You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston yoshlari elektron sigaretlarga qanchalik qaram?
Toshkent ko‘chalari bo‘ylab piyoda sayr qilarkansiz yoki odatda yoshlar bilan gavjum bo‘ladigan manzillarga yaqinlasharkansiz, an’anaviy sigaret chekuvchilar kamayib borayotganday taasurot uyg‘onadi.
Macrotrendsga ko‘ra, aholisining qariyb 14 foizini chekuvchilar tashkil qiladigan O‘zbekistonda bu kabi holatlar bilan yuzlashish g‘ayritabiiy tuyiladi, albatta.
Tabiiy, O‘zbekistonda tutatib chekiladigan tamaki turlari boshqa mamlakatlarga nisbatan o‘ta ommalashmaganiga yana bir sabab bor. Bu -nosvoy!
Nima bo‘lganda ham bu kabi “kashandalar ozligi” sababini jamoat joylarida chekishga nisbatan qo‘yilgan taqiqlar yoki omma orasida chekishning uzoq muddatli zararlaridan ogohlikning oshishi bilan emas, balki so‘nggi yillarda yoshlar orasida trendga chiqib ulgurgan elektron sigaretlarlardan keng foydalanishga bog‘lash mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2019 yilda mamlakat hududida elektron sigaretlarni olib kirish, sotish va sotib olishga bo‘lgan bir qator taqiqlarni bekor qilgach, bu tovarlarga bo‘lgan talab yanada oshdi.
Xoh qonuniy, xoh noqonuniy yo‘l bilan bo‘lsin, O‘zbekistonga kirib kelayotgan elektron sigaretlar u yoki bu sabablar bilan o‘z iste’molchilarini topib ulgurdi.
Ba’zilar uni hidsizligi va ko‘p marotaba foydalanish mumkinligi uchun afzal bilgan bo‘lsa, ba’zilar an’anaviy sigaretlardan ko‘ra sog‘liqqa kamroq zarar berishi mumkinligi vajidan uning doimiy mijozlariga aylanishdi. Yana kimdirlar uchun esa u shunchaki yangilik edi, xolos.
Biroq, avvaliga “quchoq ochib” kutib olingan elektron sigaretlar oradan ko‘p vaqt o‘tmay eng ko‘p muhokamaga qo‘yilgan mavzulardan biriga aylandi. Buning sababi esa elektron sigaretlarlar chekishni tashlamoqchi bo‘lganlar yoki o‘z sog‘ligi haqida qayg‘uruvchilar orasida emas, endigina o‘spirin yoshiga yetgan yuqori sinf maktab o‘quvchilari orasida favqulodda tezlik bilan ommalashgani bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan ma’lumotlarga kora, joriy yil boshida 26,6 ming o‘g‘il bolalar hamda 8,6 ming qizlarda chekishga moyillik bo‘lgan.
Yosh chekuvchilar soni ortib borishiga parallel ravishda ular tomonidan qonun buzilishi holatlari ham oshib borgan.
2019 yilda o‘tkazilgan reydlar davomida maktab o‘quvchilari orasidan atigi 6 dona elektron sigaretlarlar topilgan bo‘lsa, keyingi yillarda, xususan, 2020 va 2021 yillarda bu raqam mos ravishda 27 va 31 taga yetgan.
Biroq, so‘nggi ikki yil ichida vaziyat haqiqatan jiddiy tus olgan. Maktab o‘quvchilaridan topiladigan elektron sigaretlar soni qariyb 34 baravarga oshib, 2023 yil davomida bu bilan bog‘liq jami 1040 ta qonun buzilishi holati kuzatilgan.
Shuningdek, 18−29 yoshdagi aholi orasida tamaki qizdirish tizimlaridan foydalanish darajasi (252 ming kishi) 30−69 yoshdagi aholiga (94,2 ming kishi) nisbatan 2,5 baravar yuqori bo‘lgan.
Vazirllikka ko‘ra, agar bu trend O‘zbekistonda qat’iy taqiqlanmasa, 2010 yildagi 21 foizdan 15 yil deganda 14 foizga tushgan chekuvchi fuqarolar ulushi yaqin kelajakda teskari tus olib, yana 20 foizga chiqishi mumkin.
O‘zbekistonda elektron sigaretlar taqiqlanadimi?
Elektron sigaretlarni O‘zbekistonga olib kirishni taqiqlash joriy yilning aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muhokamalarga qo‘yilgan va vazirlik tegishli qonun loyihasini takilf qilgan edi.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25 may kuni e’lon qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, “tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan mahsulotlar, qizdiriladigan tamaki mahsuloti, elektron sigaretalar, veyplar, nikotin suyuqliklari, chilim uchun mo‘ljallangan qorishmalar tamaki mahsulotlariga” tenglashtirildi va “ularga nisbatan ushbu turdagi mahsulotlarni cheklashga qaratilgan hamma choralar” amal qilishi kerakligi belgilab berildi.
Elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirish, sotish va sotib olish to‘liq taqiqlanmadi.
Prezident tomonidan tasdiqlangan qonun loyihasiga ko‘ra, boshqa tamaki vositalari kabi elektron sigaretlarni ham 21 yoshdan kattalar uchun sotish belgilab qo‘yilgan.
Biroq, mahalliy sotuvchilarning hammasi ham har bir mijozdan pasportini ko‘rsatishni va yoshini tasdiqlatishni so‘rashga xafsala qilmaydigan O‘zbekistonda bu cheklov qanday ishlashi amaliy jihatdan yetarlicha savollarni keltirib chiqadi.
Misol uchun, alkogol ichimliklarini 21 yoshdan kichik fuqarolarga sotishni taqiqlash bo‘yicha qonun ijrosi O‘zbekistonda allaqachon amalda bo‘lishiga qaramay, o‘spirin ichuvchilar soni oz emas.
Mahalliy aksariyat do‘konlardan spirtli ichimliklarni olib chiqib ketayotgan yoshlarni esa tez-tez uchratish mumkin.
Ba’zi tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, chekish va ichish zararli ekanligi yoshlarga qanchalik ma’lum bo‘lmasin, baribir ular qiziqish uchun ham buni sinab ko‘rishga harakat qilishlari mumkin.
Taqiqlar jiddiyroq tus olmasa, vaziyat o‘zgarmasligi tayin, deydi kuzatuvchilar.
Veyplar an’anaviy chekish vositalaridan ko‘ra qanchalik xavfsiz?
Elektron sigaretlar va veyplar an’anaviy tutunli chekish vositalari kabi zararli hisoblanmaydi degan qarash anchayin shakllanib ulgurdi. Buning ilmiy asoslari hamon bahstalab bo‘lib qolmoqda.
Biroq, sog‘liqni saqlash mutaxassislari chekmaydiganlarga veypingni boshlashni tavsiya qilishmaydi, chunki bu o‘pka, yurak va miyaga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin.
Inhalatsiya qilingan bug‘da kichik miqdorda kimyoviy moddalar, ko‘pincha nikotin kabi qaramlik keltiruvchi modda mavjud bo‘ladi.
Ularning sog‘liqqa ta’sirini to‘liq tushunish uchun ko‘proq tadqiqotlar talab qilinadi, ammo 2023 yil dekabrь oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ular olib keladigan xavflar haqida "tashvishli dalillar" ortib borayotganidan ogohlantirgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2020 yillarda (2020 yil 18 fevralga qadar) AQShda elektron sigaretalarni chekish oqibatida jami 2807 nafar kishi kasalxonaga yotqizilgan va o‘lim holatlari ham qayd etilgan.
Shuningdek, bugungi kunda, jumladan, O‘zbekistonda ham noqonuniy veyplar yetarlicha miqdorda tarqalgan va ularda boshqa zararli kimyoviy yoki giyohvand moddalar bo‘lishi ehtimoli ancha yuqori.
Mahalliy yangilik sahifalarida esa veyplar va elektron sigaretlarlarni mamlakatga olib kirishga bo‘lgan noqonuniy urinishlarni tez-tez uchratish mumkin.
Xususan, joriy yilning iyul oyida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan reydlar davomida topilgan chetdan noqonuniy olib kirilgan mahsulotlar orasida ham 30 dona elektron sigaretlarlar mavjud edi.
Shunga qaramay, mutaxassislar ko‘pchilikka elektron sigaretlarni chekishga o‘tishni maslahat berishadi.
Sababi, an’anaviy sigaretlarda tamaki, qatron va boshqa zararli, rak keltirib chiqaruvchi kimyoviy moddalar mavjud. Kundalik hayotda ularning iste’molidan voz kechish dunyo bo‘ylab ko‘plab kasalliklar va o‘limning oldini olish mumkin bo‘lgan eng muhim qadamlardan biri sifatida qaraladi.
Shuning uchun chekuvchilarga chekishni to‘xtatish tavsiya etilarkan, bunda nikotinli veyplar eng samarali vosita hisoblanadi.
Biroq, veyping xavfsiz emasligi sababli, u faqat katta yoshdagi chekuvchilar uchun tavsiya etiladi va ko‘pchilik mamlakatlarda ularga JSSTning “chekishni to‘xtatish uchun almashtirish” dasturi doirasida bepul veyp to‘plamlari taqdim etiladi.
Biroq, aholi orasida hamma ham elektron sigaretlarning ehtimoliy zararlaridan yetarlicha ogoh emas. Tadqiqotlarning u yoki bu talqinini eshitish orqali, elektron sigaretlar haqida noaniq xulosa chiqarayotganlar esa albatta kun sayin ortib bormoqda.
“Menimcha, elektron sigaretlar unchalik ham zararli emas. Men avval oddiy sigaret chekardim va har safar o‘zimni noqulay his qilardim. Bu ham uning chidab bo‘lmas hidi tufayli edi, ham men o‘zimda qandaydir noxushlik his qilardim.
Veyplar bilan esa bu qanaqadir yaxshi. Men ulardan o‘zim istagan hidli yoki hidsizini, yoki qandaydir ta’m beruvchilarini tanlashim mumkin. Menga malina ta’mli elektron sigaretlar yoqadi,” deydi ismi sir qolishini istagan 21 yoshdan kichik chekuvchilardan biri.
Unga ko‘ra chekish yoki chekmaslik har bir fuqaroning shaxsiy tanlovi.
“Elektron sigaret chekishimni ota-onam allaqachon bilishadi. Boshida ularga buni aytishdan qo‘rqdim. Dadam chekardi. Uning o‘zi ham elektron sigaretlar chekish unchalik zararli emasligini bilganidan keyin menga ham chekishga ruxsat berdi. Hozir ulardan buni yashirmayman. Oshkora chekaman,” deya qo‘shimcha qiladi u.
Biroq, O‘zbekiston Saqlash saqlash vazirligi elektron sigaretlar zararsiz ekanligi haqida omma orasida tarqalgan fikrlar hech qanday asosga ega emasligini ta’kidlab keladi.
Vazirlik o‘z Telegram kanalida joylagan postlarning aksariyatida esa elektron sigaretlar va veyplar an’anaviy sigaretlardan ko‘ra anchayin xavfli ekanligi ta’kidlanadi.
Jumladan, vazirlik e’lon qilgan hisobotlardan biriga ko‘ra, bir martalik elektron sigareta 300 va undan ko‘p marta tortishga mo‘ljallangan. Unda nikotin miqdori 1 millilitrda 60 milligrammni tashkil etadi. Bu odatdagi 3 ta quti sigaretadagi nikotin miqdoriga teng.
Shuningdek, ular tarkibida nikotin miqdori 0 mg/ml dan 66 mg/mlgacha va undan yuqori bo‘lishi mumkin. Bu nikotin miqdori odatiy sigaretadan kamida ikki marta ko‘proq degani.
“Oddiy va elektron sigaretalarning har ikkisi ham zararli. Ularning barchasida nikotin va kantserogen moddalar mavjud. Nikotin insonda juda kuchli qaramlikni keltirib chiqaradi.
Ayniqsa, hali yaxshi rivojlanmagan markaziy asab tizimi bu moddaga tez o‘rganadi. Agar ushbu tizimning shakllanishi taxminan 25 yoshgacha davom etishini e’tiborga olsak, elektron sigaretalar yoshlar salomatligi uchun juda xavfli.
Xususan, bunday mahsulotlarni chekish yurak-qon tomir va o‘pka kasalliklarini keltirib chiqaradi” - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov vazirlik sahifasida e’lon qilingan xabarda.
Xorijiy tajriba
Elektron sigaretlar faqatgina O‘zbekistonda emas, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida allaqachon tashvishli voqelik sifatida ko‘rilishni boshlagan.
Qayd etilishicha, dunyo bo‘yicha 13-15 yoshli bolalar elektron sigaretlardan kattalarga nisbatan ko‘proq foydalanmoqda.
Masalan, Kanadada 2017 yildan 2022 yilgacha 16-19 yoshli o‘smirlar o‘rtasida bu turdagi mahsulotni chekish ikki baravar ko‘paygan.
Angliyada esa so‘nggi uch yil ichida elektron sigareta iste’mol qiluvchi yoshlar soni uch barobar oshgan.
Shu bilan birga, elektron sigaretadan foydalanuvchi yigit-qizlarning keyinchalik oddiy sigareta chekishga odatlanish ehtimoli deyarli uch barobar yuqoriligi aniqlangan.
Turkmanistonda elektron sigaret kabi veyping vositalarini mamlakat hududiga olib kirish, sotish va sotib olish avvalboshdan taqiqlangan edi.
Qo‘shni Qozog‘istonda esa joriy yilning 19 aprelida Prezident Qosim-Jomart Toqaev ayni ushbu taqiq bo‘yicha qonun loyihasini imzoladi.
Veyping mahsulotlari sotuvini taqiqlash ustida ishlashni O‘zbekiston bilan qariyb bir vaqtda boshlagan Qirgiziston ham joriy yiling iyunь oyida elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirish, sotish va sotib olishga qatiy cheklovlar qo‘yilganini e’lon qilgan edi.
AQShda esa elektron sigaretlarda ba’zi lazzat beruvchi veyping vositalari, xususan, yalpiz va mevali qo‘shimchalarni qo‘shish taqiqlangan.
Shunga qaramay, AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi AQShdagi eng yirik elektron sigaret kompaniyalaridan biri hisoblanuvchi Juul kompaniyasi tomonidan sotiladigan mahsulotlarga 2022 yilda qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan.
Kompaniya avvalroq AQShda yoshlar uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni nishonga olganlikda ayblanib, 5000 dan ortiq veypingga oid qonuniy da’volar bilan ham yuzlashgan edi.
Bundan tashqari, Angliya, Uels va Shotlandiyada ham bir martalik elektron sigaretalar 2025 yil 1 iyundan boshlab taqiqlanishi e’lon qilingan. Shimoliy Irlandiya ham bu qadamni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Avstraliyada tarkibida nikotin bo‘lgan elektron sigaretlar, odatda, tamakidan voz kechmoqchi bo‘lgan chekuvchilar uchun faqat retsept bo‘yicha mavjud, xolos. Dorixonalarda esa bir martalik elektron sigaretalar umuman sotilmaydi.
Yangi Zelandiya 2023 yilda bu borada yangi qoidalarni joriy qildi, ko‘pchilik bir martalik elektron sigaretalarni taqiqladi va bolalarga yoqadigan lazzat beruvchi qo‘shimchalarni nishonga oldi.
Janubiy Koreya, Hindiston va Braziliya kabi mamlakatlar ham juda qat’iy veyping qoidalarini joriy etishgan, Xitoy esa cheklovlarni e’lon qilgan.
Biroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 88 mamlakatda veyping vositalarini sotib olish uchun eng kichik yosh belgilanmagan va 74 mamlakatda elektron sigaretalar bo‘yicha qonunlar umuman mavjud emas.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002