Putinni G‘arbdan tashqari butun dunyo yaxshi ko‘radimi?

Rossiya: Putinni G‘arbdan tashqari butun dunyo yaxshi ko‘radimi?
    • Author, Juliana Granyani
    • Role, Muharrir, BBC Global dezinformatsiya bo‘limi
    • Author, Mariya Korenyuk
    • Role, BBC Global dezinformatsiya bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Havier Galyardo har tongni TV orqali mumtoz musiqa dasturini tomosha qilish bilan kutib olishni odat qilgandi – bu uning kayfiyatini chog‘lar, yuk mashinasini kun bo‘yi haydashdek og‘ir ishga shaylardi.

Ammo iyun oyining bir dushanba tongida televizorni yoqqanida musiqa o‘rniga urush manzaralari paydo bo‘ldi. Kanalda noodatiy tarzda yangiliklar berilayotgan edi.

"Nima bo‘lyapti?" deb o‘yladi u. 20 daqiqa tomosha qilgach, televizorni o‘chirdi. "Unga ulana olmadim".

Ekranning pastki burchagidagi yashil logotipda "RT" harflari yozilganini ko‘rdi. Internetdan qidirsa, bu Rossiya telekanali ekan.

Havier Chilida yashaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi xususiy Telecanal TV kanali o‘z efirini Rossiya davlati qo‘llovidagi axborot kanal RT (Russia Today) ga beribdi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating va a’zo bo‘ling: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating va a’zo bo‘ling:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating va a’zo bo‘ling:

Chili teleradio nazorat organi bu holatni qonunbuzarlik sifatida ko‘rib chiqish uchun tekshiruv boshladi va hozircha Telecanal'ning javobini kutmoqda.

Telekanal bu haqda izoh berishdan voz kechdi.

Tomoshabinlar esa sarosimada qoldi.

"Men xafa bo‘ldim, – deydi Havier. – Oldindan hech qanday ogohlantirish bo‘lmadi, nima uchun bunday bo‘lganini ham tushunmadim".

So‘nggi uch yil ichida Rossiya davlat qo‘llovidagi RT telekanali va "Sputnik" axborot agentligi xalqaro maydonda ta’sirini kengaytirdi. Ular hozir Afrika, Bolqon, Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasida efirga chiqmoqda.

Bu jarayon G‘arbdagi taqiqlar fonida yuz bermoqda.

Rossiyaning Ukrainaga to‘liq hujumi boshlangan 2022 yil fevralidan so‘ng, AQSh, Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, shuningdek, yirik texnologiya kompaniyalari tomonidan RT translyatsiyasiga qat’iy cheklov qo‘yildi. Sabab sifatida kanal urush haqida dezinformatsiya tarqatayotgani ko‘rsatildi.

2024 yilda esa jarayon yana kuchaydi: AQSh hokimiyati RT rahbariyatini, jumladan, bosh muharrir Margarita Simonyanni mamlakat institutlariga "omma ishonchini zaiflashtirishga" urinishda ayblab, sanksiya kiritdi.

Shu bilan birga Kreml AQSh prezidentlik sayloviga aralashish maqsadida keng qamrovli kampaniya olib borgani haqida ham ayblovlar ilgari surildi. RT esa buni rad etdi.

Biroq dunyoning boshqa mintaqalarida RT ta’siri aksincha tobora kengaymoqda.

2023 yildan beri RT Jazoirda byuro ochdi, serb tilida teleko‘rsatuv yo‘lga qo‘ydi va Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Hindiston hamda Xitoydan kelgan jurnalistlar uchun bepul o‘quv dasturlarini amalga oshirdi. Shuningdek, kanal Hindistonda ofis ochishini e’lon qildi. Fevral oyida Efiopiyada "Sputnik"ning yangi tahririyati faoliyat boshladi.

Bu jarayon ayrim hududlarda G‘arb ommaviy axborot vositalarining zaiflashishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Byudjet qisqarishi va tashqi siyosatdagi ustuvorliklar o‘zgarishi sababli ayrim G‘arb nashrlari qisqartirildi yoki butunlay bozordan chiqib ketdi.

Ikki yil oldin Bi-bi-si o‘zining arabcha radio xizmatini yopib, uni raqamli platformaga ko‘chirdi. U yerda audio, video va matnli yangiliklar beriladi. Keyinchalik Bi-bi-si G‘azo va Sudan uchun favqulodda radio efirlar yo‘lga qo‘ydi. Xuddi o‘sha yili Rossiyaning "Sputnik" agentligi Livanda 24 soatlik xizmatini ishga tushirib, Bi-bi-si Arab xizmati qoldirgan havo to‘lqinlarini egalladi.

Shu orada AQSh hukumatidan moliya oladigan "Amerika ovozi" xalqaro axborot xizmati o‘z xodimlarining ko‘p qismini qisqartirdi.

"Rossiya suvga o‘xshaydi: sementda yoriq bo‘lsa, u albatta shu yerdan singib kiradi", deydi Stenford universiteti siyosatshunosi doktor Ketrin Stouner.

Biroq savol ochiq qolmoqda: Rossiyaning asli maqsadi nimada? Ayrim hududlarda axborot ta’sirining shunday sekin-asta kengayishi o‘zgarib borayotgan jahon tartibotida nimani anglatadi?

"Hammasi ham telba fitna nazariyachisi emas"

"[G‘arbdan tashqari mamlakatlar] intellektual, madaniy va mafkuraviy jihatdan hosildor maydon. Chunki ularda Amerikaga, G‘arbga va imperializmga qarshi kayfiyatlar saqlanib qolgan", deydi Manchester universiteti russhunoslik professori Stiven Hatchings.

Uning aytishicha, Rossiya propagandasi ham o‘ziga xos tarzda tarqatiladi: kontent muayyan auditoriyaga moslab tuziladi, hatto ayrim mintaqalarda turli mafkuraviy pozitsiyalardan foydalanishi mumkin.

Masalan, G‘arbda RT ko‘pincha "Rossiya davlatining dezinformatsiya tarqatuvchi organi" sifatida ko‘rilsa, dunyoning boshqa hududlarida u mustaqil tahririyatga ega qonuniy OAV sifatida qabul qilinadi.

Bu esa tomoshabinlarni ishonishga moyil qiladi – "dezinformatsiya tuzog‘iga ilinadiganlarning hammasi ham sodda ishonuvchan fitna nazariyachisi emas".

Glazgo universiteti xalqaro munosabatlar bo‘yicha o‘qituvchisi doktor Ris Krillining ta’kidlashicha, RTning global voqealarni yoritishi keng auditoriyaga – "jahondagi adolatsizliklardan tashvishlanayotgan yoki G‘arbni aybdor deb hisoblaydigan norozi odamlarga" ta’sir qila oladi.

"Juda ehtiyotkor manipulyatsiya"

Tashqaridan qaraganda RTning xalqaro sayti oddiy yangiliklar portaliga o‘xshaydi va ayrim xabarlarni aniq berib turadi. Ammo bu "juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshiriladigan manipulyatsiya", deydi Ochiq Universitet (Open University) siyosat va xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha katta o‘qituvchisi doktor Preshes Chatterji-Dudi. U professor Hatchings, doktor Krilli va boshqalar bilan birga RT haqida kitob ham yozgan.

Ular 2017 yil mayidan 2019 yil mayigacha bo‘lgan ikki yil davomida RTning xalqaro yangiliklarini tahlil qilib, tanlangan mavzular muayyan narrativga xizmat qilayotganini ko‘rsatdilar.

Masalan, Yevropada ijtimoiy norozilik bo‘lsa, RT uni keng yoritgan. Rossiyadagi ichki voqealarda esa ko‘pincha harbiy mashqlar mavzusiga ustuvorlik berilgan.

RT oshkora yolg‘on xabarlar ham tarqatgan: 2014 yilda Qrimni anneksiya qilish "tinch yo‘l bilan qayta qo‘shilish" sifatida ko‘rsatilgan, Rossiya armiyasi ishtiroki esa rad etilgan. Shuningdek, 2022 yildan beri Ukrainadagi harbiy jinoyatlar haqidagi dalillar tizimli ravishda inkor qilib kelinmoqda.

Kanal shuningdek, 2014 yil iyulida qulagan Malaysia Airlines MH17 samolyotini Ukraina urib tushirgan degan maqolalarni chop etgan. (Biroq BMT aviatsiya organi Rossiya Federatsiyasini mas’ul deb topdi, xalqaro tergovchilar esa Moskvadan sharqiy Ukrainaga olib kirilgan raketa tizimi ruslar va rusparast separatistlar tomonidan ishlatilganini aniqladi.)

E’tiborni tortgan jihat odamlarning RT haqidagi fikrlari bo‘ldi.

2018–2022 yillarda tadqiqotchilar Buyuk Britaniyada kanalning efirga chiqish litsenziyasi media regulyator Ofcom tomonidan bekor qilinishidan oldin RTni ko‘rgan 109 kishi bilan suhbatlashgandi.

Doktor Chatterji-Dudi aytishicha, ko‘pchilik RT'ni "bir yoqlama" deb hisoblagan, biroq "qaysi ma’lumot to‘g‘ri, qaysi yolg‘on" ekanini ajrata olishlarini aytgan.

Shunga qaramay, deya ogohlantiradi u: "Tomoshabinlar RTning aniq qay tarzda yolg‘on tarqatishi va bir yoqlamalik qayerdan paydo bo‘lishini bilishmaydi".

Rossiyaning Afrikaga e’tibori nega kuchaydi?

Professor Hatchingsga ko‘ra, Rossiya davlat OAVining eng yirik kengayishi hozir Afrikada sodir bo‘lmoqda.

Fevralda Rossiya rasmiylari Efiopiyaga borib, "Sputnik" uchun yangi tahririyat ochdi. "Sputnik" allaqachon Afrikada inglizcha va frantsuzcha xabar tarqatardi, endi unga amxarcha (Efiopiyaning rasmiy tillaridan biri) ham qo‘shildi.

RT o‘zining frantsuz tilidagi telekanalini qayta yo‘naltirib, frantsuzzabon Afrika mamlakatlarini asosiy auditoriya qilib oldi. RT bosh muharririga ko‘ra, London, Parij, Berlin va AQShdagi ba’zi loyihalardan mablag‘ qisqartirilib, Afrikaga yo‘naltirilgan.

RT Afrikada yettita byurosi borligini aytadi, ammo buni mustaqil manbalar tasdiqlay olmagan.

Afrika jamoatchiligida Rossiyaga nisbatan yaxshi munosabat ancha keng tarqalgan. Bu antikolonial va antiimperialist kayfiyatlar, shuningdek, Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqining milliy ozodlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani bilan izohlanadi.

Doktor Krilli ta’kidlashicha, Moskva bu orqali G‘arb ta’sirini susaytirish, siyosiy qo‘llov olish va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishni ko‘zlamoqda.

Afrikalik jurnalistlar uchun RT kurslari

RT Afrikalik jurnalist va blogerlar uchun onlayn kurs yo‘lga qo‘yganda, Bi-bi-sining Dezinformatsiyaga qarshi global bo‘limi ham uni kuzatdi.

"Biz faktchekingda eng kuchlilardanmiz va hech qachon yolg‘on tarqatganimiz isbotlanmagan", dedi RT bosh direktori Aleksey Nikolov talabalarga.

Bir darsda dezinformatsiyani fosh qilish haqida so‘z bordi. Instruktor 2018 yilda Suriyaning Duma shahrida Asad rejimi amalga oshirgan kimyoviy hujumni "feyk yangilikning klassik misoli", deb atadi. Bu esa Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotining naq ikki yillik tekshiruvlari natijalariga zid edi – ular hujumni aynan Suriya havo kuchlari amalga oshirganini isbotlagan edi.

Shuningdek, 2022 yilda Ukrainadagi Bucha shahrida rus qo‘shinlari tomonidan tinch aholining ommaviy o‘ldirilishi ham "eng mashhur feyk" sifatida taqdim qilindi. (Bu BMT va mustaqil manbalarning dalillariga zid edi.)

Kursdan keyin qatnashchilar bilan suhbatda ko‘pchilik buni muammo deb ko‘rmasligini aytdi. Ayrimlar RT'ni CNN yoki Al Jazeera kabi xalqaro telekanal deb hisoblashlarini aytdi.

2024 yil dekabrida Bi-bi-si Efiopiyalik bir jurnalist bilan suhbatlashganda, u Buchadagi voqeani "stsenariy asosida sahnalashtirilgan" deb atadi. Uning ijtimoiy tarmoqdagi profilida esa Putin surati turardi.

Sьerra-Leonelik bir jurnalist dezinformatsiya xavfini tan oldi, ammo "har bir OAVning o‘z uslubi va mezonlari bor", dedi.

Yaqin Sharqdan Lotin Amerikasiga

Professor Hatchingsning aytishicha, Yaqin Sharqda RT arab xizmati va "Sputnik" arab xizmati Isroil-G‘azo urushi haqidagi yorituvini Falastinsevar auditoriyaga moslab taqdim qilmoqda.

Shu bilan birga, RT Lotin Amerikasida ham o‘z nufuzini kengaytirmoqda. RT ma’lumotlariga ko‘ra, u hozirda mintaqadagi 10 mamlakatda bepul efirga chiqadi. Ular orasida Argentina, Meksika va Venesuela bor. Yana 10 davlatda esa kabel orqali ko‘rsatilmoqda.

Kuba-Meksikalik tarixchi va siyosatshunos doktor Armando Chaguaseda fikricha, RTning ispan tilidagi bepul xalqaro yangiliklari uning "muvaffaqiyatining asosiy sabablaridan biri".

YouTube 2022 yil martdan RT'ni butun dunyoda taqiqlagan bo‘lsa-da, ayrim joylarda kanal hali ham turli yo‘llar orqali platformaga chiqishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Masalan, Argentinada 52 yoshli duradgor Anibal Baygorriya RT xabarlarini yozib olib, o‘z munosabati bilan birga YouTube'ga joylaydi.

"Buenos-Ayresda yangiliklar ko‘proq shahar hayotiga qaratilgan. RT esa butun Lotin Amerikasi va jahon voqealariga nazar tashlaydi", deydi u.

"Har kim qaysi ma’lumotga ishonishni o‘zi hal qiladi".

Ta’sir miqyosini anglash

Rossiya davlati qo‘llovidagi OAVning jahon miqyosidagi ta’sirini aniq baholash oson emas.

RT o‘zini 100 dan ortiq mamlakatda 900 million tomoshabin ko‘rishini da’vo qiladi hamda 2024 yilda internetdagi materiallari 23 milliard marta ko‘rilganini aytadi.

Biroq Kopengagen universiteti professori, kommunikatsiya bo‘yicha mutaxassis doktor Rasmus Kleys Nilsen bu raqamlarga shubha bilan qaraydi:

"Faqat "mavjudlik" ko‘rsatkichi auditoriya hajmini aniq ifoda etmaydi", deydi u.

Unga ko‘ra, 900 million tomoshabin haqidagi raqam "juda shubhali", onlayn ko‘rishlar esa noaniq va oson soxtalashtirilishi mumkin.

Doktor Chatterji-Dudi ham Rossiya OAVining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirini baholash qiyinligini tan oladi. Biroq u Afrikadagi Sahel mintaqasiga ishora qiladi: Senegaldan tortib Sudangacha uzangan bu hududda Rossiya sezilarli darajada harbiy rol o‘ynagan va qiyin sharoitlarga qaramay "jamoatchilik qarshiligi nisbatan kam" bo‘lgan. (Moskva Mali, Burkina-Faso va Niger kabi mamlakatlardagi harbiy xuntalarni qo‘llab-quvvatlash orqali mavqeini mustahkamlab olgan.)

Rossiya tarqatayotgan yana bir hikoya Ukrainaga qilingan bosqinni oqlashdir. Moskva NATOning sharqqa kengayishi va Ukrainaning alyans bilan yaqinlashuvini urushning asosiy sababi sifatida ko‘rsatadi. Buni "xavfsizlikka tahdid" deb baholab, o‘z harakatlarini "o‘zini himoya qilish" sifatida talqin qiladi. G‘arbda bu iddaolar rad etilgan bo‘lsa-da, Janubiy global mintaqalarda hali ham tarqalmoqda.

Doktor Armando Chaguasedaga ko‘ra, ayniqsa Meksika va umuman Lotin Amerikasida, hatto akademik doiralarda ham NATO kengayishi haqidagi bu hikoya keng qabul qilingan.

Ayrim Global Janub davlatlari Ukrainadagi urushni ochiq qoralashga shoshilmadi. Masalan, 2022 yildagi BMT Bosh Assambleyasidagi birinchi ovoz berishda ko‘pchilik mamlakatlar Rossiyani qoralagan bo‘lsa-da, 52 ta davlat qarshilik bildirdi, betaraf qoldi yoki umuman ovoz bermadi. Ular orasida Boliviya, Mali, Nikaragua, Janubiy Afrika va Uganda ham bor.

Doktor Krilli Rossiyaning asosiy maqsadini shunday izohlaydi:

«Kreml Rossiyaning jahon sahnasidagi nisbiy yolg‘izligini yumshatish uchun uni "G‘arb tajovuzi qurboni" va Global Janubning himoyachisi sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda".

Uning ogohlantirishicha, "xavf shundaki, RT va boshqa dezinformatsiya vositalari liberal demokratiyaning zaif tomonlaridan foydalanib, Ukrainadagi tajovuzni oddiy hol sifatida ko‘rsatishi va Rossiyani avtoritar davlat emas, balki "ijobiy kuch" sifatida taqdim etishi mumkin".

Maqoladagi ayblovlarga javob sifatida RT quyidagicha izoh berdi:

"Biz haqiqatdan ham butun dunyo bo‘ylab faoliyatimizni kengaytiryapmiz".

Biroq aniq savollarga izoh berishdan bosh tortdi. "Sputnik" esa umuman javob bermadi.

Professor Hatchings esa Rossiya davlat OAVining faoliyati barchani xavotirga solishi kerakligini ta’kidlaydi – ayniqsa jahon tartiboti va demokratiya kelajagi nuqtai nazaridan.

Unga ko‘ra, G‘arb axborot sohasiga mablag‘ni qisqartirib, o‘z OAVini qo‘llab-quvvatlamay qo‘yishi "maydonni Russia Today kabilarga bo‘shatib bermoqda".

"Hali juda ko‘p narsaga erishish mumkin, ko‘p narsani yo‘qotish ham mumkin… Rossiya ayrim maydonlarda ustunlikka erishdi, ammo kurash hali yakunlanmagan", deydi u.

Bosh surat manbasi: MLADEN ANTONOV/AFP via Getty