Rossiya xalqaro siyosatini qanday o‘zgartiryapti va bunga Trampning nima daxli bor? Kreml qudrati pasaymoqdami?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, Grigor Atanesyan
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 9 daq
Donald Trampning Oq uyga qaytishini ko‘pchilik Kreml uchun katta omad deb baholagan edi. Mana, oradan bir yil o‘tdi, Ukraina Amerika qurollari va razvedka ma’lumotlarini olib turibdi, Donbassdagi barcha shaharlar uchun janglar Tramp lavozimga kelishidan avvalgidek davom etmoqda. Qolaversa, AQSh Rossiyaning Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharqdagi manfaatlariga tahdid solmoqda.
"Rossiyaning havo mudofaasi ishlamadi chog‘i?" deb kinoya qildi AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset, osmonini Rossiya tizimlari qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Karakasda Nikolas Maduro qo‘lga olinganini nazarda tutib.
Bu operatsiya ortidan AQShning "tomorqasi"da Rossiyaning asosiy hamkori ag‘darildi. Birorta ham askarini yo‘qotmagan Vashington Venesuela nefti nazoratini qo‘lga oldi va Lotin Amerikasidagi Amerikaga qarshi siyosat markazini zararsizlantirdi. Moskva endi milliardlab berilgan kreditlarini qaytarib olishi amrimahol.
Rossiyaning Lotin Amerikasidagi yana ikki ittifoqchisi kelajagi ham xavf ostida. Venesuela nefti hisobiga yashab kelayotgan Kubadagi kommunistik rejim va BMTda Rossiya uchun barcha rezolyutsiyalarga ovoz beradigan Nikaraguadagi Daniel Ortega diktaturasi AQShning keyingi nishoni bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi Oyatulloh Xomanaiy boshchiligidagi Eron Islom Respublikasi hukumati ham yashash uchun kurashmoqda. O‘tgan yili bu hukumat tarixda birinchi marta Isroil va AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlarga bordi. Uning asosiy proksi kuchi bo‘lmish Livandagi Hizbulloh harakatini Isroil amalda tor-mor etdi. Eron ichida iqtisodiy inqiroz misli ko‘rilmagan noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Yanvarь oyi oxirida Fors ko‘rfaziga Amerika aviatashuvchilarining zarba beruvchi guruhi yetib keldi.
Yaqindagina Rossiya himoyasidagi hudud hisoblangan Suriyada Bashar Asadni ag‘dargan isyonchilar Vashington va Yevropa bilan munosabatlarni rivojlantirmoqda. Ular AQShning mintaqadagi terrorizmga qarshi koalitsiyasiga qo‘shildi, Trampning maxsus vakili esa Damashq va kurd kuchlari o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qildi. Yanvarь
oyi oxirida Rossiya harbiylari mamlakat shimoli-sharqidagi Qamishli aviabazasini shoshilinch bo‘shatdi.
Moskvaga do‘st ba’zi rejimlarning qulashi va boshqalarining beqaror ahvoli Rossiyaning sobiq sovet hududidan tashqarida kuch ishlatishga qodir emasligini ko‘rsatdi, deydi Amerikaning Kuinsi instituti Yevroosiyo dasturi direktori Anatol Liven.
"Rossiya dunyoda keng diplomatik ta’sirini saqlab qolmoqda, ammo harbiy jihatdan u endi yaqin atrofi bilan cheklanib qolgan", deb hisoblaydi Liven.
Ammo Rossiyaning Yaqin Sharq va Lotin Amerikasidan chiqib ketishi haqida gapirishga hali erta.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Sobiq va hozirgi jihodchilar
Rossiya armiyasi Ukrainadagi urush bilan band bo‘lsa-da, Suriyada hokimiyat almashgan bo‘lsa-da, Moskva mamlakatda va umuman Yaqin Sharqda o‘z mavqeini saqlab qolmoqda, deb hisoblaydi Rossiya xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengashi yetakchi tahlilchisi Anton Mardasov.
Asad hokimiyatdan ag‘darilgach, Moskva 2066 yilgacha egalik qilish huquqini olgan Rossiyaning Xmeymim aviabazasi va Tartusdagi dengiz punkti taqdiri masalasi ko‘tarildi, hatto ulardan og‘ir texnikalarni shoshilinch olib chiqa boshladi. Ammo hokimiyatga kelgan sobiq jihodchi Ahmad ash-Shar’a Moskva bilan tuzilgan ilgarigi shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga va’da berdi. Hozirda Xmeymim Afrikadagi rus harbiylarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazish punkti bo‘lib xizmat qilmoqda va Tartus ham Rossiya nazorati ostida.

Surat manbasi, EPA
"Suriyaning yangi rejimi Turkiya va Isroil, AQSh, arab monarxlari o‘rtasidagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda Rossiyaga muvozanatlovchi kuch sifatida qiziqmoqda. Damashq u yoki bu o‘yinchiga qaram bo‘lmaslikka, Suriyadan ilg‘or mudofaa hududi sifatida foydalanmoqchi bo‘lgan Turkiya rahbariyatining qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolmaslikka harakat qilmoqda", deydi Mardasov.
Noyabrь oyida Rossiya harbiylari Suriya janubiga bordi. Rossiya gazetalari yozishicha, Damashq Isroil bilan chegara yaqinida Rossiya ishtirokini qayta tiklashga qiziqish bildirgan, maqsad – Isroil harbiylarining Suriya hududiga kirib borishini to‘xtatish. Muvaqqat prezident ash-Shar’a yanvarь oyida Moskvaga ikkinchi marta tashrif buyurib, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi.
"Iqtisodiy munosabatlar, norasmiy va rasmiy diplomatiya tufayli Moskvani Yaqin Sharq munosabatlaridan butunlay chiqarib tashlash mumkin emas", deb hisoblaydi Mardasov. Uning ta’kidlashicha, Suriyada bo‘lish rossiyalik diplomatlarga qo‘shni Livandagi vaziyatga ham ta’sir o‘tkazish imkonini beradi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Afrikadagi shunga o‘xshash vaziyat haqida Sahel geosiyosati bo‘yicha ekspert Beverli Ochieng gapirdi. Mintaqa o‘n yildan ortiq vaqtdan beri birinchi nishoni Mali Respublikasi bo‘lgan jihodchi guruhlar hujumiga qarshi kurashmoqda.
Dastlab ularga qarshi kurashishda sobiq mustamlakachi Frantsiya yordam taklif etdi. Biroq Frantsiyaning sakkiz yillik "Barxan" operatsiyasidan so‘ng jihodchilar hujumi qo‘shni Burkina-Faso va Nigerga ham yoyildi. Uchala davlatda ham hokimiyatni frantsuz qo‘shinlarini chiqarib yuborishni talab qilgan, "Vagner" jangarilaridan, keyinchalik esa uning o‘rnini egallagan Rossiya Mudofaa vazirligining «Afrika korpusi»dan yordam so‘ragan harbiylar egalladi. Ammo hozircha rus harbiylari va instruktorlari frantsuzlardan yaxshiroq natija ko‘rsata olgani yo‘q va o‘tgan yil davomida jihodchilar hukumat qo‘shinlarini siqib chiqarib, faol hujumlar uyushtirdi.
Shunga qaramay, Moskva Sahelni boshqa mintaqalarga chiqish uchun platsdarm sifatida ishlatib, qit’adagi o‘z ishtirokini kengaytirish uchun yetarli mablag‘ va kuch sarfladi, deydi Ochieng. Afrika davlatlari AQSh bilan ishlashni afzal ko‘rsa-da, bu qit’a Oq uy uchun ustuvor emasligini ham tushunishadi.
Bu Rossiyaning mintaqada o‘yinchi bo‘lib qolishini anglatadi. Masalan, jihodchilarga qarshi kurashda Mali, Burkina-Faso va Niger harbiy rahbarlarining hozirda boshqa choralari yo‘q va shu sababli ular ruslarga tayanmoqda. Harbiylarni yuborish evaziga Rossiya kompaniyalari bir qancha davlatlarning tabiiy resurslaridan foydalanadi. Shu bilan birga, Rossiya Gvineya ko‘rfazi portlariga kirishni kengaytirmoqda.

Surat manbasi, AFP
Postsovet rahbarlar Trampning eng yaxshi do‘stlarimi?
So‘nggi yillarda postsovet hududida Rossiyaga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgardi.
Ukrainaga bosqin va u bilan bog‘liq ritorika bu davlatlardagi ko‘pchilikka o‘zlarining sobiq imperiya markazi bilan munosabatlarini eslatdi – Rossiya imperiyasi mustamlakachiligidan tortib, 1920-30 yillarda milliy ziyolilar qatag‘oni va keyingi ruslashtirishlargacha. Hukmron elita nazarida esa Moskva ishonchli hamkor maqomini yo‘qotdi.
Rossiya Janubiy Kavkazdagi mavqeini hammasidan tezroq yo‘qotdi.
2020 yilda Ozarbayjon-Armaniston urushi Putin vositachiligida yakunlandi va Tog‘li Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritildi. Ammo Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng vaziyat butunlay o‘zgardi.
2023 yilda Ozarbayjon Qorabog‘ ustidan nazoratni kuch bilan qaytarib oldi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa muddatidan oldin chiqarib yuborildi. 2025 yilda ikki davlat rahbarlari Donald Tramp vositachiligida tinchlik kelishuvi matnini tasdiqladi.
Ozarbayjonni uning eksklavi bilan bog‘laydigan yo‘l loyihasi "Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li" deb nomlandi. Endi Tramp Ilhom Aliev va Nikol Pashinyanni o‘zining do‘sti deb ataydi va ikkalasi ham uning Tinchlik kengashiga a’zo bo‘ldi. Armaniston Jo Bayden ma’muriyatining so‘nggi kunlaridayoq AQShning strategik sherigi maqomini olgan edi, Ozarbayjon bilan esa hozir shunday shartnoma tuzishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Ayni chog‘da, har ikki davlat Rossiyadan uzoqlashmoqda. O‘tgan yil Boku va Moskva diplomatik nizo holatida bo‘ldi. Hibsga olingan rossiyaliklar hamon Ozarbayjon qamoqxonasida, hokimiyatga yaqin Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari esa Kremlni tanqid qilishni davom ettirmoqda.
Ikki davlat rasmiylari ham Kremlning agentlarini izlamoqda. Bokuda prezident ma’muriyatining sobiq rahbari fitna tayyorlab, Moskva uchun ishlaganlikda ayblanmoqda. Yerevanda bir necha muxolifatchi va Armaniston cherkovining arxiepiskopi Rossiya ko‘magida qurolli to‘ntarish tayyorlaganlikda ayblanmoqda.
Qog‘ozda Rossiya boshchiligidagi harbiy ittifoq – KXShT a’zosi bo‘lib qolgan Armaniston hozir amalda unda ishtirok etmayapti. Mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, amerikalik chegarachilar arman hamkasblarga ta’lim bermoqda, ular vaqt o‘tishi bilan Armaniston chegaralarida rossiyaliklar o‘rnini to‘liq egallashi kutilmoqda. Yerevan tashabbusi bilan Rossiyaning FSB chegara qo‘shinlari allaqachon poytaxt aeroportidan olib chiqilgan va hozir ularning Armaniston-Eron chegarasidan ham chiqarilishi kutilmoqda.

Surat manbasi, Reuters
Rossiya targ‘ibotchilari fikricha, postsovet hududida o‘z ta’sirini yo‘qotish – Kreml uchun asosiy muammo. Yanvarь oyi boshida bu nuqtai nazarni Vladimir Solovyov shakllantirgan
edi. "Biz hozir Suriya yoki Venesuela bilan shug‘ullanmasligimiz kerak. Biz o‘z mavqeimizni yo‘qotmasligimiz kerak, lekin biz uchun eng muhimi – yaqin xorijdir, – dedi Solovyov. – [...] Armanistonni yo‘qotish – bu juda katta muammo. Bizning Osiyodagi, [...] Markaziy Osiyodagi muammolar biz uchun ulkan xavf bo‘lishi mumkin."
Xuddi shu kunlarda Rossiyaning taniqli o‘ta o‘ng qanot mafkurachisi Aleksandr Dugin yanada keskinroq fikr bildirdi: "Suveren Armaniston yoki suveren Gruziya yoki suveren Ozarbayjon, suveren Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston mavjudligiga rozi bo‘lish mumkin emas."
Bu gaplar ular tahdid qilayotgan davlatlarda ko‘pchilikning g‘azabini keltirdi va ularning ortida Kremlning niyati yashirinligini ko‘rishdi. Armanistonda hatto Solovyovning efiri tufayli Rossiya elchisi chaqirtirildi va unga norozilik notasi topshirildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi uning so‘zlarini «shaxsiy fikr» deb atadi.
Janubiy Kavkazda bo‘lgani kabi, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi mavqeiga ham Tramp ma’muriyati faolligi eng katta xavf tug‘dirmoqda. Noyabrь oyida Amerika rahbari tarixda birinchi marta Oq uyda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlarini qabul qildi.
Markaziy Osiyo rahbarlari uchun AQShga yaqinlashish Rossiya va Xitoy ta’sirini muvozanatlash vositasidir. Tramp jamoasi esa avvalgi Amerika ma’muriyatlari kabi bu mamlakatlardagi inson huquqlari va demokratiya ahvolini muhokama qilmaydi. Buning o‘rniga Vashington foydali qazilmalar, jumladan, nodir yer metallariga qiziqmoqda.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio mintaqa davlatlari bilan hamkorlik maydonini "Xudo mamlakatlaringizga in’om etgan resurslar" deb ta’rifladi. U 2026 yilda bu besh davlatga tashrif buyurishni va’da qildi. Sammitdan sal oldin Amerika kompaniyasi O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib chiqarish bo‘yicha milliard dollarlik shartnoma oldi. Yana bir Amerika korporatsiyasi Qozog‘istondagi volfram konlarini o‘zlashtirish loyihasida 70% ulushga ega bo‘ldi. Volfram harbiy sanoat majmuasi uchun g‘oyat muhim bo‘lib, Xitoy uni qazib olish va ishlab chiqarishda jahon yetakchisi hisoblanadi.

Surat manbasi, Reuters
Bundan tashqari, AQShning Kavkaz va Markaziy Osiyodagi rejalari o‘zaro bog‘liq. Vashington Rossiya va Eronni chetlab o‘tib, Yevropani Markaziy Osiyo va Xitoy bilan bog‘laydigan transport yo‘lagi – "O‘rta yo‘lak" loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda va Armaniston hududidagi "Tramp yo‘li" uning bir qismiga aylanishi kerak.
Mintaqada yana mustamlakachilikka qarshi kayfiyat kuchaymoqda. Bu Ukrainadagi urushga va rus targ‘ibotchilarining boshqa qo‘shni davlatlarga tahdidlariga munosabat, shuningdek, Rossiya ichidagi muhojirlarga qarshi siyosat natijasidir.
Yaqinda Qirg‘iziston Moskvani EOII sudiga berdi, O‘zbekiston prezidenti esa Rossiyada muhojirlar huquqlari buzilishini qoraladi. Mintaqa davlatlari rahbarlari o‘zaro uchrashuvlarda, ilgari rus tilida gaplashgan bo‘lsa-da, hozir milliy tillardan foydalanmoqda. Markaziy Osiyodagi fuqarolik jamiyati ham rus tili va madaniyati rolini faol qayta ko‘rib chiqmoqda.
"Muvozanat – Putin foydasiga"
Solovyov va Duginning so‘zlarini Kremlning niyati deb qabul qilish xato, deydi Rossiya Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulin. Rossiya hukumati uchun eng muhimi – AQSh bilan Ukraina bo‘yicha muzokaralar bo‘lib, bu masalada Donald Tramp ma’muriyati "faol ishtirok etmoqda va asosiy rol o‘ynamoqda", dedi Zatulin Bi-bi-siga.
AQShning postsovet hududidagi faolligi, Maduroning ag‘darilishi va Rossiyaning Suriyadagi yetakchilik rolini yo‘qotishi Moskvaning geosiyosiy mavqeini zaiflashtiradi. Ammo ularni Trampning Grenlandiyaga da’volari NATOga yetkazgan zarar bilan taqqoslasak, bularning barchasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘l kelmoqda, deydi Bi-bi-siga Jon Bolton. U Trampning birinchi ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan.
"Muvozanat – Putin foydasiga. Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqining asosiy maqsadi AQSh va Yevropa o‘rtasida bo‘linish yaratish orqali NATOni yo‘q qilish edi. Ammo NATO parchalanmadi va bu SSSRning Sovuq urushda mag‘lub bo‘lishi sabablaridan biri edi. Endi Tramp ular uchun (Kreml –Bi-bi-si) ularning ishini qilmoqda", deb hisoblaydi Bolton.
Trampning postsovet respublikalari rahbarlari bilan kelishuvlari amalga oshadimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum, deydi Jon Bolton. Ammo ularning ko‘pchiligi uchun Vashington bilan yangi bitimlar Moskva bilan sheriklikdan voz kechishni emas, balki o‘rtadagi muvozanatni anglatadi.
"Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil bo‘lib qolishni xohlaydi. Buning uchun ularda barcha imkoniyatlar bor: ularning e’tiborini qozonish uchun Rossiya ham, Xitoy ham, AQSh ham kurashmoqda", deydi Bolton.

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyalik deputat Konstantin Zatulin ham Trampning "yaqin xorij" rahbarlari bilan kelishuvlari Rossiya hukumatini ortiqcha tashvishga solmasligi kerak, deb hisoblaydi.
"Niyatlar hali aniq emas. Markaziy Osiyo bugungi kunda ko‘proq Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirishga bog‘liqligi aniq, – dedi Zatulin. – Bularning hammasini aniqlab olish uchun hali vaqtimiz bor."
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston KXShTning, Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa Yevroosiyo ittifoqi a’zolaridir, bu davlatlarning asosiy savdo hamkorlari Xitoy va Rossiyadir.
Armaniston va Ozarbayjonda Kreml agentlarini ovlash ichki auditoriyaga qaratilgan – har ikki davlat rahbarlari va diplomatlari Kreml bilan munosabatlar kontekstida bu mavzularni tilga olmaydi, aksincha, Moskva bilan iqtisodiyotni muhokama qiladi. Ikki tomonlama munosabatlardagi inqirozga qaramay, 2025 yilda Moskva va Boku iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida yangi shartnoma imzoladi va transport yo‘laklarini kengaytirishni rejalashtirdi, Gazprom rahbari esa Ozarbayjon davlat neftь kompaniyasi SOCAR prezidentini qabul qildi.
G‘arbparast yo‘nalishiga qaramay, Armaniston hukumati rossiyalik investorlarni faol jalb qilmoqda. Moskva bilan atom elektr stantsiyasidan foydalanishni uzaytirish va temir yo‘llarni tiklashni muhokama qilmoqda.
Ukrainadan keyin
Rossiyaning ko‘plab tanqidchilari Ukrainadagi urush tugagach, Kreml Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda yo‘qotilgan ta’sirini tiklashga intilishidan xavotirda.
Vashingtonning bunga munosabati o‘sha paytdagi prezidentga bog‘liq bo‘ladi. "Agar 2028 yilda demokratlar g‘alaba qozonsa, biz Rossiya ta’sirini barcha yo‘nalishlarda to‘xtatishga urinishga qaytishni ko‘ramiz", deydi Anatol Liven. Ammo Respublikachilar partiyasi nomzodi g‘alabasi Moskva bilan kamroq qarama-qarshilikni anglatishi mumkin, deb taxmin qiladi u.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Respublikachi Jon Boltonning fikricha, hamma narsa "Respublikachilar partiyasining ruhi uchun kurashda" g‘olib chiqadigan nomzodga bog‘liq.
"Vitse-prezident J. D. Vens izolyatsionistdir. U Trampdan ancha aqlliroq, ammo Vensning 2028 yilda Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lishiga kafolat yo‘q", deydi Bolton. U tashqi siyosat masalalarida respublikachilar asosan Reygan-Bush partiyasi bo‘lib
qolayotganini, ya’ni Rossiya bilan keskin qarama-qarshilik, boshqa davlatlardagi demokratik harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va harbiy byudjetni oshirish tarafdorlari ekanligini ta’kidlaydi.
Reygan va Katta Bush ma’muriyatlarida adliya vaziri o‘rinbosari va davlat kotibi yordamchisi bo‘lib ishlagan Boltonning fikricha, partiya ularning pozitsiyalariga qaytadi.
Biroq Anatol Liven Rossiya-Ukraina urushi tugashiga rejalar tuzish befoyda deydi, chunki hozir tuzilgan har qanday kelishuv hatto barqaror o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga ham olib kelmasligi mumkin. Ekspertning fikricha, bu ko‘proq Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi Kashmir mojarosiga o‘xshaydi, unda 1947 yildan beri uzoq muddatli tinchlik davrlarini otishmalar va keng ko‘lamli urush kesib turadi.
Shu bilan birga, Moskva boshqa yo‘nalishlardagi muvaffaqiyatsizliklarni Ukrainaga bosimni kuchaytirish va mamlakat ichida yangi repressiv choralar qo‘llash bilan qoplamoqda, deb ta’kidlaydi Economist jurnali. Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan bir necha kun o‘tgach, Rossiya harbiylari Ukrainaga "Oreshnik" ballistik raketasi bilan zarba berdi.
































