You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Ukraina Rossiya bilan G‘arbga qanday mujda yo‘lladi? - Video
Istanbul shahridagi Charog‘on saroyida Ukraina va Rossiya hay’atlari tinchlik muzokarasi ikkinchi davrasini boshlashlaridan bir kun oldin Rossiya yirik hujumlarga duch keldi.
2 iyun kuni tushki soat 1 da boshlanishi kutilgan uchrashuv bir necha soat ortga surildi.
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari muloqoti bir soatcha davom etgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu narsa tomonlar o‘rtasida muhokama qilinadigan mavzu ko‘p bo‘lmaganidan dalolat beradi.
Ukraina tomoni Rossiyadan mamlakat hududidan noqonuniy olib ketilgan bolalarni qaytarishni talab qilgan.
Ukraina bilan Rossiya asirlarni almashishga kelishganlar.
1 iyun kuni esa Rossiyaning bir necha yirik harbiy aerodromida yirik bombardimonchi samolyotlar, Ukraina chegarasiga yaqin hududlarda ko‘priklar portlatildi.
"Ukrainaning butun mamlakat bo‘ylab Rossiya harbiy havo flotiga nisbatan namoyish etgan jasorati yoki topqirligini baholash mushkul", deb yozadi Bi-bi-si diplomatik muxbiri Pol Adams.
Biz, hoynahoy, Ukrainaning hujumlar 7 milliard dollarlik shikast yetkazdi degan da’vosini tasdiqlay olmaymiz, ammo "O‘rgimchak uyasi" operatsiyasi kamida shovshuvli propaganda tadbiri bo‘lgani aniq.
Ukrainaliklar allaqachon ushbu harbiy muvaffaqiyatni Rossiya to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyingi mamlakatning Qora dengiz floti bayroqdori hisoblangan "Moskva" kreyserining cho‘ktirilishi va Kerch ko‘prigining portlatilishi va Sevastopol sohiliga raketa hujumi bilan taqqoslayaptilar.
Agar Ukraina harbiy istihborot xizmati SBU matbuotga sizdirgan tafsilotlarga tayaniladigan bo‘lsa, so‘nggi amaliyot shu vaqtgacha erishilgan eng yirik zafar hisoblanadi.
Ushbu operatsiyani amalga oshirishga bir yarim yil ketgan, kichkina dronlar Rossiya hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan, uzoqqa yuk tashiydigan fura avtomobillarining kichik bo‘lmalariga joylashtirilgan, bir-biridan minglab kilometr uzoqlikdagi kamida to‘rt joyga haydab olib borilgan va harbiy aerodromlar yaqinida masofadan boshqarilib havoga uchirilgan.
"Dunyoda bundan oldin bunaqa josuslik operatsiyasi bo‘lmagan", dedi mudofaa masalalari bo‘yicha tahlilchi Serhiy Kuzan Ukraina televideniesiga.
"Ushbu strategik bombardimonchilar bizga qarshi uzoq masofadan hujum qilishga qodir. Ularning soni 120 ta va biz 40 tasini yo‘q qildik. Bu ishonib bo‘lmaydigan raqam", dedi u.
Qanchalar shikast yetganini hisoblab chiqish qiyin, ammo ukrainalik harbiy blogger Oleksandr Kovalenko aytishicha, qo‘mondonlik va nazorat samolyoti vayron etilmay, faqat bombardimonchilarning o‘ziga shikast yetgan bo‘lsa ham yetkazilgan zarar beqiyos.
"Hozirgi sharoitda Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga yetkazilgan shikast miqyosi yaqin orada ta’mirlab bo‘ladigan darajada emas", deb yozdi blogger o‘zining Telegram kanalida.
Strategik bombardimonchi samolyotlar savol ostida, Tu-95, Tu-22 va Tu-160 hozir ishlab chiqarilmayapti.
Ularni ta’mirlash qiyin, o‘rnini almashtirish imkonsiz.
Ayniqsa, tovushdan tez uchadigan Tu-160 ning o‘rni qattiq seziladi, deb yozdi u.
"Bugun Rossiya Aerokosmik kuchlari nafaqat ikki noyob samolyotidan, balki podasidagi ikki yakkashoxidan ayrildi", deb yozdi blogger.
Jismoniy zararidan tashqari tahlilchilar muhim deb ko‘rayotgan yoki ko‘rmayotgan "O‘rgimchak to‘ri" operatsiyasi nafaqat Rossiyaga, balki Ukrainaning g‘arbiy ittifoqchilariga muhim mujda yo‘lladi.
"Mening Bi-bi-si Ukraina xizmatidagi hamkasbim Svyatoslav Xomenko Kievdagi hukumat rasmiysi bilan yaqindagi muloqotini eslaydi", deb yozadi Pol Adams.
Rasmiy xafa edi.
"Katta muammo shuki, amerikaliklar bizni allaqachon urushni yutqazishgan deb o‘zlarini ishontirishgan. Va hammasi mana shu taxmin ortidan kelib chiqadi", degan u.
Ukrainalik mudofaa masalalari bo‘yicha jurnalist Ilya Ponomarenko Prezident Volodimir Zelenskiyning Oq Uyda Donald Tramp bilan bahslashganini eslab X(sobiq Tvitter) dagi sahifasida shunday deb yozdi:
"Mana hujumga uchragan o‘ziga ishongan xalq "Ukraina ixtiyorida olti oy qoldi", "Sening qo‘lingda qarta yo‘q", "Tinchlik uchun taslim bo‘l, Rossiya yutqazmaydi" deb aytganlarga quloq solmaganida qanday bo‘ladi".
"Biznes Ukraina" jurnalining tviti yanada mazmunli bo‘ldi:
"Ukraina qo‘lida qartasi borligini ko‘rsatdi. Bugun Zelenskiy "Dronlar Shohi"ni o‘ynadi".
Va bu Istanbulga yangi muzokaraga kelgan Ukraina delegatsiyasining Kreml vakillariga aytadigan gapi bo‘ldi: Ukraina hamon jangda.
"Amerikaliklar o‘zlarining vazifasi bizni imkoni boricha yumshoq taslim bo‘lishga ko‘ndirish deb o‘ylashadi. Va biz buning uchun ularga rahmat aytmaganimiz uchun xafa bo‘lishadi. Biz albatta, ko‘nmaymiz, chunki biz yutqazayapmiz, deb o‘ylamaymiz", deb aytgan Ukraina rasmiysi Xomenkoga.
Rossiyaning Donbassdagi jang maydonlarida sekin, shafqatsiz ildamlayotganiga qaramasdan, Ukraina Rossiyaga va Tramp ma’muriyatiga shunday demoqchi:
Kiev imkoniyatlarini rad etishga shoshilmang!
29 may. Ukraina urushi: Yevropa O‘zbekistondan mamnun
Yevropa rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston orqali Rossiyaga sanksiyadagi tovarlar yetkazib berilishi keskin kamaygan.
20 may kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha kengashi vaziyatni muhokama qilgan, buning asosida hisobot tayyorlangan.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tayyorlagan hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston, Armaniston, Hindiston va Serbiya orqali Rossiyaga harbiy va ikki maqsadli mahsulotlar eksportini cheklashda ijobiy natijalar qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo davlatlariga bir necha marotaba safar qilib Rossiyaga qarshi joriy etilgan jazo choralarini chetlab o‘tish oqibatlari haqida ogohlantirgan sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan aytishicha, kuchga kiritilgan cheklov choralarining Rossiya iqtisodiga ta’siri salmoqli bo‘lgan.
Ukrainaga bostirib kirgani uchun davlat byudjeti tushumining asosiy manbalari bo‘lgan gaz va neftni sotishda cheklovlarga duch kelgan Rossiya qiyinchiliklarga uchraganini Yevropa Ittifoqining istig‘borot bo‘yicha muvofiqlashtiruv idorasi rahbari Deniel Markich ham tasdiqladi.
Yevropa rasmiylariga ko‘ra, sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordamlashmaslik masalasiga bag‘ishlangan muloqotlarda hamon Turkiya, Birlashgan Arab amirliklari va Qozog‘iston bilan qiyinchilik uchrayapti.
Yevropa jazo choralarini chetlab o‘tish holatlarining 80 foizi Xitoyga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.
Yevropa Ittifoqi bilan AQSh o‘rtasida axborot almashishdaa ham muammolar mavjudligi tan olingan.
Xususan, Amerika moliyaviy razvdekasi ko‘chayotgan Rossiya aktivlari haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni bermay qo‘ygan, bu esa sanksiyaviy nazorat samaradorligini pasaytirmoqda.
20 may kuni Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi beshinchi shirkatni o‘zining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 17-paketiga kiritdi.
2022 yil O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olingan Trade Engine System kompaniyasining elektron va telekommunikatsion uskunalarning hamda ehtiyot qismlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanishi xabar qilingan.
Yangi sanksiyaga Qozog‘istondagi to‘rtta va Qirg‘izistondagi ikki shirkat ham uchragan.