Birlashgan millatlar tashkiloti "qulash arafasida» - eskalator va batareyalar o‘chirilgan

BMTning Jenevadagi qarorgohi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, BMTning Jenevadagi qarorgohi
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT)ning aytishicha, a’zo davlatlar to‘lovlarni qilmayotgani tufayli u "moliyaviy qulash" arafasida.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh tashkilotning puli iyulgacha tugashi mumkinligidan ogohlantirdi.

U 193 ta a’zo davlatga yo‘llagan xatida ularni majburiy a’zolik badalini to‘lash yoki tashkilotning moliyaviy qoidalarini qayta qurib chiqishga chaqirdi.

BMTga eng ko‘p pul to‘lab kelgan AQSh "isrof" deya BMTning qator dasturlariga pul o‘tkazishni to‘xtatishi va bir necha agentliklaridan chiqib ketishi ortidan tashkilotda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Bir necha davlatlar tashkilotdan qarz yoki shunchaki to‘lashdan bosh tortyapti.

BMT Bosh assambleyasi 2025 yil oxirida tashkilotning moliyaviy tizimini qisman o‘zgartirishga kelishdi, lekin BMT qabul qilib olmagan to‘lovlari tufayli yirik moliyaviy inqirozga yuz tutmoqda.

Jenevadagi BMT qarorgohida inqirozdan ogohlantirishlar osilgan. Pulni tejash uchun hatto binodagi eskalatorlar to‘xtatib qo‘yilyapti va issiqlik tizimi o‘chirilyapti.

EPA
Moliyaviy kollaps yuz bermasligi uchun barcha a’zo davlatlar badalni to’liq va vaqtida to’lasin, yoki moliyaviy qoidalarni tubdan qayta ko’rib chiqsin.
Antonio Guterresh
BMT bosh kotibi (bbc.com/uzbek)

Guterreshning xatida aytilishicha, BMT avval ham moliyaviy inqirozlarga yuz tutgan, lekin buni «butkul boshqacha».

U davlatlarni BMT nizomidagi majburiyatlarini hurmat qilishga chaqirdi. Unga ko‘ra, 2025 yil oxiriga borib tashkilot oldidagi qarzdorlikning faqat 77 foizi to‘langan.

Qoidaga ko‘ra, BMT muayyan dasturlarda sarflanmagan pullarni a’zo davlatlarga qaytarib berishi kerak. Ammo, Guterresh yozishicha, «qaytarib berish uchun pulning o‘zi yo‘q».

Insonparvarlik yordamlari bilan ishlaydigan BMT agentliklari o‘zlari so‘ragan pulni kamdan-kam holda olishadi, lekin oxirgi bir yilda vaziyat ancha yomonlashgan.

Tramp BMT Bosh assambleyasida sentyabrda qilgan nutqida tashkilotni qattiq tanqid qildi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Tramp BMT Bosh assambleyasida sentyabrda qilgan nutqida tashkilotni qattiq tanqid qildi

Prezident Donald Tramp BMTni o‘zining «yirik potentsial»ini ishga solmaslikda ayblagan vau ni AQSh boshchiligidagi tinchlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlamagani uchun tanqid qilgan.

AQSh 2025 yilda BMT byudjetiga o‘zining a’zolik badalini o‘tkazmadi va BMT tinchlikni saqlash kuchlari uchun kutilgan to‘lovning atigi 30 foizini to‘ladi.

Tramp, ayni damda, O‘zbekiston ham ta’sischi sifatida qo‘shilgan «Tinchlik kengashi»ga BMTning ba’zi vakolatlarini o‘tkazish harakatlarida ayblandi.

AQSh prezidenti avvaliga «Tinchlik kengashi» BMT bilan hamkorlikda ishlashini aytgan, biroq so‘ngroq Fox TV jurnalisti u BMTning o‘rnini egallashi yo egallamasligi haqida so‘raganida, «balki egallar», deya javob bergan.

BMTning inson huquqlari tashkiloti ogohlantirishicha, endi yirik inson huquqlarining buzilish hollari hujjatlashtirilmay qoladi, chunki tergovchilarni yollashga pul yo‘q.

O‘tmishda bu agentlik yiqqan dalil-isbot arboblar urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor topilishiga yetaklagan.