"Gazni bos!" – Komil Allamjonov o‘ziga bo‘lgan suiqasd tafsilotlari borasida ilk bor gapirdi. Faqat G‘arb nashriga

O'qilish vaqti: 4 daq

Range Rover, yomg‘ir, zimiston, temiryo‘l kesishmasi, Kalashnikov… Oktyabrda suiqasdga uchragani aytilgan Komil Allamjonov bu voqea tafsilotlarini ilk bor o‘zi tasvirlab bergan. Biroq "milliy kontent" yaratishga bosh-qosh bo‘lgan sobiq mulozim bu haqda mahalliy emas, balki G‘arb nashriga so‘zlagan.

"Yomg‘ir yog‘ayotgan, zimiston edi, hech narsa ko‘ra olmasdim. Balki temiryo‘l bo‘ylab o‘rnatilgan chiroqlarda qisqa tutashuv bo‘lgan shekilli, deb o‘yladim. Keyin mashinaga to‘rtta o‘q kelib urildi. Gazni bos!... dedim haydovchiga", o‘zi bilan yuz bergan voqea tafsilotlarini eslagan Allamjonov Britaniyaning nufuzli Financial Times nashri bilan intervyuda.

Intervyuda Allamjonov o‘zining "suiqasddan omon qolgani sababi"ni "Kalashnikov avtomati qisilib, otilmay qolgani"da ko‘rishi haqida gapirgan.

"Bu hujum men uchun juda katta shok bo‘ldi. Kimdir shunday ish qilishga qodir, deb o‘ylamagan edim", degan huquqiy jarayonlar tufayli boshqa tafsilotlarga o‘ta olmasligini bildirgan Allamjonov Financial bilan suhbatda.

Atigi bir yil avval O‘zbekistondagi media makon ustidan nazorat olib boruvchi asosiy shaxslardan ko‘rilgan hamda "milliy kontent" yaratishga bosh-qosh bo‘lgan Allamjonov mamlakat yaqin tarixida eng shov-shuvli bo‘lmish bu siyosiy voqea tafsilotlari borasida "birinchi qo‘l ma’lumot"ni G‘arb matbuotiga bergani e’tiborni tortgan.

Qibrayda otilgan o‘q

O‘tgan yil 26 oktyabrь kuni Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov o‘tirgan mashina Qibray tumanida noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutilgandi.

Hodisadan sobiq amaldor va haydovchisi jarohatlanmagani aytilgan.

Shundan biroz o‘tib O‘zbekiston DXX rahbari ishdan olingan.

Suiqasd ekani aytilgan mazkur voqeadan bir oy o‘tib esa Shavkat Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarov Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqagan – keyinroq Umarov Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangani rasman ma’lum qilingan.

O‘zbekiston hukumati rasmiy xabarlarda "fuqaro K. Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd" deya atalgan bu holat sabablari va motivlarini hech izohlamagan.

Shunga qaramay, xorijdagi matbuot va kuzatuvchilar tomonidan mamlakat yaqin tarixidagi "eng misli ko‘rilmagan siyosiy voqea" deya baholangan mazkur hodisa O‘zbekiston kuch tizimlarida keng ko‘lamli ishdan olishlarga sabab bo‘lgan.

12 fevral kuni Oliy sud mazkur jinoyat ishi doirasida sud jarayoni yakunlanib, 10 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi e’lon qilinganini ma’lum qilgan.

Harbiy sudda yopiq ko‘rilgan sud hukmi to‘g‘risidagi xabarda besh shaxsning nomi tilga olinadi – ularning ikki nafari kuchishlatar tizimlarning yuqori rutbali sobiq mulozimlari.

"E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Shuhrat Rasulovga 23 yil, Djavlan Yunusovga 18 yil 6 oy, Shoxrux Axmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil va Doniyor Tashxodjaevga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi", deyiladi Oliy sud axborotida.

Shuhrat Rasulov muqaddam Prezident davlat xavfsizlik xizmatida rahbar lavozimlardan birida ishlagan bo‘lsa, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaev mahalliy matbuotga yaxshi tanish bo‘lgan.

Kuchishlatar tizimlarning sobiq vakillari bo‘lmish bu shaxslarning "fuqaro K.Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd"da qanday rol o‘ynaganiga biror izoh berilmagan.

Suiqasd bo‘lganmi o‘zi?

O‘zbekistonda bu shov-shuvli voqeaga oid biror jo‘yali izoh berilmay kelinmoqda.

Taniqli huquq faoli Abdurahmon Tashanov yanvarь oyida harbiy sudda boshlangan mahkama "mutlaqo maxfiy" o‘tayotgani haqida yozgan edi.

"Mahkama mutlaqo maxfiy: sudlanuvchilar soni ko‘pligi, qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay yana mavhumlik hukm surmoqda", deyiladi faol 10 yanvarь kuni Facebookʼda qoldirgan postda.

Bunday mavhumlik oqibatida tarmoqda bu voqea "jabrlanuvchi tomonidan atayin uyushtirilgan" qabilidagi farazlar tarqalgan.

27 oktyabrь kuni ikki noma’lum yigitning "Allamjonov voqeasini qilganligi"ni aytib, buning bari ortida sobiq mulozimning o‘zi turgani haqida gapirgani videosi tarqalib, bunday farazlarni urchishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, dekabrь oxirida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov olovga yanada ko‘proq moy sepgan.

O‘zbekiston ikki chechenistonlikni Komil Allamjonov va yana bir amaldor – Dmitriy Liga suiqasd ishi bo‘yicha qidiruvga berganligi ortidan Telegram kanalida munosabat bildirib chiqqan Ramzan Qodirov Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan Toshkentdagi hujumni "suiqasd deb atash qiyin" degan.

O‘zining ushbu amaliyotga aloqasi borligini rad qilgan Rossiya Federatsiyasidagi hudud rahbari O‘zbekistondagi voqealarni Shavkat Mirziyoyevga qarshi "puxta tayyorlangan stsenariy" ekanligini da’vo qilgan.

"Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbon rolini o‘ynamaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, o‘z vaqtida to‘xtatganingiz ma’qul. Aks holda barcha hiyla-nayrang, tuhmat va uydirmalar uchun javob berishingizga to‘g‘ri keladi. Hozir men odatlarimizga ko‘ra javob haqida gapiryapman", tahdid qilgan o‘shanda Qodirov.

O‘zbekiston tomoni yoki Allamjonovning o‘zi bu iddaolarga rasman munosabat bergani ko‘zga tashlanmagan.

"Siyosiy ambitsiyasiz" Allamjonov

Qariyb to‘rt yil muqaddam BBC'ga bergan intervyusida o‘zida "siyosiy maqsadlar yo‘q"ligini bildirgan Allamjonov qisqa vaqtda ichida mamlakatdagi eng ta’sirli siyosiy shaxslardan biriga aylangan.

O‘sha vaqtda nodavlat fond vasiylik kengashiga raislik qilgan va Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva bilan tandemda ishlab kelayotgan Allamjonov 2022 yil iyulidagi Nukus namoyishlari ortidan Prezident Administratsiyasiga o‘tgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, u mamlakatdagi axborot siyosatiga mas’ul asosiy shaxslardan biriga aylangan.

Allamjonov o‘tgan yil sentyabrida jamoatchilikka ochiqlanmagan sabablar ortidan Prezident Administratsiyasini tark etgan edi.