You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Ilm-fan: Yebto‘ymaslikning asl sababi kashf qilindi
- Author, Viktoriya Jill
- Role, Bi-bi-si ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 3 daq
Hech qorni to‘ymaydigan, ortiqcha vaznga moyil bo‘lgan itlar semirishga moyil ba’zi odamlar bilan mushtarak biologik xususiyatga ega ekan.
Buyuk Britaniya olimlari ko‘plab labradorlar va ayrim odamlarning me’yordan ortiq ovqatlanishga moyilligining genetik manbasini topdilar.
Tadqiqotchilar ma’lum bir gendagi o‘zgarish miyamizga to‘yganimiz haqida beriladigan kimyoviy signallarni ham o‘zgartirishini aniqladilar.
Olimlar aytishicha, ularning Science jurnalida e’lon qilingan natijalari semirish biologiyasi haqida "kuchli" ma’lumot beradi.
"Itlarni o‘rganib, qiziqarli yangi biologik jarayonni aniqladik," deya tushuntirdi Kembrij universitetining fiziologiya, rivojlanish va nevrobiologiya bo‘limi yetakchi tadqiqotchisi doktor Eleanor Raffan.
"Agar sizda semirishning genetik xavfi yuqori bo‘lsa, bunga qarshi katta kuch sarflamasangiz, semirib ketaverasiz. Genetik xavfi past bo‘lganlar esa bunga unchalik harakat qilmasa ham bo‘laveradi."
Bu it va odam o‘rtasidagi biologik bog‘liqlik tadqiqotchilarning 250 ta labradorning genlarini o‘rganishi natijasida aniqlandi. Ular semiz itlarda uchraydigan genetik kodni izlashdi.
Ular, xususan, DENND1B deb nomlangan bitta genni ajratib oldilar. Bu gen labradorlarda semirish bilan bog‘liq edi. Minglab odamlarning genetik ma’lumotlari bazasini tekshirganda, xuddi shu gen odamlarda ham semirish bilan bog‘liqligini aniqladilar.
Doktor Raffanning ta’kidlashicha, labradorlar genetikasini o‘rganishdan oldin "hech kim bu genning semizlikka aloqasi borligini taxmin qilmagan".
Mazkur gen ishtahani boshqarishga yordam beradigan miya signallariga ta’sir qiladi.
Doktor Raffan shunday tushuntirdi: "Bu gen vazn ortishiga moyillikni o‘zgartiradi, chunki u ochlik hissi va qancha energiya sarflashimizni boshqaradigan tizimga ta’sir qiladi."
Tadqiqot natijalari kelajakda semizlikka qarshi yangi dori-darmonlarni ishlab chiqishda yordam berishi mumkin. Biroq olimlar ta’kidlashicha, bunday genetik moyil odamlar va it egalari uning ta’sirini kamaytirish uchun anchagina mehnat qilishlari kerakligini ko‘rsatadi.
Tadqiqot guruhining yana bir a’zosi, Kembrij universitetidan Elis Makklellan natijalar "ishtaha va tana vaznini boshqarishda miyaning asosiy yo‘llari ahamiyatini" ko‘rsatadi, deb qo‘shimcha qildi.
Bu kashfiyot ortiqcha ovqatlanishning biologik sabablarini yanada aniqlashtiradi.
Ozempik kabi ozish uchun dori vositalari guruhi bu biologiyaning ayrim qismlariga ta’sir qiladi va so‘nggi yillarda juda ommalashib ketdi.
"Biz bu yerda aniqlaganimiz [o‘sha dorilar ta’sir qiladigan yo‘ldan] farqli," deb tushuntirdi doktor Raffan.
"Ammo bularning barchasi biologiyaning bir xil muhim qismiga borib taqaladi: semizlik iroda kuchsizligi bilan bog‘liq emas.
Gap shundaki, ba’zi odamlar semirishga moyil, chunki ularda genetik xavf mavjud bo‘lib, bu ularning ovqatga ta’sirchanligini va ishtahasini oshiradi.
Bu itlarga ham, odamlarga ham taalluqli – ularda ortiqcha ovqatlanishga genetik moyillik bor."