Tibetda halokatli zilzila, Trampga sud hukmi o‘qiladi, AQShda qattiq qish va Kanada Bosh vaziri iste’foga chiqmoqda

Surat manbasi, Reuters
Tibetdagi zilzilada 100 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Tramp advokatlarining iltimosiga qaramay, unga sud hukmi o‘qiladi. AQShda qattiq qish insonlar umriga zomin bo‘ldi. Kanada Bosh vaziri iste’foga chiqmoqda.
Tibetning baland tog‘li tumanlaridan birida sodir bo‘lgan kuchli zilzila kamida 95 kishining umriga zomin bo‘ldi, 130 kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda Xitoy OAV. Yer silkinishlari natijasida ko‘plab binolar qulagan.
Xitoy seysmologik tarmoq markazi (CENC)ning ma’lum qilishicha, Xitoyning Nepal bilan chegarasi yaqinidagi Tibet avtonom tumanida mahalliy vaqt bilan soat 9:00 atrofida 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan.
AQSh Geologik xizmati (USGC) Tibetning eng muqaddas shaharlaridan biri hisoblangan Shigatse shahridan 177 km janubi-g‘arbda 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Bu Tibet buddizmining asosiy namoyandalaridan Panchen Lamaning an’anaviy qarorgohi bo‘lib, uning ruhiy qudrati Dalay Lamadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Yer silkinishlari Nepal poytaxti Katmandu va Hindistonning ayrim hududlarida ham sezilgan.
"Tingri okrugi va uning atrofidagi hududlarda juda kuchli silkinishlar sodir bo‘ldi, epitsentr yaqinidagi ko‘plab binolar qulab tushdi", - deya xabar berdi CCTV davlat telekanali.
Voqea joyidan olingan suratlarda vayron bo‘lgan uylar va har yerga sochilgan bo‘laklarni ko‘rish mumkin.
Tabiiy ofat hududida energiya va suv ta’minoti uzilib qolgan.
Sudya Trampning "og‘izni yopish" ishi bo‘yicha hukmni kechiktirmaydi

Surat manbasi, Getty Images
Nyu-York sudyasi juma kuni o‘qilishi kerak bo‘lgan prezidentlikka saylangan Donald Trampning jinoiy ishi bo‘yicha hukmni kechiktirmaydi.
Hakam Xuan Merchan Trampning bu boradagi dalillari "asosan o‘tmishda bir necha marotaba keltirilgan dalillarning takrorlanishi" bo‘lgani uchun hukm jarayoni davom etishini aytdi.
Sud hujjatlarida Trampning advokatlari "boshidanoq noto‘g‘ri bo‘lgan va siyosiy motiv bilan qo‘zg‘atilgan bu ishni bekor qilish"ni talab qilishgandi. Uning advokatlar guruhi ishni appelyatsiya sudida ko‘rib chiqishga harakat qilmoqda.
Tramp may oyida 34 ta jinoiy ayblov bo‘yicha aybdor deb topilgan, bu uni jinoyat sodir etgan birinchi sobiq prezidentga aylantirgan.
"Jinoyat ishi bo‘yicha jarayonlarni, jumladan, 2025 yil 10 yanvarga belgilangan hukm o‘qishni to‘xtatish haqidagi himoyachilarning iltimosi rad etildi", deb yozdi sudya Merchan dushanba kuni.
Ayblovlar Trampning porno film yulduziga jim yurish evaziga bergan 130 ming dollarlik to‘lovini yuridik xarajatlar sifatida ko‘rsatishga uringanligi bilan bog‘liq.
Tramp aybini tan olmadi va jinoyat sodir etmaganini aytdi. Uning advokatlari appelyatsiya arizasi sud jarayonlarini to‘xtatishi kerakligini ta’kidlashdi.
2024 yilgi prezidentlik saylovi va Trampning prezidentlik daxlsizligi asosida ishni bekor qilishga urinishlari tufayli hukmni chiqarish bir necha marotaba kechiktirildi. Sudya Merchan dekabr oyida daxlsizlik haqidagi dalillarni rad etdi.
3 yanvarь kuni sudya Merchan Tramp 20 yanvarda lavozimga kirishishidan oldin hukm chiqarilishi haqida qaror qabul qildi. Ammo prezident etib saylangan Trampga nisbatan qamoq jazosi qo‘llanmasligini aniq bayon qildi.
Besh kishi halok bo‘ldi: qishgi kuchli bo‘ron AQShning katta qismini qamrab oldi

Surat manbasi, Getty Images
AQShning katta qismida kuchli qish bo‘roni sababli besh kishi halok bo‘ldi, bu maktablarning ommaviy yopilishiga, transport xaosi va elektr ta’minotida uzilishlarga olib keldi.
Yetti shtat – Merilend, Virjiniya, G‘arbiy Virjiniya, Kanzas, Missuri, Kentukki va Arkanzas – favqulodda holat e’lon qildi.
2,300 dan ortiq parvoz bekor qilindi, qariyb 9,000 parvoz kechiktirildi. Sabab odatda Shimoliy qutbni qamrab oluvchi sovuq havo oqimining Amerikaga yetib kelishi.
Poweroutage.us ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni ertalab bo‘ron yo‘lidagi shtatlarda taxminan 190,000 odam elektrsiz qoldi. Milliy meteorologiya xizmati (NWS) AQShning shimoli-sharqida yomg‘ir va qor yog‘ini kun davomida davom etishini taxmin qilmoqda.
Yog‘ingarchilik to‘xtaganidan keyin ham, sovuq Arktika havosi mamlakatning katta qismida bir necha hafta davomida qoladi.
Merilend va Virjiniyaning ba’zi qismlarida qariyb 30 sm.lik qor yog‘di.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo iste’foga chiqdi

Surat manbasi, Getty Images
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo partiya yetakchiligidan iste’fo berganini e’lon qildi. Hukmron Liberal partiyaga yangi yetakchi saylangandan so‘ng Bosh vazir lavozimini tark etadi.
Kunning asosiy voqealari:
- Tryudo kelgusi saylovlarda "bu mamlakatga haqiqiy tanlov kerak"ligini ta’kidlab, partiya ichidagi ichki kurashlar unga siyosiy raqiblarga qarshi turish uchun imkon bermayotganini aytdi.
- Bosh vazir o‘z partiyasi ichida va boshqalar tomonidan uning iste’fosini talab qiluvchi bosimlarga duch kelgan.
- U parlamentning 24 martga qadar faoliyat yuritmasligini e’lon qildi, bu keyingi ikki yarim oy davomida parlament faoliyati muzlatib qo‘yilishini anglatadi.
- Liberal partiya prezidenti Sachit Mehra yangi yetakchi tanlash uchun bu hafta Milliy Kengash yig‘ilishi chaqirishini aytdi.













