You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston: Taniqli siyosiy mahkum Solijon Abdurahmonov Germaniyada vafot etdi
Qoraqalpog‘istonlik jurnalist va inson huquqlari himoyachisi, sobiq siyosiy mahkum Solijon Abdurahmonov 75 yoshida Germaniyada vafot etdi.
U 1950 yil 28 mayda Qoraqlpog‘iston poytaxti Nukus shahrida tug‘ilgan.
Jurnalistik faoliyatini boshlashdan oldin Amudaryo tumanidagi qishloqda rus tilidan dars bergan.
"Juma kuni (18 iyul) Solijon akaning telegramiga har doimgidek xol-ahvol so‘rab, xat yozdim. Javob bo‘lmagach, telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. U ham o‘chiq bo‘ldi. Balki raqamini almashtirgan yoki biron joyga sayohatga ketgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
Shanba kuni ertalab ham Solijon akadan xabar bo‘lavermagach, uning uyiga bordim. So‘ngi to‘rt yildan beri u yashab kelgan kvartira eshigi politsiya tarafidan muxrlanib qo‘yilgan ekan. Xavotirlana boshladim. Qo‘shnilaridan nima bo‘lganini so‘rasam, ular Solijon aka vafot etganini va politsiya xodimlari shifokorlar bilan kelib, uni olib ketishganini aytishdi", deb yozdi jurnalist Shohruh Soipov.
"Akaning armoni - ishi bo‘yicha oqlov ololmadi - narkota tashlab qamashgandi", deb yozdi "Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Feysbukdagi sahifasida.
Solijon Abdurahmonov "Ozodlik" va ""Amerika ovozi" radiolarining Qoraqalpog‘istondagi muxbiri sifatida faoliyat yuritgan, Londondagi Urush va Tinchlik muammolarini yoritish instituti, O‘zbekistondagi mustaqil uznews.net veb-nashrlarida maqolalari e’lon qilingan.
"Amerika ovozi" radiosining muxbiri bo‘lib ishlab turgan Solijon Abdurahmonov 2008 yili hibsga olindi.
Ukasi va advokati Bahrom Abdurahmonovning Bi-bi-siga aytishicha, Nukus militsiyasi Solijon Abdurahmonovning avtomobilini to‘xtatgan va yoqilg‘i baki yonidan giyohvand modda topgan.
Ham jurnalistning o‘zi, ham himoyachisi giyohvand modda militsiya xodimlari tomonidan tashlab qo‘yilganiga ishonishlarini aytishgan.
So‘ng Solijon Abdurahmonov xonadonida tintuv o‘tkazilgan, jurnalistning kasbiy faoliyatiga tegishli kompyuter va printer, adabiyot va hujjatlar musodara qilingan.
Shu bois ko‘pchilik Solijon Abdurahmonov jurnalistlik va inson huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyati uchun hibsga olingan deb bildi.
2008 yili Nukus mahkamasi faolni giyohvand moddalarni noqonuniy sotishda aybdor deb topib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm etdi.
Ko‘plab xalqaro tashkilotlar Solijon Abdurahmonov ozodlikdan mahrum etilganini qoraladilar, uni ozod etishga chaqirdilar.
2014 yil 30 noyabrida Solijon Abdurahmonov so‘z va matbuot erkinligi uchun Johann Philipp Palm xalqaro mukofoti bilan mukofotlandi.
9 yil qamoqda saqlanganidan keyin u 2017 yilning kuzida O‘zbekistonda ozod etildi.
Solijon Abdurahmonov 2021 yil kuzida "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining dasturi doirasida Berlinga borib yashayotgan edi.
U o‘zining beayb qamalganini takror-takror aytib keldi.
O‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish, nomini oqlashni talab qildi.
2023 yil sentyabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi arafasida Solijon Abdurahmonov Berlin shahrida Germaniya kantsleri idorasi qarshisidagi piketda qatnashgan, "Karimov davri siyosiy mahbuslarini reabilitatsiya qilish"ni talab qilgan.
Solijon Abdurahmonov YouTubeda o‘zining "Orol ovozi" kanalini yuritar, unda O‘zbekiston va Qoraqolpog‘istondagi ijtimoiy-siyosiy mavzularda fikrlarini bildirib kelardi.