Ozarbayjon: "Rossiya avihalokatda aybni bo‘yniga olsin", Qozog‘iston qora qutini Moskvaga emas, Braziliyaga yubordi

Surat manbasi, Reuters
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Rossiyani 38 kishining hayotiga zomin bo‘lgan samolyot halokatida aybni bo‘yniga olishga chaqirdi. Qozog‘iston Kreml istagiga qarshi ravishda uchoq qora qutisini Moskvaga emas, Braziliyaga yubordi.
Samolyot Qozog‘istonga yo‘naltirilishidan oldin Chechenistonga qo‘nmoqchi bo‘lgan va u yerda halokatga uchraganida Rossiya havo mudofaa tizimlari tomonidan o‘qqa tutilgani taxmin qilinmoqda.
Shanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon prezidentidan samolyotning Rossiya osmonida halokatga uchragani uchun uzr so‘radi, ammo javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Aliev Moskvani aviahalokatga aloqadorligini dastlab "bosti-bosti" qilishda aybladi. Putinning uzrini qabul qilar ekan, u Rossiya "aybini tan olishi" va tovon to‘lashi kerakligini urg‘uladi.
Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL) samolyoti 25 dekabr kuni Bokudan Checheniston poytaxti Grozniyga yo‘l olganida o‘t otishga uchraganligi taxmin qilinmoqda.
J2-8243 reysi Chechenistonda yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi va Qozog‘istonning Aktau shahri yaqinida qulab tushgandi. Bortdagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan.
Samolyotdagi yo‘lovchilarning aksariyati Ozarbayjondan, qolganlari Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishgan.
Aviatsiya mutaxassislari va boshqalarning fikricha, samolyotning GPS tizimi elektron ta’sirlardan zarar ko‘rgan va keyin u Rossiya havo hujumidan mudofaa raketalari portlashlari natijasida shikastlangan.
Biroq Alievning aytishicha, hodisadan so‘ng "Rossiya agentliklari qandaydir gaz ballonning portlashi haqidagi versiyalarni ilgari surgan", bu esa "Rossiya tomoni bu masalani berkitmoqchi ekanligini yaqqol ko‘rsatgan".
Shuningdek, u Rossiyada ayrimlar samolyotga qushlar urilgani haqidagi farazga yopishganini aytdi. Aliev ikkala farazni ham "ahmoqona va soxtakorlik" deb ta’rifladi.
Ozarbayjon prezidenti samolyot tasodifan urib tushirilganini e’tirof etdi, biroq halokatdan keyingi dastlabki uch kun "biz Rossiyadan faqat bema’ni versiyalarni eshitdik" dedi.
Boku juma kuni bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan Moskvaga bir qator talablar qo‘ydi, deydi u, hozircha ulardan faqat bittasi – kechirim so‘rash bajarilgan.
Shanba kuni Putin "fojiali voqea" Rossiya havo mudofaa tizimlari Ukraina dronlarini qaytarayotganda sodir bo‘lganini aytdi va "halok bo‘lganlarning oilalariga chuqur va samimiy hamdardlik" bildirdi.
Rossiya prezidenti samolyot Chechenistonning Grozniy aeroportiga qo‘nishga bir necha bor uringanini tan oldi.
Biroq o‘sha paytda Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz shaharlari "Ukrainaning uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujumga uchragan va Rossiya havo mudofaa tizimlari bu hujumlarni qaytargan", dedi Putin.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya "dezinformatsiya tarqatishni to‘xtatishi" kerakligini va samolyot fyuzelyajiga etkazilgan zarar "zenit raketasi zarbasini eslatishini" aytdi.
Kreml bayonotida samolyot Rossiya raketalari tomonidan urilgani bevosita tan olinmaydi.
Alievning so‘zlariga ko‘ra, Boku Rossiyadan "aybini tan olishini, aybdorlarni jazolashni, Ozarbayjonga va halokatdan omon qolganlarga tovon puli to‘lashni talab qilgan.
Ozarbayjon va Rossiya ittifoqchi davlatlar hisoblanadi. Ozarbayjon prezidenti: "Bizga do‘st bo‘lgan davlatda samolyotimiz yerdan uriladi, deb hech kim o‘ylamagan bo‘lardi", dedi.
Uning bu so‘zlari Ozarbayjonda urib tushirilgan samolyot uchuvchilari va yo‘lovchilariga hurmat bajo keltirish chog‘ida yangradi.
Ekipajning uch a’zosi - marhum kapitan Igor Kshnyakin, ikkinchi uchuvchi Aleksander Kalyaninov va styuardessa Hokuma Alieva samolyotni 29 kishining omon qolar darajada qo‘ndirganliklari uchun alohida taqdirlandi.
Qozog‘istonning samolyot qora qutisini Braziliyaga berish qarori olqishlanmoqda
Qozog‘iston Transpot vazirligi Aqtauda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llariga tegishli samolyot qora qutisini Braziliyaga yuborishini ma’lum qildi.
Braziliya halokatga uchragan Embraer samolyotlarini ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi.
Oldinroq Moskva hodisani MDH tomonidan qo‘mita tuzib, surishtiruvni o‘sha tashkilotga topshirish kerakligini taklif qilgandi.
Kuzatuvchilar MDHda Rossiya to‘liq ta’sirga ega ekanligini va bu amalda surishtiruv Kreml nazorati ostida bo‘lishini anglatishini aytishgandi.
Biroq Ozarbayjon tomoni ushbu taklifga ko‘nmagan.
Qora qutining Braziliyaga berilishi ham Qozog‘iston hamda Ozarbayjondagi jamoatchilik tomonidan iliq qarshilangan.
Aviahalokat atrofidagi qiyin vaziyatda Prezident Qosim-Jomart Toqaev printsipial mavqeni tutdi, deb yozadi Ozarbayjonning Minval nashri.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Boku va Moskva bahsida Qozog‘iston o‘zining so‘zini aytdi. Ostona Rossiya lobbisi ostidagi MDH xalqaro aviatsion qo‘mitasiga qora qutii berishdan bosh tortdi.
Ozarbayjon nashrlarining yozishicha, bu yo‘l bilan Qozog‘iston Ozarbayjonda obro‘sini ikki karra ko‘tarib oldi.
Rossiyaga parvozlarni to‘xtatayotgan avia shirkatlar
Ozarbayjon samolyoti bilan bog‘liq hodisa ro‘y bergach, shu vaqtgacha Rossiyaga vaqtinchalik uchishni bekor qilayotgan shirkatlar soni ortmoqda.
Ozarbayjonning AZAL, Isroilning El Al shirkatlaridan so‘ng, Qozog‘istonning Qazaq Air shirkati 28 dekabrdan boshlab bir oyga Ostona-Yekaterinburg yo‘nalishidagi parvozlarni bekor qilganini ma’lum qildi.
"Reyslarni to‘xtatish Rossiyada parvozlar xavfsizligini muntazam baholashdan so‘ng, yo‘lovchilarning hamda ekipaj a’zolarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi", deyiladi kompaniya xabarida.
Birlashgan Arab Amirligining FlyDubai aviashirkati ham Sochi va Minaralniy Vodi shaharlaridan Dubayga parvozlarni 28 dekabrdan 5 yanvargacha to‘xtatilishini aytdi.
Turkmaniston Havo yo‘llari Ashxoboddan Moskvaga uchuvchi reyslar 30 dekabrdan, 2025 yilning 31 yanvarigacha to‘xtatilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Havo yo‘llari hozircha Rossiyaning xavfli hududlari deyilayotgan mintaqalariga reyslarni bekor qilinishi haqida hech narsa demadi.
Rossiyaning "Aeroflot" aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli favqulodda Toshkentga qo‘nishga majbur bo‘lgani xabar qilindi.
Uzbekistan Airportsning xabar berishicha, Rossiyaning "Aeroflot" aviakompaniyasining Farg‘ona – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha SU1971 reysini amalga oshirayotgan samolyot 29 dekabr kuni Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
"Bunga yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bo‘lgan. Ekipaj muqobil aerodromga borishga qaror qildi", deyiladi xabarda.
Samolyotlar parvozini kuzatib borish mumkin bo‘lgan flightradar24.com saytida samolyot Qozog‘istonning Qizilo‘rdasidan Toshkentga qaytganini ko‘rish mumkin.
Rossiya shirkatiga tegishli uchoqning nima uchun Qozog‘istondagi yaqinroq aeroportlardan biriga qo‘nmasdan, Toshkentga qaytgani borasida rasmiy izoh berilmagan.
25 dekabr: Ozarbayjon aviakompaniyasi samolyot halokatida "tashqi aralashuv"ni aybladi - guvohlar nimadir urilganini aytmoqda

Surat manbasi, Reuters
Azerbaijan Airlines (AzAl) shirkati 25 dekabr kuni Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyoti bo‘yicha dastlabki surishtiruv natijalarida unga "tashqi jismoniy va texnik aralashuv" sabab bo‘lganini aytdi.
Aqtau aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagidan 3 km uzoqlikda Embraer samolyoti yuqori tezlikda qulab tushib, yonishi oqibatida 38 kishi halok bo‘lgandi.
Samolyot dastlab Chechenistonning Grozniy aeroportiga qo‘nmoqchi bo‘lgan. Biroq guvohlar u Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonga yo‘naltirilishidan oldin portlash sodir bo‘lgani haqida gapirgan.
Rossiya fuqaro aviatsiyasi agentligi rahbari juma kuni jurnalistlarga o‘sha kuni Checheniston poytaxtidagi vaziyat "juda murakkab" bo‘lganini va yopiq osmon protokoli joriy qilinganini aytdi.
"Ukraina jangovar dronlari Grozniy va Vladikavkaz shaharlaridagi fuqarolik infratuzilmasiga terrorit hujumlar uyushtirgandi", dedi Rosaviatsiya rahbari Dmitriy Yadrov.
"Shu sababli Grozniy aeroporti hududida barcha samolyotlarning belgilangan hududdan zudlik bilan uchib ketishini nazarda tutuvchi "Gilam rejasi" joriy etildi. Bundan tashqari, Grozniy aeroporti hududida zich tuman bor edi", - dedi u.
Ozarbayjon Havo Yo‘llari (AzAl) jismoniy va texnik aralashuv haqida batafsil ma’lumot bermadi. Ehtimol prezident Vladimir Putinga qarshi bo‘lmaslik uchundir, Boku hukumati Rossiyani bevosita ayblashdan qochdi.
Biroq Ozarbayjondagi aviatsiya ekspertlari va davlatga yaqin ommaviy axborot vositalari samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa raketasi portlashi natijasida uchgan parchalardan zarar ko‘rgan deb hisoblashadi.
"Bular gidravlik tizimga zarar yetkazgan raketa parchalari. Samolyotni boshqarish gidravlikaga asoslangan", - dedi ozarbayjonlik faxriy uchuvchi Tohir Agaguliev Ozarbayjon matbuotiga.
Halokatga uchragan samolyotda tirik qolgan 29 kishi orasida bo‘lgan bort kuzatuvchisi Zulfuqar Asadov mahalliy OAVga "samolyot qandaydir tashqi zarbaga uchraganini" aytdi.
"Zarba ichkarida vahima qo‘zg‘atdi. Biz ularni tinchlantirishga, joyiga o‘tirtirishga harakat qildik. O‘sha paytda yana zarba bo‘ldi, qo‘lim shikastlandi".
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ijtimoiy tarmoqdagi postida Ozarbayjon Havo Yo‘llari (AzAl) halokatga javoban "xavfsizlik nuqtai nazaridan" Rossiyaning yetti shahriga parvozlarni to‘xtatganini ma’lum qildi.
Shirkat bundan oldinroq Grozniy va unga qo‘shni Dog‘istonning Maxachqal’asiga parvozlarini to‘xtatgan edi. Biroq endi Sochi, Volgograd, Ufa, Samara va Mineralnie Vodi shaharlarini ham ushbu ro‘yxatga qo‘shdi.
Isroilning eng yirik aviakompaniyasi El Al Rossiya havo hududidagi o‘zgarishlarni sabab qilib, Moskvaga barcha reyslarni to‘xtatdi.
Ukraina prezidenti matbuot kotibi Andrey Yermak aviahalokat uchun Rossiya javobgar bo‘lishi kerakligini aytdi.
Kreml Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti Rossiya havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgani haqidagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi.
"Ushbu aviatsiya hodisasi bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda va tergov natijasida xulosalar chiqqunga qadar biz o‘zimizdan biror baho berishga haqli emasmiz", dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ozarbayjonda hodisada halok bo‘lishiga qaramay, samolyotning bir qismini qo‘ndirib, ko‘plab yo‘lovchilarning hayotini saqlab qolgan uchuvchilarni sharaflash marosimlari o‘tkazildi.
Qozog‘iston rasmiylari jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatib, tergov bo‘yicha Ozarbayjon bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Biroq, ular halokat surishtiruvi tafsilotlarini berishdan bosh tortishdi.
Bokudan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya ham, Qozog‘iston ham avtohalokatni surishtirish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi qoshida qo‘mita tashkil etishni taklif qilgan.
Biroq Ozarbayjon sobiq Sovet davlatlari ishtirokida emas, balki xalqaro surishtiruv o‘tkazishni talab qilgan.
26 dekabr: Qozog‘istondagi samolyot qulashiga Rossiya-Ukraina urushining ta’siri bormi?
Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulagan samolyot halokatiga nima sabab bo‘lgani borasida turli farazlar yangramoqda. Halokatga Rossiya-Ukraina urushi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda.
Moskva surishtiruvdan oldin turli farazlarga berilmaslik kerakligini ta’kidlamoqda.
Rossiya matbuotining tasdiqlanmagan xabarlariga ko‘ra, samolyot qulashdan oldin qushlar galasi bilan to‘qnashgan bo‘lishi mumkin.
Ozarbayjon bosh prokurori "barcha mumkin bo‘lgan stsenariylar" tekshirilayotganini, prezident Ilhom Aliev esa aniq bir narsa deyishga hali erta ekanligini aytdi.
Havo hujumidan mudofaa bo‘yicha ekspertlarning taxmin qilishicha, samolyot ichi va sirtiga yetgan zarar ko‘rinishidan Grozniyda faol bo‘lgan Rossiya havo mudofaasi halokatga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Agar biz ko‘rib turgan parchalar namunasiga qarasak, havo hujumidan mudofaa raketasi samolyot orqa va chap tomonida portlaganga juda ham o‘xshaydi.
25 dekabr: Qozog‘istonda Azerbaijan Airlines samolyoti quladi
"Agar biz ko‘rib turgan parchalar namunasiga qarasak, havo hujumidan mudofaa raketasi samolyot orqa va chap tomonida portlaganga juda ham o‘xshaydi", deydi Sibylline kompaniyasidan Jastin Kramp BBC ga.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov surishtiruvdan oldin turli farazlarga berilmaslik kerakligini aytdi.
"Tergov xulosasidan oldin har qanday farazni olg‘a surish noto‘g‘ri. Biz ham, albatta, bunday qilmaymiz va hech kim bunday qilmasligi kerak. Biz tergov harakatlari tugashini kutishimiz kerak", degan u.
Hodisa joyidan tasvirlar ulashgan qozog‘istonlik bloger Azamat Sarsenbaev 10 sutkaga qamaldi.
Bloger hodisa joyidan tasvir ulashgani uchun politsiya idorasiga olib ketayotganini aytgan.
Keyinchalik politsiya Azamat Sersenbaev jamoat tartibini buzib, qutqaruv va surishtiruv xizmatlarining ishiga halaqit bergani uchun ushlanganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon Havo Yo‘llari Boku bilan Rossiyaning Grozniy va Maxachqal’a shaharlari o‘rtasidagi parvozlar voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgunga qadar bekor qilinishini bildirdi.
Rasmiylar samolyotning parvoz ma’lumotlarini yozib oluvchi qurilmasi qayta tiklanganini aytishdi.
Ozarbayjon ham, Qozog‘iston ham voqea yuzasidan tekshiruv boshlagan. Embraer shirkati BBCga "barcha tegishli idoralarga yordam berishga tayyor"ligini aytdi.

Surat manbasi, Reuters
Aqtau shahri yaqinida bortida 67 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot quladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avariyada 28 inson omon qolgan.
Rosaviatsiyaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, samolyot Baku-Grozniy yo‘nalishida parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan.
Ilk chiqqan xabarlarda samolyot quyuq tuman tufayli avval Maxachqal’a, so‘ng Aqtau tomon yo‘naltirgani aytiladi.
Rosaviatsiya esa Azerbaijan Airlines kompaniyasiga tegishli uchoq qushlar to‘dasi bilan to‘qnashib ketganini taxmin qilgan.
"Dastlabki ma’lumot: qushlar bilan to‘qnashish ortidan havo kemasi bortida yuzaga kelgan favqulodda hodisa tufayli uning komandiri zaxiradagi aeroport tomon uchishga qaror qilgan – u Aqtauni tanlagan", ma’lum qilgan Rosaviatsiya.

Surat manbasi, Videograb/Social media
RIA Novosti Grozniy aeroporti bergan ma’lumotga tayanib, uchoq tuman tufayli ushbu aeroportga qo‘nishga ruxsat ololmagani, so‘ng layner Maxachqal’a, uning ortidan esa Aqtau tomon yo‘naltirilgani haqida yozgan.
Shundan keyin Embraer 190 uchog‘i Kaspiy dengizining sharqiy sohilida joylashgan Aqtau shahridagi aeroportga qo‘nishni amalga oshirish chog‘ida yerga qulagan.
Tarmoqda tarqalgan videolarda samolyot yerga qulashi ortidan yonib ketgani ko‘rinadi.
Azerbaijan Airlines holatni "favqulodda qo‘nish" deb atagan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarqatgan so‘nggi axborotda bortda bo‘lgani aytilgan 67 yo‘lovchidan 29 nafari omon qolgani bildirilgan.
Qulashdan so‘ng samolyot bo‘laklanib, dum qismi ajrab ketgan. Voqea joyidan olingan surat-videolardan omon qolganlar aynan dum qismda bo‘lgani anglashiladi.
Tarqatilgan dastlabki ma’lumotda samolyot bortida 37 nafar Ozarbayjon, olti nafar Qozog‘iston va uch nafar Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgani aytiladi.
Qozog‘iston Transport vazirligi ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.
Qozog‘iston politsiya yuz bergan avariya bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgani xabar qilinmoqda.













