You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Ukraina urushi: Qirg‘iziston banki AQSh sanksiyasiga qarshi ariza bermoqchi
Rossiya Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotganlar deb ko‘rilganlarga nisbatan yangi jazo choralari kiritildi, Qirg‘izistondagi "Keremet bank" xususiy banki AQSh sanksiyasi ro‘yxatiga kiritilgan Markaziy Osiyodagi ilk bank bo‘ldi.
16 yanvar kuni "Keremet bank" o‘ziga qarshi jazo chorasiga qarshi appelyatsiya arizasi kiritish niyatida ekanini xabar qildi.
AQSh Moliya vazirligi bir kun oldin Rossiyadagi moliya sohasi, harbiy va energetika sohalari va shaxslari, xorijdagi kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar kiritgani haqida e’lon qildi.
AQSh Moliya vazirligiga ko‘ra, Qirg‘izistondagi "Keremet bank" sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalarini hayotga jalb qilish maqsadida Rossiya rasmiylari va AQSh sanksiyasiga kiritilgan bank(Rossiyaning Promsvyazbanki) bilan hamkorlik qilgan".
Amerika Moliya vazirligiga ko‘ra, Qirg‘iz banki sanksiyalarni chetlab o‘tish maqsadida 2022 yil sanksiya joriy etilgan "Promsvyazbank" nomidan chegara osha pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan, "Rossiyaning harbiy sanoat korxonalariga milliardlab dollar" daromad keltirgan.
AQSh Moliya vazirligi, o‘tgan yilgacha aktsiyalarining aksar qismi Qirg‘iziston Moliya vazirligiga tegishli bo‘lgan "Keremet bank" 2024 yil "Rossiya hukumatiga yaqin rus oligarxiga qattiq bog‘langan firmaga sotilgan", deydi.
Vazirlik bu qaysi firma ekanini ochiqlamagan.
Ushbu oldi-berdining muddaosi "Rossiya uchun importlarni to‘lash va eksport uchun to‘lovlarni qabul qilib olish sanksiyalarni chetlab o‘tish markazi"ni barpo etish bo‘lgan, deb ko‘radi AQSh Moliya vazirligi.
2024 yili sentyabrida Qirg‘izistonda "Keremet bank"ni qaysidir rossiyalik oligarx sotib olgani haqidagi xabarlar tarqalgan.
Biroq "Keremet bank" bu xabarlarni rad etgan.
10 yanvardan AQSh Ukraina urushi boshlanganidan buyon Rossiyaga qarshi eng qattiq deb ko‘rilgan sanksiyalarini ham kiritdi.
Bu sanksiyalar Rossiya neft kompaniyalari va urush boshlanganidan buyon Rossiya neftini tashish bilan shug‘ullanib kelgan, biroq boshqa mamlakatlarda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda "Rossiyaning soya floti" deb nomlangan kemalarga qarshi qaratildi.
Bu sanksiyalar dunyo bo‘ylab turli bandargohlarda turib qolgan 180 neft va suyultirilgan gaz ortilgan kemalarni qamrab olgan.
Oxirgi bir hafta mobaynida Xitoy va Hindiston portlari Rossiya nefti ortilgan kemalarni qabul qilmay qo‘ygan, Hindiston neft manbasi kim ekanini tasdiqlaydigan hujjat talab qila boshlagan.
Boisi, Hindiston va Xitoy shirkatlari ham AQSh sanksiyasiga uchrashni istamaydilar.
2022 yil fevralida Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirganidan keyin AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya rahbarlari, moliyaviy institutlari, qator sanoat sohalariga qarshi jazo choralarini kiritishni boshladi, Rossiya avia shirkatlari uchoqlarining parvozlari taqiqlandi.
2024 yil dekabrida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi o‘zining 15-paket sanksiyalarini joriy etganini xabar qildi.