Prezident BBC 100 Ayol ro‘yxatiga kirgan o‘zbek ayoli Diloromni orden bilan mukofotladi (video)

O'qilish vaqti: 5 daq

Prezident Shavkat Mirziyoyev BBC 100 Ayol ro‘yxatidan o‘rin olgan o‘zbek ayoli Dilorom Yo‘ldoshevani "Mardlik" ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon chiqardi.

" … o‘zining mustahkam irodasi, yuksak matonati va ishbilarmonlik fazilatlari bilan qishloq ayollarining bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirishda tashabbuskorlik va shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgani, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, yoshlarni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun…" Dilorom Yo‘ldosheva "Mardlik" ordeni bilan mukofotlangani aytiladi farmonda.

BBC 100 Ayol ro‘yxatiga kirgan o‘zbek ayoli Dilorom kim?

“Yoz kunlarining jazirama issig‘ida dalada ishlayotgan qizlarni ko‘rib yuragim chidamasdi. Shu ayollar ham shinam xonalarda o‘tirib, oilasiga nafi tegsaydi deb orzu qilardim,” deydi qahramonimiz so‘nggi bir necha yil ichida hayotida yuz bergan evrilishlarning bari orzular bilan boshlanganini urg‘ulab.

Dilorom Yo‘ldosheva hozir qirq yoshda. U O‘zbekiston janubidagi Denov tumanidan. Shu yerda tug‘ilib, voyaga yetgan. Dilorom boshqa qishloq ayollari kabi dalada ketmon chopib, paxta terib, xo‘jalik ishlarida erkaklar bilan teng mehnat qilganini aytadi.

Dilorom Yo‘ldosheva O‘zbekistonda Adliya vazirligi ijtimoiy loyihasi orqali ilk bor jamoatchilik nazariga tushgan.

Dalada ishlab, ro‘zg‘origa yordam bergan.

U o‘zining ana shu hayotidan va ishidan mamnun edi. Ammo bir mudhish hodisa Diloromning hayotini ostin-ustun qilib yuboradi.

Quyida ilova qilingan YouTube linkimizni bosib, Dilorom Yo‘ldosheva haqida O‘zbekistonning o‘zida ishlangan va hayotiy voqealarga asoslangan film bilan ham tanishing:

2022 yil. Yig‘im-terim mavsumi kirar ekan, har doimgidek dalada ish qaynaydi. Ekin maydonlariga qatnash Diloromning kundalik vazifasiga aylanadi. Bir mahal o‘zi hashar qilsa, boshqa safar hasharchilarga suv-ovqat tashiydi.

Odatiy kunlarning birida hasharchi kombaynchilarga yordam berish taraddudida u yana dalaga boradi. Kombaynning plugi tomonga o‘tib, somon tashlar ekan, ayni shu daqiqalarda fojia yuz beradi. Uzun xalatining bir uchi harakatlanayotgan plugga ilashib qoladi. Plug esa ayolning oyog‘ini olib kirib ketadi.

Kiprik qoqib ulgurmas vaqt ichida Dilorom har ikki oyog‘idan ayriladi (U — hozirda birinchi guruh nogironi). Ammo bu uning hikoyasi uchun yakun emas. Aksincha, hammasi shundan keyin boshlanadi.

Mudhish voqelikning yuz berishi butun oila uchun fojia edi. Kechagina ikki oyoqda tik turib, mehnat qilib yurgan Dilorom uchun buni qabul qilish oson kechmadi.

O‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi va oilasining taqdiri haqidagi o‘ylar uni o‘z domiga tortib ulgurgandi. Avvaliga o‘z hayoti va tanasi haqida umidsizlik girdobida qolgan bo‘lsa, vaqt o‘tgan sayin uning fikru yodini boshqa tashvishlar ham egallab bordi.

Dilorom oilasining moddiy ahvoli va farzandlarining kelajagidan xavotirlanardi. Ayni shu xayollar uni yana hayotga qaytishga va nimadir yangilik qilishga undadi. U hayotida o‘zgarish qilishni maqsad qilgandi, ammo ushbu o‘zgarishlarni nimadan va qanday boshlashni bilmasdi.

“Bir yilcha hech o‘zimga kelolmadim. Ertalabdan kechgacha kunim na boshi, na oxiri yo‘q o‘y-fikrlar bilan o‘tardi. Ammo keyin oilamga va bolalarimga kerakligimni tushundim. Yana harakatga qaytishni xohladim. Meni nima kutayotganini esa bilmasdim,” deydi u.

Bu bir yil Dilorom Yo‘ldosheva uchun og‘riqli kechgani bor gap. Biroq, ushbu vaqt ichida yashalgan kunlar unga o‘tgan umrini taftish va tahlil qilishga ham fursat berdi. Ekin-yig‘in tashvishlaridan bo‘shab, o‘z ustida fikr qilishga hech vaqt topmagan Dilorom ayni shu kunlar ichida bolalik orzulariyu, dalada ketmon chopib qilgan havaslarini eslaydi.

Unda tikuvchilik qilish fikri tug‘iladi.

“Aslida, men qizlik davrimdan tikuvchilik qilardim. Katta ro‘zg‘orga kelin bo‘lib tushgach, uni to‘xtatishimga to‘g‘ri keldi. Ro‘zg‘or ishi, qaynona xizmati, bola-chaqa deganday… yumush ortgan edi. Oilaning asosiy daromadi daladan kelgani uchun keyinchalik men ham shu ishga kirishdim.

Ketmon chopganman… Tikuvchilik qiziqishim unutilib qolgandi,” deb xotirlaydi u. Dilorom inson hayoti muhitga moslashib, o‘zgarib ketaverishini ta’kidlaydi.

Qahramonimiz avvaliga vaqt o‘tkazish va “yurakni yeb bitiradigan” xavotirlaridan qochish uchungina tikuvchilik bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Biroq, u tikkan ko‘ylaklar qo‘shni ayollarning ko‘nglidan joy olishi hech ham xayoliga kelmagan edi.

Ovsinlar va mahalladagilar buyurtma bera boshlashdi. Tez fursat ichida uning ko‘ylaklari dovrug‘i butun qishloqqa yoyildi.

Dilorom kunora keluvchi buyurtmalardan qishloqda tikuvchilikka talab ancha katta ekanligini tushunadi. U kichik do‘kon ochishga qaror qiladi.

Biroq, kun sayin ortib borayotgan buyurtmalar bir tomondan uni xursand qilsa, boshqa tomondan ancha kuchini sarflashga undardi. Shu payt Dilorom o‘ziga yordamchi olish uchun tikuvchilikni biladigan qizlarni izlaydi.

Qarabsizki, mahallada bunday ayollar barmoq bilan sanarli edi.

“Yoz kunlarining jazirama issig‘ida dalada ishlayotgan qizlarni ko‘rib yuragim chidamasdi. Shu ayollar ham shinam xonalarda o‘tirib, oilasiga nafi tegsaydi deb orzu qilardim. O‘zi uchun tiksa qanday yaxshi, kimgadir pul berib xarajat qilmaydi. Shu ish bilan shug‘ullanay desa ham oilasiga qo‘shimcha daromad,” deydi Dilorom unda tikuvchilik maktabi ochish haqida g‘oya paydo bo‘lgan ilk kunlarni eslab.

Ko‘p o‘tmay maktab ochildi. Avvaliga qo‘shni qizlar, keyinchalik esa boshqa mahalladagilar ham xabar topib, qatnay boshladi. Dilorom Yo‘ldosheva shu vaqtga qadar tikuvchilik maktabida 50ga yaqin qizlarni o‘qitdi. Ularning ko‘pchiligi turmushga tayyorlanayotgan qizlar bo‘lganligini aytadi u.

Ba’zilari mahalladan bo‘lsa, ba’zilari qo‘shni qishloqlardan kelishgan. Kursni bitirganlarning ko‘pchiligi allaqachon o‘zlari mustaqil faoliyat bilan shug‘ullanishadi. Bir nechtasi esa Dilorom bilan birga ishlaydi.

Dilorom o‘qitish kurslarini shu bilan yakunlagani yo‘q. Hozir ham uning qo‘lida 15 dan ortiq qizlar ta’lim oladi. Ularning ba’zilari maktabning yuqori sinf o‘quvchilari. Maktabdan bo‘sh vaqtlarida Diloromning xonadonida hunar o‘rganishadi.

“Maktabdan keyin universitetga borishga hammaning ham qurbi yetmaydi, lekin bu yosh qizlar dalaga chiqib ishlashi kerak degani ham emas. Hunar o‘rgansin, uyida o‘tirib daromad qilsin,” deydi Dilorom.

Bu orada tikuvchilar soni oshib, do‘konning hajmi kengaydi. Dilorom Yo‘ldosheva ham ko‘ylak tikish bilangina cheklanib qolmadi. U o‘z faoliyatini yanada kengaytirdi. Mahalliy tashkilotlar va maktablar bilan umum-forma tikish bo‘yicha shartnomalar imzolashga erishdi.

Bir qancha vaqt oldin yolg‘iz tikuvchilik qilib, oyiga 1.5 million ($120) atrofida pul topgan bo‘lsa, uning hozirgi daromadi 15 milliondan ($1,200) oshadi.

Bu darajaga yetgunga qadar o‘tgan jarayonlar esa har doim ham oson kechmadi. U yoki bu qiyinchiliklar Diloromning ish faoliyatinida chetlab o‘tmadi. Biroq, bular uni to‘xtatib ham qo‘yolmadi.

“Qiyinchilik hammaning hayotida bo‘ladi. Qiynaldim, deb o‘tirganimda edi, hozir bu darajaga yetmasdim. Men harakat qildim va bu bilan ham to‘xtab qolmayman,” deya ta’kidlaydi u.

Diloromning endigi maqsadi do‘konni hozirgidanda kengaytirish va qo‘shimcha jihozlar olib kelish. U o‘zi ta’lim berayotgan ayol-qizlarning iloji boricha ko‘prog‘ini o‘z biznesida olib qolishni istaydi.

Dilorom tobora ko‘proq ayollar tikuvchilikka qiziqish bildirayotganini aytadi. Muammo esa sharoit va imkoniyatning cheklanganligida.

Qishloq ayollari ham o‘zlari uchun yaxshi hayot yarata olishi haqida gapirar ekan, Dilromda qayg‘urish seziladi. Uning ovozi sekin pastlab boradi:

“Mahalladagi ayollar bilan gaplasharkanman, ularning orzulari haqida so‘rayman. Ba’zida ularning o‘zi bu haqida gap ochib qolishadi. Ular ham yorug‘ xonalarda, chiroyli fabrikalarda o‘tirib ishlashni xohlaydi. Yozning jaziramasiyu, qishning qahratonida dalada yurmay, bir hunar o‘rganib, shu bilan band bo‘lishni xohlashlarini aytishadi.

Bu ularga orzu bo‘lib qolishini xohlamayman. Ular shu orzularigada erisholmay ketishlarini istamayman… Ayollarga yordam bersam deyman.”