Mintaqaviy dayjest: Qozog‘iston "nomaqbul" rossiyalik ekspertni chiqarib yubordi, Olmaliqda pokistonlik ishchilar ishdan bo‘shatildi

O'qilish vaqti: 3 daq

Qozog‘iston AQSh bilan tarif muzokaralarini boshlagan. Qozog‘iston chegarachilari Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli rus tadqiqotchisi va siyosiy tahlilchisi Andrey Grozinni hibsga olib, deportatsiya qilganlar. O‘zbekistondagi Enter Engineering shirkati Olmaliq shahridagi misni boyitish zavodi qurilishida band bo‘lgan pokistonlik quruvchilarni ishdan bo‘shatgan. Rossiyaning Transport Buduschego ("Kelajak Transporti") shirkati O‘zbekistonda fuqarolik dronlari ishlab chiqarish zavodini ochish rejasini e’lon qildi.

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi AQSh bilan aprel oyi boshida Qozog‘iston importiga qo‘yilgan qo‘shimcha tariflar bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlaganini e’lon qildi, deb xabar tarqatdi "Kazinform" davlat axborot agentligi o‘zining Telegram kanalida.

Qozog‘iston vazirligining tashqi savdo departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Serik Ashitovning aytishicha, maslahatlashuvlar qo‘shimcha tariflarni bekor qilish va har qanday ehtimoliy ta’sirni minimallashtirishga qaratilgan.

Avvalroq, Savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Janel Kushukova Qozog‘iston AQSh tariflariga qarshi hech qanday o‘zaro choralar ko‘rishni istamasligini aytgan edi.

Janel Kushukova aytishicha, yangi tarif stavkalari Qozog‘iston eksportlarining faqat 5 foiziga ta’sir qiladi.

Ammo qozog‘istonlik tahlilchilar Tramp ma’muriyati tariflarining ehtimoliy bilvosita ta’siri, jumladan, global savdo munosabatlari va ta’minot zanjirlariga bo‘lishi mumkin bo‘lgan uzilishlardan xavotir bildirgan edilar.

Qozog‘iston "nomaqbul" rossiyalik mutaxassisni deportatsiya qildi

Qozog‘iston chegarachilari 28 aprel kuni Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli rossiyalik tadqiqotchi va siyosiy tahlilchi Andrey Grozinni hibsga olib, deportatsiya qilgani haqida hukumatga yaqin Qozog‘istonning Eurasian Briefing Telegram kanali xabar tarqatdi.

Andrey Grozin Qozog‘iston akademik doiralarida uzoq vaqtdan beri faol bo‘lib kelgan, ammo o‘tmishda mamlakat siyosatini tanqid qilgani uchun Qozog‘istonning "nomaqbul shaxslar" ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu ro‘yxatga mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki ijtimoiy nizolarni qo‘zg‘atuvchi deb hisoblangan xorijliklar kiritiladi.

Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston hokimiyatlari Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Grozinning o‘zini "nomaqbul" ro‘yxatga kiritilgani haqida xabardor qilgan.

Grozin o‘zining taqiqlanganligidan xabardor bo‘lishiga qaramay, qo‘shma tadbirlarda ishtirok etish taklifini qabul qilgan, deb xabar berdi kanal.

"Aftidan, Grozin Qozog‘istondagi hamkasblariga uning ayrim tadbirlarda shaxsan ishtirok etishi mumkin emasligini xabar qilmagan. Yoki u Qozog‘istonlik hamkasblarini ataydan adashtirgan", deb taxmin qildi kanal.

Grozinning deportatsiya qilinishini rossiyalik siyosatchilar va tahlilchilar tomonidan tanqid qilindi, ular buni akademik hamkorlikka zarba sifatida ko‘rdilar va Rossiya Tashqi ishlar vazirligini aralashishga chaqirdilar.

Hukumatga yaqin Qozog‘iston kuzatuvchilari ikkiga bo‘lindi, ba’zilari hayrat va afsus bildirgan bo‘lsa, boshqalar so‘nggi yillarda Rossiya ham Qozog‘iston olimlarining Rossiyaga kirishiga taqiq joriy etganini eslatdilar.

O‘zbek kompaniyasi hindlar bilan janjaldan so‘ng pokistonlik ishchilarni ishdan bo‘shatdi

O‘zbekistondagi mustaqil Asiaterra.info veb-nashri xabar qilishicha, Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 3-misni to‘yintirish zavodi qurilishini olib borayotgan Enter Engineering shirkati qurilishda ishlayotgan hamma pokistonlik quruvchilarni ishdan bo‘shatgan.

Ishdan bo‘shatishlar 25 aprel kuni qurilish maydonida kompaniyaning pokistonlik va hind ishchilari o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqani haqidagi xabarlardan so‘ng ro‘y bergan.

Saytga ko‘ra, ishchilar o‘rtasidagi nizo ularning ishiga aloqador bo‘lmagan, balki Pokiston-Hindiston chegarasidagi so‘nggi tangliklar, xususan, Hindiston nazoratidagi Kashmirda sayyohlar qurollilar tomonidan otib o‘ldirilganidan keyingi hodisalarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Hindiston va pokistonlik ishchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqani xabarlaridan keyin shirkat vaziyat hal qilinganini aytdi, qurbonlar, jumladan, bir o‘lim haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi yoki rad etmadi, deb xabar qildi Asiaterra.info.

BBC Enter Engineering shirkati bilan bog‘lanishga bir necha bor harakat qildi. Ammo ochiq manbalar, jumladan shirkatning vebsahifasidagi ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinishi bilan aloqa uzilmoqda.

Rossiya O‘zbekistonda fuqarolik dronlari zavodini ochadi

Rossiyaning Transport Buduschego (Kelajak Transporti) deb nomlangan shirkati 2025 yil oxiriga qadar O‘zbekistonda fuqarolik dronlari ishlab chiqarish zavodini ochish rejasini e’lon qildi, deb xabar berdi Qalampir.uz veb nashri.

"Qo‘shma korxona allaqachon qurilish jarayonida bo‘lib, dastlabki bosqichda 100 million dollardan ortiq qiymatda dronlar ishlab chiqarishi kutilmoqda, ishlab chiqarishning yarmi mahalliy ta’minlovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi", deb aytgan kompaniya bosh direktori Yuriy Kozarenko Toshkentdagi INNOPROM deb nomlangan Markaziy Osiyo sanoat ko‘rgazmasida.

"Biz bozorni tahlil qildik va hozirning o‘zida o‘n minglab dronlarni iqtisodiy jihatdan bozorga integratsiya qilish mumkinligini, yuqori daromadliligini tasdiqlay olamiz", dedi Kozarenko.

U shuningdek, dronlarning xavfsiz va samarali ishlashini ta’minlash uchun Rossiya va O‘zbekiston aviatsiya organlari bilan hamkorlik qilish zarurligini ta’kidlagan.

Xabarga ko‘ra, u shu sohada qo‘shma ilmiy-texnikaviy kengash tuzish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatladi.