Amerika va saylov: O‘zbekistonliklarga endi Amerika eshiklari yanada ochiladimi yoki yopiladi?

    • Author, Feruza Rahmon
    • Role, bbc.com/uzbek
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan, ayniqsa, Demokratchi prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan so‘nggi to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotganlarining ham soni jiddiy ortib borayotgan davlati bo‘ladi. Shunday ekan, yangi prezidentning qudratga kelishi Amerikadagi o‘zbekistonliklar uchun nimani anglatadi?

Amerikadagi o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar

Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashaydi, ulardan bir necha mingi Amerika fuqaroligini ham olgan.

Ulardan aksariyatini esa, Grin-karta yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.

Bunga G‘arb nashrlarida imkonli bo‘lgan rasmiy hisob-kitoblarning o‘ziyoq dalolat qiladi.

U yerdagi ayrim o‘zbekistonlik ayrim faollar esa, mamlakatda "nelegal" ekani aytiluvchi "11 milliondan ortiq" odam orasida ham O‘zbekiston fuqarolari kam emasligini taxmin etishadi.

Ya’ni, Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Agar, ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida AQSh Davlat Departamentidan keltirilgan raqamlarga tayanilsa, har yili yarim millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ularning Green Card lotereyasida o‘ynash uchun ariza topshiradi.

2018 yilda esa, bu raqam hatto qariyb to‘rt barobar ko‘p bo‘lgani, mazkur lotereya orqali Amerikada yashash huquqini qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 2 milliondan kishini tashkil etgani aytiladi.

Dunyoning qolgan biror bir davlati misolida bu kabi holatning kuzatilmasligi esa, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarining ahamiyatini alohida urg‘ulovchi omil bo‘ladi.

Amerikada yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida yetakchi olimlar, ishbilarmonlar, bankirlar, turli xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari maqomida bo‘lganlari, nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlari ham oz emas.

"Tarixiy tashrif"

Bu o‘zining O‘zbekiston prezidenti sifatida Vashingtonga amalga oshirgan 2018 yilgi ilk rasmiy tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoev o‘zining alohida e’tiborini qaratgan voqe’likka ham aylangan.

Prezident Mirziyoev o‘shanda Amerikadagi bir guruh ilg‘or o‘zbeklar bilan shaxsan, yuzma-yuz uchrashgan, muloqot qilgan.

O‘zbekiston prezidenti xuddi shu uchrashuv chog‘ida, ta’bir joiz, ular bilan “chin dildan, samimiy suhbatlashishni avvaldan rejalashtirib qo‘ygani”ni ham e’tirof etgan.

“Vatandan yiroqda, musofirchilikda o‘z o‘rnini topish va haqli e’tirof qozonish naqadar mashaqqatli ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bunday katta yutuqlarga erishish har kimga ham nasib etavermaydi. Bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilib, yaqindan tanishish, mamlakatimiz oldida turgan katta-katta vazifalarni amalga oshirish borasidagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz bilan o‘rtoqlashishni g‘oyat muhim, deb hisoblayman”, - deya qo‘shimcha ham qilgan.

O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan chet eldagi barcha o‘zbekistonliklarni O‘zbekistonga taklif etgan, ularni “qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyor” ekanini aytgan.

Nyu-Yorkda kechgan mazkur uchrashuv o‘shanda O‘zbekiston va mintaqadagi aksariyat yetakchi nashrlarda sarlavhalarga ham chiqqan, ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagandi.

O‘zbekiston prezidentining Amerika Qo‘shma Shtatlariga ilk rasmiy tashrifi aynan o‘sha paytda amalda bo‘lgan Respublikachi Donald Trampning taklifi bilan amalga oshgan.

Xuddi shu "tarixiy tashrif" manzarasida Bi-bi-si O‘zbek xizmati suhbatda bo‘lgan Amerikadagi ayrim o‘zbekistonliklar, "qanday sohada bo‘lmasin, O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlar o‘zlarining ham diqqat-e’tiborlarida" ekanini aytishgan.

Ular, "rasmiy Toshkent va Vashington o‘rtasidagi aloqalarning yanada yaxshilanishi O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy erkinliklar, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, demokratik taraqqiyot va qo‘l urilayotgan islohotlarning yanada jadallashuviga xizmat qiladi", degan fikrda ekanliklarini bildirishgan.

"Bu - Amerikada bo‘lgan o‘zlari va ona Vatanlari bo‘lgan O‘zbekiston uchun ham ijobiy voqe’lik bo‘lishi"ni ham ta’kidlashgan.

Ayni shu suhbat chog‘ida ular "fuqarolik muammosi - ikki fuqarolikka ruxsat berish, aviaqatnovlar, bordi-keldidagi qulayliklar, O‘zbekistonda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga nisbatan munosabatning yanada yaxshilanishi"ni o‘zlari to‘qnash kelib turgan va ikki davlat orasida hal qilinishi kerak bo‘lgan birlamchi muammolar sifatida tilga olishgandi.

Amerika va immigratsiya

O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" tadqiqot markazining so‘nggi yillarda o‘tkazgan ayrim so‘rovlari ham Amerikaga ketish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ortib borayotganiga dalolat qilgan.

Aynan noqonuniy migratsiya esa, so‘nggi to‘rt yil ichida qanchalik aktuallik kasb etib ulgurgani bilan bu galgi AQSh prezidentligi saylovida ham hal qiluvchi ahamiyatga molik masalalardan biriga aylangan.

Ayniqsa, Respublikachi nomzod Donald Tramp amerikalik saylovchilarni o‘ziga og‘dirish uchun yana o‘zining eng ko‘p diqqat-e’tiborini qaratayotgan, qattiq orqa qilayotgan mavzu ekani ko‘riladi.

Ijtimoiy so‘rov natijalari ham aynan immigratsiya Tramp tarafdorlarini eng ko‘p qiziqtirayotgan masala ekaniga dalolat qiladi.

Boshqa tomondan, mamlakat ichkarisida kuchayib borayotgan tanqid va xavotirlar manzarasida noqonuniy migratsiya Bayden hali saylovdan ancha avval aynan o‘zining vitse-prezidenti Kamala Harrisga unga qarshi kurashish vazifasini topshirgan muammo ham bo‘ladi.

Shu yil boshida Qo‘shma Shtatlarga rekord darajadagi muhojirlar oqimi sanoqli oylarning o‘zida keng ko‘lamli siyosiy inqirozga aylangani, bu Ukrainani Amerika yordamisiz qoldirishiga oid jiddiy xavotirlarni paydo qilgani va vaziyat Jo Baydenning prezidentlik faoliyatiga nuqta qo‘yish bilan tahdid qilish darajasiga borganiga oid xabarlar bo‘y ko‘rsatgan.

O‘shanda hatto AQShning Ukrainaga ko‘magi Respublikachilar tomonidan janubiy chegarada nazoratni kuchaytirish talabiga bog‘langan.

Buning ortidan Bayden ma’muriyati Respublikachilarga yon bosgani, qator choralarga qo‘l urgani, migratsiyaga ko‘maklashayotgan turoperatorlar va agentlik rahbarlariga ham viza cheklovini kiritish, noqonuniy ravishda Meksika orqali o‘z hududlariga o‘tayotgan migrantlar uchun boshpana olish tartib-qoidalarini kuchaytirishga qaror qilgani ham xabar qilingan.

Xuddi shu manzarada ayrim shtatlar chegara xizmatlariga qator MDH davlatlaridan bo‘lganlari barobarida o‘zbekistonlik noqonuniy migrantlarni ham qo‘lga olinishi bilanoq zudlik bilan ortga deportatsiya qilish majburiyati yuklatilgani ham aytilgan, bu haqdagi yangilik o‘shanda O‘zbekistondagi aksariyat yetakchi internet nashrlarining e’tiborini ham o‘ziga tortmay qolmagan.

Ular orada AQShga Meksika va boshqa davlatlar orqali noqonuniy yo‘llar bilan ketgan o‘nlab o‘zbekistonlikning ortga deportatsiya qilingani haqida ham yozishgan.

Kun.uz nashri esa, shu yil boshida Daily.Mail gazetasiga tayanib, 2023 yilda 50 ming Markaziy osiyolik noqonuniy kesib o‘tgani aytilganini sarlavhasiga ham olib chiqqani ko‘rilgan.

Fuqarolari Meksika-AQSh chegarasiga yo‘l solayotgan davlatlar safining qanchalik kengayib borayotgani ham xuddi shu manzarada alohida xavotirga molik voqe’likka aylangan.

AQSh prezidentligiga nomzodlarning noqonuniy migratsiyaga yondashuvlari esa, bir-biridan tubdan farq qilishi kuzatiladi.

Tramp bu borada noqonuniy migrantlarning hattoki "mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan" ommaviy deportatsiyasini ham ko‘zda tutuvchi keskin strategiyaga moyillik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, uning Demokratchi raqibi bu muammoga mamlakat chegaralari xavfsizligiga ko‘proq pul sarflash barobarida munosib immigrantlar kelishining qonuniy yo‘llarini yaratishni ko‘zda tutuvchi ikki tomonlama yondashuv tarafdori ekani aytiladi.

O‘zbekiston va tashqi mehnat migratsiyasi

Mintaqada aholisi eng katta bo‘lgan (rasman 37 milliondan ortuvchi – tahr.), ishsizlik hanuz anchayin og‘ir muammoligicha qolayotgan O‘zbekiston va uning rahbariyati uchun tashqi mehnat migratsiyasi, ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida alohida dolzarblik kasb etgan masala bo‘ladi.

Bu galgi AQSh prezidentligi saylovi shu yil may oyidagi qonli terakt ortidan Rossiya o‘zining aksilmigratsion siyosatini tobora kuchaytirayotgan, endi o‘zlarida mehnat muhojirligida band katta sondagi o‘zbekistonliklar, Markaziy osiyoliklarni ham Ukraina urushiga yollash, safarbar etish ilinjini oshkora izhor etishga o‘tgan va migrantlarning yalpi ortga qaytishi ehtimoli mintaqa davlatlari poytaxtlarida uyg‘otgan xavotirlar halicha arimagan bir paytga ham to‘g‘ri keladi.

Rossiya esa, O‘zbekiston mustaqilligi bilan kechayotgan o‘ttiz yildan ortiqroq vaqt ichida eng katta – o‘z vaqtida, hatto, millionlab sondagi o‘zbekistonliklar uchun eng yirik tashqi mehnat bozori vazifasini bajargan.

Voqealarning bu kabi rivoji manzarasida aynan tashqi mehnat bozorlarini turfalashtirish – O‘zbekistonda prezident darajasida e’tibor topgan eng muhim masalalardan biriga ham aylangan.

Shu kunlarda e’lon qilingan yangi statistika esa, Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi birinchi yarim yil oxirida 77 foizdan 75,3 foizga kamayganini ko‘rsatgan.

To‘qqiz oyda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 11,3 milliard dollarga ortgan bo‘lsa, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Polsha va Birlashgan Arab Amirliklaridan tushumlar keskin oshgani ta’kidlangan.

Shavkat Mirziyoev orada "Moskva viloyatidagi mudhish terakt oqibatida xalqaro vaziyat jiddiy tus olayotgani"dan tashvish ham bildirgan.

O‘zbekiston prezidenti "murakkab va tahlikali zamonda yashayotganliklari"ni aytgan.

"Yaqin Sharqdagi va asosiy hamkorlari o‘rtasidagi mojarolar yechim topmayotganligi"ni ham tilga olgan.

Shavkat Mirziyoev, shunday derkan, "bunday murakkab sharoitda mamlakat iqtisodiyotiga, aholi daromadlariga salbiy ta’sirni kamaytirish - eng muhim vazifalardan biri ekani"ni ta’kidlagandi.

Chetda mehnat muhojirligida band millionlab sondagi fuqarolari har yili ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar ham O‘zbekiston hukumati uchun muhim, ular, yillarki, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar ta’sirini yengillatib, har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng amaliy va samarali vositalardan biri bo‘ladi.

Shunday ekan, prezidentlikka har ikki nomzodning saylovoldi dasturi va unda yangrayotgan va’dalari nazarda tutilganda, bu galgi prezident saylovi va uning natijasi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘n minglab o‘zbekistonliklar uchun qanchalik va aynan nimasi bilan muhim?

Bi-bi-si O‘zbek xizmati xuddi shunday savollar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridan asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayzga bog‘landi:

Ma’lumki, oxirgi yillarda, ayniqsa 2020-2024 yillari oralig‘ida Amerika Qo‘shma Shtatlariga kelib, muqim yerlashayotgan, Amerika fuqaroligini olgan vatandoshlarimizning soni oshib bormoqda.

Avvalgi saylovlar bilan qiyoslanganda, vatandoshlarimiz orasida bo‘lajak prezidentga ovoz bermoqchi bo‘lganlari ham talaygina.

Bo‘lajak prezidentning kim bo‘lishi, iqtidorga qaysi partiya, Demokratlar yoki Respublikachilarning kelishi albatta vatandoshlarimizni qiziqtiradi.

Bundan 5-10 yil avval, balki, Amerika prezident saylovlariga qiziqish juda katta ko‘lamda emas edi.

Vatandoshlarimiz orasida Amerika fuqaroligini olish ko‘payib borayotgani sari, albatta, Amerika siyosatiga qiziqish, uni yaqindan kuzatish ham ortib bormoqda..

Bu jarayonning sababini esa, yurtdoshlarimiz O‘zbekistondan kelib, Amerika jamiyatining ajralmas bir bo‘lagiga aylanishayotgani bilan izohlash mumkin.

Vatandoshlarimiz Amerikada mehnat qilayaptilar, turli sohalarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayaptilar.

O‘zlari yashayotgan shaharlarda ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarziga moslashib borayaptilar.

Albattaki, Amerika siyosati, saylovlar oddiy amerikaliklar qatori vatandoshlarimiz hayotiga ham bevosita ta’sir qiladi.

Eng kuchli ta’sirni iqtisod va immigratsiya masalasida ko‘rishimiz mumkin.

Yuqoridagi bu asosiy faktorlardan tashqari, yurtdoshlarimizni yaqindan qiziqtirgan mavzulardan biri Amerikaning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosati, ya’ni Isroil-Falastin mojarosi va Bayden ma’muriyatining bu urushga munosabati.

Umumiyatla, G‘arb davlatlarida, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham aksar muhojirlar siyosiy qanotning so‘l, ya’ni, sotsial-demokrat jabhasiga yaqinligi ma’lum edi.

Bu tamoyilning turli sabablari bor. Eng asosiy sabablari esa, albattaki, Respublikachi iqtidorlarning muhojirlarga nisbatan munosabati, radikal konservativlarning o‘zga dindagilar, ba’zan farqli milliy o‘zliklarga qarshi toqatsizligida ko‘rinadi.

Ayni o‘rinda, sobiq prezident va bu saylovda ham prezidentlikka nomzod Trampning Amerikaga ko‘chishni cheklovchi immigratsiya siyosati ham o‘zbek yurtdoshlarimiz xavotirlariga molik va ularning diqqat-e’tiboridagi voqe’lik bo‘ladi.

Bilamizki, oxirgi yillarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlaridan Meksika orqali minglab hamyurtlarimiz noqonuniy yo‘llar bilan Amerikaga kirib kelishayapti.

Bayden prezidentligi davrida noqonuniy yo‘llar bilan Amerikaga kelayotgan muhojirlarning umumiy soni millionlar bilan ifoda qilinadi.

Muhojirlar sonining bu ko‘lamda kattaligi ham Trampning saylovoldi dasturida asosiy o‘ringa ega.

Tramp Amerika shaharlarida katta guruhlar holida yig‘ilib qolayotgan muhojirlar iqtisodiy, ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi, xavfsizlikning zaiflashishiga sabab bo‘layotganligiga doim urg‘u berib keladi.

Tramp va’da qilayotgani kabi muhojirlarni chiqarib yuborish va janubiy chegaralar orqali kelayotganlar oqimini to‘xtatish choralari ham vatandoshlarimiz diqqat nazarida.

Agar Kamala Harris saylovda yutib chiqsa, Amerikaning immigratsiya siyosatida deyarli o‘zgarish bo‘lmaydi.

Ya’ni, Harrisning saylov dasturlari joriy mamuriyatning immigratsiya siyosatidan farqli emas.

Albatta, 5 noyabr kungi AQSh prezidentlik saylovida kim muvaffaqiyat qozonishi noma’lumligicha qolmoqda.

Nomzodlar o‘rtasidagi keskin raqobat taqdirini har bir saylovda siyosiy mavqe’lari o‘zgarib turadigan shtatlar belgilaydi.

Bu galgi prezidentlik saylovi arafasida Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan urush oqibatlari ham aksari musulmon bo‘lgan yurtdoshlarimizni xavotir va saylovga qiziqishini kuchaytirgan omil.

Kamala Harrisning bu saylovdagi g‘alabasi Jo Bayden hukumati davridagidek AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini ham deyarli o‘zgartirmaydi.

Donald Tramp g‘alaba qozonsa, Isroil tarafining kuchli qo‘llab-quvvatlanishi bildirilgan bo‘lsa-da, urushni qisqa vaqt ichida to‘xtatishni va’da qilib keladi.

Bu nuqtai nazarga ko‘ra, Isroil mintaqada kuchliroq bo‘lishi uchun geografik jihatdan kengayishi shart emas. Mohiyatan, uning demografik tuzilishi, ya’ni aholisi bunga mos kelmaydi. Trampga ko‘ra, qo‘shnilar bilan tinchlikda bo‘lish, siyosiy va tijorat aloqalarini mustahkamlash Isroilning mintaqadagi ta’sirining kuchayishini anglatadi.

Tramp bu mojaroda o‘zining otashkesim va tinchlik muzokaralarini eplay oladigan yagona lider ekanligini aytib kelayapti.

So‘zsiz, vatandoshlarimiz bilan o‘zaro suhbatlarimizda Trampni saylovchilarini ham, qarorsizlarini ham uchratishimiz mumkin.

Muhim jihati, 2024 yilgi prezident saylovida amerikalik o‘zbeklar erkin dunyoning eng qudratli liderlaridan birini tanlashda ishtirok etayotganliklari ahamiyatini anglayaptilar.

Avvalgi saylovlardan farqli o‘laroq yurtdoshlarimiz orasida bu safar sotsial-demokratlarga yaqinlik, ya’ni siyosiy qanotning so‘l tarafidagi demokrat nomzod Kamala Harrisga moyillik kamroqdek ko‘rinayapti.

Yoki vatandoshlarimizda siyosiy xilma-xillik, turlicha fikrlash darajasi ham ortib borayapti.

Bu safar o‘zbekistonliklar orasida Respublikachi nomzod Trampni saylash niyatida ekanliklarini aytib kelayotganlar ko‘proq ekanini payqash qiyin emas.

Albatta, bu moyillikning mantiqiy sabablari bor.

Vatandoshlarimiz bilan o‘zaro suhbatlarimizda eng ko‘p shikoyat, norozilik Jo Bayden prezidentligi davrida Amerikaga Meksika orqali kirib kelgan noqonuniy muhojirlar oqimi.

Amerikada qonuniy yashab kelayotgan, fuqarolik olgan yoki yashil karta egasi yurtdoshlarimiz bu holatdan behuzurlar.

Ular, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelayotgan o‘z yurtdoshlarini qonuniy, maqbul yo‘llar bilan Amerikaga kelishi kerak ekanligini aytishadi.

Noqonuniy yo‘llar bilan kelgan migrantlarning Amerika qonunlariga amal qilishmayotganidan, Amerikada yashash madaniyati, axloq-odob me’yorlariga moslasha olmayotganliklaridan shikoyatdalar, bu qonunbuzarliklar alal-oqibat amerikalik o‘zbeklarning obro‘-e’tiboriga zarar yetkazishidan xavotirdalar.

Albatta, bu xavotir ortida iqtisodiy sabablar ham bor.

Amerikaga yangi kelayotgan muhojirlar o‘z hamyurtlarining mehnat sohasiga qulaylik bilan kirib kelishadi...u esa avvalroq kelganlar nazarida katta raqobat yaratadi.

Yuqoridagi sabablar tufayli noqonuniy muhojirlik oqimini keskin tugatmoqchi bo‘lgan Trampga moyillikning ajablanarli joyi yo‘q, mantiqan olganda, go‘yoki to‘g‘ri bir pozitsiya. Bu pozitsiyani Trampning Respublikachi saylovchilari aksarida ko‘rishimiz mumkin.

Bu saylovlarda Trampga ovoz berishni istagan yoki Tramp saylanishini orzu qilgan yurtdoshlarimizning yana bir muhim sababi - Amerika iqtisodi.

Ya’ni, kovid pandemiyasidan keyin Bayden prezidentligi davrida inflyatsiya darajasining ortib ketgani.

Inflyatsiya so‘nggi yillarda ancha pasayib, Amerika iqtisodi nisbatan yaxshilangan bo‘lsa ham, bu jarayon oddiy amerikaliklar kabi vatandoshlarimiz hayotiga, yashash standartlariga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.

Natijada, Amerika iqtisodidagi bu holat bu saylovda Tramp qo‘lining baland kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu saylovlarda agar Demokratchi nomzod Kamala Harris g‘alaba qozonsa, Amerikaning ichki yoki tashqi siyosatida deyarli o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

Amerika iqtisodi yaxshilanishda davom etadi.

Amerikada yashayotgan vatandoshlarimiz hayotlarida ham Harrisning prezident bo‘lib saylanishi katta o‘zgarishlarga olib kelmaydi.

Agar sobiq prezident va joriy nomzod Donald Tramp bu saylovlarda yutib chiqsa, Amerika immigratsiya siyosatida muhim o‘zgarishlarni taxmin qilish mumkin.

Bu o‘zgarish esa, Tramp va’da qilayotgani kabi noqonuniy muhojirlarning mamlakatga kirishini taqiqlash va Amerika ichida xuddi shunday mavqe’da bo‘lganlarini chiqarib yuborish masalasi.

Buning qanday amalga oshishini oldindan aytish qiyin, lekin bu jarayon shubhasiz vatandoshlarimiz hayotiga bevosita ta’sir qiladi, deb o‘ylayman.

Skip Telegram kanalimiz: and continue readingTelegram kanalimiz:

End of Telegram kanalimiz: