Qirg‘izistonda oilaviy zo‘ravonlik: Deputat ustidan shikoyat va vahshiy qotilliklar

foto kollaj: deputat Eldar Sulymonov, Asel Aazamatova va ko‘kargan oyoq

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq

O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘iziston parlamentining deputati sobiq rafiqasini muntazam kaltaklab kelganlikda ayblanmoqda. Bu haqda "Threads" ijtimoiy tarmog‘ida o‘zini Asel Azamatova deb tanishtirgan ayol bildirib, Jogorku Kenesh (parlament) deputati Eldar Sulaymanovning sobiq rafiqasi ekanini va uzoq vaqtdan beri undan zo‘ravonlik ko‘rib kelayotganini ma’lum qildi.

Ayolning aytishicha, ular 2016 yilda oila qurishgan. Dastlabki yillar nisbatan tinch o‘tgan bo‘lsa-da, ikki yildan keyin turmush o‘rtog‘i unga qo‘l ko‘tara boshlagan. Asel Azamatova zo‘ravonliklarga farzandlarini otasiz qoldirmaslik uchun chidab kelganini tushuntirgan.

Uning yozishicha, 2022 yilda homiladorlik vaqtida qattiq kaltaklanib, qon ketishi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlar homilani saqlab qolish imkoniyati kamligini aytishgan. O‘sha paytda u huquq-tartibot organlariga ariza yozgan, biroq keyinchalik erini kechirgan. Shunga qaramay, zo‘ravonlik davom etgan va natijada u uch farzandi bilan ajrashishga majbur bo‘lgan. O‘sha vaqtda kenja farzandi hali uch oylik bo‘lgan.

Ayol aytishicha, mojarolar paytida sobiq eri bolalar ta’minoti uchun mablag‘ bermay, kundalik turmush masalalarini ancha qiyinlashtirgan.

"2023 yil 28 iyulda u hech qanday ogohlantirishsiz kelib, katta farzandlarimni olib ketishga harakat qildi. O‘sha paytda biz hali ham uning uyida yashardik. Bolalarni berishdan bosh tortdim, chunki ularni qaytarib bermaydi deb qo‘rqdim. Shu sababli u meni urdi va men yerga yiqildim. Alam ustida ko‘chaga yugurib chiqib, uning mashinasi oynalarini sindirib tashladim. U ko‘chaga chiqib, militsiya chaqirdi. Shundan keyin eng qizig‘i boshlandi: meni besh oylik bolam bilan "mulkka zarar yetkazish" aybi bilan uch sutkaga izolyatorga olib ketishga harakat qilishdi. Keyinchalik bir nechta sud yig‘inlari bo‘lib o‘tdi va men aybdor deb topildim", — deb yozadi Asel Azamatova.

Asel Azamatova 2024 yil 6 aprelda sobiq turmush o‘rtog‘i uni uch farzandining ko‘z o‘ngida kaltaklaganini bildirib, yana militsiyaga murojaat qilgan. Ayolning aytishicha, bu murojaat — zo‘ravonlik qilgan shaxslar javobgarlikdan qochayotganiga e’tibor qaratishga bo‘lgan harakat bo‘lgan

Ushbu voqea bo‘yicha Jogorku Kenesh deputati Eldar Sulaymanov hozircha hech qanday munosabat bildirmadi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Sultan Makilov ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ushbu murojaat bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

"Materiallarni o‘rganyapmiz. Qayerga va nima sababdan murojaat qilganini aniqlaymiz. Birinchi navbatda ayol bilan bog‘lanib, gaplashamiz, keyin deputatga qo‘ng‘iroq qilamiz. Qo‘shimcha ma’lumot beriladi", — dedi Sultan Makilov.

Shu yil yanvari boshida o‘zini Jogorku Keneshning sobiq deputati Akkulu Berdievning "qonuniy xotiniman" deb tanishtirgan Batma Ormonova Internetda video murojaat e’lon qildi.

U 38 yildan beri birga yashab kelayotgan eri tomonidan zo‘ravonlik ko‘rganini, uy-joysiz qolish xavfiga uchraganini aytib, Milliy xavfsizlik Davlat qo‘mitasi raisi amchibek Tashievga murojaat qilgan.

Batma Ormonova Berdiev o‘zining ustiga o‘n marta xotin olganini ham bildirgan.

Shundan keyin 11 yanvarda 60 yoshdagi sobiq deputat Akkulu Berdiev qamoqqa olingan.

Sobiq eri tomonidan o‘ldirilgan Taxmina

Marhuma Taxmina Rustamjon qizi va sobiq erining yuzi qoraytirilgan surati

Surat manbasi, Taxmina Rustamjon qizi oilaviy arxivi/Jalolobod VIIB

3 yanvar kuni 28 yoshli Taxmina Rustamjon qizi sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘ldirilgan.

Militsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Suzoq tumani ichki ishlar boshqarmasiga 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, xotinini o‘ldirib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Qonli voqeaga marhumaning opasi Sitora Teshebaeva guvoh bo‘lgan. U ko‘rganlarini Bi-bi-siga so‘zlab berdi:

Iqtibos

"Singlimni vahshiylarcha o‘ldirdi. Avval urdi, keyin bo‘g‘a boshladi. Men yonida edim, singlimni qutqarishga jon-jahdim bilan harakat qildim. Ikki marta bo‘qqanida zo‘rg‘a ajratib qoldim. U singlimga yopishib olgandi. Men u yigit bilan mushtlashib ketdim. Singlimni qochirishga muvaffaq bo‘ldim, lekin u ortidan quvib yetib, qayta sudrab keldi. Militsiyaga qo‘ng‘iroq qila boshladim, lekin hech kim go‘shakni ko‘tarmadi. Kuchim yetmasligini bilgach, ko‘chaga yordam so‘rab yugurdim. Odamlarni boshlab kirganimda, singlimga 11 marta pichoq urib bo‘lgan edi. Militsiya singlim o‘lgandan keyin keldi. Nega telefonni ko‘tarmadinglar, deb yig‘lasam, "svet o‘chib qolgandi, dispetcherlar ishlamadi", deyishdi".

Sitoraning aytishicha, Taxmina 18 yoshida turmushga chiqqan. Ular 2021 yilda shar’iy va qonuniy ajrashishgan. Shundan so‘ng eri Rossiyaga ishlashga ketib, u yerda yana ikki marta uylanib ajrashgan.

"Bu yil qaytib kelib, singlimga tinchlik bermay qo‘ydi. Qayta yarashaman, deb turib oldi. Vaholanki, u singlim uchun na diniy va na qonuniy jihatdan hech kim emasdi. Singlim ikki bolasini o‘gay bo‘lmasin, deb boshqa turmush ham qurmagandi," — deydi opasi.

Marhumaning onasi Muqaddam Nuralieva Rossiyada migratsiyada bo‘lgan. U qizining o‘limini eshitib, 4 yanvar kuni Qirg‘izistonga yetib keldi: "Qizimni bir yoshidan boshlab migrant bo‘lib, yolg‘iz katta qilgandim. Endi rohatini ko‘raman deganda, uni yerga beryapman. Kuyovim eng og‘ir jazoga tortilishini talab qilaman".

Militsiya ushbu holat bo‘yicha Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 122-bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan.

Jibekning fojiasi va hukumatning munosabati

Jibek Urustemova va o‘g‘li

Surat manbasi, courtesy

2025 yil 23 dekabr kuni Qirg‘iziston Iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisi Jibek Urustemova onasining ko‘zi o‘ngida eri tomonidan otib o‘ldirilgan.

Ushbu holatlardan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiev bayonot berib, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi davlat pozitsiyasi qat’iy ekanini bildirdi.

Tashiev aytishicha, ayolga qo‘l ko‘targan yoki qurol o‘qtalgan birorta shaxs jazodan qutila olmasligini bilishi kerak.

25 dekabrda Qirg‘iziston IIVning jamoat xavfsizlik xizmatining oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘limi yetakchisi Daniyar Saparbaev Birinchi radioda 2025 yili oilaviy zo‘ravonlikdan 31 kishi vafot etganini bildirdi.

Dunyo va ayollar xavfsizligi (WPS Index) ko‘rsatkichiga ko‘ra, Qirg‘iziston 2021 va 2023 yillarda Markaziy Osiyoda ayollar uchun eng xavfli o‘lka deb topilgan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating