O‘zbekiston va Britaniya: Doimiy yashash huquqi uchun 10 yil kutishga to‘g‘ri keladi – Britaniya migratsiya qoidalarini keskin o‘zgartirmoqda

O'qilish vaqti: 3 daq

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer mamlakatdagi migrantlar sonini qisqartirishga qaratilgan islohotlar haqida e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur choralar Britaniyaning migratsiya tizimini "nazoratli va adolatli" qiladi.

Rasmiylar 2020 yil yanvaridan — mamlakat Yevropa Ittifoqidan chiqqandan buyon migrantlar soni keskin oshganidan xavotirda. Buning uchun ular oldingi konservativ hukumatni ayblab, radikal taklifni ilgari surishmoqda: Britaniyaga kelgan ko‘pchilik uchun doimiy yashash huquqini olish muddati hozirgi 5 yildan 10 yilgacha uzaytiriladi.

Doimiy yashash huquqi uchun ikki barobar ko‘proq kutish

Kir Starmer taklif qilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri — doimiy yashash huquqi uchun kutish muddatining ikki barobarga oshirilishi.

Hozirda aksariyat migratsiya yo‘llari orqali mamlakatda 5 yil doimiy yashab va ishlab, doimiy yashash huquqi — **ILR (Indefinite Leave to Remain)** olish mumkin. Yangi taklifga ko‘ra, bu muddat 10 yilgacha uzaytiriladi, va bu ko‘pchilik kelganlar uchun amal qiladi.

Ayrim istisnolar ham bo‘ladi, agar migrant mamlakat iqtisodiyotiga muhim hissa qo‘shganini isbotlay olsa buncha kutmaydi. Bu nimani anglatishi, hozircha aniq emas, ammo bu yuqori daromad, muntazam soliq to‘lovlari yoki strategik sohalarda ishlayotganlarni anglatishi mumkin.

Doimiy yashash huquqini olishning eng ko‘p tarqalgan yo‘li — mehnat vizasi orqali. Bunga erishish uchun migrant Britaniyada chet elliklarni ishga yollash litsenziyasiga ega bo‘lgan kompaniyadan taklif olishi kerak. Shuningdek, ingliz tilini kamida B1 (o‘rtacha) darajasida bilish va sog‘liqni saqlash xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish zarur.

Bu turdagi viza migrantni ma’lum bir ish beruvchiga bog‘lab qo‘yadi. Agar ishni o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, yana litsenziyaga ega yangi kompaniya topishi va ular viza rasmiylashtirish uchun xarajat qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Bu esa migrantning maqomi ish beruvchiga to‘liq bog‘liq bo‘lishini anglatadi. Masalan, agar ishdan bo‘shatilsa, mamlakatda qolish huquqi ham yo‘qoladi.

Faqatgina 5 yil ishlagandan so‘nggina shaxs ILR olishga ariza topshirishi mumkin — bu Britaniya fuqaroligini olishdagi eng muhim bosqich. Fuqarolikka esa ILR olgandan keyin 1 yil o‘tib murojaat qilish mumkin.

Hukumatning qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqidagi "Oq kitob"ida bu o‘zgarishlar "prospectively", ya’ni faqat kelajak uchun qo‘llanilishi aytilgan. Ammo bu atama ayni damda Britaniyada bo‘lib, doimiy yashash huquqiga intalayotganlarga qanday ta’sir qiladi — aniq emas.

Yanada yuqori daromad talab qilinadi

Bir qator o‘zgarishlar ishchi vizasi olishga taalluqli bo‘ladi. Yangi arizachilar "A-level" ga tenglashtirilgan ta’lim emas, balki oliy ma’lumotga ega bo‘lishi shart qilinadi. Hozirda esa ba’zi mutaxassisliklar uchun A-level darajasi kifoya qiladi.

Masalan, Britaniyada hamshira bo‘lib ishlash uchun oliy ma’lumot talab qilinadi. Ammo ba’zi mamlakatlarda hamshiralik uchun kollej darajasidagi ma’lumot yetarli. Hozircha bunday ma’lumotga ega shaxs, agar Britaniya ta’lim tizimiga mos darajani tasdiqlay olsa, viza olishi mumkin — chunki bu kasb egalari kamyob hisoblanadi.

Yana bir o‘zgarish — ish vizasi uchun eng kam maosh talabini orttirish haqida.

2024 yil aprelidan boshlab, minimal maosh talablari oshirilgan — avval bir yilda 26 ming funt topish yetarli bo‘lsa, endi 38 700 funt yillik daromad talab qilinadi. Yangi rejalarda bu chegara yana oshirilishi mumkin, lekin hozircha aniq raqamlar yo‘q.

Talabalar uchun og‘ir, Garvard bitiruvchilari uchun oson

Hukumat "yuqori malaka egalari vizasi" (high potential individual visa) uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqchi. Bu yangi viza turi bo‘lib, Garvard kabi yetakchi universitetlarning aqlli va maqsadli bitiruvchilarini Britaniyaga jalb qilishni ko‘zlaydi. Unga ega bo‘lganlar, ish taklifi bo‘lmasa ham, bakalavr yoki magistraturani tamomlagandan so‘ng 2 yil Britaniyada ishlash va yashash huquqiga ega bo‘ladi. Keyin esa boshqa turdagi mehnat vizasiga o‘tishi mumkin. Bu kabi universitetlar ro‘yxati ikki barobarga oshirilishi va’da qilinmoqda.

Biroq Britaniya universitetlarini bitirgan chet ellik talabalar uchun talablar qiyinlashadi. Ular hozirgidek 2 yil emas, faqat 1,5 yil mamlakatda qolishlari mumkin bo‘ladi.

Hozirda bakalavriat, magistratura yoki PhDni bitirgan chet elliklar "bitiruvchi vizasi"ga murojaat qilib, har qanday tashkilotda ishlashi mumkin.

Bu — ularga o‘z sohasida ish topish yoki biznes ochish imkonini beradi. Agar bunga erishilmasa, vizasi tugaganidan keyin ketishi kerak bo‘ladi. Leyboristlar bu muddatni 6 oyga qisqartirishni taklif qilmoqda.

Buning ortida nima yotibdi?

Bosh vazir Kir Starmerning ta’kidlashicha, hukumat toza migratsiyani — ya’ni kelganlar va ketganlar soni orasidagi farqni — qisqartirishni xohlaydi. Ammo Starmer aniq bir raqam keltirmadi, shu bois islohotlar samaradorligini baholash qiyin.

Britaniyada 2023 yilmisli ko‘rilmagan darajada yuqori migratsiya qayd etildi, qolganlar 906 mingnitashkil qildi. Bu ko‘rsatkich Breksit va pandemiyadan oldin 200-300 ming atrofida edi. Raqamlar 2024 yilda kamaygan, lekin sezilarli darajada emas.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

So‘rovnomalarga ko‘ra, britaniyaliklarning ko‘pchiligi migratsiya darajasini juda yuqori deb hisoblaydi. 2023 yilda so‘rovda qatnashganlarning 69% hukumatning bu sohadagi faoliyatidan norozi bo‘lgan.

Kir Starmer yuqori migratsiya darajasi Britaniyaning sog‘liqni saqlash tizimi, uy-joy bozori va boshqa sohalarga bosimni oshirayotganini ta’kidlaydi. Garchi migrantlar mamlakat iqtisodiga katta hissa qo‘shsa-da, hukumat xorijlik ishchi kuchidan bog‘liqlikni kamaytirib, mahalliy aholi uchun kasbiy tayyorgarlikni oshirishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, migratsiyaga qarshi bo‘lgan "Reform UK" partiyasining mahalliy saylovlardagi muvaffaqiyati ham hukumatga bosimni kuchaytirdi. Bu ham migratsiya siyosatini qattiqlashtirishga turtki bo‘lgan omillardan biri bo‘ldi.