Mirziyoyev prezidentligining 9 yiliga kelib, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlangani e’lon qilindi

O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekistonda jinoyatlar oldini olish bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etilgani hamda endilikda jamiyatda korruptsiyaga imkon berayotgan tub sabablarni aniqlash uchun har bir sohaga chuqur kirib borilishi e’lon qilindi. Bu haqda bosh prokurorning mamlakat aholisiga murojaatida so‘z boradi.

19 mart kuni davlat televideniesi orqali Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning aholiga murojaati namoyish etilgan.

Vaqti-vaqti bilan xalqqa shunday murojaatlar bilan chiqib turuvchi Yo‘ldoshev bu safar mamlakatda jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlanayotganini ma’lum qilgan.

E’tiborlisi, mamlakatda qonunlar ijrosini nazorat etuvchi asosiy organ rahbarining bu bayonoti Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganining to‘qqizinchi yilida yangragan.

Shuningdek, bosh prokurorning chiqishi yetti yildan vaqt mobaynida IIVni boshqargan Po‘lat Bobojonovning ishdan olingan, jinoyatlar soni karrasiga oshgani e’lon qilingan va prezident korruptsiya bilan bog‘liq mavjud muhitdan noroziligini bildirgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

"Fuqarobay" ishlash tizimi

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning videomurojaati o‘tgan yillar davomida jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar qilinganini e’tirof etish va, bir vaqtning o‘zida, "hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham ko‘p" ekanini tan olish bilan boshlanadi.

U avvalo jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘lida belgilab olingan ishlarni sanab o‘tgan.

"Birinchidan, jinoyatlarning oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi. Endi barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilamiz".

Bosh prokurorning ma’lum qilishicha, endilikda, huquqbuzarliklar omillarini aniqlash ishlari xonadonlar va, hatto, fuqarolar darajasida amalga oshiriladi.

"… jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, "fuqarobay" ish tizimini joriy qilamiz", ma’lum qilgan Yo‘ldoshev.

Biroq u fuqarolarning jinoyat sodir etishga moyilligi qanday mezonlar asosida aniqlanishi rejalanayotganiga oydinlik kiritmagan.

"Ikkinchidan, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi", ta’kidlagan bosh prokuror.

Yo‘ldoshev bundan buyon "odamlarning tergov idoralarida sarson bo‘lishiga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha choralari ko‘rilishi"ni alohida urg‘ulagan.

Uning murojaatida korruptsiyaga qarshi kurash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan – bosh prokuror bundan keyin "prokuratura organlarining eng yuqori tizimidan quyi bo‘g‘inigacha, umuman, barcha kuch va vositalar korruptsiyaga qarshi kurashishga to‘liq safarbar qilinishi"ni ma’lum qilgan.

"Korruptsiyaga imkon berayotgan omillarni, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlargacha boramiz, har bir sohaga chuqur kiramiz", so‘z bergan Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror har bir fuqaroni "jonajon vatanni jinoyatdan, korruptsiyadan xoli, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shish"ga chaqirgan.

Norozi prezident

Jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘xshash murojaat va ta’kidlar O‘zbekiston yuqori doiralaridan ilk bor chiqayotgani yo‘q.

Prezident Mirziyoyev mart oyi boshida korruptsiyaga qarshi kurash masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan.

Unda O‘zbekiston yetakchisi o‘tgan vaqt davomida bu borada qilingan ishlar va erishilgan yutuqlarni sanab o‘tgan, ammo mavjud vaziyatdan qoniqmayotganini ham bildirgan.

Xususan, prezident Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytgan.

Prezident matbuot xizmati uning agentlik xodimlari "vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolganini qayd etgan"ini xabar qilgan.

Shuningdek, Mirziyoyev huquq-tartibot idoralari asosan korruptsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korruptsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralarni e’tiborsiz qoldirayotganini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda prezident bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi "korruptsiyaga qarshi ichki nazorat" tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga "halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish" vazifasini topshirgan.

"Korruptsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak", degan mamlakat rahbari.

U mazkur yig‘ilishda o‘z qo‘l ostidagi amaldorlarni korruptsiyaga qarshi kurashda namuna bo‘lish hamda "ortiqcha hashamat va dabdaba"dan voz kechishga buyurgan, "inomarkalar"dan voz kechib, milliy avtomobillarga o‘tishga ko‘rsatma bergan.

2024 yilda O‘zbekistonning Transparency International tashkiloti tayyorlaydigan Korruptsiyani his qilish indeksidagi o‘rnida oxirgi o‘n yillikdagi ilk salbiy o‘zgarish qayd etilgan – mamlakat bir ball yo‘qotib, reytingda keltirilgan 180 davlat ichida 121-o‘rinni egallagan.

Oy avvalida Ichki ishlar vazirligini 2017 yildan buyon boshqarib kelgan Po‘lat Bobojonov ishdan olingan va buning ortidan vazirlik tizimida qator kadrlar almashinuvi jarayoni bo‘lib o‘tgan edi.

Hukumat bu o‘zgarishlar sababini rasman izohlamagan, ammo Statistika agentligining so‘nggi ma’lumotlariga tayanilsa, mamlakatda jinoyatlar soni 2024 yilda 27 foizga, 2020 yildan buyon esa naq ikki karradan ortiq – 113 foizga oshgan.