You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Gaz quyish shoxobchalari aholi uylaridan qancha masofada bo‘lishi kerak?
"Men 10 yillar avval propan gaz zapravkasini qurdirmoqchi bo‘lganimda, menga ruxsat berilmagan. Sabab – men tanlagan hudud paxta dalasiga juda yaqin ekan. Men tanlagan joyning shundoq orqasi paxta dalasi edi. G‘alla va paxta bo‘lsa, yaqin qurib bo‘lmas ekan. Uning ustiga uni katta yo‘ldan uzoqligini ham hisoblashgan. Bu masofa 47 metr bo‘lib chiqdi. 50 metr bo‘lishi kerak ekan", - deydi gaz quyish shoxobchasi egasi Tolib aka (ismi, iltimosiga binoan, o‘zgartirilgan).
Seshanba, 17 dekabrь kuni tushlikda Farg‘ona shahrida gaz quyish shoxobchasining portlashi bu kabi xavfli ob’ektlarning aholi yashaydigan, ishlaydigan va yig‘iladigan hududlarga qanchalar yaqin bo‘lishi mumkinligi borasidagi savollarni o‘rtaga chiqardi.
O‘zbekistonning boshqa hududida yashovchi Tolib akaning aytishicha, mamlakatning ko‘p qismlarida texnik xavfsizlik qoidalarga hozirda amal qilinmayapti. "Yo‘ldan atigi 3 metr nariroqda zapravka qurishyapti hozir. Propanda bosim katta bo‘ladi, uning xavfi ham juda katta. Lekin, shu qurilishlarga ruxsat berilyapti. Kimningdir qarindoshi, yo pul va kelishuvlar evaziga..", - deydi u.
"Sovet davrida SNiP, ya’ni Stroitelnыe normы i pravila (Qurilish normalari va qoidalari) degan yo‘riqnoma bo‘lar edi. Bu hozirda ShNK (Shaharsozlik normalari va qoidalari) deyiladi. Ana shu qoidalarni o‘rganib bilgandimki, gaz quyish shoxobchalari aholi yashash joylaridan kamida 100 metrlik masofada qurilishi kerak. Ya’ni, shoxobchaning tashqi chegarasi yo devoridan to aholi yashaydigan joygacha bo‘lgan masofa 100 metr bo‘lishi shart."
Farg‘onadagi hodisa ortidan ushbu gaz quyish ob’ektining qachon va qanday ruxsat asosida barpo etilgani, hamda uning jamoatchilik inshootlari va turar joylargacha bo‘lgan masofasi haqida aniq ma’lumot berilmadi.
2008 yilda O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish bo‘yicha qo‘mitasi chop qilgan "Shaharsozlik normalari va qoidalari - Avto yoqilg‘i quyish shoxobchalari" (ShNK 2.09.20-08) yo‘riqnomasida, darhaqiqat, yoqilg‘i quyish shoxobchalarining boshqa ob’ektlardan qancha masofada qurilishi bo‘yicha shartlar berilgan.
Xususan, gaz quyish shoxobchalari, yer ostiga o‘rnitilgan suyultirgan gaz omboriga ega bo‘lsa turar joylar va jamoatchilik inshootlaridan 100 metrlik masofada, va yer usti omboriga ega bo‘lsa, u joylardan 300 metrlik masofada qurilishi belgilangan.
Farg‘onada portlagan shoxobcha bu talablarga qanchalar javob bergani hozircha noaniq.
Voqea joyidan olingani ishonilgan videolarda gaz sizib chiqib, atrofga yer bo‘ylab quyuq tumandek tarqalayotgani ko‘rinadi. Propan rangsiz gaz bo‘lib, u havodan og‘ir. U sizib chiqsa, har qanday uchqun yordamida portlashi va yong‘in kelib chiqishi mumkin. Kadrlarda ham sizib chiqqan gaz biroz vaqt o‘tib portlashga sabab bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi chiqargan rasmiy bayonotga ko‘ra, Farg‘ona shahar Yangiyo‘l mahallasidagi "Petrolium" propan gaz quyish shoxobchasida 5 m. kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqib, gaz moddasi tashqariga sizib chiqishi oqibatida, portlash va yong‘in sodir bo‘lgan.
"Natijada, 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan, shu hududda bo‘lgan bir nechta fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan", - deyiladi rasmiy xabarda. Farg‘onaliklar orasida esa, ayni damda, nobud bo‘lganlar soni bo‘yicha turli norasmiy xabarlar tarqalmoqda.
Farg‘ona viloyat IIB tomonidan bunga bog‘liq jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingani, 2 nafar shaxslarni ushlash choralari ko‘rilayotgani aytildi.