You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Harris yoki Tramp? Xitoy AQSh prezident saylovini nega kuzatayapti? Video
- Author, Lora Biker
- Role, Bi-bi-sining Xitoydagi muxbiri, Pekin
- O'qilish vaqti: 6 daq
Xitoyda odamlar AQSh saylovlarini katta qiziqish va biroz xavotir bilan kuzatmoqdalar. Ular Oq Uyga kim kelishidan qat’i nazar, bu ichki va xalqaro hayotning bir necha jabhalariga ta’sir ko‘rsatishidan qo‘rqishadi.
Yaqin-atrofda musiqaning kuchayib borayotgan ohanglariga raqs tushayotgan raqqoslar bir-birlarini aylanar ekan, “Muhimi, hech kim urushni xohlamaydi, ” deydi janob Xiang istirohat bog‘ida o‘tirib.
U Ritan parkiga boshqa qariyalar kabi raqsni o‘rganish uchun kelgan. AQShning Xitoydagi elchisi yashaydigan uydan bir necha yuz metr uzoqlikda joylashgan bu manzilda ular muntazam yig‘ilib turishadi.
Yangi raqs harakatlarini o‘rganishdan tashqari, yaqinlashib kelayotgan AQSh saylovi ham ularning fikru yodini qamrab olgan.
“Men Xitoy- AQSh munosabatlari taranglashayotganidan xavotirdaman, — deydi oltmishdan oshgan janob Xiang — Biz tinchlikni istaymiz. ”
Suhbatni tinglashga bir guruh odamlar yig‘ildi. Ularning ko‘pchiligi to‘liq ismlarini aytishdan bosh tortishdi, chunki AQSh prezidenti mavzusini muhokama qilishga ruxsat etilsa-da, o‘z rahbarlarini tanqid qilish mamlakatda ular uchun jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin.
Ular urushdan xavotirda – faqatgina Vashington va Pekin o‘rtasidagi mojaro emas, balki Yaqin Sharq va Ukrainadagi hozirgi urushlarning kuchayishidan ham. Shu sababdan etmish yoshlardan oshib qolgan janob Meng Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonishidan umid qiladi.
“U Xitoyga iqtisodiy sanktsiyalar qo‘yadi, lekin urush boshlanishini va jang qilishni istamaydi. Bayden esa yanada ko‘p urushga sabab bo‘ldi. Shuning uchun ko‘pchilik oddiy odamlar uni xush ko‘rmaydi. Bayden Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlaydi. Vahonlaki, bu urushda Rossiya ham, Ukraina ham katta yo‘qotishlarga uchraydi”, deydi u.
Ijtimoiy tarmoq uchun raqslarini videoga olayotgan opa-singillar ham suhbatga qo‘shiladi.
“Donald Tramp munozarada lavozimga kelgach keyingi 24 soat ichida Ukrainadagi urushni to‘xtatishini aytgan, ” deydi ulardan biri.
“Harris haqida ko‘p ma’lumotim yo‘q, lekin u prezident Bayden bilan bir yo‘ldan borayotgan bo‘lsa kerak, u urushni qo‘llab-quvvatlaydi. ”
Ularning fikrlari Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan asosiy xabarlarni o‘zida aks ettiradi.
Xitoy xalqaro hamjamiyatni G‘azo hududida sulh tuzishga chaqirmoqda va o‘zini Yaqin Sharqdagi “Arab birodarlari” bilan bir safda deb e’lon qilmoqda. Shuningdek, Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan AQShni tanqid ostiga oladi.
Ukraina masalasida Tashqi ishlar vaziri Van I BMTda Xitoyning “konstruktiv rol” o‘ynayotganini aytdi va Vashingtonni “vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotganlikda” aybladi.
Ko‘pchilik tahlilchilar Pekinning bu saylovda aniq bir nomzodni qo‘llab-quvvatlamayotganiga ishonishadi, lekin Kamala Harris Xitoy xalqi va rahbarlari uchun noma’lum shaxs hisoblanadi.
Ammo ba’zilar, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi eng katta ziddiyatlardan biri bo‘lgan Tayvan masalasida u Trampdan ko‘ra barqarorroq ekanligiga ishonadi.
“Tramp menga yoqmaydi. Menimcha, AQSh va Xitoy o‘rtasida yorqin kelajakdan darak yo‘q – global iqtisodiyot va shuningdek, Tayvan muammosi kabi juda ko‘p masalalar bor, ” deydi to‘rt yoshli bolasi bilan parkda oilaviy hordiqqa chiqqan bir ota.
U Tayvan masalasidagi farqlar oxir-oqibat mojaro keltirib chiqarishi mumkinligidan qo‘rqadi. “Men buni istamayman. Men o‘g‘limning armiyaga ketishini istamayman, ” deydi u, farzandi tebratishda davom etishini so‘rar ekan.
Xitoy o‘zini o‘zi boshqarayotgan Tayvan orolini o‘z hududi deb biladi va prezident Si “birlashish muqarrar” ekanligini aytib, agar kerak bo‘lsa kuch ishlatishga va’da bergan. AQSh esa Pekin bilan rasmiy aloqalarni davom ettiradi va uni “Yagona Xitoy siyosati” bo‘yicha yagona Xitoy hukumati sifatida tan oladi, ammo Tayvanning ham eng muhim xalqaro tarafdori hisoblanadi.
Vashington qonun bo‘yicha Tayvanga mudofaa qurollarini etkazib berishi shart va Jo Bayden AQSh Tayvanni harbiy yo‘l bilan himoya qilishini aytgan. Bu esa strategik noaniqlik deb nomlanuvchi yondashuvdan voz kechishdir. Harris bu darajada ochiq gapirmaydi. Yaqinda bergan intervyusida u “barcha davlatlarning xavfsizligi va farovonligi uchun majburiyat” zimmasiga olishini aytib o‘tdi, xolos.
Donald Tramp esa diplomatiyadan ko‘ra kelishuvga ko‘proq e’tibor qaratadi. U Tayvanni o‘z himoyasi uchun haq to‘lashga chaqirgan. “Tayvan bizning chip sanoatimizni tortib oldi. Biz qanchalar nodonmiz. Ular juda boy, ” degan edi u yaqinda bergan intervyusida. “Tayvan bizga himoya uchun haq to‘lashi kerak. ”
Tramp haqida eng katta xavotirlardan biri shundaki, u Xitoy mahsulotlariga 60% boj solmoqchi ekanini ochiq-oydin ta’kidlagan.
Bu esa hozir Xitoy bizneslari duch kelishni aslo xohlamaydigan narsa, chunki mamlakat iqtisodiy inqirozdan qutulish uchun etarlicha mahsulot ishlab chiqarishga intilmoqda.
Xitoydagi vazirlar Donald Tramp tomonidan joriy etilgan AQSh bojlariga salbiy kayfiyatda munosabat bildirishadi.
Prezident Bayden ham Xitoy elektron avtomobillari va quyosh panellariga nisbatan bojlar joriy qilgan.
Pekin bu chora-tadbirlarni o‘zining global qudrat sifatida ko‘tarilishini to‘xtatishga urinish deb baholaydi.
“Xitoyga boj qo‘yish AQShga hech qanday foyda keltirmaydi deb o‘ylayman, ” deydi janob Xiang, biz uchrashgan ko‘plab odamlarning fikrini umumlashtirib.
Bojlar AQSh xalqiga faqatgina zarar etkazib, oddiy odamlar uchun narxlarni oshirishdan boshqa narsaga yaramaydi, deya qo‘shimcha qiladi u.
Garchi yosh avlod vakillarining ko‘pchiligi vatanparvar bo‘lsalar-da, ular AQShga madaniyat va urf-odatlarni o‘rganish uchun maskan sifatida qarashadi – bu esa ehtimol har qanday diplomatik tashabbusdan ko‘ra ko‘proq kuchga ega.
Odatda yangiliklarni TikTokdan qabul qiluvchi 20 va 22 yoshli Lili va Anna AQSh bilan raqobat haqida Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan vatanparvarlik ruhidagi xabarlar haqida gapirishadi.
“Bizning mamlakatimiz juda gullab-yashnagan va qudratli davlat, ” deydi ular milliy kiyimda.
Ular Xitoyni sevishadi, lekin “Qasoskorlar” filmi qahramonlari va Kapitan Amerikani ham yaxshi ko‘rishadi.
Ularning musiqiy ro‘yxatidan Teylor Svift ham joy olgan.
Xususan, 17 yoshli Lyusi bir kun kelib Amerikada o‘qishni orzu qiladi. U parkda yangi o‘rnatilgan velosipedda sport bilan shug‘ullanayotib, bitiruv kechasidan keyin Hollivudga borishni ko‘z oldiga keltiradi.
Lyusi nomzodlar orasida xotin-qizlar borligidan xursand. “Harrisning nomzodi gender tengligi uchun muhim qadam bo‘lib, uni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rish ayollarga ilhom va kuch beradi”, deydi u.
Xitoy Xalq Respublikasida hech qachon ayol rahbar bo‘lmagan va hozirda ham Xitoy Kommunistik partiyasining eng yuqori rahbariyati – Politbyuroning 24 a’zosi orasida birorta ayol yo‘q.
Lyusi ikkala davlat o‘rtasidagi kuchli raqobatdan xavotirda va Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashning eng samarali yo‘li odamlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish deb hisoblaydi.
Har ikki tomon esa bunga intilayotganini aytib keladi, ammo Xitoyda tahsil olgan amerikalik talabalar soni 2011 yildagi 15, 000 nafardan 800 nafarga tushib ketdi.
Si Tszinpin kelgusi besh yilda Xitoyga 50, 000 nafar amerikalik talabalarni kiritishni umid qilmoqda. Ammo yaqinda Bi-bi-si bilan bo‘lgan intervyuda AQShning Xitoydagi elchisi Nikolas Byorns Xitoy hukumatining ayrim vakillarini bu va’dani jiddiy qabul qilmayotganlikda aybladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda bir necha bor xavfsizlik kuchlari yoki hukumat vazirligi AQSh tomonidan olib borilayotgan xalq diplomatiyasida xitoylik fuqarolarning ishtirok etishiga ruxsat bermagan.
Boshqa tomondan esa xitoylik talabalar va akademiklar AQSh chegara xodimlari tomonidan nohaq nishonga olinayotganliklarini bildirishgan.
Shunga qaramay, Lyusi bir kun Amerika safari amalga oshishiga, Xitoy madaniyatini targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘lishiga umid qiladi.
Yaqin atrofda musiqa boshlanayotgan paytda u amerikaliklarni Xitoyga kelib, bu mamlakatni o‘rganishga chaqiradi.
“Biz ba’zan biroz tortinchoq yoki AQSh odamlari kabi kirishimli bo‘lmasligimiz mumkin, lekin biz mehmondo‘stmiz”, deydi u oilasi tomon ketar ekan.
Bi-bi-si uchun fotosuratlarni Xiqing Vang olgan.
Telegram kanalimiz