Tramp Markaziy Osiyo rahbarlaridan nima istaydi?

O'qilish vaqti: 4 daq

Qozog‘istondagi Kazinform axborot agentligi xabar qilishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaev bilan suhbatlashgan. Bu haqda Qozog‘istondagi Kazinform axborot agentligi xabar berdi.

Bundan oldin O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari Prezident Tramp Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan telefonda so‘zlashganlari haqida xabar tarqatdilar.

Kazinform xabar qilishicha, Qozog‘istonning "Xabar" telekanali muxbiri Prezident Trampdan Qozog‘istonga safarni rejalayotgani-rejamalayotgani haqida savol bergan.

"Siz Qozog‘iston haqida nima deb o‘ylaysiz? Siz ushbu Markaziy Osiyo mamlakatiga tashrif buyurasizmi?", deb so‘radi Qozoq jurnalisti.

"Mumkin. Men u(Qozog‘iston Prezidenti Toqaev) bilan zo‘r suhbatlashdim. Unga salom ayting! U yaxshi odam", dedi Prezident Tramp.

Ikki mamlakat rahbari o‘rtasida muloqot bo‘lgani haqida Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar bergani yo‘q.

2024 yil 5 dekabrida Prezident Toqaev Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilgan, uni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklagan edi.

Shu yil iyulida Prezident Toqaev Prezident Trampning Qozog‘iston tovarlariga 25 foizlik boj joriy etish qaroriga munosabat bildirib javob maktubi yo‘llagan, savdo muammosida murosaga kelishlariga umid bildirgan.

1 avgustdan Tramp Qozog‘iston eksportiga bojni oshirish qarorini ma’qulladi, Ostona AQSh bilan muzokaralarni boshlagani haqida xabar qildi.

O‘zbekiston matbuoti xabar qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Tramp 5 sentyabr kuni telefonda so‘zlashganlar.

Prezidentlar ustuvor yo‘nalishlardagi biznes loyihalarni, ham savdo-sotiqni, ham C5+1 formatida AQSh-Markaziy Osiyo hamkorligini ko‘paytirish masalalarini muhokama etganlar.

"O‘zbekiston va AQSh prezidentlari telefon muloqotida strategik sheriklik va hamkorlikni muhokama qildilar. Suhbatda o‘zaro savdo aylanmasi 2024 yilda 15 foizga oshgani qayd etildi va biznes, energetika, texnologiya hamda ta’lim sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi", deb yozdi Times.uz Telegram kanali.

Tahlilchilar Prezident Trampning Markaziy Osiyoning ikki yirik mamlakati rahbarlari bilan muloqoti yuz bergan vaqtga e’tibor qaratadilar.

Shu yil yanvarida ikkinchi prezidentlik vakolatiga kirishgan Donald Tramp saylovoldi kampaniyalarida Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan, oradan sakkiz oy o‘tganidan keyin bu bajarish oson ish emasligini tan olgan.

Prezident Tramp Prezident Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirish bilan uni Ukraina urushini to‘xtatishga ko‘ndirishiga umid qilgan, biroq Alyaskadagi yuzma-yuz uchrashuvdan keyin "Putinning urushni to‘xtatish niyati yo‘q" degan to‘xtamga kelgan.

Ammo Oq Uy rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, u hamon Putin bilan munosabatlarini yomonlashtirishni istamaydi.

Prezident Tramp Prezident Mirziyoyev va Prezident Toqaevdan Putinni urushni to‘xtatishga ko‘ndirishda vositachilik qilishlarini so‘ragan bo‘lishi mumkinmi?

Janob Tramp tabiatini bilguvchilar ushbu ehtimolni istisno etmaydilar.

Rossiya Ukraina urushini boshlab, Yevropa va Bayden rahbarligidagi AQSh oldingi ma’muriyati sanksiyalariga duch kelgan, neft va gaz savdosi kamayib borayotgan vaqtda MDH rahbarlari muntazam uchrashib kelayaptilar, 9 maydagi Qizil Maydondagi harbiy paradda qatnashib keladilar.

Ukraina bosqinini qoralamagan Toshkent va Ostona Rossiya bosib olgan DXR, LXRlarni ham tan olgani yo‘q.

Prezident Putin Alyaska uchrashuvidan ham oldin, Tramp bilan muzokarasidan ham keyin ham Markaziy Osiyo rahbarlariga hisobot berdi.

Shu kunlarda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Markaziy Osiyo rahbarlari Xitoyda uchrashdilar, Shanxay tashkiloti, Ikkinchi Jahon urushidagi Xitoy g‘alabasining 80 yilligi harbiy paradlarida birga ishtirok etdilar.

Urushdagi g‘alabasi uchun "Amerikaga Xitoy rahmat aytsin" degan Tramp Si Szinpindan bu rahmatni ololmadi, "Xitoy bilan Hindiston nega Amerikaga qarshi til biriktirayapsizlar", deya yozg‘irdi ijtimoiy tarmoqlardagi postida.

Xitoyga safari yakunida Prezident Putin, to‘plangan rahbarlardan biror kishi AQShning joriy rahbariyati haqida bir og‘iz ham yomon so‘z aytmadi, dedi.

7 sentyabr kuni Rossiya poytaxt Kivedagi Ukraina binolariga hujum qildi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, bu 2022 yil 24 fevralida urush boshlanganidan buyongi eng qattiq havo bombradimoni bo‘lgan - bir kechada 13 raketa, 810 dron bilan hujum qilingan.

Hujum oqibatida to‘rt inson, shu jumladan, ona va bola halok bo‘lgan.

"Bu vaziyatdan mamnun emasman. Bu holat menda tashvish uyg‘otayapti. Masalaning qiziq jihati - vaziyat bizning askarlarimizga bevosita ta’sir qilmaydi, ammo har hafta Ukraina va Rossiya urushida taxminan 70000 askar halok bo‘layotgani insoniyat uchun juda katta yo‘qotish. Bu juda achinarli. Shuning uchun men bu jarayonlardan mamnun emasman. Ammo ishonchim komilki, bu masala hal qilinadi. Rossiya–Ukraina mojarosi yakunlanadi, biz buni amalga oshiramiz va bunga erishishimizga ishonchim komil", dedi Prezident Tramp.

U Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar bilan tahdid qildi.

Ammo Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, biror bir sanksiya Rossiyani "prezidentimiz takror-takror aytib kelayotgan muntazam mavqe’sini o‘zgartirishga majburlolmaydi", dedi.