You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Putin yadro siyosatini o‘zgartirdi, Rossiya G‘arbga aynan va sezilarli javob bermoqchi
AQSh Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini Rossiya hududiga otishga ruxsat berishi ortidan, Ukraina qo‘shinlari Rossiyadagi ilk nishonga zarba berdi. Putin Rossiyaning yadro siyosatiga o‘zgartirish kiritilgan hujjatni imzoladi. Endi Rossiya oddiy qurollar bilan o‘t ochilsa ham yadro quroli bilan javob berilishi mumkin.
“RBK-Ukraina” nashri anonim manbasiga tayanib xabar berishicha, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududiga ilk marotaba ATACMS ballistik raketalari bilan hujum qildi. Raketa nishonga aniq tegdi, deyilmoqda.
Nashr manbasining aytishicha, raketa Rossiyaning Bryansk viloyati Karachev shahridagi harbiy ob’ektni aniq nishonga olgan.
Rossiya harbiylari ushbu da’voga izoh berishmadi. Bi-bi-si uni mustaqil manbalardan tekshira olmaydi.
Oldinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Amerika bu kabi raketalarning Rossiya hududiga otilishiga ruxsat berishi maxsus harbiy amaliyotga ta’sir ko‘rsata olmasligini aytgandi.
U, shuningdek, bu borada Vladimir Putinning izohini takrorlagan, Ukraina mustaqil ravishda bu qurollarni NATO davlatlariga tegishli sun’iy yo‘ldoshlar yordamisiz ishlata olmasligini aytgan.
“Kiev tomonidan bizning hududlarga uzoqqa uchuvchi raketalar bilan hujum qilishi AQSh va uning sun’iy yo‘ldoshlari Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etishini hamda mojaroning maqsadi va tabiatini keskin o‘zgartirib yuborishni anglatadi. Bunday holatda Rossiyaning javobi mos va sezilarli ravishda bo‘ladi”, degan Mariya Zaxarova.
AQShning Ukrainaga ATACMSlardan Rossiyaga hududiga raketa otishga ruxsat berishi ortidan prezident Vladimir Putin Rossiyaning yadroviy tiyib turish davlat siyosati asoslarini tasdiqladi. Oldinroq Putin Rossiyaning yadro siyosati o‘zgarayotganini ma’lum qilgandi.
Endi Rossiya yoki uning ittifoqchisi bo‘lmish Belarusga, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi oddiy qurol bilan hujum bo‘lgan taqdirda Rossiya yadroviy bomba qo‘llab javob berishi mumkin.
G‘arb olovga yog‘ sepayatimi - Kreml uzoqqa uchuvchi raketalarga sharh berdi
Uzoq masofadagi nishonni uradigan Amerika raketasini Rossiya ichkarisida qo‘llashiga Ukrainaga ruxsat berilishi xabarini Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “olovga yog‘ sepish” deb ta’rifladi.
Hozircha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin buni sharhlagani yo‘q
“Agar shunday qaror shakllantirilgan va Kiev rejimiga yetkazilgan bo‘lsa, albatta, bu taranglikning yangi buralishidir. Va bu mojaroga Qo‘shma Shtatlar aralashganining sifat jihatidan yangi vaziyatidir. Shu narsa ayonki, Vashingtondagi ketayotgan ma’muriyat “olovga yog‘ quyish” va mojaroda taranglik oshirishni gijgijlashda davom etmoqchi”, degan Dmitriy Peskov.
Bundan oldin Prezident Putin uzoq raketalarga ruxsat berish Ukraina-Rossiya urushiga NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilishiga qaror berish deganini anglatadi, biz shundan kelib chiqib ish ko‘ramiz, deya bayonot bergandi.
Prezident Zelenskiy anchadan buyon G‘arb bergan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar bilan Rossiya ichkarisidagi nishonlarni urishga ruxsat so‘rab keladi.
Biroq yadroviy qurolga ega Rossiya bilan mojaro yanada kengayishi hamda qimmat raketalari zaxirasini ozaytirib qo‘yishdan xavotirda bo‘lgan AQSh uzoq ATAKAMS raketalarini ishlatishga ruxsat bermay kelayotgan edi.
Frantsiya bilan Britaniya Ukrainaga “Storm Shedou” va Skalp raketalarini berishgan, lekin Amerika ijozatisiz Rossiya ichkarisiga otishdan to‘xtatib turgan edi.
Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Jan Noel Barro, biz o‘z raketalarimizni Rossiya ichkarisida qo‘llashga avvaldan ochiq bo‘lganmiz, deb aytdi.
Endi Frantsiya va Britan uzoq raketalari uchun ham yashil chiroq yoqildi.
ATAKAMSlarga ruxsat berish qarori Shimoliy Koreya askarlari Ukraina urushiga qo‘shilgani xabarlaridan keyin berildi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina bu raketalarni koreys askarlari jangga tashlangan Rossiyaning Kursk viloyatida qo‘llashni istaydi.
Ko‘plab harbiy tahlilchilar fikricha, Rossiya ichkarisiga urishga ruxsat berish, Ukrainaga mudofaaga yordam bersa-da, urush yo‘nalishini o‘zgartirmaydi.
Pentagon Ukrainaga bunday raketalardan ko‘p berolmasligi haqida allaqachon ogohlantirgan.
VVSning Diplomatik muxbiri Pol Adams, uzoq masofaga mo‘ljallangan G‘arb raketalari bilan Ukraina nima qila olishi mumkinligi haqida shunday deydi:
“Shubhasiz, bu Ukrainaga Rossiya ichkarisidagi logistika bazalari, harbiy bazalarini nishonga olishga yordam beradi. Bu yerda yana bir narsani yodda tutish kerakki, ham urush jabhasiga, ham Ukraina ichkarisiga bombalar otayotgan Rossiya uchoqlarining 90 foizi ATAKAMS va “Storm Shedou” raketalari yetib boradigan masofadan nariga joylashtirilgan. Fikrimcha, eng muhimi, bundan keyin ukrainaliklarning 300 kilometrlik radiusdagi inshootlarga nimalar qila olishlari mumkinligidir”.
Bayden Ukrainaga qudratli AQSh raketalarini Rossiya ichida qo‘llashga ruxsat berdi
AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerikada ishlab chiqarilgan ATACMS uzoq masofali raketalarni Rossiya hududining ichkarisiga otishga ruxsat berdi.
Bu xabar rasman e’lon qilinmadi, lekin Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy “raketalarning o‘zlari gapiradi”, deb aytdi.
“Bugun matbuotda biz olgan ruxsat haqida ko‘p gap bo‘lyapti. Zarbalar so‘z bilan berilmaydi. Bunday narsalar e’lon qilinmaydi. Raketalarning o‘zlari gapiradi”, - dedi Zelenskiy.
ATACMS, ya’ni MGM-140 Armiya taktik raketa tizimini Lockheed Martin shirkati ishlab chiqaradi.
Yuqori tezligi tufayli bu raketalarni ilg‘ash va urib tushirish qiyin.
AQSh o‘z harbiy yordami doirasida bu qurollarni Kievga yuborgan va Ukraina allaqachon ularni Rossiya ishg‘oli ostidagi Qrimda bir marta qo‘llagan.
Aytilishicha, AQSh Ukrainaga Rossiyaning Kursk viloyatida ishg‘ol qilgan yerlarini ushlab turish uchun ushbu raketalarni qo‘llashga ruxsat bermoqda.
Xabarlarga ko‘ra, AQShning bu qaroriga Rossiya Kurskka Shimoliy Koreya askarlarini olib kirishi sabab bo‘lgan.
O‘tgan tunda Rossiya Ukrainaga yana dron va raketa hujumlarini qildi. Chegara yaqinidagi Sumi shahrida kamida 10 kishi halok bo‘lgan.
Shanba kunida Rossiya oxirgi Ukraina bo‘ylab oylarda eng kattasi deya ko‘rilayotgan muvofiqlashtirilgan hujumlarni amalga oshirdi. Bu amaliyot qish mavsumiga tayyorlanayotgan energiya infratizilmasini nishonga oldi.
Bi-bi-si muxbiri Pol Adams Ukrainaning Dnipro shahridan yozishicha, AQSh qarori bu urushdagi katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ukraina oylarki AQShning ATACMS (Armiya taktik raketa tizimi) ni qo‘llashga ruxsat so‘rab kelayotgandi.
306 kilometr masofaga yetishga qodir bu raketalar Ukrainaga berilgan eng qudratli qurollardan biridir.
“Bu urush yo‘nalishini o‘zgartirmaydi, lekin ikki tomondagi kuchlarni tenglashtiradi”, - deb aytdi Kievdagi Xavfsizlik va hamkorlik markazi raisi Serxiy Kuzan.
Unga ko‘ra, yaqin kunlarda Rossiya va Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyatidan ukrain armiyasini chiqarib tashlash bo‘yicha yirik amaliyotni boshlashmoqchi.
ATACMS Rossiya hududida qo‘llanishiga berilgan ruxsatning yana bir ahamiyati bor.
Bu endi Britaniya va Frantsiyaga ham Rossiya ichida uzoq masofali Storm Shadow raketalarni qo‘llashga ruxsat berishlariga yo‘l ochadi.
Vashington, London va Parijdan olingan yashil chiroq Ukrainaga Rossiya hududiga chuqurroq kirib havo bazalari, omborxonalar va muhim logistika markazlarini nishonga olish imkonini beradi.
Sentyabrь oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin agar G‘arbning uzoq masofali raketalari Rossiya hududida ishlatilsa, bu NATOning Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga kirganini anglatishini aytgandi.
Urush boshlanganidan beri Ukrainaga eng ko‘p qurol yetkazib bergan davlat AQSh bo‘ldi. Germaniyaning Kiel institutiga ko‘ra, 2022 yil fevrali va 2024 iyuni orasida amerikaliklar Kievga 55,5 milliard dollarlik qurol-aslaha yetkazib berishgan.
Telegram kanalimiz: