Rossiyadan qochgan yosh chechen ayolini kim o‘ldirdi?

Qora ro‘mol o‘rangan Ayshat minoralar manzarasida aks etgan.

Surat manbasi, Aishat Baimuradova/Getty/BBC

Surat tagso‘zi, Ayshat dugonalariga o‘zining o‘ta dindor oilada katta bo‘lganini aytgan.
    • Author, Olga Prosvirova&Zlata Onufrieva
    • Role, BBC Rus xizmati
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Ayshat Rossiyadan qochganidan ko‘p o‘tmay shubhali sharoitlarda o‘lgan birinchi chechen ayolidir. Uning jasadi Armanistonda ijarada turgan uyidan topilgan.

Yevropadan boshpana topgan chechen ayollari.
VALERY HACHE/AFP via Getty Images/illyustrativ
Qochib ketishing mumkin, lekin hech qachon o‘zingni ozod his qilolmaysan...
Ismini va aniq manzilini oshkor qilishni istamaydigan qochoqlardan biri, G‘arbiy Yevropa
Batafsil: bbc.com/uzbek da.

23 yoshli Ayshat Baymuradova joriy yil boshida uyidan qochdi, nihoyat o‘zim xohlagan hayotda yashayman deb ishondi.

Rossiyaning konservativ musulmon respublikasi bo‘lmish Chechenistondan kelgan bu ayol sochini kalta qildi, boshini yopmay qo‘ydi, qoshining bir qismini terdirdi va Instagram'ga selfilar joyladi.

U yangi do‘stlariga endi erkin nafas olishi mumkinligini aytdi.

Ammo oktyabr oyida qo‘shni Armanistonda ijaraga olingan kvartirasida uning jasadi topildi. Politsiya uning o‘ldirilganini ma’lum qildi.

O‘sha kvartira joylashgan binodan ikki kishi, shu jumladan, u o‘limidan sal oldin tanishgan ayol chiqib ketayotganini ko‘rishgan. Ikkovi ham tezda Rossiyaga jo‘nab ketgani aytilmoqda.

Rossiyaliklar Armanistonga pasportsiz, ichki guvohnoma bilan kira oladi. Bu qochmoqchi bo‘lganlar uchun ham qulay yo‘l.

Rossiyaning Shimoliy Kavkazidagi Chechenistonni huquq himoyachilari ko‘pincha davlat ichidagi davlat deb ta’riflaydi – bu yerda hokimiyat yuqori darajada shaxsiylashtirilgan, uzoq yillik rahbar Ramzan Qodirovga sodiqlik qonun va rasmiy institutlardan ustun turadi.

Yillar davomida inson huquqlari tashkilotlari respublikada odam o‘g‘irlash, qiynoqlar va suddan tashqari qotilliklar, shuningdek, norozilik bildirganlarni muntazam ta’qib qilish holatlarini hujjatlashtirgan.

Checheniston rasmiylari bu ayblovlarni doim rad etib, yurtni obro‘sizlantirishga qaratilgan uydirmalar, deydi.

Suratda Ayshat selsi olayotgan qiyofada aks etgan.

Surat manbasi, Aishat Baimuradova/Instagram

Surat tagso‘zi, Dugonalarining aytishicha, Ayshat juda ochiq, odamlar bilan tezda do‘stlashib ketadigan inson bo‘lgan.

Checheniston rahbariyatining bir qancha taniqli tanqidchilari chet elda o‘ldirilgan.

2009 yilda Ramzan Qodirovning sobiq tan soqchisi Umar Isroilov boshpana so‘ragan Venada otib o‘ldirilgan. Avstriya hukumati suiqasdni siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilgan, deb baholab, qotillarni Checheniston bilan bog‘lagan edi.

Chechenistonlik sobiq isyonchi Zelimxon Xangoshvili 2019 yilda Berlindagi bog‘da Rossiya xavfsizlik xizmatlariga aloqador ko‘rilgan hujumda otib o‘ldirilgan edi.

Biroq Ayshat Baymuradova Rossiyadan qochganidan ko‘p o‘tmay shubhali sharoitlarda o‘lgan birinchi chechen ayolidir.

Mintaqadan qochib ketgan boshqa ko‘plab ayollar singari, u ham oilasining ortiqcha nazoratidan shikoyat qilgan. Ayshatning aytishicha, uni majburlab turmushga uzatishgan, kuzatib yurishgan va uydan chiqishga yoki telefondan foydalanishga ruxsat berishmagan. BBC uning oilasi bilan bog‘lanib, izoh ololmadi.

Ayshat Armanistonga Shimoliy Kavkazda xavf ostida qolgan odamlarga yordam beruvchi SK-SOS inqiroz guruhi yordamida kelgan. U Chechenistondagi konservativ gender qoidalar va ayollarni bo‘g‘uvchi nazoratdan ochiq norozilik bildirgan.

Dastlab u kichik shaharchada ishladi, keyin yaxshiroq ish va ko‘proq imkoniyatlar umidida poytaxt Yerevanga ko‘chdi.

Qochib ketganlarning ko‘pchiligi uchun bunday ochiqlik tasavvurga sig‘maydi. Ko‘plar soxta ismlardan foydalanadi, yuzini ko‘rsatmaydi, yangi odamlar bilan tanishishdan tiyiladi.

Ayshat boshqa yo‘lni tanladi. "U chindan ham normal hayot kechirishni xohlardi," deydi uning ismi sir qolishini istagan dugonasi BBC bilan suhbatda. "U odamlarga ishonishni istardi."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Stulda o‘tirgan qiyofada aks etgan Ramzan Qodirov.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ramzan Qodirov Chechenistonni 2007 yildan beri boshqarib keladi. Tanqidchilarm uni Chechenistonni davlat ichidagi davlatga aylantirganlikda ayblashadi.

Ayshatning oilasi uni qaytib kelishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan, ammo natija chiqmagach, undan voz kechgan, deb xabar qiladi SK-SOS.

"Ular unga: "Sen endi bizning qizimiz ham, kelinimiz ham emassan. Biz senga tegmaymiz – sen ham tegma", deyishgan," dedi BBC bilan suhbatda SK-SOS matbuot kotibi Aleksandra Miroshnikova.

Amakisi mahalliy ommaviy axborot vositalariga oilaning uning o‘limiga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Ayshat vafot etgan kechasi u yaqinda internet orqali tanishgan, Shimoliy Kavkazdagi yana bir Rossiya respublikasi – Dog‘istondan kelganini aytgan ayol bilan birga bo‘lgan.

Ayshatni bilgan odamlar BBCga bu ayol birinchi marta unga ijtimoiy tarmoqlarda aloqaga chiqqanini, keyinchalik Armanistonga kelib, uni ziyofatlarga taklif qilganini aytishgan.

Ayshatning jasadi topilgan binodan chiqib ketayotganda u bilan birga video kuzatuv kameralariga tushib qolgan erkak asli chechenistonlik ekani haqida Rossiyaning mashhur Telegram kanali xabar tarqatdi. "Agentstvo" surishtiruv nashri uning Ramzan Qodirovga yaqin tadbirkorning qarindoshi ekanini aniqlagan.

Checheniston rasmiylari Baymuradovaning o‘limiga aloqadorlikni rad etib, bunday fikrlarni "terroristik axborot hujumi" sifatida qoralagan. Shuningdek, rasmiylar qochib ketgan ayollarga yordam beruvchi guruhlarni "oilaviy an’analarni buzishda" ayblagan.

O‘rangan bir guruh ayollar ketib borishmoqda.

Surat manbasi, VALERY HACHE/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Yevropadan boshpana topgan chechen ayollari o‘z diasporalari bilan muloqot qilishdan qochishadi.

Armaniston rasmiylari Ayshat Baymurodovaning o‘ldirilishi bo‘yicha ismi oshkor etilmagan ikki kishini tergov qilayotganini aytmoqda, biroq ular haqida boshqa tafsilotlarni ma’lum qilmagan.

Ramzan Qodirov Chechenistonni chetdan turib tanqid qiladigan odamlarga nisbatan ta’sirchan, deydi Texas universitetining chechen siyosati bo‘yicha mutaxassisi Maykl Dennis.

"Diasporaning mavjudligi butun dunyo uchun Chechenistonda nimadir noto‘g‘ri ekanligining aniq belgisidir. Bu shaxsiy g‘urur va siyosiy obro‘ masalasidir," deydi janob Dennis BBC bilan suhbatda.

2000-yillar boshidan beri Yevropaga Chechenistondan boshpana izlovchilar kelmoqda – avval urushdan, keyinchalik esa Qodirovning zolim boshqaruvidan qochib.

Biroq Yevropa Ittifoqining migratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar, Ukrainadagi urush tufayli rossiyaliklarga qo‘yilgan viza cheklovlari bu yo‘lni deyarli butunlay to‘sib qo‘ydi.

Bu holat ruslar vizasiz sayohat qila oladigan Janubiy Kavkazni eng oson, ammo xavfsiz bo‘lmagan manzilga aylantirdi.

Iyul oyida yana bir qochoq, 24 yoshli Laura Avtorxonovani erkak qarindoshlari Gruziyadagi boshpanasidan topdi. Ular uni Rossiyaga qaytishga majburlashga urinishdi. Politsiya so‘rog‘idan so‘ng, u Gruziyada xavfsiz qolishga erishdi.

Qochib ketgan boshqa chechen ayollari uchun Ayshatning o‘limi qo‘rquvni yana kuchaytirdi.

Bir nechta ayol BBCga aytishicha, bu voqeadan oldin ham ular jamoat tadbirlaridan chetda yurgan, jamoat joylarida chechen tilida gaplashishdan qochgan va ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni cheklagan.

Endi ular o‘zlarini jazolamoqchi bo‘lganlardan yashirinish yetarli emasligidan xavotirda.

G‘arbiy Yevropada yashovchi, ismini va aniq manzilini oshkor qilishni istamaydigan qochoqlardan biri shunday deydi: "Butun umr men bilan bo‘lgan, qonimga singib ketgan qo‘rquv yangi kuch bilan uyg‘ondi.

Bu xuddi uyqu falajiga o‘xshaydi: bir maxluq paydo bo‘ladi-yu, men uning ko‘zlariga tikilgancha qotib qolaman. Bu o‘lim qo‘rquvi."

"Qochib ketishing mumkin, – deydi u, – lekin hech qachon o‘zingni ozod his qilolmaysan."