You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston va dunyo: Pardozingiz qanchalik xavfli?
- Author, Nozanin Mo‘’tamidiy
- Role, BBC World Service
- O'qilish vaqti: 5 daq
Rostini ayting: oxirgi marta qachon pardoz mahsulotlaringizning yaroqlilik muddatini tekshirgansiz? Muddati o‘tgan pardoz vositalari teringizga zarar yetkazishi yoki hatto salomatligingizni xavf ostiga qo‘yishi mumkinmi?
Pardoz cho‘tkalaringizni qanchalik tez-tez yuvasiz? Do‘stingizning kiprik bo‘yog‘ini qarzga olganmisiz yoki do‘konda lab bo‘yog‘ini sinab ko‘rganmisiz? Pardoz sumkangizdagi qaysi buyum eng ko‘p bakteriyani o‘zida saqlaydi – kiprik bo‘yog‘i, ko‘z qalami, gubka yoki cho‘tkalarmi?
Tan olishim kerak, pardoz vositalarimni tozalash yoki yaroqlilik muddatini tekshirishga unchalik e’tibor bermaganman. Shu sababli, ularni sinovdan o‘tkazishga qaror qildim – Buyuk Britaniyadagi London Metropolitan universiteti tadqiqotchisi mikroskopi ostida.
Tadqiqotga Insonni o‘rganish ilmlari maktabining Biologiya fanlari bo‘yicha katta o‘qituvchisi doktor Mariya Pilar Boti-Salo rahbarlik qildi. U 70 dan ortiq muddati o‘tgan ko‘z qalamlari, kiprik bo‘yoqlari, lab yaltiratgichlar, pomadalar, shuningdek, pardoz cho‘tkalari va gubkalar (jumladan, menikini ham) ustida laboratoriya tahlilini o‘tkazdi.
Namunalar ajratib olinib, agarli plastinkalarga joylashtirildi. Keyin ularda yashiringan narsalarni oshkor qilish uchun inkubatsiya qilindi.
Mening pardoz vositalarim qanchalik ifloslangan ekan?
Namunalarimdan olingan agarli plastinkalardagi bakteriya koloniyalari hayratlanarli darajada katta edi.
"Ko‘z qalamingiz eng ifloslangan namuna bo‘lib chiqdi. Unda boshqa pardoz vositalaringizga qaraganda ancha ko‘p bakteriyalar aniqlandi," – dedi doktor Boti-Salo. Uning aytishicha, bu qalam teridan bakteriyalarni, jumladan, stafilokokkni, qovoqqa tekkanda yig‘ib olishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Men, odatda, pardoz sumkamni vannaxonada saqlayman va ko‘pincha ko‘z qalamini ishlatganimdan so‘ng, bir necha daqiqa davomida qopqog‘ini yopmasdan qoldiraman.
"Ha, sababi shu bo‘lishi mumkin, – dedi doktor Boti-Salo. – Agar u atrof-muhitdan namlik olsa, bu mikroorganizmlar ko‘payishini tezlashtirishi mumkin. Shuningdek, tadqiqotdagi boshqa namunalarda, jumladan, cho‘tkalar, gubkalar va kiprik bo‘yoqlarida ham stafilokokk topdik."
Stafilokokk bir qator kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin – yengil ta’sirlanishdan tortib, kon’yunktivit va impetigo kabi jiddiyroq infektsiyalargacha.
Xo‘sh, nega ko‘z qalamidan ko‘p marta foydalanganimga qaramay, bu kasalliklarning hech biri menda kuzatilmagan?
Doktor Boti-Salo tushuntirdi: "Agar teringiz butun bo‘lsa, bu kuchli to‘siq vazifasini o‘taydi va hech narsa bo‘lmasligi mumkin. Biroq, agar sizda kesik, ko‘karib qolgan joy yoki teringizda yara bo‘lsa, aynan shu joyga bakteriyalar kirib, zarar yetkazishi mumkin. Agar kimningdir immuniteti zaif bo‘lsa, bu [ham] xavf tug‘dirishi mumkin."
Qo‘lni yuvish muhim
Pardoz qilishdan oldin qo‘lingizni yuvasizmi? Qo‘llar infektsiya tashuvchi bo‘lishi mumkin va gigiena qoidalariga rioya qilinmasa, bu mikroblar go‘zallik mahsulotlariga o‘tish xavfi bor. Bu, ayniqsa, ko‘z soyasi, lab malhamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llarimiz bilan qo‘llashda kuzatiladi.
Doktor Boti-Salo hayratlanarli ma’lumotlarni aniqladi. "Ba’zi mahsulotlarda odatda ichaklarda uchraydigan Enterobacter cloacae bakteriyasini topdik, – deydi u. – Bu qo‘llar yaxshi yuvilmagani yoki hatto hojatxonadagi suvning sachrashi natijasida najas bilan ifloslanish belgisidir."
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, unitazda suv oqizilganda bir necha soniya ichida balandligi 2 metrgacha yetadigan aerozol tomchilar chiqishi mumkin. Bu tomchilarda ana shu bakteriyalar bo‘lishi ehtimoli bor. Shuning uchun, agar sizning pardoz mahsulotlaringiz bu masofada bo‘lsa, ular bakteriya bilan ifloslanishi mumkin.
Bu bakteriyaning ba’zi turlari xavotirli, chunki ular siydik va nafas yo‘llari infektsiyalari, osteomielit va endokardit kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Oldingi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, najas bilan ifloslanish bilan bog‘liq ichak tayoqchasi (E. coli) pardoz mahsulotlarida yashab qolishi mumkin. Bu mahsulotlar yuz va ko‘zga yaqin joyda ishlatilishini hisobga olsak, juda xavotirli holat.
Metropolitan universiteti tadqiqot guruhi kosmetika mahsulotlaridan Kandida deb nomlangan zamburug‘ni ham topishdi. Agar bu zamburug‘ teriga o‘tsa, qin kandidozi yoki og‘iz kandidozi kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Birmingem shahridagi Aston universitetida 500 ga yaqin kosmetika mahsuloti ustida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadqiqot ko‘rsatdiki, odamlar foydalanadigan kosmetikaning 79-90 foizida qandaydir parazit, bakteriya yoki zamburug‘ turi mavjud. Ular xavfi kam bo‘lgan bakteriyalardan tortib, o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan ichak tayoqchalarigacha bo‘lgan turlardir.
Yetakchi tadqiqotchi doktor Amrin Bashir shunday deydi: "Ishlatilgan kosmetika vositalardagi bakteriyalar ifloslanishni ko‘rsatsa-da, ular sezilarli infektsiya xavfini tug‘dirmaydi. Infektsiya yuqishi uchun kesiklar, shilliq pardalar yoki yutish kabi yo‘llar ham bo‘lishi kerak. Yaxshi gigiena, jumladan, buyumlarni yuvish va dezinfektsiya qilish, yaroqlilik muddati o‘tgan vositalarni yo‘q qilish har qanday ehtimoliy xavfni yanada kamaytirishi mumkin."
Yaroqlilik muddati ahamiyati
Yaroqlilik muddati muhim, chunki u mahsulot tarkibidagi konservantlar qancha vaqt davomida mikroblar ko‘payishiga samarali to‘sqinlik qila olishini ko‘rsatadi. Tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar ochilgandan so‘ng ayniqsa tez ifloslanadi, chunki ular bakteriya va zamburug‘lar o‘sishi uchun qulay muhit yaratadi.
Mahsulotga qarab, yaroqlilik muddati ochilgandan keyin 3 oydan 12 oygacha bo‘ladi.
"Agar mahsulotning yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, uni uch oydan keyin yoki ifloslanishi mumkinligi ma’lum bo‘lishi bilanoq, masalan, polga tushib ketganida yoki boshqalar foydalanganida, ifloslanish xavfini kamaytirish uchun tashlab yuborish kerak," deydi doktor Bashir.
"Agar iste’molchilar pardoz vositalarining muddati o‘tgan-o‘tmaganini aniq bilolmasa, mahsulotni almashtirib qo‘ygan ma’qul," deya qo‘shimcha qiladi u.
Eng xavfli vositalar va ulardan qanday saqlanish kerak?
London Metropolitan universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, ifloslanish darajasi va mikroorganizmlar xilma-xilligi yuqori bo‘lgan vositalar tush va tonal asos bo‘lib, eng xavflilari suyuq tonal asosni qo‘llash uchun ishlatiladigan cho‘tka va gubkalardir.
"Suv miqdori yuqori bo‘lgan buyumlar, masalan, gubka va cho‘tkalarda mikroorganizmlar ko‘proq yashaydi, – deydi doktor Boti-Salo. – Bizning tadqiqotimiz faqat muddati o‘tgan pardoz mahsulotlari va ishlatilgan applikatorlarga asoslangan."
Doktor Boti-Salo ehtimoliy ifloslanish oldini olish uchun quyidagi maslahatlarni beradi:
– Pardoz qilishdan oldin qo‘llaringizni yuving.
– Do‘konlardagi namuna pardoz vositalaridan foydalanmang. Bu vositalardan foydalangan odamlar qo‘llarini oldindan yuvgan-yuvmaganini bilmaysiz.
– Gubka, cho‘tka kabi buyumlarni issiq suv va sovun bilan muntazam tozalab turing, ularni albatta yaxshilab quriting. Qimmatbaho vositalarga hojat yo‘q. Bakteriya va aerozollar ta’siri oldini olish uchun ularni alohida kichik xaltachada saqlashdan oldin havoda to‘liq quriting.
– Pardoz vositalarini saqlash uchun eng noqulay joy – vannaxona, chunki u nam va qorong‘i.
– Tonal asoslar, tush va ko‘z qalami qopqog‘i yopilgan holda saqlanishi kerak. Bu havodagi mikroblar va chang zarralari buyumlarga o‘tirib qolishi oldini oladi.
– Yaroqlilik muddatiga e’tibor bering. Har bir pardoz mahsulotini qachon tashlab yuborish kerakligini eslatib turish uchun unga eslatma yopishtiring.
– Pardoz vositalaringizni boshqalarga bermang.
Agar immunitetingiz zaiflashgan bo‘lsa, yanada ehtiyotkor bo‘lishingiz kerak, deydi doktor Boti-Salo.