Rossiya: Siyosatchi Ufadagi hindlarga hujumni markaziy osiyoliklarga bog‘ladi

Surat manbasi, t.me/kabanovkv /6724
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a’zosi Kirill Kabanovning aytishicha, Ufa shahrida hind talabalariga qilingan hujum ortida Markaziy osiyoliklar lobbisi turibdi.
Siyosatchi o‘zining Telegram kanalida yozishicha, ular Rossiyani obro‘sizlantirishni ham maqsad qilishgan. Rossiya matbuoti va Kabanovga ko‘ra, 15 yashar hujumchi Ukrainaning Rossiyada terrorchi deya topilgan NS/WP (milliy sotsializm/oq kuch) tashkilotining ta’siri ostida bo‘lgan.
NS/WP - Ukrainada emas, Rossiyada 2000-yillar boshlarida paydo bo‘lgan neo-natsistlar guruhi.
"Oxirgi oylarda Rossiyaga Hindistondan muhojirlarni tashkillashtirilgan holda olib kelishni obro‘sizlantirish yo‘lida faol kampaniya kuzatilyapti. Bu Markaziy Osiyolik "qimmatbaho mutaxassislar" foydasiga qilinyapti. Biz hozir muayyan davlatdan "xorijiy mutaxassislar" kelishiga qarshilik yo qarshi emaslik haqida gapirmayapmiz, gap boshqa narsada: Qanday qilib Markaziy osiyoliklar migratsiyasining lobbichilari ukrainparast terrorchi tashkilotlar, ya’ni bu tashkilotlarni boshqaradigan dushman xavfsizlik kuchlari bilan bog‘liqlar", - deb savol qo‘ydi Kabanov.
7 fevralda Bashkiriya Tibbiyot universitetida rossiyalik o‘smir pichoq bilan talabalarga hujum qilganida to‘rt hindistonlik talaba jarohat olgandi.

Guvohlarga ko‘ra, kechki sayrda qaytib kelayotgan hind talabalarga hujum chog‘ida millatchi shiorlar yangragan.
Hujum Rossiyaga hindistonlik ishchilar oqimi oshishi manzarasida yuz berdi. Joriy yilning o‘zida Rossiya hukumati ishchilar tanqisligini aritish uchun Hindistondan 70 minggacha migrant ishchilarni olib kelishini bildirgan.
2025 yil oxirida Rossiyada allaqachon 80 mingga yaqin hindlar qurilish, ishlab chiqarish va kommunal xizmatlar sohalarida ishlayotgandi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
2024 yilda 91 hindistonlik Rossiyada ishlash va’dasi bilan olib kelinib, Ukraina bilan urushga safarbar qilingani aniqlangandi.
Kabanov hindistonliklarga qilingan hujum va markaziy osiyoliklar o‘rtasidagi aloqaga hech qanday dalil-isbot keltirmadi.
"Qizig‘i shuki, ukrainparast terrorchilar va Rossiya ichidagi migratsion lobbichilari bitta maqsadda ishlayapti. Ya’ni ular, markaziy osiyoliklarni yoppasiga nazoratsiz olib kelishni davom ettirish uchun "induslar"ning tashkiliy olib kelinishiga qarshi ishlashmoqda", - deb yozadi siyosatchi.
Kabanov migrantlarga qarshi chiqishlari bilan tanilgan. Bir oy avval o‘z telegram kanalidagi murojaatida u xorijliklarning Rossiyada tug‘ilayotgan farzandlariga bir martalik to‘lovni bekor qilishga chaqirgandi.
Karnegi tadqiqot markaziga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar soni 2014 yilgi 4 milliondan 2024 yilga kelib 1 millionga tushgan.





























