT+ huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, jumladan Human Rights Campaign, uni LGBT hamjamiyatiga qarshi shaxs sifatida tavsiflagan.
Vensning bu masalalar bo‘yicha nuqtai nazari konservativ qarashlarni ushlab turgan respublikachi saylovchilarning katta qismi fikrlarini aks ettiradi.
Yaqinda Donald Tramp Jey Di Vensni 2028 yilgi saylovlarda o‘zining "vorisi" sifatida ko‘rmasligini aytdi.
"Ammo u juda iqtidorli, – deya qo‘shimcha qildi prezident. – Hozircha u yaxshi ishlayapti deb o‘ylayman. Biroq [voris haqida gapirishga] hali juda erta. Biz endigina boshladik."