Yevropa Rossiya gazidan butkul voz kechishga kelishdi, ammo kim qarshi?

Surat manbasi, EPA
Yevropa Ittifoqi (YeI) Rossiya gazidan butkul voz kechish yo‘lida katta qadamni bosdi. Ukrainaga bostirib kirishidan avval Rossiya Yevropaning asosiy gaz ta’minotchisi bo‘lgan.
Dushanba tasdiqlangan yangi sxemaga ko‘ra, Rossiya energiya zaxiralarining ikki asosiy importchisi va Kremlning ittifoqchilari bo‘lgan Vengriya va Slovakiyaning to‘siqlarini aylanib o‘tish mumkin bo‘ladi.
YeI a’zo davlatlarining energetika vazirlari Rossiya bilan energiya savdo-sotig‘ini cheklovchi qonun loyihasini tasdiqladilar.
Hozirgacha bu cheklovlar qonun emas, sanksiyalar asosida amalga oshirilardi. Sanksiyalar har olti oyda qayta ovozga qo‘yiladi va unga 27 a’zoning barchasi rozi bo‘lishi kerak.
Ammo, yangi qonunga binoan, endi tasdiq uchun ko‘pchilikning ovozi yetarli bo‘ladi. Demak, Vengriya va Slovakining vetosi ish bermaydi.

Surat manbasi, EPA
Yangi qonun Yevroparlamentda tasdiqlanganida, YeI 2028 yil 1 yanvaridan boshlab Rossiyadan gazni ham quvur orqali va ham suyultirilgan holatda olishni to‘xtatadi. Umuman olganda, ular 2026 yildan to‘xtatiladi, lekin uzoq-muddatli shartnomalarning amal qilishi 2028 yilgacha davom etadi.
YeI allaqachon Rossiya neftining importini cheklagan va Rossiya ko‘miridan butkul voz kechgan, ammo rus gaziga bir nechta YeI a’zolarining qarshiligi sabab sanksiya kiritmay kelayotgandi.
Hozirda Yevropadagi neftь importining atigi 3 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi, ammo Rossiya gazining ulushi 13%. Urushgacha bu ko‘rsatkich 45% edi.
Hozirda YeI Rossiyaga yiliga 15 milliard yevro to‘layapti.
Bi-bi-sining rus xizmati muxbiri Aleksey Kalmikovga ko‘ra, Rossiya gaziga taqiqdan AQSh yutadi.
AQSh – jahondagi eng yirik neftь va gaz ishlab chiqaruvchisi, hamda ularni Yevropaga yetkazib beruvchi asosiy ta’minotchilardan biri.
The Financial Times yozishicha, Yevropaga suyultirgan gaz importining 20 foizi hozirda Amerikaga to‘g‘ri keladi. Prezident Donald Trampning ma’muriyati buni kelgusi besh yil ichida ikki baravar oshirmoqchi.












