You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Olimlar xavotirda: O‘zbeklar geni buzilmoqdami? O'zbekiston
- Author, Hulkar Umarova
- Role, Jurnalist
- O'qilish vaqti: 5 daq
"Genofondimiz buzilmoqda". So‘nggi oylarda o‘zbek olimlarining ayni iddaosi mamlakatda shov-guvlarga sabab bo‘ldi. O‘zi gap nimada?
Xalq irsiyatida qanday o‘zgarishlar bo‘lmoqda, buning sabablari nima va ahvolni o‘nglash imkoni bormi?
Biz ayni shu ilmiy xulosani e’lon qilgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga bordik.
"Hozirgi tadqiqotlarda yangi avlodda, besh, olti, yetti yoshdagi bolalarda nihoyatda katta miqdorda buzilgan patogen genlarning tashuvchiligi 86 foizni ko‘rsatdi. Juda ham xavotirga soladigan va bizning hozir qilayotgan ishimizning muhimligini ham ko‘rsatgan raqamlar" - deydi biz bilan suhbatda ayni markaz rahbari va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse- prezidenti Shahlo Turdiqulova.
Uning aytishicha, o‘zbekistonliklarning genofondi buzilayotganligi olimlarni haqiqatan tashvishga soladi.
Bu boradagi maxsus videolavhani tomosha qiling:
Ma’lum bo‘lishicha, garchi butun yangi avlodni kasallangan, deb bo‘lmasa-da, lekin irsiy kasalliklar tashuvchanligi yuqori.
Masalan, butun dunyoda irsiy kasalliklar tashuvchanligi o‘rtacha 30-40 foizni tashkil qilsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 86 foiz, deydi olimlar.
"Biz 20 yildan beri shu laboratoriyada irsiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanyapmiz va natijalar shuni ko‘rsatyaptiki, O‘zbekiston aholisida (qandli) diabet, qon-tomir kasalliklari va saraton genetik jihatdan ko‘proq tarqalmoqda" - deydi suhbatdoshimiz.
"Neonatal skriningda biz 30 ming nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqni 48 xil kasallik uchun skriningdan o‘tkazganmiz. Va shunda, afsuski, har 1000 tadan bitta bola kasal bo‘lib chiqqan".
Olimaning urg‘ulashicha, ayni ko‘rsatkich Xitoyda 4000 tadan bitta, Isroilda avval 1000 tadan bitta bo‘lgan bo‘lsa, hozir 2000 tadan bittaga tushgan.
U O‘zbekistondagi holat Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator arab davlatlaridagi ahvolga o‘xshashligini ta’kidlaydi.
"Qaysi davlatlarda yaqin qarindoshlik nikohlari ko‘p bo‘lsa, ularda irsiy kasallangan bolalar soni ham ko‘p bo‘ladi" - dedi suhbatdoshimiz.
Gen nega o‘zgaradi?
Olima o‘zbekistonliklarning geni buzilishiga asosiy sabab sifatida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ko‘payganligini ko‘rsatadi.
Statistik raqamlarga ko‘ra, bunday nikohlar qishloqlarda 25 foizgachani tashkil qilsa, shaharlarda 10 foizga teng.
"Bu juda ham katta foiz. Odamlar, afsuski, shuni tushunishmayapti. Bu nafaqat nogiron bolalar, balki irsiy va boshqa kasalliklarning ham ko‘payishiga olib keladigan omil".
"Hatto bugun sog‘lom bola tug‘ilgan bo‘lsa ham, 40 yoshdan keyin tashuvchi genlar ko‘pligidan u har xil kasalliklarga uchrashishi mumkin" - deydi olima Shahlo Turdiqulova.
"Qozog‘istonda yetti avlodini ko‘rib, qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzilmaydi, ya’ni umuman taqiqlangan. Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda, mana, o‘zimizning Qoraqalpog‘istonda ham yo‘q. Lekin O‘zbekistonning qolgan hududlarida, shuningdek, Tojikiston va Turkmanistonda ham ko‘p tarqalgan. O‘ylaymanki, ularda ham tadqiqot o‘tkazilsa, raqamlar biz bilan bir xil bo‘lib qolishi mumkin" - deya vaziyatni izohladi olima.
Suhbatdoshimizga ko‘ra, bir tarafdan tug‘ilishning ko‘payishi, ikkinchi tomondan irsiy kasalliklar va ularni tashuvchilarning ortishi yaqin kelajakda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga katta bosim qo‘yishi mumkin.
Chora nima?
O‘zbekistonlik olimlar nogiron insonlarni davolash narxi yildan-yilga oshib borayotganini, bu esa aholi cho‘ntagi va davlat byudjetiga og‘irlik qilishi mumkinligini aytadilar.
Olimlar bu borada qator choralarni qayd etishadi.
"Qancha ko‘p genom texnologiyalari bizning sog‘liqni saqlash tizimimizga kirib kelsa, shunda kasalliklar ham kamayadi" - deydi olima Shahlo Turdiqulova.
"Nikohlanuvchilarning skriningiga o‘tamiz" - davom etadi suhbatdoshimiz - "Bunda har bitta nikohlanuvchi shu testdan o‘tib, bir-biriga mos yoki mos emasligini, necha foiz kasal bola tug‘ilishi xavfi borligini, qaysi kasallik bilan tug‘ilishi mumkinligini, xullas, barchasini bilib keyin oila quradi".
"Bunda perinatal skriningdan o‘tishi mumkin va doktorlar ham shunday xavf bor oilalarni, shunaqa juftlarni alohida nazoratga olishadi. Onani ham homilador paytida, ham bola tug‘ilgandan keyin qo‘shimcha skrining va tekshiruvlardan o‘tkazishadi".
O‘zbekiston sharoitida bu kabi skrininglar qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni to‘xtatishning asosiy chorasi ekanligini urg‘ulanadi.
"Skriningdan o‘tkazib, bo‘lajak ota-onalarni ogohlantirsak, mayli, uch-to‘rt yil o‘tib, balki qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh butunlay taqiqlanar..."
"Bunday taqiq aslida butun dunyoda bor. Taqiqlarning natijasi shuni ko‘rsatayaptiki, ba’zi davlatlarda irsiy kasalliklar miqdori 10 barobar ham tushgan. Mana, Daun kasalligi bo‘yicha o‘zimiz ko‘rdik, Xitoyning bitta mintaqasida 5 foizdan 0,5 foizga tushgan" - deya o‘z tahlillari bilan bo‘lishadi olima.
Ekologiya ta’siri ham bormi?
O‘tgan asrda Orol dengizining qurishi Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda ham odamlar salomatligiga ta’sir qilmay qolmagani aytiladi.
Olimlar esa, endilikda iqlim o‘zgarishi bois, Markaziy Osiyoda suv taqchilligi ortishi, sahrolashish kuchayishi va chang-to‘zonlar ko‘payishi ehtimollarini ham bildiradilar.
Shu bois, o‘zbeklarning geni buzilishiga Orol dengizining qurishi va yoki iqlim o‘zgarishining ta’siri bormi, degan savollar ham o‘rtaga chiqishi mumkin.
"Iqlim o‘zgarishi va ekologiya (buzilishi) ham inson genomiga ta’sir qiluvchi omillar. Lekin bu buzilishlar nasldan naslga o‘tmaydi" - dedi Shahlo Turdiqulova - "Faqat atom zarbalaridan keyin kuzatiladigan massiv buzilishlar avloddan avlodga o‘tishi mumkin".
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2023 yilda Respublika "Ona va bola skriningi" markaziga murojaat qilgan to‘qqiz ming nafardan ortiq bolaning qariyb 800 nafarida irsiy kasalliklar aniqlangan.
Ushbu irsiy kasalliklar turlari bo‘yicha tahlil qilinganda esa, nerv-mushak tizimida irsiy kasalligi bo‘lgan 265 nafar bolaning 88 nafari qarindoshlardan tug‘ilgan bolalar bo‘lib chiqqan.
O‘zbekiston Oila kodeksining 16-moddasida yaqin qarindoshlar, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘langan qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh taqiqlangan.
Ammo aksar yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar taqiqlanmagan.
Deylik, nafaqat ikkinchi yo uchinchi avlod qarindoshlari o‘rtasidagi nikohlar davom etmoqda, balki aka-uka va opa-singillarning bolalari, ya’ni bo‘lalarning o‘zaro oila qurishi hollari ham mavjud.