Turkiya: Erdo‘g‘anning qamoqdagi eng katta raqibiga "josuslik" ayblovi qo‘yildi

Chag‘layandagi sud binosi qarshisida Imomo‘g‘lining yuzlab tarafdorlari yig‘ildi.

Surat manbasi, REUTERS/Dilara Şenkaya

Surat tagso‘zi, Chag‘layandagi sud binosi qarshisida Imomo‘g‘lining yuzlab tarafdorlari yig‘ildi.
    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Istanbulning lavozimdan chetlatilgan va turmada saqlanayotgan hokimi Ekrem Imomo‘g‘liga qarshi "siyosiy josuslik" aybi bilan yangi tergov ochildi.

U - Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning eng yirik siyosiy raqibi va CHP (Jumhuriyat xalq partiyasi) nomidan kelgusi prezidentlik saylovlariga ilgari surilgan nomzod.

Korruptsiya ayblovlari bilan mart oyidan beri qamoqda ushlab turilgan Imomo‘g‘liga iyulda Istanbul bosh prokurorini haqorat qilganlik aybi bilan qo‘shimcha jazo muddati belgilangandi.

Turkiyada kelgusi prezidentlik saylovlari 2028 yil mayida o‘tishi rejalangan. Konstitutsiyaga binoan, Erdo‘g‘an o‘z muddati tugashi sabab bu saylovlarda qatnasha olmaydi. Ammo, tahlilchilarga ko‘ra, u yana o‘z nomzodini qo‘yishi uchun konstitutsiyani o‘zgartirish yoki favqulodda saylov o‘tkazish amallari qo‘llanilishi mumkin.

"Josuslik"

Yakshanba kuni Imomo‘g‘li, uning saylov kampaniyasi direktori Nejati O‘zkan va Tele-1 kanali muharriri Merdan Yanardag‘ so‘roq qilingach, jinoyat sudi ularning uchoviga ham qarshi hibs orderini chiqardi. Tele-1 juma kuni josuslikda ayblanib davlat tomonidan yopilgan.

Yakshanbada Istanbulning Chag‘layan mavzesidagi mahkamaga soat 10:00da olib kelingan Imomo‘g‘lining ko‘rsatma berishi olti yarim soatdan keyin boshlangan. Uning advokatlariga ko‘ra, ularga bu vaqt davomida mijozlari bilan ko‘rishishlariga ruxsat berilmagan va u "taqiqlangan so‘roq jarayoni"ga yuz tutgan.

Imomo‘g‘lining saylov kampaniyasi direktori Nejati O‘zkan Imomo‘g‘li bilan.

Surat manbasi, Necati Özkan/ X

Surat tagso‘zi, Imomo‘g‘lining saylov kampaniyasi direktori Nejati O‘zkan Imomo‘g‘li bilan.

CHPning Diyorbakir deputati Sezgin Tanriquli Chag‘layan sudidan tungi 1:30da video ulashib, "14 soat davomida taqiqlangan so‘roq usullari qo‘llanildi. Barcha jarayonlar noqonuniy!" deb yozdi.

Prokuratura Imomo‘g‘li, Yanardag‘ va O‘zkanning Turkiya Jinoyat kodeksining 328/1-moddasi, ya’ni "siyosiy josuslik" aybi bilan hibsga olinishlarini so‘radi.

O‘tgan hafta ochilgan bu tergov Huseyin Gun ismli shaxsdan olingan raqamli ma’mulotlarga asoslangan.

Huseyin Gun o‘z ko‘rsatmasida AQShning Markaziy josuslik agentligi xodimi bilan hamkorlik qilgani va u tayyorlagan tahlil hisobotlarini Imomo‘g‘lining saylov kampaniyasiga yo‘llaganini aytgan.

Istanbul Bosh prokurorining bayonotida Imomo‘g‘li Istanbuldagi fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini xorijiy josuslik bo‘limlariga o‘tkazib bergani va shu orqali o‘z prezidentlik nomzodligiga moliya yiqqani da’vo qilinadi.

Hibs orderi chiqarilishidan so‘ng Imomo‘g‘li Xda quyidagi bayonotni berdi: "Bu kabi tuhmat, yolg‘onlar va fitna shaytonning ham miyasiga kelmasa kerak. Millatimizning kelajagini barbod qilishga bel bog‘lagan bu mentalitetga qarshi kurashimiz bugundan yanada kuchaydi."

Ekrem Imamo'g'li
BBC
Bu kabi tuhmat, yolg‘onlar va fitna shaytonning ham miyasiga kelmasa kerak.
Ekrem Imamo'g'li
Istanbulning qamoqdagi hokimi (bbc.com/uzbek)
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Men Rimni yoqib yuborishimga ishonish osonroq bo‘lardi", - dedi u.

2019 yilning 31 martida o‘tkazilgan va Ekrem Imomo‘g‘li g‘alabasi bilan yakun topgan mahalliy saylovlar bekor qilinib, 23 iyunda qayta o‘tkazilgandi. Imomo‘g‘li unda ham g‘olib bo‘lgan.

U hozirda Silivridagi Marmara qamoqxonasida saqlanmoqda.

Imomo‘g‘li sudda chiqishi kutilayotganda, CHP raisi O‘zgur O‘zel mahkama qarshisida yig‘ilgan yuzlab odamlar qarshisida nutq so‘zladi.

Uning da’vo qilishicha, Imomo‘g‘liga qarshi ko‘rsatma bergan Huseyin Gun "Men Britaniya agentiman", deb aytgan.

Shanba kuni CHPning Istanbul raisi O‘zgur Chelik partiya a’zolarini Chag‘layan hiyobonida norozilik namoyishini uyushtirishga chaqirgandi.

Buning ortidan Istanbul hokimligi shaharning Beyo‘g‘li, Bayrampasha, Kag‘itxane va Shishli tumanlarida namoyishlar o‘tkazilishini man qildi.