O‘zbekiston: Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi qaerda?

O'qilish vaqti: 6 daq

Gulnora Karimova hozir qaerda? O‘zbekistondan so‘nggi haftalarda olinayotgan xabarlar xuddi ana shunday savollarni paydo qilmoqda. Bunga mamlakat mas’ullari nima deydi?

Islom Karimov to‘ng‘ich qizining Toshkentdagi ayollar qamoqxonasidan manzil koloniyasiga o‘tkazilgani shu kunlarda ham O‘zbekiston ichkarisi va ham tashqarisida sarlavhalarga chiqqan yangilikka aylandi.

Nashrlar bu haqda o‘zlarining manbalariga tayanib xabar berishdi, ammo ularni ochiqlashmadi.

Gulnora Karimovaning yaqinlari ham hozircha bu xususda jim.

Aloqador mavzular:

Skip Bizga a’zo bo‘ling: and continue readingBizga a’zo bo‘ling:

End of Bizga a’zo bo‘ling:

Ayollar qamoqxonasidan...

So‘nggi xabarlar Islom Karimovning 52 yoshli to‘ng‘ich qizi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 21-sonli koloniyada uzoq yillik jazo muddatini o‘tayotgan bir paytda bo‘y ko‘rsatdi.

Gulnora Karimovaga nisbatan ilk jinoyat ishi 2013 yilda, prezident otasi hali hayot va qudratda bo‘lgan paytda ochilgan.

Xuddi o‘sha yili G‘arbda boshlangan tergovlar uning siyosiy karьerasiga yakun yasagan.

Gulnora Karimova 2014 yilda omma ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan, yaqinlari o‘shanda uning amalda uy qamog‘iga olinganini aytishgan.

Buning ortidan Gulnora Karimova O‘zbekistonda avvaliga 5 yillik ozodlikni cheklash va ketma-ket ikki bor uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilgan.

Ozodligi 2015 yilda cheklangani esa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining faqat oradan 2,5 yil o‘tib bergan bayonoti ortidan ma’lum bo‘lgan.

Bosh prokuratura Gulnora Karimova soliq to‘lashdan bosh tortish kabi ayb bilan ozodlikdan cheklash jazosiga mahkum etilganini bildirgan.

2017 yilda unga berilgan dastlabki 10 yillik qamoq muddatining yana besh yilga ozodlikni cheklash jazosi bilan almashtirilgani, ammo uy qamog‘i shartlarini buzganligi aytilib, 2019 yilda uning yana qamoqqa olingani xabar qilingan.

Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi so‘nggi bor qo‘shimcha ayblovlar bilan 2020 yilning mart oyida qamoq jazosiga hukm qilingan.

Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etgan.

Ammo, hukmga muvofiq, uning jazo muddatini 2015 yilning 21 avgustidan boshlab hisoblanishi belgilangani aytilgan.

Jazoning to‘liq muddati amal qilsa, Islom Karimov to‘ng‘ich qizining 2028 yilgacha qamoqda qolishi ko‘zda tutilgandi.

Gulnora Karimova davlat mol-mulkini o‘zlashtirish, soliq to‘lashdan bosh tortish, jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik va yana boshqa qator iqtisodiy-moliyaviy jinoyatlarda aybdor, deb topilgan.

Unga nisbatan pul yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishlarini orada AQSh, Gollandiya, Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlari ham tergov qilishgan.

manzil koloniyasiga?..

O‘zbekistondan so‘nggi haftalarda olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimova dekabr oyi oxirida Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil koloniyasiga o‘tkazilgan.

Islom Karimov to‘ng‘ich qizining Toshkentdagi ayollar qamoqxonasidan manzil koloniyasiga o‘tkazilgani shu kunlarda ham O‘zbekiston ichkarisi va ham tashqarisida sarlavhalarga chiqqan yangilikka aylangan.

Bu haqda O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi qator nashrlar o‘zlarining manbalariga tayanib xabar berishgan, ammo ularni ochiqlashmagan.

Gulnora Karimovaning yaqinlari ham hozircha bu xususda jim.

Agar, Ozodlik nashrining Gulnora Karimova qamoq jazosini o‘tab kelayotgan O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 21-sonli koloniya xodimlaridan biri bilan mikrofonsiz suhbati tafsilotlariga tayanilsa, bunga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudining O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 74-moddasi asosidagi ajrimi sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni ko‘zda tutuvchi xuddi shu ajrim bilan Gulnora Karimova 19 dekabr kuni o‘zi qamoq jazosini o‘tab kelayotgan koloniyadan chiqarilgan.

Ammo Bi-bi-si O‘zbek xizmati ayni ma’lumotlarni halicha rasmiy manbalar orqali tasdiqlay olgani yo‘q.

Gulnora Karimova qaerda?

Bi-bi-si O‘zbek xizmati Gulnora Karimovaning taqdiri bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi bilan bog‘landi.

Shohruh G‘iyosovdan, "shaxsga doir ma’lumot" bo‘lgani uchun, buni ochiqlash rasmiy idoraning vazifasi emasligi mazmunida javob oldi.

Ammo, matbuot kotibining aytishicha, agar, Gulnora Karimova manzil koloniyasiga o‘tkazilgan bo‘lsa ham, bu u o‘tayotgan jazoning bir qismi bo‘ladi, "buning boshqa sabablari yo‘q".

Bi-bi-si O‘zbek xizmati kecha, 7 yanvar kuni Gulnora Karimovaga nisbatan jazoni o‘tash tartibi o‘zgargani yoki yo‘qligi yuzasidan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti (Zangiota tumani) bilan ham bog‘landi.

Departamentdagilar Gulnora Karimovaning manzil koloniyasiga chiqarilganini tasdiqlashdi, ammo bundan ortiq ma’lumot berolmasliklarini aytishdi.

Ayni mazmundagi xabarlar o‘tgan yil dekabr oyining ikkinchi yarmida bo‘y ko‘rsatgan esa-da, mas’ul idoralar o‘zlarining halicha bu xususda biror bir rasmiy bildirishnoma bilan chiqqanliklari ko‘rilmaydi.

Manzil koloniyasi nima o‘zi?

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-Ijroiya Kodeksida belgilangan jazoni o‘tash tartibiga tayanilsa:

  • manzil koloniyalariga tuzalish yo‘liga o‘tgan va;
  • og‘ir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini o‘tagan mahkumlar;
  • o‘ta og‘ir jinoyati uchun, shuningdek jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilgan va jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan sodir etgan yangi jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarmini o‘tagan mahkumlar o‘tkaziladi.

Xuddi shu kodeksning 114-moddasida keltirib o‘tilgan manzil koloniyalarida jazoni o‘tash shartlariga ko‘ra:

Manzil-koloniyalarda mahkumlar:

  • soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadilar;
  • ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadilar;
  • agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin;
  • fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradilar;
  • pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin;
  • ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin;
  • o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan va yo‘qlovlardagi mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradilar.
  • Mahkumlar cheklanmagan miqdorda qisqa muddatli uchrashuvlar, yil mobaynida yigirma to‘rt marta uzoq muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega. Uchrashuvlar, qoida tariqasida, ishdan bo‘sh vaqtda beriladi. Manzil-koloniya hududida uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, uchrashuv mahkumning arizasiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida, ushbu koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida o‘tkazilishi mumkin.
  • Mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydilar. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki manzil-koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin. Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun hozir bo‘lishlari shart. Manzil-koloniya ma’muriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin.
  • Manzil-koloniya hududidan tashqarida yashash huquqi Jinoyat kodeksi 73-moddasi to‘rtinchi qismining "v" (muayyan joylarga bormaslik;) va "g" (alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini o‘tash;) bandlarida ko‘rsatilgan mahkumlarga berilmaydi.

Gulnora Karimova...

Gulnora Karimova o‘z vaqtida O‘zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimovning siyosiy vorisi sifatida ham ko‘rilgan.

Islom Karimov O‘zbekistonni qariyb o‘ttiz yilcha - 1989 yildan to 2016 yili vafotigacha boshqargan.

O‘ziga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari va yangragan hukmlar manzarasida esa, Gulnora Karimovaga "jinoiy yo‘llar bilan topilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni undirish majburiyati" ham yuklangan.

2020 yilning iyunida Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, AQSh, Frantsiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani rasman xabar berilgan.

Shveytsariya Gulnora Karimova ishtirokidagi noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida bir milliard AQSh dollariga yaqin mablag‘ni muzlatib qo‘ygan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yilda 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy qiymatini 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh dollar, 26,1 mln. yevro - milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘m, deb baholagan.

"Ozodlik" nashri mikrofonsiz suhbatlashgan koloniya xodimining so‘zlariga tayanilsa, Gulnora Karimova "5-6 chemodan bilan koloniyadan xursand chiqib ketgan".

Bi-bi-si O‘zbek xizmati uning ayni mazmundagi so‘zlarini ham hozircha rasman tasdiqlay olgani yo‘q va mavzuni o‘rganish, tadqiq qilishda davom etmoqda.

Gulnora Karimovaning o‘z vaqtida yirik biznes imperiyasi bo‘lgan, dunyoning qator davlatlarida ko‘chmas mulkka ham egalik qilgan.

Turli manbalarda uning umumiy boyligi $2 milliard AQSh dollari atrofida baholangan.

Gulnora Karimova prezident otasi boshqaruvi davrida mamlakatda tanilgan pop-qo‘shiqchiga aylangan, moda va san’at homiysi bo‘lgan, zargarlik va xayriyachilik ishlari bilan ham shug‘ullangan.

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi va BMT qoshidagi vakili bo‘lib ham ishlagan.

Gulnora ikki farzandning onasi bo‘ladi, uning hozir asosan O‘zbekiston tashqarisida yashovchi bir o‘g‘li va bir qizi bor. Onasi esa, O‘zbekistonda, yagona singlisi ham xorijda.

Amerika fuqarosi bo‘lgan birinchi turmush o‘rtog‘idan rasman ajrashgan.

Uning fuqaroviy eri Rustam Madumarov va Gulnora Karimovaning yana ikki sherigi esa, O‘zbekistonda 2014 yil katta miqdorda pullarni o‘g‘irlash, qattiq valyutani eksport qilish, noqonuniy faoliyat yurg‘izish, va soliqdan bo‘yin tovlash kabi moddalar bilan ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, so‘ngra jazo muddati olti yilga qisqartirilgani xabar berilgan.