You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Putin Rossiyasi kuchayib, Xitoy zaiflashsa, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga nima bo‘ladi? Video
- Author, Feruza Rahmon
- Role, bbc.com/uzbek
- O'qilish vaqti: 17 daq
Amerika Qo‘shma Shtatlarida qudratga Respublikachi Donald Trampning qaytishi mintaqada yangi xavotirlarni paydo qilmoqda. Endi Markaziy Osiyoning “geosiyosiy tuzoq”qa tushib qolishi ehtimoli shunchalik kuchayadimi? Manyovr qilish imkoniyati-chi, ortiq qolmaydimi?
- O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga yana qanday global tahdid xavf solmoqda - endi geosiyosiy tanglik yanada kuchayadimi?
- Amerika va saylov: Donald Trampni endi Putin ham tabrikladi, uni jasur odam dedi
- Amerika va saylov: O‘zbekistonliklarga endi Amerika eshiklari yanada ochiladimi yoki yopiladi?
- Karimovga yaxshi-yomon bo‘lgan Amerika yoki Mirziyoyev, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun kim prezident bo‘lgani yaxshi?
Endi nima bo‘ladi?
Bu galgi Amerika prezidentligi saylovi dunyoda geosiyosiy tanglik bu yaqin o‘n yilliklarda “misli ko‘rilmagan bir daraja”ga yetgan, hatto, yarim asrdan ko‘proq o‘tib, yadroviy urush xavfi yana kun tartibiga qaytgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini kuchayib borayotgan, xuddi shu urush fonida Rossiya Xitoyga, ikkovlon yana Markaziy Osiyoga tobora yaqinlashayotgan, Global Janubni jipslashtirib, ko‘pqutbli dunyo talabidagi da’vatlariga zo‘r berayotgan, buning ziddiga mintaqaga kollektiv G‘arbning diqqat-e’tibori ham kuchaygan, uni hamkorligining markaziga qo‘ygan, G‘azo misolida bo‘ladimi, Livan yoki Eron – Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashib, dastlab Isroil va Hamas o‘rtasida boshlangan qurolli nizoning endi butun mintaqaga sachrashi, katta urushga aylanishi ehtimoli tobora reallik kasb etib borayotgan bir fazoda bo‘lib o‘tdi.
Dunyoda geosiyosiy tanglik va iqtisodiy inqirozni kuchaytirayotgan bu urushlar so‘nggi Amerika prezident saylovida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan omillarga ham aylandi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bugungi global geosiyosiy tanglik ortida turgan yirik qurolli mojarolarga befarq emas, Rossiyaga qarshi urushi va mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi himoyasida Ukrainani har tomonlama qo‘llab kelayotgan eng yirik donor davlat, shu urush bilan kechayotgan uch yilcha vaqt ichida Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham Rossiya tahdididan rasman va oshkora ogohlantirishga o‘tgan, vakillarining tashriflarini faollashtirgan, mintaqada Rossiya va Xitoyga o‘zaro raqobatda bo‘lgan geosiyosiy o‘yinchi, boshqa tomondan, Isroilning yaqin ittifoqchisi, uning o‘zini muhofaza qilish huquqini oshkora himoya qilish barobarida Rossiya ham hali sobiq Sho‘rolar davridan buyon o‘zining manfaatlariga ega Yaqin Sharqda o‘zaro adovatda bo‘lgan tomonlar o‘rtasida vositachilik rolini bajarish harakatida bo‘lgan, o‘zining o‘rni va ta’siriga ega global qudrat.
5 noyabr kuni ikkinchi bor prezident etib saylangan Respublikachi Donald Tramp esa o‘zining ilk vakolati davrida Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yuvchi izolyatsionistik tashqi siyosati bilan tanilgan va bu galgi boshqaruvi xuddi shunisi bilan ham mintaqadagilari ilova dunyoning qator mamlakatlarida allaqachon xavotirlarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.
Dunyoning yetakchi nashrlarida Trampning g‘alabasi qay bir davlat uchun va nega muhim ekaniga oid xos tahlillarga ham turtki bergan.
Bu kabi xavotirlar esa, Trampning yana bir bor prezidentlik vakolati ijrosiga kirishishi Amerikaning bugun bo‘y ko‘rsatib turgan ana shu yirik qurolli mojarolardagi ishtirokiga yakun yasashi, ulardan chetga tortishi mumkinligi ehtimoliga asoslangan.
Tramp, deylik, o‘zining saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Ukraina urushiga bir kunda chek qo‘yishini aytib, ammo qanday qilib ekaniga hali-hanuz oydinlik kiritmagani buning Ukraina hududiy yaxlitligi evaziga bo‘lishi, bu kabi ehtimol esa, postsovet makonida Rossiya va Putin mavqeining yanada kuchayishiga oid qo‘rquvlarni paydo qilmay qo‘ymagan.
Boshqa tomondan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yana Trampning qudratga kelayotgani uning ilk boshqaruvi va rasmiy Pekin “bo‘lginchi”, deb ko‘ruvchi Tayvanь atrofidagi voqealarning so‘nggi rivoji misolida Xitoy bilan kamida savdo urushiga oid jiddiy qo‘rquvlarning ham kun tartibiga qaytishiga sabab bo‘lgan.
Bu ham Markaziy Osiyoda e’tiborga molik voqe’likka aylangan, voqealarning bu kabi rivoji mintaqa uchun nimani anglatajagiga oid savollar Amerika prezidenti saylovi ortidan kechgan sanoqli kunlarning o‘zidayoq O‘zbekiston ilova aksariyat mintaqa davlatlarida xos tahlillarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.
Amerika va saylov: Prezident o‘zgarsa, Ukraina, Yaqin Sharq va Xitoy nima bo‘ladi?
AQSh, Xitoy va Markaziy Osiyo
Xitoy Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birga dunyoning eng yirik ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi sanaladi, u ham o‘zining yadroviy arsenaliga ega, ammo, boshqa tomondan, eng yirik savdo hamkori aynan Amerika bo‘lgan davlat.
Boshqa tomondan, Xitoy bugun Markaziy Osiyoning eng yirik sarmoyachi va kreditorlaridan biri.
Aksar aholisi nisbatan kambag‘al mintaqada muhim o‘rin tutuvchi iqtisodiy va geoiqtisodiy qudrat.
Xitoy o‘zining umumiy qiymati milliardlab dollarlik yirik iqtisodiy va transport loyihalarini ham Markaziy Osiyoga bog‘lagan, dunyoning mintaqaga bunday tashabbuslar, Ukraina urushi fonida ularning o‘z mustaqilliklari tarixida ko‘rilmagan ulkan hamkorlik rejasi va yirik moliyaviy ko‘mak va’dasi bilan chiqqan yagona davlati.
Ukraina urushi fonida e’lon qilgan xuddi shu olamshumul rejasi endi Rossiyaning ziddiga mintaqada Xitoyning siyosiy ta’siri kuchayadi, degan talqinlarga ham zamin yaratgan.
Xuddi shu manzarada dunyoda bo‘y ko‘rsatib turgan mavjud geosiyosiy tanglik bir necha yilning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida ham allaqachon jiddiy xavotirlarga molik masalalardan biriga aylanib bo‘lgan.
O‘zbekiston bo‘ladimi yoki Qozog‘iston, mintaqaning eng yirik davlatlari liderlari shu qisqa vaqtning o‘zida bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri o‘z mintaqalarini ham chetlab o‘tmayotganligi, “murakkab sinovlarni boshlaridan kechirayotganliklari”ni rasman va oshkora e’tirof etishgacha borishgan.
Jumladan, O‘zbekiston prezidenti keskin geosiyosiy ziddiyatlar va global iqtisodiy inqirozning iqlim o‘zgarishi bilan birga o‘z mamlakati iqtisodi va aholisi daromadiga ta’siriga o‘zining e’tiborini qaratgan, ayniqsa, Yaqin Sharq mojarosiga xalqaro qonunchilik doirasida diplomatik yo‘lda yechim topishga undab, kattayu kichik minbarlardan bir emas, qayta, qayta da’vat bilan chiqqan.
Rasmiy Toshkentning Ukraina masalasida ham neytral mavqe’da ekani ko‘rilgan, orada "O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi, Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmasligi"ni ham rasman bayon qilgan.
Global iqlim o‘zgarishi ham Donald Trampning qudratga qaytayotgani fonida xalqaro miqyosda jiddiy xavotirlarga sabab bo‘layotgan yana bir muammo sifatida kun tartibiga qaytgan va allaqachon xos e’tibor topgan.
Respublikachi nomzodning ikkinchi bor prezidentlik vakolati ijrosiga kirishishi iqlim o‘zgarishiga qarshi olib borilayotgan va shundoq ham yetarlicha emasligi ta’kidlab, tanqidlarga tutib kelinayotgan chora-tadbirlarga zarba ekani aytiladi.
O‘zbekiston prezidenti esa, shu kunlarda Bokuda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro sammitda iqlim o‘zgarishini geosiyosiy tanglikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan bugungi kunning global tahdidiga qiyos bergan, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo uning oqibatlarini o‘tkir his qilayotganligini ta’kidlagan.
Geosiyosiy raqobat ostidagi mintaqa
Aholisi sakson milliondan ortuvchi Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, jiddiy ekologik muammolarga yuz tutgan, kuzatuvchilar nazdlarida, diniy radikalizm, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori, orada jangarilik muammosidan ham ziyon chekkan mintaqa bo‘ladi.
Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi aksaran qishloq xo‘jaligiga asoslangan, millionlab fuqarosi chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.
Rossiya ularning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan bittasi, eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori ham bo‘ladi.
Ammo geostrategik jihatdan muhim, Rossiya, Xitoy, Eron, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan, O‘zbeklari ilova turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan, jon saqlab kelayotgan va uch yildirki, muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmayotgan, ammo Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash imkoniyatiga ega Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.
Aholisining aksarisi musulmon, tabiiy energiya zaxiralari, uran bo‘ladimi yoki boshqa, strategik ahamiyatga ega turli noyob ma’danlarga boy, aynan Rossiya, Xitoy va AQSh misolida dunyoning global yadroviy, geosiyosiy, geoiqtisodiy va harbiy qudratlari, yillarki, o‘zaro raqobatda va manfaatlarini parvarishlash harakatida bo‘lgan, Ukraina urushi fonida ular o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat yanada kuchaygan, xuddi shu manzarada dunyoning eng yirik turkiy tilli davlati bo‘lgan Turkiya ham yangi o‘yinchi sifatida sahnaga kirib kelgan hudud.
Aynan so‘nggi yillarda o‘zaro geosiyosiy va geoiqtisodiy raqobatda bo‘lgan bu qudratlar barchasi tomonidan davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi rasman hamda oshkora qo‘llab-quvvatlanayotgan, Rossiya G‘arb tahdididan, G‘arb Rossiya tajovuzidan rasman va oshkora ogohlantirayotgan mintaqa.
Amerika prezident saylovining ertasigayoq Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining barchasi birdek Trampni g‘alabasi bilan rasman qutlashgani ham, ayniqsa, Ukraina urushi manzarasida chetda ham e’tibor tortgan, turli talqin va tahlillarga sabab voqe’likka aylangan.
Ularning hammasi o‘z tabriklarida “o‘zaro hurmatga asoslangan”, “manfaatli”, “teng”, “do‘stona” sifatlarida bo‘ladimi yoki “ko‘pqutbli” “yangi darajaga ko‘tariluvchi” – Donald Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikka umid bildirib qolishgan.
Tabriklarning ichida eng mufassali va ko‘p qirralisi esa, O‘zbekiston prezidenti ekani ko‘rilgan.
Shavkat Mirziyoyev Trampni tabriklash barobarida Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi saylangan Respublikachi prezidentini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga ham da’vat qilgan.
U O‘zbekiston AQShning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy pozitsiyasini ham yuksak qadrlashini ta’kidlagan.
Bu ham Markaziy Osiyo prezidentlarining Trampga yo‘llagan tabriklari manzarasida aynan Shavkat Mirziyoyevnikida ko‘pchilik o‘zining diqqatini qaratgan eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan.
Poytaxt Toshkentdan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor bayon qilgan.
Bu haqda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik sheriklik muloqoti haqidagi qo‘shma bayonotda aytilgan.
Bayonot tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, AQSh Davlat Kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov boshchiligida kecha, 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, xavfsizlik, inson huquqlari va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar forum maqomini kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarishga ham kelishib olishgan.
Donald Tramp Shavkat Mirziyoyev bilan bir vaqtda qudratga kelgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning ilk boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan “strategik sheriklikning yangi davri”ni boshlagan.
Aynan Trampning taklifi bilan O‘zbekiston prezidenti 2018 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘zining ilk rasmiy tashrifini ham amalga oshirgan.
Tomonlar o‘shanda bir tashrifning o‘zidayoq “strategik sheriklikning yangi davri”ni boshlaganliklarini e’lon qilishgan.
Donald Tramp esa, O‘zbekiston prezidentining bu tashrifini “tarixiy”, deb atashgacha borgan.
Prezident Mirziyoyev, shuningdek, o‘zining tabrigida Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash, uning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni ham Donald Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika tomoni bilan hamkorlikning muhim jihati sifatida tilga olgan.
Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Tolibon va Tramp
Donald Tramp Afg‘oniston Tolibon harakati bilan “tarixiy” bitimga erishgan birinchi AQSh prezidenti bo‘ladi.
Tramp ilk prezidentlik vakolatining so‘nggi yili, ya’ni 2020 yilda imzolangan xuddi shu bitim Afg‘onistonda AQSh va NATO boshchiligidagi xalqaro ittifoq kuchlarining yigirma yillik harbiy hozirligiga yakun yasagan.
Ammo, boshqa tomondan, mazkur kelishuv Afg‘oniston Tolibon harakatining yana qudratga qaytishiga ham yo‘l ochgan.
Uzoq yillik urushlar ichidagi mamlakat tin olgan esa-da, Afg‘oniston Tolibon tomonidan yana o‘zining Shar’iy qadriyatlari asosida boshqariluvchi Islomiy Amirlik, deb e’lon qilingan, inklyuziv emaslikda tanqid qilinuvchi va hali-hanuz dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan muvaqqat hukumatiga asos solishiga olib kelgan.
Tolibon muvaqqat hukumati oradan uch yil o‘tib ham, xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy shartlardan hech birini bajarmagan, inklyuziv hukumatga oid da’vatlarni ham bejavob qoldirgan.
Tolibonning qudratga qaytishi ortidan Afg‘onistonda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat esa, orada mamlakat "Yer yuzining jahannami"ga aylanishiga oid qo‘rquvlar ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Afg‘oniston yaqin-yaqingacha dunyoning asoslari O‘zbekistonga borib taqaluvchi O‘zbeklarniki ilova turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan va jon saqlab kelayotgan davlatlaridan biri emasmi, qo‘shnilaridagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning izdan chiqishi ehtimoli so‘nggi uch yil ichida yana mintaqa davlatlari barchasining birdek xavotiriga molik yana bir xavfsizlik muammosiga aylangan.
Tolibon qudratga qaytishi ortidan, Afg‘onistonda Amerika Qo‘shma Shtatlari boshchiligidagi xalqaro koalitsiya ham Yaqin Sharqda mavh etishda muhim o‘rin tutgan IShID jangari guruhining Xuroson qanoti qayta faollashgan.
IShID esa, o‘z vaqtida harbiy ekspertlar orasida dunyodagi eng yirik O‘zbek jangari guruh sifatida ko‘rilgan va ildizlari O‘zbekistonga borib taqaluvchi O‘zbekiston Islomiy harakati eng so‘nggida to‘lig‘icha bay’at keltirgan jangari guruh.
Afg‘onistondagi jangarilik 2000-yillar boshlarida O‘zbekiston ilova aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarining Vashingtonning “terrorga qarshi urushi”ga bosh qo‘shish, Rossiyaning ta’siri ostidagi mintaqada AQSh harbiy bazalariga joy berishlarigacha sabab bo‘lgan.
Ular Afg‘onistonda Tolibon qudratga qaytishi ortidan G‘arb nashrlarida AQSh o‘zining harbiy bazalarini qaytarish uchun muzokaralar olib borayotgan davlatlar qatorida ham tilga olinishgan.
Bayden ma’muriyati esa, o‘sha paytda Afg‘onistondan havo hududini buzib olib o‘tilgan AQSh aviatexnikasini ham O‘zbekistonda qoldirishga qaror qilgan, tomonlarning bu xususda hali-hanuz o‘zaro hamkorlikda ekanliklari ham anglashilgan.
O‘zbekiston va prezidenti aynan xavfsizlik omili tufayli hali qudratga qaytmasidan turib Afg‘oniston Tolibon harakati bilan muloqot yo‘lini tanlagan, chegaradosh qo‘shnisi bilan diplomatik aloqalarini uzmaslik, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga qaror qilgan.
Bu kabi mavqe’ni tutayotgan dunyoning sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.
Afg‘oniston, boshqa tomondan, dunyoning O‘zbekistondan keyin O‘zbeklar eng ko‘p sondagi yashovchi ikkinchi davlati bo‘ladi.
Uzoq yillik urushlar bois, aholisi bu yaqin o‘n yilliklarda rasman ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa-da, u yerdagi O‘zbeklarning soni turli manbalarda millionlarga nisbat beriladi.
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati ham Donald Trampning saylovdagi g‘alabasini bee’tibor qoldirmagan, muvaqqat tashqi ishlar vazirligi bu xususda bayonot bilan chiqqan.
“Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyat “AQSh-Tolibon munosabatlarida sezilarli taraqqiyotga erishish va o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish uchun real qadamlar tashlashiga umid qilayotganlik”larini aytgan.
Shunday ekan, voqealarning so‘nggi rivoji fonida Donald Trampning Amerika Qo‘shma Shtatlarida yana qudratga qaytishi O‘zbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi va Afg‘oniston uchun nimani anglatadi? Xuddi shu manzarada Ukraina, Rossiya, Xitoy va Yaqin Sharqning o‘zi uchun-chi?
Bi-bi-si xuddi ana shunday savol bilan qator mintaqaviy ekspertlar va o‘zining mazkur davlatlardagi muxbirlari baho va tahlillarini o‘rgandi:
Dosum Satpaev
Mintaqaviy siyosiy tahlilchi
Donald Tramp umuman olganda, mintaqa, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlari uchun kutilmagan, notanish shaxsiyat emas.
2016 yilgi to‘rt yillik prezidentligi vakolati davrida u Qozog‘iston rahbariyati bilan ham uchrashgan.
Ammo bu gal masalaning boshqa bir jihati bor. 2024 yilgi Amerika prezidenti saylovi 2020 yildagisidan farq qiladi.
Saylov, bir tomondan, Ukraina va Yaqin Sharq misolida ikki jiddiy qurolli mojaro fonida bo‘lib o‘tdi.
Keyin yana bir nuqta bu - AQSh va Xitoy o‘rtasidagi keskin tanglik.
Chunki demokratlar davrida ham AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar o‘nglanmadi.
Menimcha, Donald Tramp kelishi bilan AQSh manfaatlari qarama-qarshilik nuqtai nazaridan aynan Xitoyga ko‘proq yo‘naltiriladi.
Demokratlardan farqli o‘laroq, Ukraina mojarosi Donald Tramp uchun ustuvorlik kasb etmasligi aniq.
Bunda Markaziy Osiyo davlatlari uchun ma’lum xavflar bor, albatta.
Chunki Ukraina ikki minginchi yillardan beri tajovuzga faol qarshilik ko‘rsatib keladi.
Shuncha yildan beri Rossiyaning anchayin qudratli harbiy-siyosiy, axborot va iqtisodiy resurslarini o‘ziga jalb qiladi.
Shu tariqa Ukraina ma’lum darajada hatto boshqa mamlakatlarning barqarorligini ham ta’minlaydi.
Chunki Qozog‘istondagi ko‘pchilik, agar Rossiyaning stsenariysi amalga oshib, Kiev uch-to‘rt kun ichida qo‘lga kiritilganida, aytaylik, Putinning birlashtirish kontseptsiyasi nuqtai nazaridan keyingi nishon o‘zlari bo‘lgan bo‘lishlari mumkinligini yaxshi tushunadi.
Shuning uchun ham, Tramp davrida Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordamning qisqarishi, albatta, ma’lum salbiy oqibatlarga olib keladi.
Sababi, bu Ukraina harbiy qudratining zaiflashishiga sabab bo‘lishi va jang jabhasida muammolarni paydo qilishi mumkin.
Agar Rossiya mazkur mojarodan qaysidir ma’noda g‘olib bo‘lib chiqsa, u o‘zining mavqeini yanada mustahkamlashi xavfi yo‘q emas.
Chunki biz hatto urushga qaramay, Rossiya boshqa davlatlarni nazorat qilish harakatida ekaniga guvoh bo‘lib turibmiz.
Mana, Moldovada bo‘lib o‘tgan prezident sayloviga aralashuvni ko‘rdik. Yana, shuningdek, Gruziyadagi parlament saylovlarida Rossiyaning ta’sirini ko‘rdik.
(Moskva har ikki davlat misolida ham buni rasman rad etgan - tahr.).
Shu sababli, umuman olganda, hozirda Rossiya omili haqiqatan ham xavf tug‘dirayotgani ma’lum bo‘ladi.
Shuning uchun ham, menimcha, biz Trampning kelishini, birinchi navbatda, aytaylik, Ukrainaga qo‘llovning kamayishi va Xitoy bilan keskinlikning kuchayishi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishimiz kerak.
Bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun yana bir muammo. Chunki Xitoy xalqaro transport yo‘nalishlari ro‘yxatida, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida mintaqa davlatlari uchun muhim hamkor hisoblanadi.
Shu bois ham, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi har qanday keskin qarama-qarshilik, birinchidan, yanada qattiq savdo urushiga olib keladi.
Ikkinchidan, bundan ham yomonrog‘i, deylik, Vashington Markaziy Osiyo davlatlaridan Xitoy bilan kamroq hamkorlik qilish yoki betaraf mavqe’ni egallashni talab qilishi mumkin.
Buni, albattaki, Markaziy Osiyo davlatlari qila olishmaydi.
Yanada yomon ehtimol esa, Tayvanь atrofidagi qarama-qarshilikning AQSh, uning ittifoqchilari va Xitoy orasida jiddiy harbiy mojaroga aylanishi.
Bu holatda Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy tuzoqqa tushib qolishadi.
Chunki ular Rossiya va G‘arbga qarshi maveq’ni egallovchi Xitoy o‘rtasida bo‘ladilar. Va tabiiyki, bunday holatda Rossiya-Xitoy ittifoqi o‘zlariga qo‘shilishlari uchun Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazishadi.
Unda bizda hozirgidek manyovr qilish uchun biror bir imkoniyat qolmaydi, chunki bunday imkoniyat esa, halicha bor.
Shu bois, menimcha, joriy paytda Markaziy Osiyo davlatlari uchun har ikki – Ukraina va Xitoy faktori juda muhim. Demakki, ularni diqqat bilan kuzatib borishimiz lozim bo‘ladi.
Savol: Shunday ekan, kabi ehtimollar qarshisida Markaziy Osiyo davlatlari nima qila olishadi?
Geosiyosiy va geoiqtisodiy vazni nazarda tutilganda, Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro sahnada yirik o‘yinchilar emas.
Qila oladigan yagona narsa yaqindagina Bishkekda 11-sammitini o‘tkazgan o‘sha Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida bo‘lishi mumkin.
Ular bu shatranj taxtasida faqat Xitoy, yoki AQSh, yoki Rossiya hukmronligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun har qanday holatga qarshi allaqachon tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin edi.
Menimcha, aynan turkiy tilli davlatlarning faol birlashuvi, jipslashuvi, yanada qizg‘in iqtisodiy hamkorlik, umumiy bozorlar yaratish va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga borishlari ularni, ma’lum ma’noda, har qanday salbiy ehtimollardan himoya qila olishi mumkin bo‘ladi.
Alisher Ilhomov
Londondagi “Markaziy Osiyo Due Deligence” tahlil markazi direktori
Trampning saylovoldi tashviqoti paytida qilgan bayonotlari va undan oldin aytgan so‘zlariga ishonilsa, aftidan, Moskva bilan qandaydir yaqinlashuv bo‘ladi.
Ya’ni, bu Ukrainaga, uning manfaatlariga, hududiy suverenitetiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Chunki Tramp allaqachon qandaydir murosa yo‘lini izlashini aytgan.
Moskva o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketmaslik va ishg‘ol qilgan yerlarini qaytarib bermaslik mavqeida ekandek ko‘rinadi.
Uning ayni mavqei nazarda tutilsa, so‘z bu hududiy bosib olishlarni qonuniylashtirilishiga asoslangan tinchlik haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Agar Moskvaning pozitsiyasi shu tariqa kuchayadigan bo‘lsa, u bularning barchasini urushdagi o‘ziga xos g‘alabasi sifatida taqdim etishi va Kremldagi boshqaruvning legitimligini mustahkamlashi mumkin bo‘ladi.
Xuddi shu narsa Markaziy Osiyo davlatlariga bilvosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi, Vashington tomonidan qandaydir to‘g‘ridan-to‘g‘ri amallar emas.
Ya’ni, umuman olganda, bu saylovlardan foyda oluvchi Moskva, Kreml bo‘ladi.
Rossiya buning orqasidan global miqyosda, jumladan, postsovet makonida o‘zining mavqeini mustahkamlaydi. Bu birinchisi.
Ikkinchidan, Tramp har doim inson huquqlari masalasiga nisbatan sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lib kelgan.
Shu bois ham, Vashingtondan Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan ushbu masalada pozitsiyasi yoki bosimi susayishini kutishimiz mumkin.
Aslida so‘nggi paytlarda unday kuchli bosimning o‘zi ham bo‘lmagan.
Aftidan, xususan gender huquqlari masalasida qandaydir murosaga borilgan va deylik, O‘zbekiston ham bu borada muayyan yutuqlarga erishgan.
Ko‘rinishicha, bu Vashingtonni ham qoniqtirgan.
U nafaqat gender huquqlari sohasida, balki inson huquqlari masalalarida ham qandaydir murosaga intilmasligi mumkin.
Aytaylik, Vashingtonning ta’sirini kuchaytirish uchun geosiyosiy darajadagi ba’zi qarorlardan manfaatdor bo‘lishi va fuqarolik erkinliklari nuqtai nazaridan Markaziy Osiyoda sodir bo‘layotgan voqealarga panja orqasidan qarashi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, ha, qandaydir harakatlar bo‘ladi.
U qanday yechimlar izlaydi, mintaqamizda qanday strategik masalalarni hal qiladi, buni halicha bilmaymiz, hozircha Tramp bu mavzuda, postsovet hududi haqida hech narsa demadi.
Hatto Ukraina masalasi ham har ikki nomzodning saylovoldi dasturida qandaydir ikklamchi ahamiyat kasb etgandek ko‘rindi.
Ammo hozir biz, yuqorida aytganimdek, Moskvaning Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan mavqei va diktatining kuchayishini kutishimiz mumkin.
Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki, aytaylik, Transkavkazda, butun postsovet makonida.
Moskva juda Rus imperiyasini tiklash bo‘lmasa-da, postsovet makoniga nisbatan qandaydir ustuvor, ya’ni ularga qay bir ittifoqqa qo‘shilish-qo‘shilmaslik, xususan, NATOga kirmasliklarini talab qila olishi mumkin bo‘lgan xos huquqlarga ega bo‘lmoqchi edi.
Putin uzoq vaqtdan buyon G‘arbdan mana shunday murosa izlayotgandi.
Endi esa, u, aftidan, qandaydir yon berishlar evaziga Trampdan ana shunday kart-blansh olishi mumkin.
Lekin Tramp tinchlikka erishishini aytdi. Bu o‘zining diplomatik yutug‘ini beradi.
Umuman olganda, urush to‘xtatilishi mumkin.
Ammo u Ukrainaning hududiy yaxlitligi evaziga bo‘lishi ehtimoli bor.
Ko‘rinishidan, qolgan postsovet makoniga nisbatan ham taxminan xuddi shunday holatni kuzatish mumkin bo‘ladi.
Doktor Dovud A’zamiy
Bi-bi-si Jahon xizmati muharriri, xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati Donald Tramp boshqaruvi ostida Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro munosabatlarida “yangi sahifa” ochilishiga umid qilayotganini aytmoqda.
Tolibon va Tramp bir-birlarining yondashuvlari bilan qandaydir ma’noda tanish, shu jumladan, o‘zlari uchun nima muhim ekani borasida ham.
Ular Trampning ilk boshqaruvi davrida o‘zaro muloqotda bo‘lishgan.
Darhaqiqat, aynan Tramp 2018 yilda Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlagan.
Natijada 2020 yilning fevralida tomonlar o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilgan va bu AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqilishiga yo‘l ochgan.
Tolibonning yangi AQSh ma’muriyatidan o‘z umidlari bor.
Bu Afg‘onistonning chetda muzlatib qo‘yilgan aktivlarini ochish, moliyaviy cheklovlarni olib tashlash, Tolibon yetakchilarining ismlarini AQSh va BMT qora ro‘yxatidan chiqarish hamda Tolibonni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Boshqa tomondan, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston haqida gap ketganda, Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zining ustuvorliklari va manfaatlariga ega.
Jumladan, terrorchilikka qarshi kurash Amerika uchun shunday yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Tolibonning IShIDga qarshi amaliyotlari yoki ularning hech kimning AQShga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymaslik siyosati Trampning e’tiborida bo‘ladi.
Shuningdek, Tolibon va AQSh mahbuslarni ayirboshlash bo‘yicha muzokaralarni ham boshlashi ehtimoli ham yo‘q emas.
Chunki Tolibon bir qancha Amerika fuqarosini asirlikda ushlab turibdi va Tramp buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Ayni paytda Tolibon hukumati Tramp prezidentligi davrida ko‘proq bosim ostida qolishi mumkin.
Biroq AQShdagi ba’zi doiralarda qattiq undash va unga haddan ziyod bosim o‘tkazish Tolibonni Xitoy, Rossiya va Eron bilan yaqinlashtirishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.
Inson, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlari, Afg‘onistondagi Tolibonga aloqasi bo‘lmagan turli siyosiy guruh va harakatlarni ham o‘z ichiga oluvchi inklyuziv hukumat – AQSh o‘zining e’tiborini qaratishi kutilayotgan yana ikki soha bo‘ladi.
Lekin Tolibon Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qiladi va AQSh sarmoyasini Afg‘onistondagi turli sohalar, jumladan, konlar, foydali qazilmalar va mamlakat infratuzilmasiga taklif qiladi.
Umuman olganda, Tolibon hukumati Trampning Oq uyida yaxshiroq hamkor topishi va Tolibon bilan aloqalar kuchayishi mumkin.
Ukraina
Jeyms Uoterhaus, Bi-bi-sining Ukraina bo‘yicha muxbiri, Kiev
Tramp Ukraina frontining tin olishi deganimi?
“Trampning xatti-harakatlarini oldindan bashorat qilishga urinmang. Uning nima qilishini hech kim oldindan bilmaydi...”.
Ukrainalik deputatning bu so‘zlari Kiev to‘qnash kelib turgan siyosiy muammoni o‘zida ifodalaydi.
Trampning saylovdagi g‘alabasi bu yerda aksariyat tomonidan anchayin xavotir bilan qarshi olindi.
Chunki Amerika bundan keyin ham Ukrainani qo‘llaydimi yoki yo‘qligi ma’lum emas.
Respublikachi Tramp Ukraina urushini bir kunda tugatishga va’da bergan.
Amerikaning Ukrainaga harbiy yordamini to‘xtovsiz tanqid qilgan.
Endi esa, hammaning og‘zida uning nima qilishi mumkinligi.
“Tramp Putindan urushni muzlatishni so‘rashi mumkin va u bunga “Xo‘p”, deb javob beradi. Bu esa, eng yomon stsenariy bo‘ladi. Chunki bir necha yil o‘tib, Rossiya yana hujum qiladi va bizni yakson etishi mumkin”, - deydi jang jabhasidagi askar.
“Ikkinchi stsenariy esa, Putinning rad javob berishi ehtimoli. Tramp bunga radikal tarzda munosabat bildirishi mumkin. Bu yanada istiqbolli stsenariy”, - deya o‘z so‘zlarida davom etadi u.
Ukraina ehtimoliy mag‘lubiyatlari qarshisida Amerika bizni yana harbiy jihatdan qo‘llaydi, degan umidda.
Jang jabhasi yaqinidagi Rossiyaning tajovuzidan to‘yib ketganlar uchun esa, Tramp tin olishning bir imkoniyati.
O‘z vaqtida Tramp tomonidan “tarixdagi eng buyuk sotuvchi”, deb atalgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy uni birinchilardan bo‘lib saylovdagi g‘alabasi bilan qutladi.
U hamkorlik keltirishi mumkin bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Buning evaziga kurashni davom ettirish istagida ekanini aytdi.
Masalaning yana bir jihati bor. Tramp nafaqat Ukrainaga keyingi harbiy yordam, balki Shimoliy Koreyaning Rossiya bosqinida kuchayib borayotgan aralashuviga qanday yoki umuman javob berish, bermaslik masalasini ham ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.
Rossiya
Rossiya “muloqotga tayyor”
Putin Trampni “jasur odam” deb atadi
Rossiya prezidenti Donald Trampni g‘alabasi bilan Amerika prezident saylovidan ikki kun o‘tib, 7 noyabrda tabrikladi.
Putinning tabrigiga oid xabar matbuot voizining Rossiya prezidentining, “Trampni tabriklash rejasidami-yo‘qligidan o‘zining bexabar” ekanligini aytgan kunning ertasiga olindi.
Rossiya prezidenti Trampni Sochidan turib qutladi, uni “jasur odam”, deb atadi.
Putin prezidentligining ilk davrida Tramp “har tomondan ta’qibga uchragani”ni ham iddao qildi.
Rossiya prezidenti, shuningdek, Trampning Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berishi mumkinligi haqidagi da’vosi “hech bo‘lmaganda e’tiborga loyiq” ekanini aytdi.
O‘zining saylovoldi kampaniyasi davrida Tramp Ukraina urushiga bir kunda barham berishini qayta-qayta aytgan, ammo hech qachon buni qanday qilmoqchi ekani tafsilotlariga to‘xtalmagan.
“Donald Tramp bilan muzokaralarga hozirmisiz”, degan savolga Putin, “Biz tayyormiz, tayyormiz”, deb javob bergan.
Xuddi o‘sha kuni Tramp ham NBC News kanaliga, “Menimcha, gaplashamiz”, derkan, Rossiya bilan muloqotga shayligini bildirgan.
Kreml Donald Tramp ilk bor g‘olib chiqqan 2016 yilgi Amerika prezident sayloviga aralashganlikda ham ayblangan.
Ammo bu kabi ayblovlar rasmiy Moskva tomonidan rad etilgan.
11 noyabr kuni esa, Kreml Trampning o‘zini tabriklagan kuni Rossiya prezidenti bilan qo‘ng‘iroqlashib, Putinni Ukrainadagi urushni avj oldirmaslik bilan ogohlantirganiga oid xabarlarni rad etib chiqqan.
Ikki tomon o‘rtasidagi telefon muloqoti haqida yakshanba kuni Amerikaning nufuzli “Vashington Post” nashri ham xabar bergan.
Xabarlarga ko‘ra, Tramp Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida Amerikaning Yevropadagi keng harbiy ishtiroki masalasini ham tilga olgan.
Ammo Kreml matbuot voizi ayni mazmundagi xabarlarni “butkul to‘qima”, deb atagan.
Trampning jamoasi esa, Bi-bi-siga saylangan prezidentning “shaxsiy qo‘ng‘iroqlari”ga izoh bermasligini aytgan.
Xuddi shu xabarlar manzarasida Rossiya va Ukraina urush boshlanganidan beri eng yirik dron hujumlarini amalga oshirdi.
Xitoy
Si jahon sahnasida imkoniyat ko‘rishi mumkin
Lora Biker, Bi-bi-sining Xitoydagi muxbiri, Pekin
Xitoy Donald Trampning qaytishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Chunki uning prezidentligi yangi savdo urushiga sabab bo‘ladi, degan qo‘rquvlar bor.
Prezident sifatida Tramp $300 milliard dollardan ortiq Xitoy importiga bojlar joriy qilgandi.
Bu safar esa, u tariflar 60% dan oshishi mumkinligini aytdi.
Pekin, albattaki, bunga jim qarab turmaydi – javob qaytaradi.
Biroq Xitoy iqtisodi allaqachon pasaymoqda va uzoqqa cho‘ziluvchi yana bir savdo urushiga ro‘yxushlik bermasligi mumkin.
Trampning oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosati va keskin ohangi barqarorlikni afzal ko‘ruvchi Xitoy rahbariyati uchun boshog‘riq bo‘ladi.
Ammo qudrat va ta’sir uchun kurashda ba’zi tahlilchilar Xitoy uchun imkoniyatni ham ko‘rmoqda.
Bayden ma’muriyati Xitoyni jilovlash uchun so‘nggi to‘rt yilni Janubiy Koreya bo‘ladimi yoki Yaponiya, Filippin va Vьetnam – butun Osiyo bo‘ylab do‘stlik aloqalarini o‘rnatishga sarfladi.
Trampning “Birinchi navbatda Amerika”, deguvchi doktrinasi esa, uning ilk boshqaruvi davrida AQShni yakkalab, bu kabi ittifoqlarni zaiflashtirgandi.
U nozik diplomatiyadan ko‘ra bitimlar tuzishni afzal biladi va ko‘pincha Amerika do‘stligini pulga chaqadi.
Deylik, 2018 yilda u AQSh qo‘shinlarining uzoqroq qolishlari uchun Janubiy Koreyadan ko‘proq pul talab qilgan.
Bu yanglish emas, Xitoy AQSh ustun bo‘lgan dunyo tartibiga da’vat bilan chiqmoqchi.
Pekin allaqachon Global Janub bo‘ylab rivojlanayotgan iqtisodlar bilan ittifoq tuzishga ham ulgurgan.
Agar Osiyo va butun dunyoda Vashingtonning ta’siri susaysa, bu Xitoy prezidenti uchun g‘alaba bo‘lishi mumkin.
Yaqin Sharq
Isroil Trampning kim ekanini “yaxshi” biladi
Lyusi Uilyamson
Bi-bi-sining Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri, Quddus
Isroil Bosh vaziri Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan birinchilardan bo‘lib tabrikladi.
Binьyamin Netanьyahu bundan avval Trampni Isroilning Oq uydagi “eng yaxshi do‘sti”, deb ham atagan.
Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlarining Eron bilan yadroviy kelishuvidan voz kechib Isroilning iltifotini qozongan.
Shuningdek, u Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish orqali Amerikaning bir necha o‘n yillik siyosatini ham o‘zgartirgan.
Isroilning AQShdagi sobiq elchisi Maykl Orenning aytishicha, Trampning birinchi prezidentlik muddati Isroilga nisbatan “namunali” bo‘lgan.
Ammo, unga ko‘ra, “Donald Trampning kimligi va nimani himoya qilishi haqida juda aniq tasavvurga ega bo‘lishlari lozim”.
Sobiq elchining qayd etishicha, Tramp urushlarni qimmat deb biladi va Isroilni G‘azodagi urushni tezda tugatishga ham chaqirgan.
“Donald Tramp yanvar oyida lavozimini egallab, “bo‘ldi, urushni tugatish uchun bir hafta vaqtingiz bor”, desa, Netanьyahu buni hurmat qilishi kerak bo‘ladi.
Isroil harbiylari Falastinning Hamas guruhiga qarshi jang olib borayotgan G‘azoda esa, umidsizlik sabab, odamlar bugun ko‘p narsa istashmaydi.
Uyi vayron qilingan paytda ayoli va o‘g‘lidan ayrilgan Ahmadning aytishicha, “Tramp katta va’dalar bergan”.
“Umid qilamizki, u yordam beradi va tinchlik o‘rnatadi”, - deydi u.
Darbadarlikka yuz tutgan Mamduh uchun Amerika prezident saylovida kim g‘alaba qozonganining ahamiyati yo‘q.
U faqat kimdir o‘zlariga yordam berishini xohlaydi.
End of Telegram kanalimiz: