You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Eron shohining o‘g‘li Trampni Eronga tezroq kirishga undayapti
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 7 daq
Eronning so‘ngi shohining o‘g‘li Reza Pahlavi AQSh Prezidenti Donald Trampni Erondagi namoyishchilar orasidagi o‘limni kamaytirish uchun «tezroq» u yerga kirishiga chaqirdi.
CBS News bilan intervyusida Pahlavi Eron hukumati «yana muzokaralarga tayyor ekanini aytib, dunyoni yana bir bor aldamoqchi» bo‘layotganini aytdi.
U Trampni «aytganini qiladigan» va «nima xavf ostida» ekanini biladigan odam deya tasvirladi.
«Menimcha, prezident tez orada qaror qabul qilishi kerak», dedi Pahlavi.
Norvegiyada joylashgan Eron Inson huquqlari (IHRNGO) tashkilotiga ko‘ra, namoyishlarda kamida 648 odam o‘lgan, ularning to‘qqiz nafari balog‘atga yetmaganlardir.
BBC va ko‘plab boshqa xalqaro matbuot tashkilotlari Eron ichidan xabar uzata olmaydi. Payshanba kuni internetning uzib qo‘yilishi ortidan Erondan xabar olish va uni tasdiqlash qiyinlashgan.
Ayni damda, ikki nufuzli AQSh mudofaa rasmiysining CBS News ga aytishicha, Tramp bilan Eron ichida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yashirin va harbiy usullarning keng imkoniyatlari muhokama qilindi.
AQSh Eronga qarshi uzoq masofali raketa zarbalari, hamda hukumat boshqaruvi va muloqot yo‘llarini ishdan chiqaruvchi kiber-hujumlar va psixologik kampaniya olib borishni ko‘rib chiqyapti.
Tramp dushanba kuni Eronga tijoriy aloqador davlatlar mahsulotlariga 25% tarifni kiritdi.
Shundoq ham AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan Eron o‘z pul birligining qadrsizlanishi va oziq-ovqat narxlarining 70 foizga oshishidan aziyat chekmoqda. U o‘zidagi oziq-ovqatning uchdan birini import qiladi, demak xalqaro tariflar uning narxini yanada oshirishi mumkin.
Eronning eng katta savdo sherigi – Xitoy, undan so‘ng Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Hindiston. Oq Uy tariflar kimga qanday ishlashi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot bermadi.
Eron matbuoti yirik shaharlarda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar bo‘lib o‘tganini xabar qildi.
BBC fors xizmati ko‘rgan SMSlarda hukumat odamlarni bu namoyishlarga kelishga undagani va aksil-hukumat namoyishlarda qatnashmaslikni aytib ogohlantirganini ko‘rish mumkin.
Eron rahnamosi Oyatulloh Xomanaiy AQShni «yolg‘onchilik»da va «xiyonatkor yollanma kuchlar»ni yollashda aybladi, hamda dushanba kuni hukumatni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan namoyishlarni olqishladi.
12 yanvar - Eron namoyishlarida 650 kishi halok bo‘ldi, Oliy rahnamo AQShni ogohlantirdi
Bundan ikki hafta oldin iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi ortidan boshlangan namoyishlarning voqealar rivoji quyidagicha:
- Norvegiyada joylashgan inson huquqlari guruhiga ko‘ra, Eronda hukumatga qarshi namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi oqibatida kamida 650 nafar namoyishchi halok bo‘lgan.
- Butun mamlakat bo‘ylab internetning uzib qo‘yilishi Eronda nimalar bo‘layotgani haqida aniq ma’lumot tarqatilishini qiyinlashtirmoqda. Muxbirimiz bilan Starlink sun’iy yo‘ldosh xizmati orqali bog‘langan shaxs: "Dunyo ichkarida biz bilan nimalar sodir bo‘layotganini bilishi kerak", - dedi.
- Halok bo‘lganlar orasida 26 yoshli futbol hakami Amir Mohammad Koohkan va 23 yoshli talaba Rubina Aminian ham bor.
- Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning ta’kidlashicha, hukumatga qarshin namoyishlar bilan birga bugungi hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar "Amerika siyosatchilari o‘zlarining aldov va makkorliklariga chek qo‘yishlari uchun ogohlantirish" bo‘ldi.
Xomanaiy bugungi kunni "tarixiy kun" deb atadi va "qat’iy iroda bilan to‘lib-toshgan ushbu ulkan yig‘inlar xorijiy dushmanlarning ichki yollanma shaxslar orqali amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalarini barbod qilganini" qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, u: "Eron xalqi qudratli va hushyor xalqdir, u o‘z dushmanlarini taniydi va har qanday vaziyatda doimo hoziru nozir", deya ta’kidladi.
Tramp Eronga qarshi qattiq choralar haqida gapirdi, Eron esa zarbalar javobsiz qolmasligidan ogohlantirdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyatini norozi namoyishchilar o‘ldiriladigan bo‘lsa, aralashishi mumkinligi borasidagi ogohlantirishini yana bir bor takrorladi.
11 yanvar, yakshanba kuni AQSh prezidenti uchog‘ida jurnalistlarga gapirgan Prezident Tramp so‘zlariga ko‘ra, Eron rahbariyati "muzokaraga" chaqirganlar.
"Ammo biz uchrashuvdan oldin harakat qilishimiz mumkin", dedi Prezident Tramp.
AQSh prezidenti bilan birga parvoz qilayotgan jurnalistlardan biri, namoyishchilarga o‘q uzish bilan Eron "qizil chiziq"dan o‘tdimi, deb so‘radi.
"Ular boshlaganga o‘xshaydi", deya javob berdi Tramp.
"Biz bunga juda jiddiy qarayapmiz. Harbiylar kuzatib turiptilar. Biz ayrim juda keskin choralar ustida bosh qotirayapmiz. Biz qaror qabul qilamiz", dedi AQSh prezidenti.
"Men Eron rahbarlariga aytaman: yaxshisi, otishni boshlamang, aks holda biz ham otishni boshlaymiz", dedi 9 yanvar kuni Oq Uyda Prezident Tramp.
"Eron birinchi bo‘lib hujum qilmaydi, ammo urushga yaxshi tayyorlangan"
Eron birinchi bo‘lib hujum qilmaydi, ammo urushga yaxshi tayyorlangan, dedi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi.
12 yanvar kuni Tehronda Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Erondagi xorijiy elchilar bilan uchrashdi.
Ushbu uchrashuvda Tashqi ishlar vaziri aytishicha, Eron islomiy respublikasi "urushga intilmayapti", ammo "xomcho‘t" oqibatlaridan ogohlantirdi.
Abbos Araqchi so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Eron Isroil bilan 2025 yil iyunida ro‘y bergan 12 kunlik urushga qaraganda ham "yaxshiroq tayyorlangan".
Eron tashqi ishlar vaziri noroziliklar manzarasida kuzatilayotgan "cheklov"larga ham to‘xtaldi.
Bu to‘rtinchi kundirki Eronning Internet va telefon aloqasidan uzib qo‘yilgani bilan bog‘liq.
Abbos Araqchi so‘zlariga ko‘ra, bu cheklovlar "biz tahdid qolmaganiga ishonch hosil qilmagunimizcha" davom etadi.
Eron tashqi ishlar vaziri aytishicha, norozilik chiqishlari oxirgi kunlarda, uning ta’rificha, "terrorchilik amaliyotlariga aylangan".
Norozilik namoyishlari boshlanganida Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon hukumat odamlar arziga quloq solishi kerak deb aytgan, biroq Eron davlat matbuoti va xavfsizlik kuchlari o‘tgan haftadan boshlab, protestlarni qo‘poruvchilik, terrorchilik harakatlari deb ta’riflay boshlagan.
Tashqi ishlar vaziri Araqchi aytishicha, Eron muzokaralar uchun ochiq.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, adolatli, munosib va tenglik shartlariga asoslangan muzokaralarga.
Bunday shartlarni rasmiy Tehron o‘tgan yil iyunidan buyon Vashington bilan muloqotlar uchun talab qilib keladi.
Kamida 180 jasad
Jahonda Internetni monitoring qiladigan tashkilotlar Eronda 8 yanvar tunidan Internet butkul uzilganini xabar qiladilar.
Bunday sharoitda Eron ichkarisidan axborot olish juda qiyinlashgan.
Xorijdan turib eronliklarning telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanish ham imkonsiz bo‘lib qolgan.
Ammo muhojirotdagi eronliklarning inson huquqlari va boshqa nodavlat tashkilotlari mamlakat ichidan ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lib turibdilar.
Xususan, AQShda joylashgan Human Rights Activist axborot agentligi Erondagi namoyishchilar va xavfsizlik xodimlari orasidagi o‘limlar haqida axborot berib borayapti.
Inson haqlari tashkilotlari xavotiricha, bugunga kelib Eronda halok bo‘lgan insonlarning soni bir necha yuzga yetgan.
Human Rights Activist News Agency, 495 namoyishchi, 48 xavfsizlik xodimi o‘limini tasdiqladik, deydi.
Axborot agentligiga ko‘ra, 10600 kishi hibsga olingan.
Bi-bi-si poytaxt Tehron tashqarisidagi ochiq morgda kamida 180 inson jasadini sanadi.
Ayrim eronliklar Starlink sun’iy yo‘ldosh xizmati orqali Internetga bog‘lanayaptilar va axborot tarqatishning uddasidan chiqayaptilar.
Ammo Starlinkka ulangan insonni Eron rasmiylari tutib olishlari, josuslikda ayblab o‘lim jazosiga hukm etish xavotiri bor.
Ammo ushbu o‘lim tahdidiga qaramasdan, Starlink orqali VVS ga bog‘langan eronliklardan biri, eronliklarning qayg‘usi va g‘azablari yashirin qolmasligi kerak, deb aytdi.
Eron davlat televideniesi va matbuoti mamlakat ichkarisidagi vaziyatni tinch qilib ko‘rsatishga harakat qilayotganlari kuzatiladi.
Eron televideniesi aksilhukumat namoyishlarga qarshi hukumatni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazilgani haqida video namoyish etdi.
11 yanvar. Eron: qonli to‘qnashuvlar, yuzlab o‘lim va jarohat. AQSh hujumlarni rejalamoqdami? Shahzoda Rizo Pahlaviy qaytadimi? (video)
Eronda shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi oxirgi 3 kun mobaynida xavfsizlik kuchlari tomonidan yuzlab inson o‘ldirilganligini haqidagi xabarlar manzarasida norozilik namoyishlari davom etgan.
BBC haqiqiyligini tasdiqlagan va guvohlarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hukumatning noroziliklarni bostirish amallari kuchaymoqda.
Eron Bosh prokurorining aytishicha, noroziliklarda qatnashayotgan har qanday shaxs "Ollohning dushmani" sifatida ko‘riladi. Bu ayblov Eronda o‘lim jazosini ko‘zda tutadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp "Eron namoyishchilarni o‘ldirsa qat’iy chora ko‘rilishi" haqida ogohlantirgandi.
Eron Parlamenti raisi agar AQSh Eronga hujum qilsa, Isroil shuningdek, Amerikaning mintaqadagi harbiylari va kemalari qonuniy nishonga aylanishi haqida ogohlantirgan.
Shanba kuni janob Tramp AQSh "Erkinlik ilinjida bo‘lgan" Eronga "yordamga tayyor turganligi"ni aytgan.
Namoyishlar ko‘lami kengayar ekan o‘lim va jarohatlar soni ham ortib bormoqda.
AQShda joylashgan Eron Inson Haqlari faollari (HRANA) guruhiga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari doxil 100 dan ortiq inson o‘ldirilgan.
BBC Fors xizmati Rasht shahridagi kasalxonaga juma kuni 70 jasad keltirilganini aniqlagan. Tehrondagi shifoxona xodimlari u yerda 38 inson o‘ta og‘ir jarohat bilan yotganini aytishgan.
Inson Haqlari guruhlariga ko‘ra, 28 dekabr kuni boshlangan noroziliklar mobaynida shu vaqtgacha 2500 kishi hibsga olingan.
BBC va boshqa ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalariga Erondan mustaqil ravishda xabar berishga ruxsat berilmasligi va payshanba kunidan beri Internet deyarli to‘liq o‘chirilgani uchun ma’lumot olish va xabarlarni tekshirish qiyinlashgan.
Joriy noroziliklar vaqtida hukumat shuningdek, ichki Intranet xizmatini ham keskin cheklamoqda.
Mutaxassislarning BBCga aytishlaricha, Internet cheklovlari 2022 yilgi noroziliklar vaqtida kiritilgan cheklovlardan ham kuchliroqdir.
AQSh Eronga hujumlarni rejalamoqdami?
Shanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp "AQSh yordamga tayyor turibdi", deya Ijtimoiy tarmoqda aytgan bo‘lsa-da, tafsilotlarni ochiqlamagan.
Ammo AQSh matbuotining xabar berishicha, unga Eronga nisbatan harbiy hujumlar variantlari haqida ma’lumot taqdim qilingan.
The New York Times va Wall Street Journal (WSJ) ning xabar berishicha, bu borada muloqot bo‘lib o‘tgan va WSJ bu muloqotni "dastlabki muhokama" , deya ta’riflagan.
O‘tgan yili AQSh Erondagi yadroviy inshootlarga havodan hujum uyushtirgandi.
Shahzoda Rizo Pahlaviy qaytadimi?
Yakshanba kuni ertalab hozirda AQShda istiqomat qiluvchi Eron sobiq shohining o‘g‘li Rizo Pahlaviy o‘zining X sahifasida video chop qilib, "Sizlar tanho emassiz. Jahon bo‘ylab vatandoshlaringiz sizning sadoingizni eshitmoqda… Xususan erkin jahon yetakchisi bo‘lmish prezident Tramp sizning jasoratingizni kuzatib turibdi va yordam berishga tayyor" , deya izoh qoldirgan.
"Men bilamanki, yaqin orada men siz bilan birga bo‘laman", deya ilova qilgan u.
Erondagi namoyishchilar Rizo Pahlaviyning qaytishini talab qilib, shiorlar aytib kelishmoqda.
Rizo Pahlaviy odamlarni noroziliklarni davom ettirishga ammo " hayotlarini xavf ostiga qo‘ymaslikka" da’vat qilgan.