Toshkent ayollar uchun qanchalik xavfsiz? – jinsiy tazyiq, ijtimoiy kamsitish va maishiy zo‘ravonliklar haqida

O'qilish vaqti: 4 daq

"Shilqimlik va yomon ko‘z bilan qarashlar hali ham tez-tez bo‘lib turadi. Lekin bular haqida endi gapirmayman," deydi Malika opa. "Erim noto‘g‘ri tushunadi, begona erkakning oldida nima qilib yurganding, deydi". Toshkent ayollar uchun qanchalik xavfsiz shahar?

Malika opa (ism o‘zgartirilgan) Toshkentdagi mahallalardan birida oziq-ovqat mahsulotlari sotadi.

7 oylar avval qo‘shni erkak unga shahvoniy shilqimlik qilgan.

Malika opa bu haqida eriga aytishni afzal bilgan.

Biroq, ayni shu suhbatdan keyin oilada kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Butun oila uni yengil tabiatlikda ayblagan.

Qanchalik xavotirli bo‘lmasin, ko‘pchilik o‘zbek oilalarida maishiy zo‘ravonlik turmush tarzining bir qismi o‘laroq qabul qilinadi.

Biroq, vaqt o‘tgan sayin ayollar bilan bog‘liq vaziyat tashvishli tus olayotgani haqida xabarlar ko‘paymoqda.

Ko‘cha-ko‘y va jamoatchilik orasida tug‘iluvchi xavf xotin-qizlarni nafaqat erkin ishlash va yashash imkoniyatidan, balki fundamental ijtimoiy munosabatlardan ham ajratib qo‘yishi mumkin.

Kech kirishi bilan ko‘pchilik ayollar yolg‘iz ko‘chaga chiqa olmaydi. Ko‘chalar qorong‘i. Chekka hududlarda esa xavfsizlik xizmati juda kam uchraydi. Ish beruvchi kompaniyalar tungi smenalar uchun ayol xodimalarni olishdan manfaatdor emas.

O‘qish joylarida erkak professorlar bilan suhbatda bo‘lish doim ham xavfsiz kechmaydi. Talaba xotin-qizlar jinsiy qoniqish manbai sifatida qaralishdan yozg‘iradi. Ayni shu shilqimlik ortidan universitetdan ketgan yo o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan talaba qizlar hikoyasi vaziyat naqadar xavotirliligini ko‘rsatadi.

Jinsiy munosabatlar endigina kurtak yoza boshlagan O‘zbekistonda bu mujda haminqadar yangi tuyilsada, bir savol ochiq qoladi: O‘zbekiston shaharlari, jumladan, poytaxt Toshkent ayollar uchun qanchalik xavfsiz?

Qadriyatmi yoki ehtiyoj?

Yaqin-yaqingacha O‘zbekistonda shahvoniy shilqimlik uchun hech qanday javobgarlik belgilanmagan edi.

Jinsiy tazyiqlar haqida oshkora gapirish bir tomondan ijtimoiy qarshilikka uchragan bo‘lsa, boshqa tomondan ushbu jinoyat uchun hech qanday jazo turi mavjud emasdi.

2023 yil apreliga kelib shahvoniy shilqimlik uchun qat’iy jazo tadbirlari ijroga ko‘chirildi.

Birgina 2024 yilning dastlabki 3 oyida esa 318 nafar kishi shahvoniy shilqimlik qilgani uchun sudlangan.

Bu raqamlar jamoatchilikka ma’lum statistika, xolos. Ko‘pchilik hollarda bu mavzuda ochiq gapirishdan istihola qilinadi.

Shu sababdan, jinoyatlarning juda ko‘pi davlat idoralariga yetib bormaydi. Asl vaziyat bundanda jiddiy bo‘lishi mumkin.

Malika opa ham ayni shu "yopiq" ijtimoiy qadriyatlar qurboniga aylangan edi.

"Men qo‘shnimiz ustidan ariza qilaylik dedim. Ammo, erim va qaynonam ko‘nmadi. Uyat bo‘ladi deyishdi. Yuz bergan voqeada esa meni ayblashdi. Men bir ayol sifatida hech nima qilmagan edimku, o‘z ishim bilan edim," deydi u qo‘shni erkak bilan yuz bergan voqea bosti-bosti qilinganidan e’tiroz bildirib.

"Hozir ham bu mavzuda gapirayotganimni bilishsa, aniqki, kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Lekin men kabi ayollar juda ko‘p."

Jinsiy tegajog‘lik bo‘yicha batafsil ma’lumotlar O‘zbekistonda jamoatchilikka ochiq taqdim etilmasada, ayollarning ba’zilari hatto ish va o‘qish joylarida ham o‘zlarini xavfsiz his qilmasliklarini aytishadi. Ko‘p hollarda ayollarga nisbatan jinsiy qoniqish manbai sifatida muomala qilinadi.

Xususan, ko‘pchilik ayollar kechki sayr uchun biron erkak safdosh bilan chiqishni afzal ko‘radi. Bu diniy yoki an’anaviy sabablardan emas, aksincha, ehtiyojdan kelib chiqishini ta’kidlaydi ular.

"Ayollar uchun kechki 10 dan keyin ko‘chaga chiqish yaxshi emas. Xavfsiz emas. Menda qandaydir ehtiyoj tug‘ilsa, albatta, erim bilan chiqaman. Erim bo‘lmaganda esa uyda o‘tirishni afzal bilaman," deydi ulardan biri.

Tunda uydan chiqmaslikni yoqlovchi ayollarning ko‘pchiligi bu ularning shaxsiy qarorlari ekanligini urg‘ulaydi. Ular buning sababini ehtimoliy o‘g‘rilik, tamagirlik yoki jinsiy tazyiqlarga bog‘lashadi.

Biroq, ba’zi holatlarda esa ayollarga nisbatan ruhiy bosimlarni ham uchratish mumkin.

Jumladan, jurnalist Inobat Axatova 2023 yilning noyabrь oyida Toshkentdagi kafelardan biriga kiritilmagani haqida yozgan edi.

Sabab esa haqiqatan muammoli — kafe xodimlari tungi 22:30 dan keyin ayollar qabul qilinmasligini aytishgan.

Vaholanki, O‘zbekistonda jinsga ko‘ra ajratib, muomalada bo‘lish qonunan taqiqlanadi.

Erkaklarni jazolash kerakmi yoki ayollarni "jilovlash"?

Garchi shahvoniy shilqimlik uchun jazo choralari belgilab berilgan esada, mahalliy matbuot sahifalarida shilqimlikni tavsiflovchi yangiliklarni tez-tez uchratish mumkin.

Shahvoniy shilqimlikni targ‘ib qiluvchi ijtimoiy kontentlar ham o‘zbek jamoatchiligi uchun yangilik emas.

Ehtimol, vaziyat belgilangan jazo choralarining yengilligidadir.

Sababi, shahvoniy shilqimlik uchun eng og‘ir jazo bu 15 sutka qamoq jazosi, xolos.

Taqqoslash uchun, Shvetsiyada shahvoniy shilqimlik uchun 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Gender faollarining fikrlariga ko‘ra, jinsiy tazyiqlarga barham berishning eng yaxshi usuli ham jazo choralarining kuchaytirilishidir.

Biroq, odamlar orasida jins bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo normalarini oshirishdan ko‘ra ayollarning ijtimoiy faoliyatini cheklash kerakligini urg‘ulaydiganlar ham yo‘q emas.

Ularning fikricha, shahvoniy shilqimlikning yuz berishida birlamchi omil ayollarning o‘zi.

Xotin-qizlar jamoat joylarida kam ko‘rinishi kerak, deya ta’kidlaydi ular.

Vaholanki, O‘zbekiston qonunchiligi har bir shaxsning yashash huquqini kafolatlashga qaratilgan.

Joylardagi nazorat postlari esa fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash uchun. Har qanday tazyiqqa nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi belgilangan.

Umuman olganda, xavfsizlik uchun zarur barcha sharoitlar qilingan. Biroq, poytaxt Toshkentda ayrim ayollar hanuz xavotir sezishlarini aytadi.

Quyosh ufqqa og‘ib, soat kechki 6 ga yaqinlashar ekan, Malika opa ham do‘konni yopib, uyga qaytadi.

"Shahar qachon xavfsiz bo‘ladi? Siz o‘zingizni himoya qilolganingizda," deydi u.